Jinoyat ishini sudda ko‘rish uchun tayinlash ham jinoyat protsessida muhim bosqich bo‘lib, unda sudya jinoyat ishini sudda ko‘rib chiqish uchun yetarli asoslar mavjudligini tekshiradi va bunday asoslar yetarli deb hisoblagach, jinoyat ishini sudda ko‘rish uchun tayinlaydi.
Surishtiruv, dastlabki tergov oʻtkazilgan va ayblov xulosasi tuzilib, prokuror tasdigʻidan oʻtgan barcha jinoyat ishlari ushbu bosqichdan oʻtadi.
Mazkur bosqichda sudya dalillarning haqiqiyligini aniqlamaydi, u sud majlisida ishni koʻrib chiqish uchun faktik ma’lumotlar va huquqiy asoslar yetarliligini tekshiradi.
Sudya jinoyat ishini sud majlisida ko‘rish uchun yetarli asoslar mavjudligini aniqlab, aybdorlik masalasini oldindan hal qilmasdan ayblanuvchining jinoyat ishini sudda ko‘rish uchun tayinlash to‘g‘risida qaror chiqaradi.
Ushbu fursatdan boshlab ayblanuvchi sudlanuvchi protsessual maqomiga ega boʻladi.
Agar jinoyat ishi materiallari qilmishda jinoyat tarkibi mavjudligi, ishni toʻxtatish asoslarining yoʻqligi, ishni koʻrib chiqish uchun dalillarning yetarlicha toʻplanganligi, jinoyat ishi dastlabki tergov jarayonida olingan materiallarga asosan kvalifikatsiyalanib, tergovning har tomonlama, toʻliq va xolisona oʻtkazilganligi, JPKning talablariga rioya qilinganligi, ehtiyot chorasi masalasining toʻgʻri hal etilganligi, ayblov xulosasi JPKning 379-380-moddalari talablari asosida tuzilganligi, ushbu sudning sudloviga tegishli ekanligi toʻgʻrisida xulosa chiqarishga imkon bersa, u holda sudya ishni mazmunan koʻrish toʻgʻrisida qaror chiqaradi.
23.2. Jinoyat ishini sudda koʻrish uchun tayinlash chogʻida aniqlanishi lozim boʻlgan holatlar va ishni tayinlash toʻgʻrisidagi qaror
Jinoyat ishini sud majlisida koʻrish uchun asoslarning yetarliligini baholashda dastlabki tergovda ish holatlarining har tomonlama, toʻliq va xolisona aniqlanganligi tekshiriladi. Bunda jinoyat ishidagi barcha qilmishlar ayblanuvchiga qoʻyilganligi va jinoyatga daxldor barcha shaxslar jinoiy javobgarlikka jalb qilinganligini tekshirish kerak.
Jinoyat ishini sudda ko‘rish uchun tayinlashda jinoyat ishini qo‘zg‘atish asoslari va tartibini belgilovchi JPKning 322–325-moddalaridagi talablariga rioya qilinganligi, shuningdek surishtiruv va dastlabki tergov o‘tkazishni belgilovchi protsessual normalariga rioya qilinganligini o‘z vaqtida aniqlash zarur.
Ayblanuvchiga nisbatan ehtiyot chorasini toʻgʻri belgilash jinoyat protsessual qonunchiligini toʻgʻri amalga oshirilishini ta’minlaydi. Shuning uchun sudya ishni sudda koʻrish uchun tayinlash masalasini hal etishda ayblanuvchiga nisbatan ehtiyot chorasi toʻgʻri qoʻllanilganligini tekshirishi lozim. Agar sudya ehtiyot chorasini oʻzgartirish (qamoqdan ozod qilish yoki qamoqqa olish) zarur deb hisoblasa, u masalani mustaqil ravishda hal etadi.
Jinoyat ishini sudda koʻrish uchun tayinlash toʻgʻrisidagi qarorda protsessual chiqimlar va ularni qoplash toʻgʻrisidagi masalalar ham hal qilinishi mumkin.
Jinoyat ishi boʻyicha sudya JPKning 395-moddasida belgilangan qarorlardan birini qabul qiladi:
jinoyat ishini sudda koʻrish uchun tayinlash toʻgʻrisida;
jinoyat ishi yuzasidan ish yuritishni toʻxtatib turish toʻgʻrisida;
jinoyat ishi yuzasidan ish yuritishni tugatish toʻgʻrisida;
dastlabki tergov va surishtiruvning texnik yoʻsindagi kamchiliklarini bartaraf etish uchun ishni ayblov xulosasi yoki ayblov dalolatnomasini tasdiqlagan prokurorga yuborish toʻgʻrisida.
Do'stlaringiz bilan baham: |