Ikkinchi variantda bunday yozuvlar materiallarning haqiqatda kelib tushishidan qat’iy nazar, mol yetkazib beruvchilarning korxonaga kelib tushgan hisob-kitob hujjatlariga asosan bir oy davomida amalga oshiriladi. 1510 - «Materiallarni tayyorlash va sotib olish» schyotida ayrim sanalarga debet qoldig’i qolishi mumkin. Bunday debet qoldiqlar puli to’langan, ammo oy oxirida hali xo’jalikka yetib kelmagan yuklarning qiymatini bildiradi. Ushbu yo’lda kelayotgan moddiy boyliklarning qoldiqlari buxgalteriya balansining «Ishlab chiqarish zahiralari» moddasiga qo’shib aks ettirilishi lozim.
Ayrim paytlarda korxonalar balansning «Boshqa debitorlar» moddasida materiallarni qabul qilishda aniqlangan kamomadlarni, mol yetkazib beruvchilar bilan hisob-kitoblar bo’yicha har xil da’vo summalarini, puli to’langan va uzoq vaqt davomida kirimga olinmagan (ayrim paytlarda o’g’irlangan bo’lishi ham mumkin) moddiy boyliklar uchun debitorlik qarzlarni aks ettiradi. shuning uchun 6010 va 7010 schyotlar bo’yicha yuritiladigan registrdagi hisob yozuvlarining puli to’lanib, lekin hali yo’lda kelayotgan moddiy boyliklar uchun hisob-kitoblar qismi navbatdagi tekshiruv ob’ekti bo’lishi lozim. Тo’liq to’langan, lekin uzoq vaqt davomida xo’jalikka kelib tushmagan moddiy boyliklar aks ettirilgan har bir hisob-kitob (to’lov) hujjati bo’yicha tovar-transport nakladnoylari (kvitansiyalari) va schyotlarni to’lovga taqdim qilish uchun asos bo’ladigan boshqa hujjatlar puxta tekshirilishi zarur. Zarur hollarda auditor ushbu yozuvlarni mol yetkazib beruvchilarning o’zaro bog’liq bo’lgan dastlabki hujjatlari va hisob registrlari bilan taqqoslaydi (qaramaqarshi tekshiruv o’tkazadi).
Тovar-moddiy zahiralarni auditorlik tekshiruvidan o’tkazish chog’ida auditor olinayotgan moddiy boyliklar bo’yicha QQSning hisobda aks ettirilishini ham tekshiradi.
Mol yetkazib beruvchining hisob-kitob hujjatlarida alohida qator bilan ajratib ko’rsatilib, xaridor korxonaga to’lov uchun taqdim qilinadigan QQS summasi 4410 - «Soliqlar va majburiy to’lovlar bo’yicha bo’nak to’lovlar» schyotining debeti va 6010 - «Mol yetkazib beruvchilar va pudratchilarga to’lanadigan schyotlar» schyotining kreditida aks ettiriladi. Тo’langan QQS summalari ishlab chiqarish zahiralarining sotib olish qiymatiga kiritilmaydi ya’ni 1010-1090 yoki 1510 schyotlar debetiga olib borilmaydi.
4410 - «Soliqlar va majburiy to’lovlar bo’yicha bo’nak to’lovlar» schyotining istalgan hisobot sanasiga debet qoldig’i sotib olingan, lekin hali puli to’lanmagan moddiy boyliklarga tegishli bo’lgan QQS summasini bildiradi. Ushbu summa balans aktivining II bo’limida tegishli modda bo’yicha ajratib ko’rsatiladi.
Auditor sotib olinadigan zahiralarning maqsadli tayinlanishi yoki qanday maqsadlar uchun ishlatilishiga ko’ra QQS summasini hisobdan o’chirish tartibiga e’tibor qaratishi zarur. CHunki, moddiy resurslarni ishlab chiqarishga sarflash me’yoriga qarab, ularga tegishli bo’lgan QQS summasi 6410 - «Byudjetga to’lovlar bo’yicha qarzdorlik (turlari bo’yicha)» schyot debeti va 4410 -«Soliqlar va majburiy to’lovlar bo’yicha bo’nak to’lovlar» schyoti kreditida; moddiy boyliklarni boshqa korxonalarning ustav kapitaliga moliyaviy qo’yilma sifatida, hamda ularni tekinga berish chog’ida QQS summasi 9220-«Boshqa aktivlarning chiqimi» schyoti debeti va 4410-«Soliqlar va majburiy to’lovlar bo’yicha bo’nak to’lovlar» schyoti kreditida aks ettiriladi. shuningdek, QQS bo’yicha yakuniy hisob-kitob 6410 schyot debeti va 4410 schyot krediti bo’yicha aks ettiriladi.
Sotib olingan moddiy boyliklarga doir QQS faqat quyidagi qonunchilik shart-sharoitlari bajarilgandagina byudjetdan qoplanadi:
-
QQS dastlabki va hisob-kitob hujjatlarida alohida satr bilan ajratib ko’rsatilganida;
-
moddiy boyliklar haqiqatda qabul qilinganida;
-
moddiy boyliklar ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun sotib olinganida.
Barcha hollarda QQS faqat moddiy boyliklar kirim qilinganida va mol yetkazib beruvchilarga puli to’langanidagina hisobdan o’chiriladi.
Amaliyotda korxonalar moddiy boyliklarni kirim qilmasdan turib, ya’ni tovar-moddiy zahiralarni hisobda aks ettirish talablariga rioya qilmasdan hisobdan o’chirish hollari ko’p tarqalgan. Bu QQS bo’yicha soliq bilan bog’liq noxush oqibatlarga olib keladi. Masalan, auditor korxona tomonidan kabel sotib olinganligi va uning qiymati mol yetkazib beruvchi tomonidan taqdim qilingan schyotga muvofiq 120000 so’m, QQS esa 24000 so’mni tashkil etganligini aniqladi. Ushbu muomala mijoz-korxona buxgalteriya hisobida quyidagicha aks ettirilgan:
Debet 2010 - «Asosiy ishlab chiqarish» schyoti – kabel qiymati 120000 so’mga
Kredit 6010 - «Mol yetkazib beruvchilar va pudratchilarga to’lanadigan schyotlar» schyoti – kabel qiymati - 120000 so’mga;
Debet 4410-«Soliqlar va majburiy to’lovlar bo’yicha bo’nak to’lovlar» schyoti- QQS summasi 24000 sumga
Kredit 6010 - «Mol yetkazib beruvchilar va pudratchilarga to’lanadigan schyotlar» - QQS summasi 24000 so’mga
Debet 6410 - «Byudjetga to’lovlar bo’yicha qarzdorlik» schyoti - QQS summasi 24000 so’mga
Kredit 4410 - «Soliqlar va majburiy to’lovlar bo’yicha bo’nak to’lovlar» schyoti - QQS summasi 24000 so’mga.
Ushbu vaziyatda auditor tomonidan tovar-moddiy zahiralar qoldig’ining buzib ko’rsatilishi va ular tannarxining hisobot davrida oshirib ko’rsatilganligi to’g’risida xulosa qilingan. CHunki, haqiqatda barcha materiallar to’laligicha hisobdan o’chirilib ishlab chiqarish tannarxiga olib borilmagan. Bundan tashqari, barcha moddiy boyliklar o’z vaqtida qabul qilinmaganligi munosabati bilan, soliq organlari QQSni hisobga o’tkazishga taqdim qilishni asossiz deb topishlari mumkin.
Lekin, ma’lum sharoitlarda qabul qilingan moddiy boyliklarga tegishli QQS, ularning haqiqiy sotib olish tannarxiga kiritilishi kerak. Хususan quyidagi hollarda:
-
Ishlab chiqarish zahiralari QQS solinmaydigan mahsulotlar ishlab chiqarish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko’rsatish uchun ishlatilganida;
-
ishlab chiqarish zahiralari chakana savdo tashkilotlari va aholidan naqd pulga sotib olinganida;
-
ko’p marta ishlatiladigan idishlar sotib olinganida;
-
schyot-faktura va boshqa hisob-kitob hujjatlarida QQS ajratib ko’rsatilmaganda.
№4 –«Тovar-moddiy zahiralar» nomli BHMSda tovar-moddiy zahiralarini sotib olish xarajatlarining taxminiy tarkibi keltirilgan. Ularga, xususan, materiallarni tayyorlash va tashib keltirish, import bojxona to’lovlari va yig’imlari, mahsulotlarni sertifikatsiyalash xarajatlari, ta’minotchi va vositachi tashkilotlarga to’langan komission to’lovlar, soliqlar (korxona keyinchalik qaytarib oladigan soliqlardan tashqari, masalan, qo’shilgan qiymat solig’i kabi), hamda tayyorlov-transport, xizmat ko’rsatish va zahiralarni sotib olish bilan bevosita bog’liq bo’lgan boshqa xarajatlar. Savdo diskontlari, chegirmalar va shunga o’xshash summalar tovar - moddiy zahiralarni sotib olish xarajatlarini aniqlashda chegirib tashlanadi. 1610 - «Materiallar qiymatidagi farqlar» schyotida yoxud 1000 (1010-1090) – «Materiallarni hisobga oladigan schyotlar»da aniqlanib, hisobdan o’chirilgan transport-tayyorlov sarflari yoki hisob baholaridan chetga chiqishlarni tekshirishda transport tashkiloti yoki vositachi tashkilot to’lovga taqdim qiladigan schyot, tovar-moddiy zahiralar kirim qilinganidan so’ng kechikib olingan holatlarga e’tibor qaratilishi kerak. Bunday holda transport sarflari materiallarni kirim qilishda ularning haqiqiy tannarxiga qo’shilishi mumkin emas.
Korxonaning omborxonatayyorlov apparatini saqlash uchun qilingan sarflari, uning hisob siyosatida ko’rsatilgan qoidalarga muvofiq tayyorlangan materiallar tannarxiga qo’shilishi mumkin. Bunday sarflar, odatda, hisobot oyining oxirida taqsimlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |