Ishda ishtirok etishiga monelik qiladigan holatlar – jinoyat protsessi ishtirokchilarining xolisligi, beg‘arazligiga va ish bo‘yicha qonuniy hamda adolatli qaror qabul qilish yoxud protsessual harakatlarni amalga oshirishiga nisbatan shubha tug‘diradigan Jinoyat-protsessual kodeksida nazarda tutilgan obyektiv va subyektiv holatlar.
1. Sudya, shuningdek xalq maslahatchisi, prokuror, tergovchi, surishtiruvchi, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsining va sud majlisining kotibi shu ish bo‘yicha jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar, ekspert, mutaxassis, tarjimon, xolis, guvoh, himoyachi sifatida, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining qonuniy vakili yoki jabrlanuvchining, fuqaroviy da’vogarning, fuqaroviy javobgarning vakili sifatida ishtirok etayotgan yoki ilgari ishtirok etgan bo‘lsa, jinoyat ishini yuritishda ishtirok etishga haqli emas va u rad qilinishi lozim.
2. Sudya, shuningdek xalq maslahatchisi, prokuror, tergovchi, surishtiruvchi, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsi va sud majlisining kotibi ushbu ishni yuritish uchun mas’ul bo‘lgan biror mansabdor shaxsning yoki shu ish bo‘yicha jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar, ekspert, mutaxassis, tarjimon, xolis, guvoh, himoyachi, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining qonuniy vakili yoki jabrlanuvchining, fuqaroviy da’vogarning, fuqaroviy javobgar vakilining qarindoshi bo‘lsa ham jinoyat ishini yuritishda ishtirok etishga haqli emas va uni rad qilish lozim.
3. Sudya, shuningdek xalq maslahatchisi, prokuror, tergovchi, surishtiruvchi, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsining, sud majlisi kotibining xolisligiga va beg‘arazligiga shubha tug‘diradigan boshqa holatlar mavjud bo‘lsa ham ular jinoyat ishini yuritishda ishtirok etishga haqli emas va uni rad qilish lozim. Sud-tergov amaliyotida bunday holatlar sifatida jinoyat ishi yurituvi uchun mas’ul shaxslarning jinoyat protsessi ishtirokchilari bilan yaqin do‘st ekanligi yoxud aksincha bir-biri bilan xusumat munosabatlarida ekanligi, birgalikda hordiq chiqarishi, dam olishi, ularning bir-biridan qarzdor ekanligi, xizmat yuzasidan qaramligi, hisobdorligi, nazorat ostida ekanligi yoki boshqa mazkur shaxslarning xolisligi va beg‘arazligini shubha ostiga qo‘yadigan holatlar tan olinadi. Ushbu holatda mazkur shaxslar ish yakunlaridan manfaatdor bo‘lgani bois, ular rad etilishi lozim.
Shuningdek, jinoyat ishini birinchi instansiya sudida ko‘rishda ishtirok etgan sudya shu jinoyat ishini apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasida yoxud nazorat tartibida ko‘rishda; jinoyat ishini apellyatsiya (kassatsiya) instansiyasi sudida ko‘rishda ishtirok etgan sudya shu jinoyat ishini birinchi instansiya yoki kassatsiya (apellyatsiya) instansiyasi sudida yoxud nazorat tartibida ko‘rishda; jinoyat ishini nazorat tartibida ko‘rishda ishtirok etgan sudya shu jinoyat ishini birinchi instansiya, apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudida ko‘rishda ishtirok eta olmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |