Xalqaro Olimpiya qo’mitasi (IOC) – Olimpiada o’yinlari qayta tiklash va olimpiya harakatini targ’ib qilish maqsadida tashkil qilingan xalqaro tashkilot. Qo’mitaning stab-kvartirasi Shveytsariyaning Lozanna shahrida joylashgan.
Xalqaro Olimpiya qo’mitasiga 1894 yil 23 iyunda baron Pyer de Kuberten tashabbusi bilan Parijda asos solingan. Qo’mitaning birinchi prezidenti yunon Demetrius Vikelas bo’lgan.
Xalqaro Olimpiya qo’mitasining roli olimpiya harakatini boshqarish va Olimpiada o’yinlarini Olimpiada xartiyasiga muvofiq ribojlantirishdan iborat. Qo’mita sport turlarining va sport musobaqalarining rivojlanishini qo’llab-quvvatlaydi va Olimpiada o’yinlarining muntazam o’tkazilishini ta`minlaydi.
Olimpiada o’yinlarining barcha huquqlari Xalqaro Olimpiya qo’mitasiga tegishli. Bir vaqtning o’zida Olipiada o’yinlarini o’tkazishni tashkil qilish funksiyasini Xalqaro Olimpiya qo’mitasisi emas, balki o’yinlarni o’tkazuvchi mamlakatda tashkil qilingan Tashkiliy qo’mita amalga oshiradi.
Osiyo Olimpiya kengashi (OCA) – hozirgi kunda Osiyodagi 45 ta milliy olimpiya qo’mitalarini qamrab olgan xalqaro Olimpiya tashkiloti. Osiyo Olimpiya kengashining stab-kvartirasi Quvaytda joylashgan. Osiyo o’yinlari Osiyo Olimpiya kengashi vasiyligida o’tkaziladi.
O’zbekiston Milliy Olimpiya qo’mitasi nodavlat-notijorat tashkiloti bo’lib, o’z faoliyatini O’zbekiston Respublikasi qonunchiligi, Xalqaro Olimpiya qo’mitasi Olimpiya Xartiyasi hamda O’zbekiston Milliy olimpiya qo’mitasining Ustavi asosida amalga oshiradi. O’zbekiston Milliy Olimpiya qo’mitasi quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
O’zbekistonda Olimpiya harakatini rivojlantirish, olimpizm g’oyalarini keng targ’ib etish;
respublika sport delegatsiyalarining Olimpiada, Osiyo, Butunjahon yoshlar o’yinlarida vakili bo’lish;
Xalqaro Olimpiya Qo’mitasi, Osiyo Olimpiya Kengashi, boshqa mamlakatlar Milliy olimpiya qo’mitalari, xalqaro sport federatsiyalari va uyushmalari bilan qalin hamkorlik qilish, Xalqaro Olimpiya qo’mitasining “Olimpiya birdamligi” dasturida ishtirok etish;
respublika aholisini jismoniy va ma`naviy tarbiyalashga, jismoniy tarbiya va sport, ayniqsa, milliy sport turlari, nogironlar o’rtasida sportni rivojlantirishga har tomonlama ko’maklashish;
mamlakat terma jamoalari va sport zahiralarini tayyorlashda davlat, jismoniy tarbiya va sport tashkilotlariga ko’maklashish;
yoshlarni boshqa mamlakatlar sportchilari bilan do’stlik va birodarlik aloqalarini mustahkamlash, musobaqalarda halol sport kurashi olib borish, raqibga oliyjanoblik bilan munosabatda bo’lish tamoyillari asosida tarbiyalash;
O’zbekiston sportchilari yutuqlarini keng targ’ib qilish;
sport kadrlari o’rtasida tajriba almashish, malaka oshirish maqsadida anjuman va seminarlar tashkil qilish.
Do'stlaringiz bilan baham: |