II.2 SHOIR SHE’RIYATIDA TABIAT POETIKASI
Xurshid Davron ermak uchun she’r bitmaydi. SHe’r yozish uning uchun shunchaki ko‘ngilxushligi emas, ichki ehtiyojga aylangan. Ichki bir kuch uni yozishga undaydi. Shu boisdan u: “She’rni oq qog‘ozga yozib qo‘ymayman”, — deydi. U she’rni “dilini yoritadigan sham” deb ataydi. “Adirdan maysa unib chiqqanidek, mendan she’r unib chiqadi. Qush daraxtga qo‘nganidek, she’r menga qo‘nadi. Osmondan yomg‘ir tomchilab yoqqanidek mendan she’r oqadi. Qor zaminni ko‘mganidek, she’r meni ko‘madi”, — deydi. She’r uning uchun nima ekanini ta’riflaganda ham: “Nay kabi labimga bosaman uni, ∕ Erk uchun qilichdek qo‘lga olaman. ∕ She’r yozgan paytimda Ko‘hakka chiqib ∕ Osmonga tikilgan mahzun bolaman”, — deya Vatani mustaqil, ozod emasligidan o‘ksinadi.
Albatta, mavzu o‘z-o‘zicha ahamiyatga ega emas. Ijodkorning voqelikka subyektiv hissiy munosabati har qanday mavzuga ta’sirchanlik baxsh etadi. Agar ijodkor yangi fikr aytmasa, hodisaning yangi jihatiga e’tiborni tortmasa, eng dolzarb mavzu ham jo‘n bo‘lib qoladi. Xurshid Davron Vatan mavzusidagi she’rlarida ham, boshqa mavzudagi asarlarida ham voqealikka munosabatini bildirib, uning hali e’tibor qilinmagan yangi qirrasiga diqqatni jalb etadi. Bu “Erk guli” she’rida aniq ko‘rinadi.
Shoir mozorlarda o‘sgan gulni “erk guli” deb ataydi. Chunki bu yerda elining erki, yurtining ozodligi uchun kurashib, jon berganlar yotibdi deydi. “Qodiriyning so‘nggi surati” she’rida Xurshid Davronning hissiyot orqali mushohada qiladigan shoir ekanligi aniq anglashiladi. Ulug‘ adibning so‘nggi suratiga qarab, o‘yga toladi. “O‘tkan kunlar”day o‘lmas asarni bitgan ulug‘ adibning yuz-ko‘zida cheksiz alam va iztirob muhrlanib qolgani, uning qorachig‘ida hasrat yonayotganini ko‘radi. Uzoq tunlar surat bilan so‘zsiz suhbat quradi. Shoir va adib surati o‘rtasidagi dil suhbati tugamaydi. Shoir suratga qarab, she’r o‘qiganida adib o‘ychan tinglaydi. Shoir bu suhbatdan benihoya mutaassir bo‘ladi. Adib o‘zining eng qadrdon kishisi ekanini, shoirning kechinmalari, iztiroblarini yon-veridagilar emas, aynan u tushunishi, his qilishini anglaydi. Shuning uchun: “Yo‘llarimda uchrasa xato, ∕Qiynab qo‘ysa elim hasrati, ∕ Kelib sendan tilayman panoh, ∕ Qodiriyning so‘nggi surati”, -deydi.
Xurshid Davron hissiyot orqali mushohada yuritadigan ijodkor bo‘lgani bois barcha mavzudagi she’rlari negizida ichki iztirob yotadi. U kuz manzarasini yonayotgan gulxanlarga o‘xshatadi. She’rda uning voqelikni ichki dard, iztirob bilan kuzatishi seziladi. Kuz dardli o‘ylarni uyg‘otib yuborgani uchun: “Daraxtlarda lovillar gulxan, ∕Yuragimda uning tafti bor. ∕ Bog‘chadagi xazonlar bilan ∕ Uchib yurar kechagi bahor ∕ Meni tashlab ketmoqchi do‘stni ∕ To‘xtatmoqchi bo‘lganday bu on, ∕ Men jimgina qo‘lim cho‘zaman ∕ Yonayotgan gulxanlar tomon”, — deydi.
Hazon – kuzning ramzi. Chunki kuzda dov-daraxt barglari, o‘t-o‘lanlar sarg‘ayib, xazonga aylanadi. Bu paytda yaproq sarg‘ish-qizg‘ish rangga kiradi. Yaproqlari sarg‘ish-qizg‘ish daraxtlar yonayotgan gulxanga o‘xshaydi. Xurshid Davron boshqa she’rlarida ham bir-biriga aloqador tushunchalardan shu tarzda keng foydalanadi. Shoir she’rlarida ko‘pincha hodisalariga tasavvuridagi tushunchalar asosida yondashadi. U olov-gulxan bilan kuz faslidagi daraxtlar yaprog‘i o‘rtasida o‘xshashlik ko‘radi. Boshqa shoirlar singari Xurshid Davron ham she’rlarida metaforadan keng foydalanadi.
“Metafora” yunoncha so‘z bo‘lib, “ko‘chirish” degan ma’noni bildiradi. Metafora narsa-hodisalar o‘rtasidagi o‘xshashlikka asoslanadi. Metaforaning o‘xshatishdan farqi shundaki, unda o‘xshatilayotgan narsa tilga olinmagan holda, uning ma’nosini o‘xshayotgan narsa bildirib turadi. O‘xshatish yoki tashbeh -dek, -day qo‘shimchalarini qo‘shish, go‘yo, xuddi, yanglig‘, bamisoli, kabi, singari, misoli so‘zlarini qo‘llash orqali hosil qilinadi. Ba’zan ushbu vositalarsiz ham tashbeh yaratiladi. Masalan: umr – oqar daryo. Ba’zan she’rlarda metafora va o‘xshatish – tashbeh yonma-yon ham keladi.
Xurshid Davronning yuqoridagi “Yonayotgan gulxanlar” she’rida shu holat kuzatiladi. She’r:”Ko‘z o‘ngimda bepoyon bog‘lar, ∕ Yaproqlarda tillarang g‘ubor. ∕ Yaqinlashib qolgandek tog‘lar, ∕ Havo shunday tiniq, beg‘ubor”, — deb boshlanadi. She’rning birinchi bandidagi ikkinchi misra (“Yaqinlashib qolgandek tog‘lar”)da o‘xshatish san’ati qo‘llangan. “Daraxtlarda lovillar gulxan” misrasi ham metaforaga aniq misol bo‘la oladi. She’rdagi “Tumanlarni quchoqlagan tong” misrasi metaforadir. “Yashirin o‘xshatish” deb ta’riflanadigan metaforada ijodkorning tasavvuri miqyosi, undagi tushunchalarning uyg‘unligi namoyon bo‘ladi.
“Samarqandda oydin tun” she’rida: “Arvohlarning bezovta tushi – ∕ Chinorlarni silkitgan shamol” ∕ , — deyiladi. Ushbu metaforada shoirning hissiyot, kechinmalari ifodalanadi. Ayni chog‘da unda so‘zlarning kundalik muloqotda sezilmaydigan jihatlari ko‘rinadi. Ushbu satrdagi so‘zlar alohida holida ta’sirchanlik kasb etmaydi. SHe’rda ular odatdagi so‘zlashuvda ko‘rinmaydigan qirralarini namoyon qilib, turfa hissiyot, kechinmalar uyg‘otadi. Shoir ushbu she’rini: “Mudroq nigoh bilan boqaman, ∕ Moziy yodi meni qilar mast. ∕ Go‘yo daryo aro oqaman – ∕ Manzilimni hech kimsa bilmas…” ∕ deb tugatadi. U tarixga bo‘lakcha mehr bilan qarashini, o‘tmish bilan bog‘liq narsa-hodisalar uni ohanrabo kabi o‘ziga tortishini shu tarzda ta’kidlaydi.
X U L O S A
Iste’dodli kishilar voqelikka boshqacha nigoh bilan qarashi, hodisalarning hamma ham ko‘ravermaydigan jihatlarini topa bilishi, hayotdagi o‘zgarishlarni sinchkovlik bilan kuzatishi, kishilarning holati, kayfiyatini nozik his etishi bilan boshqalardan ajralib turadi. Xususan, shoir, yozuvchi, adabiyotshunos, munaqqidlar so‘zning ohangi, ma’no tovlanishlarini boshqalardan ko‘ra teran tushunishadi, so‘zlardan, ulardan hosil qilingan ifodalardan benihoya ta’sirlanishadi. Xurshid Davron ana shunday ijodkorlar sirasiga kiradi. SHe’rlari so‘zni juda nozik his qilishidan, ularning rangini ko‘rib, ohangini farqlay olishidan dalolat beradi.
Shu nuqtai nazardan mazkur bitiruv malakaviy ishimizda shoir she’riyatidagi poetik obraz va shoir mahoratini tahlil qilib, qo‘yidagicha xulosalarga keldik;
Do'stlaringiz bilan baham: |