Ўзбекистон Республикаси Президенти Ш. МИРЗИЁЕВ Тошкент ш.,
2020 йил 29 август,
ПҚ-4816-сон
AHOLINITADBIRKORLIKKAJALBQILISHTIZIMINITAKOMILLASHTIRISHVATADBIRKORLIKNIRIVOJLANTIRISHGADOIRQO‘SHIMCHACHORA-TADBIRLARTO‘G‘RISIDAO‘ZBEKISTONRESPUBLIKASIPREZIDENTINING QARORI So‘nggi yillarda aholining keng qatlamini tadbirkorlikka jalb qilish va ularning daromad manbalarini kengaytirishga qaratilgan “Har bir oila — tadbirkor”, “Yoshlar kelajagimiz” va boshqa ijtimoiy dasturlar doirasida jami 13 trln so‘mdan ziyod imtiyozli kreditlar ajratilib, 600 mingdan ziyod oilalarni qamrab olishga erishildi.
Mazkur dasturlar hududlarda aholining tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi, uning turmush tarzini yaxshilash va ish bilan bandligini oshirish uchun turtki bo‘lib xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, orttirilgan tajriba hamda xalqaro amaliyot kompleks va o‘zaro bir-birini to‘ldiruvchi kredit olish imkoniyatidan iborat bo‘lgan yaxlit tizimni shakllantirishni taqozo etmoqda.
Aholini tadbirkorlikka jalb qilish tizimini takomillashtirish, kambag‘allikni qisqartirish va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish maqsadida:
1. Aholini, ayniqsa yoshlar va xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb qilish, mikromoliyalash tizimini takomillashtirish hamda tadbirkorlikni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning quyidagi asosiy yo‘nalishlari amaliyotga joriy etilsin:
aholining tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga qiziqishi va manfaatdorligini oshirish;
aholida tadbirkorlik sohasida zaruriy ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan o‘qitish tizimini joriy etish, mazkur jarayonga xalqaro tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlari va nodavlat ta’lim tashkilotlarini keng jalb qilish;
tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan mikrokreditlash tizimini institutsional jihatdan takomillashtirish va rivojlantirish;
aholi tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga oid ijtimoiy dasturlarni iqtisodiyotda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan uyg‘un va muvofiqlashtirilgan holda ishlab chiqish;
tadbirkorlik ko‘nikmasi va tajribasiga ega bo‘lgan aholini va boshqa kichik biznes vakillari salohiyatini ro‘yobga chiqarish orqali ular faoliyatini kengaytirish va rivojlantirishga qaratilgan to‘laqonli tizimni yaratish;
tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yaxlit tizimni tashkil etish va yagona davlat tashkiloti tomonidan amalga oshirilishini va muvofiqlashtirib borilishini yo‘lga qo‘yish.
2. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi va barcha bo‘g‘indagi hokimliklar hududlarda aholining tadbirkorlikka qiziqishini va manfaatdorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishni o‘zlarining asosiy faoliyat yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilasin.
Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda tegishli vazirlik, idora va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan xalqaro va mahalliy ekspertlarni jalb etgan holda aholining tadbirkorlikka qiziqishi, turmush darajasini yaxshilashga intilishi va manfaatdorlik hissini kuchaytirishga qaratilgan motivatsion chora-tadbirlar dasturlarining tasdiqlanishini ta’minlasin. Bunda muvaffaqiyatli yosh tadbirkorlar va tajribali biznes vakillarini jalb qilishga e’tibor qaratilsin.
Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mazkur bandda keltirilgan tadbirlarni amalga oshirish jarayonida nodavlat notijorat tashkilotlarining faol ishtirokini ta’minlasin.
Yoshlar ishlari agentligi aholiga o‘zining turmushini yaxshilash, kasb-hunar va biznes bilan shug‘ullanish orqali daromad topish hamda ularga bunday faoliyatni yo‘lga qo‘yishning amaliy jihatlarini o‘rgatishga qaratilgan “kouching” video materiallar va darsliklar, motivatsion roliklar tayyorlash uchun tanlov asosida ijtimoiy buyurtmalar joylashtirsin.
3. 2020-yil 15-noyabrdan boshlab yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning quyidagi tartibi o‘rnatilsin:
Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi va Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tomonidan ma’qullangan dasturlar va belgilangan talablar asosida tashkil etilgan o‘quv kurslarini tamomlagan har bir bitiruvchi (yoshlar, xotin-qizlar) uchun kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish bo‘yicha nodavlat ta’lim tashkilotlariga sarflangan xarajatlarning 70 foizi, biroq har bir bitiruvchiga 1 million so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdori davlat tomonidan kompensatsiya qilinadi;
kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish bo‘yicha nodavlat ta’lim tashkilotlari kurslarini muvaffaqiyatli tamomlab, ularning sertifikatini (keyingi o‘rinlarda — maxsus sertifikat) olgan shaxslarga o‘z biznesini tashkil etish uchun mazkur qarorning 5-bandiga muvofiq mikrokredit ajratiladi.
4. Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi bilan birgalikda:
2020-yil 15-noyabrdan boshlab aholini kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish dasturlarida ishtirok etuvchi nodavlat ta’lim tashkilotlari elektron reyestrini shakllantirib borsin va uning oshkoraligini ta’minlasin;
2022-yil 1-yanvardan xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda xalqaro standartlar, shu jumladan Xalqaro mehnat tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlarning tadbirkorlikka o‘qitish dasturlari va tizimi asosida Tadbirkorlikka o‘qitishning yagona tizimini ishga tushirsin.
5. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra “Mikrokreditbank” ATB tomonidan nodavlat ta’lim tashkilotlari maxsus sertifikatini olgan:
tadbirkorlik tashabbusiga ega jismoniy shaxslar, shu jumladan yoshlar va xotin-qizlarga o‘z biznesini tashkil etish uchun 33 million so‘mgacha bo‘lgan miqdordagi mikrokreditlar ta’minotsiz ajratiladi;
mikrofirma va kichik korxona ta’sis etgan shaxslarga uchinchi shaxs kafilligi, sug‘urta polislari, kredit hisobiga sotib olinayotgan mol-mulklar garovi, Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasining kafilligi va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa ta’minot turlari asosida 225 million so‘mgacha miqdorda mikrokreditlar ajratiladi.
Bunda mikrokreditlar 3 yil muddatgacha 6 oygacha imtiyozli davr bilan Markaziy bankning asosiy stavkasida ajratiladi.
6. Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar hamda tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish orqali tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishni moliyaviy manba bilan ta’minlash maqsadlariga 100 million AQSh dollari ekvivalentida mablag‘ ajratsin. Ushbu mablag‘larning:
9 million AQSh dollari ekvivalenti Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligiga mazkur qarorning 3-bandi ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun beg‘araz asosda;
1 million AQSh dollari ekvivalenti Yoshlar ishlari agentligiga mazkur qarorning 2-bandida nazarda tutilgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun beg‘araz asosda;
90 million AQSh dollari ekvivalenti maxsus sertifikatni olgan yoshlarga (jami 45 mln dollar) va xotin-qizlarga (jami 45 mln dollar) kreditlar ajratish uchun “Mikrokreditbank” ATBga 7 yil muddatga 3 yil imtiyozli davr bilan Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foiz bandga past foiz stavkasida yo‘naltirilsin.
“Mikrokreditbank” ATB ushbu mablag‘larni mazkur qarorning 5-bandida ko‘rsatilgan yangicha tartibda mikrokreditlash maqsadlariga yo‘naltirsin.
7. Belgilansinki, 2022-yil 1-iyuldan boshlab “Har bir oila — tadbirkor”, “Yoshlar kelajagimiz” va boshqa oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida davlat maqsadli resurslari hisobidan kreditlar “Mikrokreditbank” ATB tomonidan tadbirkorlik yo‘nalishi bo‘yicha tegishli o‘quv kurslarini tamomlagan shaxslarga yagona mikrokreditlash dasturi asosida ajratiladi.
8. “Mikrokreditbank” ATB:
2021-yil davomida respublikaning barcha tuman va shaharlarida, shu jumladan raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatish imkoniyatini yaratuvchi bank infratuzilmalari tarmoqlarini tashkil etsin;
o‘zi operatorlik vazifasini bajaruvchi Mikromoliyalash milliy tizimini yaratish va unda boshqa kredit tashkilotlarining manfaatdorlik asosida ishtirok etishini ta’minlovchi tizim joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin;
bankning quyi bo‘g‘in xodimlarini to‘liq qayta tayyorlash va mijozga yo‘naltirilgan xizmat ko‘rsatish tizimini joriy qilsin. Bunda sohada muvaffaqiyatga erishgan va xalqaro tan olingan xorijiy moliya institutlarida xodimlarning malaka oshirishi va tajriba almashishini tashkillashtirsin;
maxsus sertifikat olgan shaxslar to‘g‘risida ma’lumot almashish maqsadida mikrokreditlash dasturlarida ishtirok etayotgan kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish bo‘yicha nodavlat ta’lim tashkilotlari bilan o‘zaro elektron axborot almashinuvi tizimini yo‘lga qo‘ysin.
Moliya vazirligi “Mikrokreditbank” ATB boshqaruvi tarkibiga ijtimoiy yo‘naltirilgan mikrokreditlash sohasida yetarli tajribaga ega bo‘lgan xorijiy malakali mutaxassislarning jalb qilinishini ta’minlasin.
9. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi va Moliya vazirligi 2021-yilning 1-yanvariga qadar “Mikrokreditbank” ATBning aholini, ayniqsa yoshlar va xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb qilish bo‘yicha yangi biznes modelini ishlab chiqsin va unda quyidagilarga e’tibor qaratsin:
mikrokredit olib keyinchalik barqaror tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan va ishlab chiqarish hajmlarini kengaytirgan yoki kambag‘allik ro‘yxatidan chiqqan mijozlar soni va ulushi oshib borishini bank faoliyati samaradorligining asosiy ko‘rsatkichlaridan (KPI) biri sifatida belgilash;
mikrokreditlash dasturlari doirasida kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish bo‘yicha nodavlat ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikni amalga oshirish hamda mikrokreditlash maqsadlarida aholini moliyaviy savodxonlik o‘qitishni tashkil etish;
mikrokredit olgan tadbirkorlar faoliyatini doimiy kuzatib borish hamda ularga maslahat va ko‘mak berish institutini shakllantirish;
bank mijozlari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar uchun xaridorlar topish va bozorlarni kengaytirishda ko‘maklashish.
10. Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi mazkur qarorda aholini tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida keltirilgan mexanizmlar, xususan ularni o‘qitish, mikrokredit ajratish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish borasida vakolatli davlat organi etib belgilansin. Bunda Agentlik:
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda aholi va tadbirkorlarni tadbirkorlikka o‘qitish bo‘yicha ishlarni tashkil etadi, muvofiqlashtiradi va bu borada yagona tizimni shakllantiradi;
“Mikrokreditbank” ATB bilan birgalikda tadbirkorlik bo‘yicha o‘quv kurslarini tamomlab va keyinchalik mikrokredit olib faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini monitoring qilib borishning yagona “raqamli” tizimi joriy etilishini ta’minlaydi;
doimiy monitoring va tahlillar asosida tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish va kengaytirishni (yiriklashtirishni) rag‘batlantiruvchi moliyaviy va nomoliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralarini takomillashtirish va yangilarini joriy etish bo‘yicha takliflar kiritib boradi;
iqtisodiyotning tarmoq va sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarning tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasidagi chora-tadbirlar bilan o‘zaro muvofiqligi va to‘ldiruvchanligini ta’minlash vazifalaridan kelib chiqib barcha turdagi xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari va mexanizmlari ishlab chiqilishini va amalga oshirilishini ta’minlaydi.
11. Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda aholini kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish dasturlarida ishtirok etuvchi nodavlat ta’lim tashkilotlari elektron reyestrini shakllantirish hamda ularning o‘qitishga sarflangan xarajatlarini kompensatsiya qilish tartibini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Bunda, shu jumladan quyidagilar nazarda tutilsin:
nodavlat kasb-hunar ta’limi tashkilotlari va mutasaddi idoralar o‘rtasida o‘quvchilarning davomatini real vaqt rejimida monitoring qilish, maxsus sertifikatga ega bitiruvchilar to‘g‘risida ma’lumotlar olish imkoniyatini beruvchi idoralararo elektron hamkorlikni joriy etish;
nodavlat kasb-hunar ta’limi tashkilotlari faoliyatini eng asosiy mezon sifatida ularning natijadorligi, shu jumladan maxsus sertifikat olgan bitiruvchilarning tadbirkorlik va kasb-hunar bo‘yicha faoliyatini boshlaganligidan kelib chiqqan holda baholab borish;
kompensatsiya taqdim etishda oshkoralik va haqqoniylikni ta’minlash, mazkur jarayonda turli xil suiiste’molliklar qilinishining oldini olishga qaratilgan korrupsiyaga qarshi kurashish komplayens nazorat tizimini yaratish.
12. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 14-iyuldagi PQ-4782-son qaroriga muvofiq Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 2 million AQSh dollari ekvivalentidagi mablag‘lar mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilotlar hamda nodavlat notijorat tashkilotlariga yoshlar va xotin-qizlarni kichik tadbirkorlikka jalb qilish loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirish nazarda tutilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
13. Belgilansinki, mazkur mablag‘lar Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi resurs bazasini oshirishga yo‘naltiriladi va eksperiment tariqasida keng aholi qatlamlarini tadbirkorlikka o‘qitish va unga jalb qilish loyihalarini amalga oshiradigan nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida quyidagicha tartibda foydalaniladi:
nodavlat notijorat tashkilotlarining keng aholi qatlamlarini tadbirkorlikka o‘qitish va ularga mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatishdan iborat kompleks dasturlarini amalga oshirish uchun Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan tanlov asosida 5 yil muddatga, jumladan bir yillik imtiyozli davr bilan yillik 4 foiz stavkada qarz mablag‘lari ajratiladi;
nodavlat notijorat tashkilotlariga qarz mablag‘larini ajratish uchun tanlovni o‘tkazish hamda ular bilan ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida shartnomalarni tuzish Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi tomonidan amalga oshiriladi;
nodavlat notijorat tashkilotlari o‘zlariga ajratilgan qarzning bir qismini mikrokredit tashkilotlariga shartnoma asosida resurs sifatida joylashtiradi;
nodavlat notijorat tashkilotlariga qarz mablag‘larini ajratish uchun tanlov shartlari va baholash mezonlari Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi tomonidan Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi va mustaqil ekspertlar ishtirokida ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi hamda o‘quv kurslari bilan qamrab olinadigan hudud va aholi soni, mikroqarz foiz stavkasi, o‘quv dasturlari sifati kabi asosiy mezonlarga asosan takliflarni baholashni nazarda tutadi.
Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi bir oy muddatda nodavlat notijorat tashkilotlari orasida mazkur mablag‘lar hisobidan qarz ajratish bo‘yicha tanlovlarni e’lon qilsin.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi ajratiladigan mablag‘larning samarali va maqsadli foydalanilishi ustidan monitoring o‘rnatsin.
14. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq nodavlat notijorat tashkilotlariga mazkur qarorning 13-bandiga muvofiq taqdim etiladigan qarz mablag‘lari hisobidan mikroqarzlar mikrokredit tashkilotlari tomonidan keng aholi qatlamlariga, shu jumladan yoshlar va xotin-qizlarga quyidagi shartlarda ajratiladi:
qarz oluvchi nodavlat notijorat tashkilotlarining moliyaviy savodxonlikni oshirish, kasbiy va tadbirkorlik ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan dasturlari talablariga mos kelishi lozim;
mikroqarzlar tadbirkorlik va daromad olishga qaratilgan maqsadlar uchun bir qarz oluvchiga 25 million so‘mdan oshmagan miqdorda ajratilishi lozim;
mikrokredit tashkilotlari qarz oluvchi tomonidan shartnomaga muvofiq majburiyatlar bajarilishini ta’minlash shartisiz, shu jumladan bir-birlarini qo‘llab-quvvatlaydigan guruh kafilligi asosida mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatishga haqli.
15. Belgilansinki, 2021-yil 1-yanvardan boshlab:
tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda olinadigan davlat boji mablag‘larining 20 foizi Savdo-sanoat palatasiga yo‘naltiriladi;
davlat aktivlarini sotishdan tushadigan mablag‘larning Savdo-sanoat palatasiga yo‘naltiriladigan qismi 3 foizdan 5 foizgacha (Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamg‘armasiga yo‘naltiriladigan qismini kamaytirish hisobidan) oshiriladi.
16. Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bo‘yicha vakolatli ofislari ochilsin va ularning namunaviy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining tashkiliy tuzilmasi va markaziy apparati tuzilmasi 2 va 3-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
Vazirlar Mahkamasi mazkur qaror talablaridan kelib chiqqan holda ikki hafta muddatda Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining va Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasining nizomlarini tasdiqlasin.
17. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
18. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov va Markaziy bank raisi M.B. Nurmuratov zimmasiga yuklansin3.