4.4. Himoyachi, jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogar yoki fuqaroviy javobgar vakilining ishda ishtirok etishiga monelik qiladigan holatlar
Advokat ishda ishtirok etish haqida bitim tuzilgan yoki tayinlangan vaqtdan boshlab, o‘z vazifalarini bajarishni rad etishga haqli emas, ushbu qoidadan istisno tariqasida faqatgina Jinoyat-protsessual kodeksining 79-moddasida belgilangan hollar ko‘zda tutilgan. Unga koʻra:
1. Himoyachi va vakil ilgari shu ish bo‘yicha sudya, xalq maslahatchisi, prokuror, tergovchi, surishtiruvchi, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsi, sud majlisining kotibi, guvoh, ekspert, mutaxassis, tarjimon yoki xolis sifatida ishtirok etgan bo‘lsa, jinoyat ishini yuritishda ishtirok etishga haqli emas.
2. Himoyachi va vakil ushbu ishning tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirilishida, tergovida yoki sudda ko‘rilishida ishtirok etgan yoxud ishtirok etayotgan sudya, prokuror, tergovchi, surishtiruvchi, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsi yoki sud majlisining kotibi bilan qarindoshlik munosabatida bo‘lsa yoxud yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida u bilan bitim tuzgan protsess ishtirokchisining manfaatlariga manfaati qarama-qarshi bo‘lgan shaxs bilan qarindoshlik munosabatida bo‘lsa, u jinoyat ishini yuritishda ishtirok etishga haqli emas.
3. Himoyachi va vakil sudya, prokuror, tergovchi, surishtiruvchi lavozimida yoki tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsi bo‘lsa ham jinoyat ishini yuritishda ishtirok etishga haqli emas. Bunda shuni e’tiborga olish kerakki, himoyachi bir vaqtning o‘zida sudya, prokuror, tergovchi, surishtiruvchi lavozimida yoki tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsi sifatida faoliyat yurita olmaydi. Ushbu ta’qiq ko‘proq vakilga taalluqli bo‘lib, basharti, u sudya, prokuror, tergovchi, surishtiruvchi lavozimida ishlasa yoki tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsi bo‘lsa, u jinoyat ishini yuritishda vakil sifatida ishtirok eta olmaydi. Biroq ushbu normadan mazkur cheklovdan istisno belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra u muomalaga layoqatsiz shaxslarning vakili bo‘lsa yoki o‘zi ishlaydigan va fuqaroviy da’vogar deb e’tirof etilgan yoki fuqaroviy javobgar tariqasida ishga jalb qilingan muassasaning vakili sifatida qatnashsa, ushbu jinoyat ishi bo‘yicha vakil sifatida o‘z faoliyatini davom ettirish huquqini saqlab qoladi.
4. Himoyachi va vakil o‘z himoyasidagi yoki o‘zi vakillik qilayotgan shaxsning manfaatlariga manfaati qarama-qarshi bo‘lgan shaxsga yuridik yordam ko‘rsatayotgan yoki muqaddam shunday yordam ko‘rsatgan bo‘lsa ham jinoyat ishini yuritishda ishtirok etishga haqli emas. Ushbu holat himoyachi va vakil tomonidan o‘z zimmasiga yuklangan protsessual vazifalarni lozim darajada va to‘g‘ri amalga oshirishi mumkinligini shubha ostiga qo‘yadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |