Bizning asosiy maqsadimiz – jamiyat hayotida munosib o‘rin egallash, mamlakatni isloh qilish va yangilash jarayonlarida belgilangan maqsadlarga erishish yo‘lida hal qiluvchi kuch va tayanchga aylanishga qodir barkamol avlodni, mustaqil fikrlovchi, shaxsiy hayotiy pozitsiyasiga va o‘z nuqtai nazariga ega yoshlarni shakllantirish; yosh avlodning huquq va erkinliklarini, qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishga ko‘maklashish; yigit va qizlarning kasbiy mahoratini yuksaltirish va ularning intellektual va ijodiy salohiyatini namoyon etish uchun shart-sharoit yaratishdir.
Mazkur maqsadlarni amalga oshirish uchun Harakat quyidagi ustuvor dasturiy vazifalarni o‘z oldiga qo‘yadi:
I. Yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularning demokratik huquqiy davlat qurish va fuqarolik jamiyatini shakllantirish jarayonida faol ishtirokini ta’minlash sohasida
Harakatning yaqin istiqboldagi ustuvor vazifalari quyidagilardan iborat:
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, islohotlarning mazmun-mohiyatini yoshlar ongiga chuqur singdirish, yosh avlodning mamlakatni yanada demokratlashtirish va yangilash, fuqarolik jamiyatini shakllantirish jarayonlaridagi keng ishtirokini ta’minlash.
Ushbu belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun, eng avvalo, yoshlarning siyosiy va huquqiy madaniyatini, huquqiy savodxonligi va huquqiy ongini, ularning fuqarolik mas’uliyatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqish va amalga oshirish zarur. Yoshlarning huquqiy madaniyati va huquqiy ongini yuksaltirish, qonunga itoatkor fuqarolarni tarbiyalash, yosh avlodda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga hurmat hissini mustahkamlash, yoshlar tomonidan o‘z fuqarolik huquq va burchlarini anglashlari – bu pirovard maqsad bo‘libgina qolmay, balki tom ma’nodagi demokratik huquqiy davlat hamda rivojlangan bozor iqtisodiyotiga ega fuqarolik jamiyatini barpo etishning vositasi, zaruriy sharti hamdir.
Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Konsepsiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish, yoshlarga oid davlat siyosatining amalga oshirilishi bilan bog‘liq qonun loyihalari va boshqa huquqiy-me’yoriy hujjatlarni tayyorlash tashabbusini ko‘rsatish va ularning muhokamasida qatnashish, bu sohadagi qonunchilik bazasi hamda huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish yuzasidan aniq takliflarni ishlab chiqish va taqdim etishda faol ishtirok etish.
Yoshlarni bolalar va yoshlarning huquq va burchlarini belgilab beruvchi qonun hujjatlarining qoidalari bilan batafsil tanishtirish maqsadida «Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati faollaridan iborat targ‘ibot guruhlari faoliyatini kuchaytirish ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, Harakat faoliyatida bolalar va o‘smirlar uchun mo‘ljallangan ko‘rgazmali targ‘ibot vositalari, video va audio mahsulotlar, bosma nashrlarni tayyorlash, ma’rifiy tadbirlarni tashkil etishga ustuvor ahamiyat beriladi.
yoshlarda yetakchilik qobiliyatini rivojlantirish, ularni davlat va jamiyat qurilishida faol ishtirok etishga tayyorlash;
Ushbu masalalarni hal etish maqsadida yoshlarni boshlang‘ich tashkilotlar va Harakatning hududiy bo‘limlari faoliyatiga faol jalb qilish ko‘zda tutilgan. «Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati (YoIH) faollarining davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, taniqli olimlar, ijodkorlar va ziyolilar, ilg‘or tadbirkorlar, shuningdek, qishloq xo‘jaligi va sanoat korxonalarining rahbarlari bilan uchrashuvlarini o‘tkazish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilariga professional va kasbiy faoliyatda o‘sishlariga ko‘maklashish hamda ularni qo‘llab-quvvatlash muhim vazifa etib belgilandi.
Harakat va boshqa yoshlar tashkilotlarining markaz va joylardagi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan ijtimoiy hamkorligini har tomonlama mustahkamlash.
Bunda asosiy e’tibor yoshlarga oid davlat siyosati hamda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlarini ro‘yobga chiqarish, ijtimoiy muammolarni hal etish, yoshlarning huquq, erkinliklari va manfaatlarini himoya qilish jarayonida faol qatnashish, shuningdek, «Kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyati sari” tamoyilini hayotga tatbiq etishga qaratiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |