II BOB. KONFESSIYALARARO HAMKORLIK – JAMIYAT TARAQQIYOTI OMILI.
2.1. Mamlakatimizdagi diniy konfessiyalar va ularninf faoliytai
2.2. Konfessiyalaro munosabatlarda bag’rikenglik tamoyilining nazariy asoslari
III BOB. DEMOKRATIYANI CHUQURLASHTIRISH SIYOSATIDA DINIY BAG’RIKENGLIKNI O’RNI
3.1. O’zbekiston - diniy bag’rikenglik o’lkasi
3.2. Yangilanayotgan O’zbekiston siyosatida diniy bag’rikenglik masalalari
Xulosa.
Foydalanilgan manbaa va adabiyotlar ro’yhati.
Ilovalar
KIRISH
Tadqiqot mavzusining dolzarbligi. Bugun jahonda ayrim dinlar va diniy yo‘nalishlar o‘rtasidagi ziddiyatning keskinlashuvi kuzatilmoqda. Shu bois, rivojlangan mamlakatlarda din va dindorlik borasida ko‘plab tadqiqotlar olib borilmoqda. Tadqiqotchilar qiyosiy dinshunoslik, tolerantlik masalalariga alohida e’tibor qaratmoqdalar.
Aytib o‘tganimizdek, dunyoda dinlararo munosabatlar, diniy bag‘rikenglik masalalari o‘ta dolzarblashgan. Chunki, dinlarning psixologik ta’sir kuchini yaxshi anglagan buzg‘unchi g‘oya vakillari, ekstremistik guruhlar o‘z g‘arazli maqsadlarini din niqobi ostiga yashirmoqdalar. Aslida esa, dunyodagi barcha dinlar faqat ezgulik g‘oyalariga asoslanadi, insonlarni halollik va poklik, mehr-oqibat, insonparvarlik va bag‘rikenglikka da’vat etadi.
Ta’kidlanganidek, globallashuv jarayonida diniy bag‘rikenglik muammosi jahon hamjamiyati uchun g‘oyat dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. 1995 yil 16 noyabrda BMTning fan, ta’lim va madaniyat bo‘yicha ixtisoslashgan tashkiloti YUNESKO tomonidan “Bag‘rikenglik prinsiplari” deklaratsiyasining qabul qilinishi buning yorqin dalilidir. Ushbu deklaratsiyada e’tiqod va vijdon erkinligiga ham e’tibor qaratilgan. Uning 1-moddasida, bag‘rikenglik o‘zimiz yashab turgan dunyo madaniyatining boy va xilma-xilligi, inson individualligining namoyon bo‘lish shakllari va usullarini hurmat qilish, uni qabul qilish va to‘g‘ri tushunish hamda vijdon va e’tiqod erkinligi sifatida izohlangan.
O‘zbekiston ko‘p millatli mamlakat. Bugun yurtimizda 130 dan ziyod millat va elat vakillari tinch-totuv yashab kelmoqdalar, 16 ta diniy konfessiya faoliyat yuritmoqda. Tarixiy manbalarga ko‘ra, diyorimizda islom dini kirib kelgunga qadar ham o‘nga yaqin din bo‘lgan. Ammo, biror marta ham xalq orasida diniy nizo tufayli urush yoki to‘qnashuvlar bo‘lmagan. Demak, diniy bag‘rikenglik xalqimizda qadimdan shakllangan.
O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik masalasi mustaqillikning ilk yillaridayoq qonuniy jihatdan mustahkamlab qo‘yilgan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31-moddasida “Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi” -deb belgilangan. SHuningdek, 1998 yil 1 mayda qabul qilingan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonunda ham vijdon erkinligi qonun yo‘li bilan kafolatlangan.
Mustaqillik yillarida yurtimizda diniy qadriyatlarga, tarixiy-madaniy merosimizga katta e’tibor qaratilgan holda bir qator amaliy ishlar bajarildi. Jumladan, Qur’oni karimning bir necha tarjima va tafsirlari, buyuk mutafakkirlarimiz Imom Buxoriy, Imom Termiziyning hadisshunoslikka oid asarlari chop etildi. Mahmud Zamaxshariy, Bahovuddin Naqshband, Yusuf Hamadoniy, Najmiddin Kubro, Mahdumi A’zam Kosoniy, Xoja Ahror Valiy kabi allomalarning yubileylari o‘tkazildi, merosi aks etgan asarlari nashr qilindi. Diniy-irfoniy ta’lim muassasalari: Islom o‘rta maxsus bilim yurtlari, Samarqandda Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy markaz, O‘zbekiston Islom akademiyasi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Islom sivilizatsiyasi markazi, Qashqadaryoda “Abu Mu’in an-Nasafiy” nomidagi aqida ilmiy maktabi, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi huzurida Bahouddin Naqshband tasavvuf ilmiy maktabi va hozirgi kunda qurilishi jadal ketyotgan Islom svilizatsiya markazi tashkil etildi. Mazkur sa’y-harakatlar O‘zbekistonda jahon hamjamiyati e’tirof etayotgan diniy-gumanistik meros bilan bog‘liqdir. Davlatimiz rahbari tomonidan ishlab chiqilgan “Harakatlar strategiyasi”ning beshinchi bandida ham “xavfsizlik, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni ta’minlash” ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etilgan.
Yuqorida aytib o‘tganimizdek, bugungi globallashuv jarayoni va axborot asrida din (ayniqsa, islom dini) masalasi juda dolzarblashgan. Prezidentimiz SH.M.Mirziyoev ta’kidlaganidek, islom dinidagi “...bag‘rikenglik va insonparvarlik g‘oyalarini tarannum etish, uning tinchlik va barqarorlik, dinlar va millatlararo totuvlik tamoyillariga asoslangan din ekanligini keng targ‘ib qilish, musulmon mamlakatlari birdamligini mustahkamlash, umumiy islom merosini asrab-avaylash yo‘lida hamkorlikni kuchaytirish kerak”1 Shu bois, yoshlarga islom dinining insonparvarlik mohiyati, ezgu g‘oyalari, o‘lmas qadriyatlari haqida bilim berish g‘oyat muhim sanaladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 fevraldagi PQ-2774-son “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, 2017 yil 15 dekabrdagi PQ-3433-son “O‘zbekiston Islom akademiyasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 2 avgustdagi 572-son “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom madaniyati markazi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi Qarorining e’lon qilinganligi fikrimizning dalilidir.
Shuningdek, diniy konfessiyalararo bag‘rikenglik va mamlakat siyosatida diniy bag’rikenglik masalasining dolzarbligi yana quyidagilar bilan izohlanadi:
- birinchidan, mustaqillik yillarida xalqimizning asosiy qismi e’tiqod qiladigan islom diniga oid olamshumul ishlar amalga oshirildi. Chunki, xalqni xalq, millatni millat qiladigan axloqiy va ma’rifiy kamolot, halollik va poklik, iymon va e’tiqod, mehnatsevarlik va vatanparvarlik, ezgulik va saxovat, bag‘rikenglik va mehr-oqibat bilan bog‘liq bo‘lgan birorta masala islom dini e’tiboridan chetda qolgan emas;
- Ikkinchidan, islom dinidagi madaniyat, ma’rifat, ma’naviyat, odob-axloq mezonlari haqidagi ta’limotlar faqat musulmon mamlakatlarigagina emas, balki sayyoramizdagi jamiki mamlakatlar, davlatlar, xalqlar, elatlar va millatlarga ham daxldor va ahamiyatlidir. Islomiy qadriyatlar ham milliy, ham umuminsoniy qadriyat sifatida xalqimizning turmushida, hayotida, madaniyati va ma’naviyatida, ta’lim-tarbiyasida, milliy urf-odat va an’analarida katta o‘rin tutib kelmoqda;
- Uchinchidan, islomiy qadriyatlar, g‘oyalar, o‘gitlar, o‘zbek xalqining qon-qoniga, ongu-shuuriga, turmush tarziga shu qadar chuqur singib ketganki, uni hech qanday kuch va tashviqot bilan chiqarib bo‘lmaydi. Shu bois, tinchlik yo‘lida islomdagi diniy bag‘rikenglik g‘oyalarini targ‘ib qilish yaxshi natija beradi;
- To‘rtinchidan, mamlakatimizda ko‘p sonli millat va elat vakillarining konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ta’lim olishi, o‘z qiziqishi va layoqati bo‘yicha kasb-hunar egallashi, mehnat qilishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Ayni paytda turli millat va elatlarning milliy an’ana va qadriyatlarini asrab-avaylash, ularni yanada rivojlantirish, boyitish masalasi davlatimizning doimiy e’tiborida bo‘lib kelmoqda. Chunki, bu sohadagi ozgina loqaydlik, beparvolik ham dushmanlarimizning e’tiborini tortishi va bundan foydalanib, yurtimizda barqarorlikni izdan chiqarishga urinishlari mumkin;
Do'stlaringiz bilan baham: |