O‘rta asrlardagi etnik-madaniy jarayonlar. “O‘zbek” atamasi
O‘rta Osiyo xalqlarining etnik shakllanishida bu hududga ko‘chib kelgan turli elat va
qabilalar ham ma’lum ma’noda ishtirok etganlar. Yuyechjilar, xioniylar, kidariylar, eftaliylar
shular jumlasidandir. O‘rta Osiyo ikki daryo oralig‘i tipi Sirdaryoning o‘rta havzasida aniq
antropologik tip bo‘lib shakllangan davrda bu hududlarda ”Qovunchi madaniyati”
shakllanadi. So‘nggi arxeologik tadqiqotlar natijalariga ko‘ra milodiy II-III asrlardan
boshlab Farg‘ona vodiysi, Samarqand hududlari, IV-V asrda esa Buxoro vohasi,
Qashqadaryo va Surxon vohalarida Qovunchi madaniyatining ta’siri seziladi.
IV asrning oxirlaridan boshlab, O‘rta Osiyoda yirik turkiy etnoslar xioniylar va
eftaliylarning o‘troqlashuv jarayonlari kuchayadi. V-VI asrlarga kelib, eftaliylar va
xioniylarning asosiy qismi turg‘un hayotga o‘tadilar. Bu qabilalar o‘troq hayot kechirib
an’anaviy chorvachilik bilan bir vaqtda dehqonchilik bilan shug‘ullanganliklari haqida
yozma va arxeologik manbalar ma’lumotlar beradi.
VI asrning o‘rtalaridan boshlab O‘rta Osiyoda eftaliylar va Turkiy xoqonlik o‘rtasida
kurash boshlanadi. Tarixiy manbalardan bizga ma’lumki, VI asrning o‘rtalarida Oltoyda,
Janubiy Sibir, Yettisuv, Sharqiy Turkistondagi bir necha qabilalar birlashuvi natijasida yirik
Turkiy xoqonlik tashkil topadi. Qisqa vaqt ichida xoqonlik kuchayib, O‘rta Osiyoning katta
qismini bosib oladi. Turkiy xoqonlik davrida (VI-VIII asrlar) Toshkent vohasi, Zarafshon,
Qashqardaryo vohalari, Surxondaryo va Farg‘ona vodiylari Xorazm hududlariga turkiyzabon
guruhlarning kirib kelishi yanada kuchaydi va ularning ko‘pchiligi bu hududlarda
turg‘unlashib qoldi.
VIII asr boshlarida arablar Movarounnahr va Xorazm hududlariga bostirib kirgan
vaqtlarda bu hududlarda o‘troq va yarim o‘troq turkiyzabon aholi, so‘g‘diylar, toxarlar,
chochliklar va Xorazmning tub yerli aholisi bosqinchilarga qarshi tinimsiz kurash olib
borgan bo‘lishlariga qaramay siyosiy parokandalik tufayli ular zulmi ostiga tushib qoladilar.
Ma’lumki, VIII asrning 2-yarmidan turkiy qarluq qabilalari kuchaya boshlaydilar. IX
asrning o‘rtalariga kelib Yettisuv, Chimkent viloyati, Toshkent vohasi, Farg‘onaning
shimoliy qismlarini o‘z ichiga olgan Qarluq davlati tashkil topadi. Ko‘pchilik
47
tadqiqotchilarning e’tirof etilishlaricha, o‘zbek elatining shakllanishida Qarluq davlatining
ahamiyati katta bo‘ladi. X asr o‘rtalaridan boshlab bu davlat tarixiy manbalarda
Qoraxoniylar davlati nomi bilan tilga olinadi.
Yozma manbalarning ma’lumot berishicha (“Hudud al-olam”), IX-X asrlar qarluqlar
egallab turgan hududlarda 20 dan oshiq shahar, ko‘plab qishloqlar bo‘lgan. Qarluqlar ko‘p
sonli, nufuzli “xalq“ bo‘lib, bir qismi chorvachilik bilan shug‘ullangan. Qarluqlar yashagan
hududlarda yirik etnoslar-chig‘illar, yag‘molar, xalachlar ham yashagan bo‘lib,
tadqiqotchilarning fikricha, ular bir-biriga qon-qarindosh bo‘lib turkiy tilda so‘zlashganlar.
XI asrning birinchi o‘n yilligidayoq Janubiy hududlarning to Balx viloyatigacha
bo‘lgan yerlari dastlab qoraxoniy turkiylar, so‘ng esa g‘aznaviylar qo‘liga o‘tdi. Buning
natijasida navbatdagi katta turkiy qatlam So‘g‘diyona, Xorazm va Toxariston yerlariga kirib
boradi. Qoraxoniylar davrida Movaraunnahrning barcha hududlarida turkiy qatlamlar
mavjud edi.
Qoraxoniylar davlatida qarluq-chig‘il turkiy til lahjasi keng tarqaldi. Keyinchalik shu
til asosida adabiy turkiy til yuzaga kelib, uni Mahmud Qoshg‘ariy “eng ochiq va ravon til”
deb atagan. Turkiy tilda IX-XII asrlar mobaynida bir qator asarlar yozilgan bo‘lib, Ahmad
Yugnakiyning (775-869) “Hibatul haqoyiq“ (Haqiqatlar tuhfasi) dostoni, Yusuf Xos
Xojibning (XI asr), “Qutadg‘u bilik” (Saodatga yo‘llovchi bilim) asari, Ahmad Yassaviyning
(1041-1167) “Hikmatlar”i hamda “O‘g‘uznoma”, “Alpomish”, “Go‘rug‘li” kabi dostonlar
shular jumlasidandir.
Movarounnahr va Xurosonning forsiy-dariy tilda so‘zlashuvchi aholisi X asrdan
boshlab o‘zini “tozik” ya’ni “tojik” deb yurita boshlaydilar. Somoniylar va Qoraxoniylar (IX
asr o‘rtalaridan-1213 yilgacha)dan keyin hukumronlik qilgan keyingi sulolalar, G‘aznaviylar
(997-1187), Saljuqiylar (1040-1147), Xorazmshoh-anushtegeniylar (1097-1231)ning
barchasi turkiy qavmga tegishli bo‘lib, o‘z vaqtida nafaqat O‘rta Osiyo, balki O‘rta Sharqda
ham hukmronlik mavqeyiga ega bo‘lganlar. Mug‘ullar istilosi garchi aholi boshiga nihoyatda
og‘ir kulfatlar va yo‘qotishlar olib kelgan bo‘lsada, tadqiqotchilar fikricha, o‘zbek xalqi
etnogenezi va irqiga deyarli ta’siri bo‘lmadi.
“O‘zbek” etnonomining kelib chiqishi haqida qisqacha fikr yuritadigan bo‘lsak, bu
etnonimning kelib chiqishini ayrim guruh tadqiqotchilar Oltin O‘rda xoni O‘zbekxonning
(1312-1341) nomi bilan bog‘laydilar. Boshqa bir guruh tadqiqotchilar esa bu fikrni inkor
etadilar va “o‘zbek” nomi O‘zbekxongacha Oq O‘rda mintaqasida, uning G‘arbiy Sibir va
Qozog‘iston qismida yashagan turkiy qabilalariga mansub (xon nomi qabilalar nomidan
olingan bo‘lishi mumkin), degan fikrni ilgari suradilar. Ayrim tadqiqotchilar esa “o‘zbek”
atamasini “o‘zi bek”, “erkin”, “mustaqil” so‘zidan kelib chiqib XII-XIV asrlarda xalqimizga
nisbatan ishlatila boshlagan deb hisoblaydilar.
O‘zbek etnonimi kelib chiqishi davriga qarab o‘zbek, turkman, qozoq, qoraqalpoq
xalqlarini aniq bir vaqtda paydo bo‘lgan deb aytib bo‘lmaydi. Bu xalqlar ming yillar
davomida hozirgi yashayotgan mintaqalarida yashaganlar. Lekin u paytda hali hozirgi nomi
bilan atalgan emas va bu nomlari bilan aytilmagan. Ular umumiy nom bilan “turkiy” deb
yoki bo‘lmasa, o‘z qabilalari nomlari bilan atalganlar.
Tarixning qadimgi davrlarida aholi ko‘p hollarda o‘zlari yashagan joy nomi bilan
atalgan bo‘lib, o‘rta asrlarga kelib bu nomlar o‘zgaradi. Xususan, Dashti Qipchoq
hududlarida yashagan turkiy aholi Movarounnahr yerlariga kelib, bu yerda yashayotgan
o‘troq aholi bilan uyg‘unlashib ketgan va aholini nomi “o‘zbek” deb atalgan. O‘rta asrlar
tarixiy adabiyotlarida ham bu nom “o‘zbek”, “o‘zbeklar” sifatida tilga olinadi. Ammo shu
narsa aniqki, Dashti Qipchoq hududlaridan kelgan turkiy qabilalar mahalliy aholi
etnogeneziga, urf-odat va an’analariga sezilarli darajada ta’sir etmadilar. Aksincha, ular
orasiga singib ketib yuqori darajadagi madaniyat ta’sirida bo‘ldilar.
Tadqiqotchi A.Ibrohimovning yozishicha, o‘zbek xalqi asosan ikki etnik qatlamdan
tashkil topgan. Birinchi qatlam Turon-Turkiston hududlarida shakllangan. Ikkinchi qatlam
48
esa Volga (Itil) daryo bo‘ylaridan tortib, to Xorazmning shimoli, Sirdaryoning o‘rta va quyi
oqimlarigacha bo‘lgan hududlarda shakllangan. Bu makon o‘tmishda turli nomlar,
chunonchi Dashti Qipchoq, Oltin O‘rda, o‘zbek viloyati, o‘zbek mamlakati, o‘zbek ulusi deb
atalgan. Xalqimizning bu qatlamini shartli ravishda shimoliy qatlam deb atash mumkin.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, o‘zbek xalqining asosini hozirgi O‘zbekiston
hududlarida bir necha ming yillar davomida yashab kelgan mahalliy saklar, massagetlar,
so‘g‘diylar, baxtarlar, xorazmiylar, qang‘lilar, dovonliklar, chochliklar tashkil etgan.
Kelgindi aholi mahalliy aholiga qisman ta’sir etsada, uning genetikasini tubdan o‘zgartira
olmagan.
Do'stlaringiz bilan baham: |