Har bir guvoh hali soʻroq qilinmagan guvohlarning yoʻqligida soʻroq qilinadi (Guvohlar sud majlisi zaliga ular chaqirilishlarini kutib turgan xonadan bitta-bittadan chaqiriladi). Soʻroq qilingan guvohlar sud majlisi zalida qoladilar va sud tergovi tamom boʻlmasdan ilgari zaldan faqat sudning ijozati bilan chiqib ketishlari mumkin (JPKning 442-m.).
Guvohlarni soʻroq qilishning bunday tartibi soʻroq qilingan guvoh bilan soʻroq qilinmagan guvohlarga koʻrsatuvlarini «moslashtirish» uchun muloqotda boʻlishlariga, birorta guvoh ham oʻzidan boshqa guvohlarning sudga bergan koʻrsatuvlarini oldindan bilib olishga, sud tomonidan beriladigan savollarga javoblarni oldindan hozirlab qoʻyishga, ishning hal boʻlishidan manfaatdor boʻlgan shaxslar ta’siriga tushib qolishiga yoʻl qoʻymaydi. Oʻn olti yoshga toʻlmagan guvoh soʻroq qilinib boʻlgach, zarurat boʻlmasa, sud zalidan chiqarilib yuborilishi lozim. Soʻroq qilingan boshqa guvohlar sud tergovi tamom boʻlmasdan ilgari zaldan faqat sudning ijozati bilan chiqib ketishlari mumkin. Guvoh kasalligi, jismoniy ojizligi, nogironligi, qariligi, yurolmasligi va boshqa uzrli sabablar bilan sudga kelolmagan taqdirda uning turgan joyiga borib soʻroq qilinishi mumkin.
Yozma dalillar, ekspert xulosalari, tergov harakati bayonnomalarini sud muhokamasi paytida tekshirish oʻziga xos boʻlgan tergov harakati boʻlib, raislik qiluvchi, xalq maslahatchilaridan biri yoki sud majlisining kotibi surishtiruv va dastlabki tergovda ishga qoʻshib qoʻyilgan, ish uchun ahamiyatli boʻlishi ehtimolda tutilgan yozma dalillarni, ekspertlarning xulosalarini va tergov harakatlari bayonnomalarini oʻqib eshittiradi, ular yuzasidan taraflar fikri eshitiladi va bu haqida sud majlisi bayonnomasida qayd etiladi.
Sud yozma dalillarni koʻzdan kechirishi, tergov harakatlari bayonnomalaridan tashqari qoʻshimcha vositalar bilan ushbu tergov harakatlari qayd etilgan foto, kinotasvir va videotasmalarni namoyish qilib koʻrishi mumkin. Ekspert xulosasi boʻyicha sud uni bevosita soʻroq qilib, uning tadqiqotlari fan-texnika talablariga mos ravishda, obyektiv oʻtkazilganligi toʻgʻrisida ma’lumotlar olish huquqiga ega.
Sud ashyoviy dalillarni sud majlisi zalida nafaqat taraflar, eng avvalombor, sud harakatlari natijasidan manfaatdor boʻlgan protsess ishtirokchilari ishtirokida koʻzdan kechiradi, unda ekspertlar, mutaxassislar, guvohlar ham ishtirok etishlari mumkin (JPKning 444-m.).
|
Sud, hajmi katta narsalarni, masalan, shikastlangan avtoulov, samolyot kabilarni, ular turgan joyda taraflar bilan birgalikda koʻzdan kechiradi. Koʻzdan kechirishning oʻtkazilishi va natijalari koʻzdan kechirish olib borilgan joyda tuzilgan sud majlisi bayonnomasida qayd etiladi.
Sud tergovida ham ish uchun ahamiyatli holatlar toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni fan, texnika, san’at yoki kasb sohasi boʻyicha bilimi boʻlgan shaxs oʻtkazadigan maxsus tekshirish orqali olish mumkin boʻlganida, bunday tergov harakati surishtiruv yoki dastlabki tergovda oʻtkazilganligidan qatʻiy nazar, taraflarning bildirgan iltimosnomasi yoki sudning tashabbusi bilan sudning maslahatxonada chiqargan ajrimi asosida JPKning 172–87-moddalarida nazarda tutilgan talab va qoidalarga amal qilgan va JPKning 446-moddasi talablarini hisobga olgan holda ekspertiza tayinlanadi va oʻtkaziladi.
|
Taraflar va protsess ishitirokchilari qoʻshimcha guvohlar chaqirish, yangi ashyoviy yoki yozma dalillarni talab qilib olish yoxud ekspertiza tekshiruvlarini oʻtkazish toʻgʻrisida iltimoslar qilishi yoki ilgarigi iltimoslarini qaytarishi mumkin, sud ularni muhokama qilishga majbur. Bildirilgan iltimosnoma yuzasidan protsessning boshqa ishtirokchilarini fikri eshitiladi va iltimosnomani qanoatlantirish yoki rad etish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi. Agarda sud iltimoslarni asosli deb topsa, sud tergovini davom ettiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |