26.2. Taraflarning ayblov mohiyati yuzasidan takliflari, sudlanuvchining oxirgi soʻzi
Muzokara tamom boʻlgandan keyin taraflar JPKning 457-moddasi birinchi qismidagi 1–6-bandlarda nazarda tutilgan masalalar yuzasidan chiqariladigan qarorning oʻzlari taklif etadigan mazmunini sudga yozma ravishda taqdim etishlari mumkin. Davlat ayblovchisi va himoyachi uchun qarorning bunday mazmunini sudga taqdim etish majburiydir. Shuningdek, davlat ayblovchisi JPKning 409-moddasi talablariga muvofiq ayblov mazmunini oʻzgartirish yoki ayblovdan voz kechish sabablari xususida, Jinoyat kodeksining normalarini qoʻllash, sudlanuvchining harakatlarini tavsiflash, unga jazo turini va meʻyorini tayinlash toʻgʻrisida hamda sud hal etishi lozim boʻlgan boshqa masalalar yuzasidan oʻz fikrini bayon qiladi.
Taraflarning ayblov mohiyati yuzasidan takliflari jinoyat ishiga aynan aloqador, qonunda nazarda tutilgan tartibda toʻplangan, tekshirilgan, baholangan va sud muhokamasida oʻrganilgan, sud majlisi bayonnomasida oʻz aksini topgan dalillargagina asoslangan boʻlishi kerak, aks holda ularning takliflari sud tomonidan e’tiborga olinmaydi.
26.3. Sud tergovini yangidan boshlash va sudning qaror qabul qilish uchun alohida xonaga (maslahatxonaga) kirishi
Sud tergovini yangidan boshlash sudning huquqi hisoblanadi. Taraflarning bu masaladagi iltimosnomalari sud tomonidan rad etilishi mumkin, lekin bunday qaror asoslanishi va sud bayonnomasida qayd etilishi lozim. Bu harakat sud uchun ish yuzasidan qaror chiqarilgunga qadar ish yuzasidan aniqlangan holatlarni qonuniy va asosliligini yana bir bor tekshirish uchun imkoniyatdir.
Sudlanuvchining oxirgi soʻzini eshitib boʻlganidan soʻng sud hukm chiqarish yoki ajrim chiqarish uchun darhol alohida xonaga (maslahatxonaga) kiradi. Bu haqida raislik qiluvchi sud majlisi zalida hozir boʻlganlarga e’lon qiladi (JPKning 453-m.).
|
Qonunga bunday protseduraning kiritilishi sudga tashqi ta’sirni istisno etadi. Raislik qiluvchi maslahatxonadan, taxminan, qachon sud zaliga chiqishini ham e’lon qilishi lozim. Sudning bu harakati ham sud bayonnomasida eks ettiriladi.
JPKning 453 va 456-moddalari ta’biriga koʻra alohida xona - maslahatxona sud binosida alohida ajratilgan xona boʻlib, unda sudya yoki sud tarkibi koʻrilgan ish boʻyicha hukm yoki ajrim chiqarishga oid protsessual qaror chiqaradi. Bunday paytda mazkur xonada faqat sudyaning oʻzi yoki sud takibiga kirgan sudyalar hozir boʻlishi mumkin. Boshqa shaxslarning hozir boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Sud tomonidan muhim protsessual qarorlarni alohida xona – maslahatxonada chiqarilishi sudyalar mustaqilligi va ularning faqat qonunga boʻysunish prinsipining kafolatidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |