Nazorat savollari O’rgatish bosqichlari haqida nimalarni bilasiz?
O’rgatishning har xil bosqichlarida qanday vazifalar hal qilinadi?
O’rgatishning har xil bosqichlarida qanday vositalardan foydalaniladi?
O’rgatishning har xil bosqichlarida qanday uslublardan foydalaniladi?
O’rgatishning har xil bosqichlari qanday xususiyatlarga ega?
13-mavzu. Akademik eshkak eshish texnikasini o’rgatish uslubiyati
Akademik eshkak eshishda eshkakni ushlash, asosiy va dastlabki holatni egallashni o’rgatish. Yangi shug’ullanuvchilarga eshkakni ushlashni o’rgatish qirg’oqda, uni qayiqqa o’tqazib amalga oshiriladi. Buning uchun eshkak yoki eshkak qalinligidagi tayoq olinadi, bir tomoni tayanchga qo’yiladi, ikkinchi tomoni o’rganuvchiga beriladi.
Shug’ullanuvchiga eshkakni ushlashni ko’rsatib, uni yengil va erkin, eshkak ushlagichini siqmasdan ushlash tushuntiriladi. Ushlashning to’g’riligini barmoqlar holati bilan nazorat qilish mumkin: yakka eshkakli qayiqlarda eshkak eshishda bosh barmoq eshkakning tagida bo’ladi, aks holda bo’shashishda eshkak qo’ldan sirg’anib chiqib ketishi mumkin.
Mashqni bir necha bor qirg’oqda takrorlagandan keyin qayiqda bajariladi. Bu yangi boshlovchilarga va razryadli sportchilarga tavsiya qilinadi. Takrorlanishlar soni cheklanmagan.
Eshkak eshuvchining asosiy holatni egallashni o’rgatishni ham qirg’oqda amalga oshirish mumkin. Yangi shug’ullanuvchi stul yoki skameykaga gavda holatini to’g’ri qilib o’tqaziladi. Yelkalar erkin tushirilgan, buning natijasida qo’llar erkin harakatlanadi.
Asosiy diqqat belga qaratiladi: eshkak eshuvchi cho’kib, “o’tirib” qolmasligi kerak. Asosiy holatni tekshirishni nazorat qiluvchi harakat – yelkani silritish hisoblanadi. Bu oddiy, lekin juda samarali harakatdir. Bu harakatni to’g’ri holatni egallamasdan va yelkalarni bo’shashtirmasdan bajarib bo’lmaydi. To’g’ri asosiy holatni egallash uchun o’rindiqqa o’tirib, qo’llarni tepaga ko’tarib, gavda oldinga egiladi, keyin qo’llar tushirilib, songa qo’yiladi va chuqur nafas olinadi. Agar eshkak eshuvchi belidan noto’g’ri bukilsa nafas olishi qiyinlashadi. Murabbiy har bir shug’ullanuvchining holatini tekshirishi zarur. Xatolarini ko’rsatib, har biriga o’zlarining to’g’ri holatini egallashini tushuntirishi lozim.
Eshish texnikasini o’rgatishda murabbiy yoki yuqori malakali sportchi tomonidan eshish texnikasi ko’rsatib beriladi. Bunda eshish fazalarini, ayniqsa, olib o’tishni aniq ajratib ko’rsatish muhim hisoblanadi. Olib o’tishni bajarish qayiq harakati va kuchlanish berilishiga ta’sir ko’rsatadi. Eshishni bajarishdagi murakkab harakatlardan biri – bu suvni ilish va olib o’tishni yakunlash vaqtidagi eshkak yuzasining vertikal holati hisoblanadi. Bu ikki holatda eshkak yuzasining eshish tezligi yangi shug’ullanuvchining yuqoridagi harakatlarni egallash darajasiga bog’liq.
Yangi shug’ullanuvchi mashg’ulotlarga qishda kelsa eshish texnikasini basseynda, eshkak eshish apparatida, agar yozda kelsa o’quv apparatida o’rgatiladi. O’rganilganlarni mustahkamlash o’quv qayigida amalga oshiriladi.
Eshish siklini bajarishda yuqori kuchlanishga e`tibor qaratmaslik kerak. Yangi shug’ullanuvchi asosiy (dastlabki) holatni egallaganda u diqqatini eshkak yuzasiga qaratadi. Gavda oldinga biroz egiladi.
Eshish sxemasini o’rganishni yengillashtiruvchi bir qator mashqlar mavjud va bulardan trenitovka jarayonida bu masqlardan keng foydalaniladi:
Eshishni havoda bajarish, keyin eshkakni tushirib eshishni suvda bajarish. 5-7 marta takrorlanadi.
Eshishni bir qo’l bilan, gavdani bukmasdan bajarish, keyib gavdani bukib bajarish. Mashqlarni 25-30 martadan ortiq takrorlanadi.
O’ng va chap qo’llar bilan eshishni ketma-ket bajarish. Mashqlarni 25-30 martadan ortiq takrorlanadi.
Yuqoridagi barcha mashqlarni qayiq harakatisiz bajarish.
Dastlabki mashg’ulotlarda har bitta darsda birinchi va ikkinchi mashqlardan foydalanish tavsiya qilinadi. Yangi shug’ullanuvchilar eshishni bajarishni o’rgangandan keyin olib o’tish va tayyorlanishni har xil tezlikda amalga oshirish orqali takrorlashi mumkin. Olib o’tish tayyorlanishdan ikki marta tezroq bajariladi. Shug’ullanuvchilar diqqatini tayyorlanishda eshkak ushlagichlarining sekinlashtirilgan harakatiga qaratiladi.
Qayiq harakati va harakatisiz eshish ketma-ket bajariladi. Bu elementlarga o’rgatishni tezlashtirishga intilish yaramaydi. Eshish siklini o’zlashtirishga 4-5 mashg’ulot sarflanadi.
Dastlabki mashg’ulotlardanoq shug’ullanuvchilarda o’z harakatlarini nazorat qilish qobiliyatlarini shakllantirish kerak. Bu maqsadda dastlabki holatda to’xtash bilan eshkak eshish, ya`ni pauza bilan eshkak eshish xizmat qiladi. To’xtash – barcha barcha harakatlarning yakunlanganligini nazorat qilishga va bo’shashishga imkon beradi.
Yangi shug’ullanuvchilar eshish texnikasini o’rganishda uzoq vaqt davomida (1 yilgacha) eshkak yuzasining suvga tayanchini sezmasligi aniqlangan. Bu bir qancha xatolarning yuzaga kelishiga sabab bo’ladi. Bu xatolar yangi shug’ullanuvchi qayiqda beqaror tayanch sharoitida bo’lishi, tezlik bilan bir qator murakkab koordinatsion harakatlarni bajarishi, qayiq harakati tezligini oshirishi hisobiga yuzaga keladi. Yangi shug’ullanuvchi uchun bunday vazifa qiyinchilik tug’diradi. Shuning uchun eshish texnikasini o’rgatishda gidrotormozlovchidan (40-rasm) foydalaniladi. Gidrotormozlovchini qo’llab, shug’ullanuvchiga qulay tempda eshkak eshishda (daqiqasiga 12-14 marta eshish) sportchi oyog’ini oyoq tiragichga qo’yib, o’z tana vaznidan foydalangan holda eshkak yuzasining suvga tayanchini sezilarli darajada oldin (1 oy ichida) his qiladi. O’rgatish samaradorligi texnika asoslarini egallashga ketgan vaqtning tayyorgarlik sifatini tushirmasdan qisqartirilishi bilan izohlanadi.
Gidrotormozlovchilarni qo’llash eshkak eshish texnikasiga ta`sir qiluvchi sharoitlarni o’zgartirmaydi. Qayiq barqarorligi oshadi, lekin bu qaysidir ma`noda yangi shug’ullanuvchilarga eshish texnikasini o’rgatishda qo’l keladi. Bittalik va ikkitalik qayiqlarda eshkak eshish mashg’ulotlarida gidrotormozlovchilarni qo’llash ancha samara beradi. Gidrotormozlovchilarni asosan mashg’ulot boshida va o’rtasida qo’llaniladi.
Eshiah texnikasini o’zlashtirish jarayonida olib o’tishda eshkak ushlagichini tortish vaqtida eshkak yuzasining gorizontal holatiga erishish zarur. Bu eshkakni moslash va olib o’tishda tirsaklarning holatiga bog’liq. Olib o’tish ko’lamida eshkak doimo 4-6° yopish burchagini saqlashi shart. Agar bu burchak saqlanmasa yangi shug’ullanuvchi eshkakni barmoqlari bilan ushlashga majbur bo’ladi va bu o’z harakatlarini nazorat qilish qobiliyatini pasaytiradi.