Mazkur chiqimlarni mazmuni va protsessual qonunchilikda belgilangan qoplash tartibidan kelib chiqqan holda shartli ravishda ikki guruhga ajratishimiz mumkin:
a) kompensatsiya ko‘rinishidagi to‘lovlar – ishtirokchilar sarflagan xarajatlarni qoplash uchun ularga to‘lanadigan pul mablag‘i;
b) benefitsiar ko‘rinishidagi to‘lovlar – jinoyat sud ish yurituvi jarayonidagi o‘z majburiyatlarini bajarganligi uchun to‘lanadigan mukofot puli tariqasidagi pul mablag‘i.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sud Plenumining 2009-yil
24-noyabrdagi “Jinoyat ishlari bo‘yicha protsessual chiqimlarni undirish amaliyoti to‘g‘risida”gi 13-son qaroriga binoan protsessual chiqimlarga tegishli boshqa xarajatlar deganda jinoyat ishi bo‘yicha bevosita shaxsning aybdorligiga doir dalillarni to‘plash va tekshirish yuzasidan surishtiruv, tergov organlari va sudlar tomonidan qilingan sarf-xarajatlar tushuniladi. Boshqa xarajatlarga, jumladan, tergov eksperimenti yoki ekspertiza o‘tkazish chog‘ida buzilgan yoki yo‘q qilingan narsalar qiymatini qoplash, jinoyat ishini alohida ish yurituvga ajratish, tanib olish uchun ko‘rsatilgan shaxslar (ayblanuvchilardan tashqari) xarajatlarini qoplash bilan bog‘liq sarflar kiritilishi mumkin.
Shuningdek, jinoyat ishlari bo‘yicha protsessual chiqimlarga kirmaydigan xarajatlar toifasi ham qonunchiligimizda nazarda tutilgan.
Xususan, guvoh, jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar va ularning vakillari, ekspert, mutaxassis, tarjimon, xolis, jamoat ayblovchisi va jamoat himoyachisi tariqasida chaqiriladigan shaxsning surishtiruv, tergov organlari, prokuror yoki sudga chaqirilganligi bilan bog‘liq vaqt uchun ularning ish joyida qonunga ko‘ra saqlanib qoluvchi o‘rtacha ish haqi;
ekspert, mutaxassis, tarjimonga u surishtiruv, dastlabki tergov yoki sudda o‘z vazifalarini bajarganligi uchun to‘lanadigan haq, basharti, bu vazifalar xizmat topshirig‘i tartibida bajarilganda;
mazkur ishni surishtiruv, dastlabki tergov organlari va sudda yuritish bilan bog‘liq devonxona va pochta xarajatlari.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumining 2008-yil
12-dekabrdagi “Ruhiy kasallikka chalingan shaxslarga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi 23-son qarorida sud xarajatlari, jumladan, huquqiy yordam ko‘rsatganlik uchun haq bunday shaxslardan Jinoyat-protsessual kodeksi 320-moddasiga ko‘ra undirilmaydi va davlat hisobidan to‘lanishi belgilangan.
Jabrlanuvchining shikoyati bo‘yicha qo‘zg‘atilgan ish yuzasidan sudlanuvchi oqlangan taqdirda sud protsessual chiqimlarni ish yuritilishiga sabab bo'lgan shikoyatni bergan shaxsdan to‘liq yoki qisman undirishga haqlidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |