Tadqiqot uslublarining umumiy tavsifi. Sportdagi dolzarb muammolarni muaffaqiyatli hal etish ko’p jihatdan zamonaviy tadqiqot uslublaridan to’g’ri foydalanishga bog’liq. Bunday uslublar ichida pedagogik uslublar muhim o’rin egallaydi, shuningdek tibbiy-biologik, psixologik, ijtimoiy va boshqa tadqiqot uslublari keng qo’llaniladi.
Trenirovka uslubiyatini takomillashtirishda murabbiylar va ilmiy xodimlarning yutuqlari ko’p jihatdan sportchilarning yirik xalqaro musobaqalarda muvafaqqiyatli qatnashishiga yordam berdi. Bunda sportchilarning musobaqalarga tayyorgarligi va qatnashishi davrida amalga oshirilgan komplaks tadqiqotlar jarayonida olingan qimmatbaho ilmiy ma’lumotlar katta ahamiyat kasb etdi.
Sportning dolzarb muammolarini o’rganishda quyidagi tadqiqotlar qo’llaniladi: nazariy, amaliy, (pedagogik tajribani yo’lga qo’yish, hodisalarni trenirovka yoki musobaqa faoliyatining tabiiy sharoitlarida o’rganishni o’z ichiga oladi) va labaratoriya tajribalari. Ulardan kompleks holda foydalanish ko’pgina tadqiqotlar uchun xosdir. Bunda ulardan biri yetakchi o’rinni egallaydi. Tadqiqot dasturiga qaysi uslublarni kiritish maqsadga muvofiq ekanligini aniqlashda quyidagi shartlarga rioya etish lozim: tadqiq qilinayotgan hodisa tabiatini chuqur va har tomonlama o’rganish; tadqiqot maqsadi, vazifalari, farazini aniq ifodalash; tadqiqotchining ushbu sohasidagi bilim darajasining yetarli bo’lishi; tadqiqot xodimlarining texnik jihozlanganligi; tadqiqot guruhining moddiy imkoniyatlari; tadqiqot vazifalarini muvaffaqiyatli hal etish uchun ahamiyatga ega bo’lgan boshqa shartlar.
Tadqiqot uslublarini egallash va sportda ulardan oqilona foydalanish o’quv-trenirovka jarayonini boshqarishga to’g’ri yondashish imkonini beradi. Ilmiy tadqiqotlar natijalari sport kurashida taraqqiyot asosi hisoblanadi.
Tadqiqot uslublari. Eshkak eshuvchilarni o’qitish va trenirovka qildirish nazariyasi hamda uslubiyati vazifalarini hal etish uchun quyidagi tadqiqot uslublarini samaraliroq deb hisoblash mukin:
1.Pedagogik tajriba (tabiiy, modelli, labaratoriya).
2.Bevosita qayd qilish uslublari: a) pedagogik kuzatishlar; b) xronometriya va xronografiya; v) texnik harakatlarning stenografiyasi va magnitafon tasmasiga yozish; g) nazorat sinovlari, nazorat mashqlari uslubi; d) qayd qilishning instrumental uslublari (turli xil apparaturalar yordamida) bilan bir qatorda kino-, video- va fotosuratga olish, polidinamometriya, tenzometriya va eshkak eshuvchilar ixtisosligiga javob beradigan boshqa qayd qilish uslublari; e) sportchi mahoratining asosiy tomonlari hamda organizmi tizimi ko’rsatkichlarini qayd qilish uchun kompleks stendlar.
3.Adabiyot manbalarini tahlil qilish.
4.Anketa savol-javoblari vs boshqalar.
Tadqiqot uslublarini tanlash birinchi navbatda ishning muayyan vazifasi hamda mavzuni butunligicha hal etishning maqsadga muvofiqligi bilan aniqlanadi.
Tajriba guruhlarida o’quv-tarbiya ishlarini tashkil etish uslublari uchta turda bo’ladi:
1) Tajriba uslubi,bunda o’quv-tarbiya jarayoniga qandaydir yangi pedagogik omillar ularning ta’sir etish samaradorligini o’rganish maqsadida kiritiladi;
2) Nazorat uslubi, bunda o’quv-tarbiya ishlarining umumiy qabul qilingan shakllari va mazmuniga tajriba uslubi bilan taqqoslash mezoni sifatida amal qilinadi;
3) Individual uslub, bunda o’quv-tarbiya jarayonini shaxsiy rejaga muvofiq tadqiqotni aralashtirmagan holda pedagok tomonidan amalga oshiriladi.
Birinchi ikkita uslub tajriba guruhlarida qiyosiy tajribani o’tkazishda bir-biri bilan qo’shilib keladi. Tajriba uslubi nazorat uslubisiz qo’llanilishi mumkin. Nazorat uslubi tajriba uslubisiz hech qanday ma’noga ega bo’lmaydi, shuning uchun alohida qo’llanilmaydi.
Individual uslub mavjud pedagogik jarayonni unga bevosita aralashmay turib o’rganish zarur bo’lgan hollarda qo’llaniladi.
Tadqiqot uslublarini tanlash birinchi navbatda ilmiy ishning muayyan vazifalari bilan belgilanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |