Balalayka – domraning takomillashgan, shaklan o‘zgargan variantidir. Bu cholg‘u XVII asrda tarqalgan. Ehtimol Osiyo do‘mbirasidan kelib chiqqan1, degan taxminni biz uning kelib chiqishi haqiqatdan ham Markaziy Osiyo do‘mbirasi bilan bog‘liq, degan fikr bilan almashtiramiz. Bunga yuqorida bir qator asoslarni ham keltirib o‘tgan edik. Balalaykaning takomillashgan ko‘rinishi 1883 yilda ma’rifatparvar musiqachi Vasiliy Andreev va sozgarlar V.Ivanov, F.Paserbskiy, S.Nalimovlar ishlab chiqdilar. F.Paserbskiy tomonidan yaratilgan balalaykalar oilasi (piccolo, prima, alt, tenor, bas, kontrabas) esa rus xalq orkestrining asosini tashkil etdi. Bugungi kunda balalayka cholg‘usi yakka tarzda, konsertlarda, ansambl va orkestrlar tarkibida qo‘llanib kelinmoqda.
Boshqirdistonda do‘mbra, Dog‘istonda tamur (pandur), Gretsiya, Isroil, Irlandiyada (bu yerda “Zuk” deb nomlanadi) keng tarqalgan buzuki cholg‘ularining ildizi ham Markaziy Osiyo do‘mbirasiga borib taqaladi. Turkcha va grekcha bog‘lama cholg‘usi, yapon Syamiseni, xitoy sansyan cholg‘usi ham Markaziy Osiyo cholg‘ulari asosida yaratilgan.
Afg‘on rubobi oilasiga mansub cholg‘ular ham turli xalqlarda uchraydi. Jumladan, Hindistonda sarangi, sarod, Kashmir rababi, ukrain xalq musiqasida turban va kobza keng tarqalgan.
Qo‘biz va g‘ijjak Markaziy Osiyo hududida keng tarqalgan kamonli torli cholg‘ulardir. Kamonli cholg‘ularning aksariyati Markaziy Osiyo hududidan olib ketilgan va shakl jihatdan, ko‘rinishi jihatdan, torlari soni jihatdan o‘zgartirilgan.
Qo‘biz cholg‘usi Markaziy Osiyo mintaqasidan tashqari Ozarbayjonda, Armaniston, Turkiyada keng qo‘llaniladi. Markaziy Osiyoda ikki torli qo‘biz, qil-qo‘biz bo‘lsa, Turk, Ozarbayjon, armanlarda uch torli golcha qo‘biz mavjud. G‘ijjak cholg‘usi oilasiga arab rebabi, turk kemanchasi, hind sarangisi, kavkaz xalqlarining kema, chagane, chuniri cholg‘ulari, xitoy erxu, banxu va xutsinlari, slovyan jigasi, bolgar gadulkasi, frantsuz pasheti, ispan fideli, britaniya krottasi, yevropa skripkasi kiradi. Bu cholg‘ular dastasi pardalarga bo‘linmaganligi sababli ijrochiga kuylarni xonish va nolalar bilan maromida ijro etishga imkoniyat yaratadi.
Damli va zarbli cholg‘ularning ham dunyo bo‘ylab tarqalishida Markaziy Osiyo hududi alohida ahamiyat kasb etadi. Afrosiyob terrakotalarida aksariyat hollarda bo‘ylama naylarni chalib turgan ayollar siymosi tasvirlangan. Bo‘ylama nay o‘zbeklarda cho‘pon nay, qamish nay, g‘ajir nay, qozoqlarda – sibizg‘i, totor va boshqirdlarda – quray yoki chibizg‘a, turkmanlarda – kargi tuydyuk, qirg‘izlarda – choor, cherkeslarda – sibizgi, ozarbayjonlarda – tutek, armanlarda – shvi, abxazlarda – acharpin, kabardinlarda – bjami, Misr arablarida – nay, venger, bolgar va moldavanlarda - kaval, fluyer, mo‘g‘ullarda tsoor, oltoylarda – shoor nomlanishlariga ega. Yaponlar madaniyatida qamishdan yasalgan syakuxati va bambuk poyasidan yasalgan xottiku cholg‘ulari mavjud.
Naysimon cholg‘ular barcha xalqlarda uchraydi va turlicha nomlanadi. Masalan, O‘zbekiston va Tojikitonda nay, Buryatiya va Mangoliyada limba, Hindistonda bansuri, Xitoyda di, yaponlarda sinobue, komabue, ryuteki, nokan, kagurabue, koreyslarda tegim deb nomlanadi. Ular qo‘llanilish joyi, tovush teshiklarining soni, hajmi, diapazoni va tembri jihatdan ma’lum darajada farq qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |