24.1. Sud muhokamasining umumiy shartlari haqida tushuncha uning vazifasi va ahamiyati
Sud muhokamasi jinoyat protsessining markaziy va hal qiluvchi bosqichi hisoblanadi. Bu bosqichda jinoyat protsessining asosoiy vazifalari yuzasidan bir to‘xtamga kelinadi, ya’ni sud jinoyat ishini mazmunan ko‘rib, o‘z hukmida shaxsni aybdor yoki aybdor emasligi, ushbu qilmishi uchun jazolash yoki jazolamaslik masalasini uzil-kesil hal qiladi.
Sud muhokamasining umumiy shartlariga quyidagilar kiradi: sud muhokamasining bevositaligi, ogʻzakiligi va oshkoraligi; sudlovga tegishlilik; sud tarkibining oʻzgarmasligi; sud muhokamasi ishtirokchilarining tengligini ta’minlash va ularning protsessual holatini kafolatlash; sud muhokamasi doirasining qatʻiyligi; jinoyat ishini toʻxtatish va tugatish; sud majlisining tartibi; sud majlisining bayonnomasi.
24.2. Sud muhokamasi ishtirokchilarining tengligini ta’minlash va ularning huquq va majburiyatlarini kafolatlash
Sud majlisi ishtirokchilariga sud (sudya), davlat ayblovini quvvatlovchi prokuror, jabrlanuvchi, uning vakili, qonuniy vakili, fuqaroviy da’vogar va uning vakili, jamoat ayblovchisi va ular bilan teng vakolatga ega boʻlgan himoya tarafi ishtirokchilari sudlanuvchi, uning himoyachisi, qonuniy vakili, fuqaroviy javobgar uning vakili, jamoat himoyachilari kiradi. Har bir ishtirokchining protsessual holati oʻziga xos xususiyatlarga ega.
JPKning 408-moddasiga muvofiq sud majlisida shu sudning raisi, uning oʻrinbosari yoki sudya raislik qiladi. Sud ish yuzasidan oxirgi xulosa berish (ayblov yoki oqlov hukmini chiqarish); ish yuzasidan protsessual tergov hujjatlarini mustaqil hal qilish; sud majlisini keyinga qoldirish (418-modda); jinoyat ishini koʻrishni toʻxtatish (420-modda); sud majlisida jinoyat ishini tugatish (421-modda); ehtiyot choralarini qoʻllash, bekor qilish yoki oʻzgartirish (422-modda); sud majlisiga manfaatdor shaxslarni qoʻyish, qoʻymaslik masalasini sudga taqdim etilgan dalillarni ma’qul yoki ma’qul emasligini hal qiladi, eng muhimi majlisni boshqarishga vakolatli hisoblanadi.
Raislik qiluvchi sud majlisiga rahbarlik qiladi, ishning barcha holatlarini sinchkovlik bilan, har tomonlama, toʻla va xolisona tekshirish hamda haqiqatni aniqlash uchun qonunda nazarda tutilgan barcha choralarni koʻradi. Raislik qiluvchi sud majlisi zalida tartibga rioya qilinishini ta’minlaydi. Uning farmoyishlari taraflar va barcha hozir boʻlganlar uchun majburiydir.
Jabrlanuvchining oʻlimiga olib kelgan jinoyatlar toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha koʻrsatilgan huquq va majburiyatlarni sud tomonidan marhumning qonuniy vakili deb e’tirof etilgan yaqin qarindoshlari yoki boshqa shaxslar amalga oshiradilar. Jabrlanuvchi koʻrsatuvlari orqali faqat oʻz huquqi va qonuniy manfaatlarini himoya qilib, balki ish boʻyicha haqiqatni aniqlashda muhim hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |