Yunon-Baqtriya
davlatining
salavkiylardan ajralib chiqishi yunon zodagonlarining qo‘zg‘oloni xususiyatiga ega bo‘lib,
53
unga Baqtriya aholisi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Diodot boshchilik qiladi.
Tadqiqotchilar Yunon-Baqtriya davlati paydo bo‘lgan turli sanalarni belgilaydilar (mil. avv.
256, 250, 248 va 246-245-yy.). Bu davlatning asosi Baqtriya bo‘lib, ba’zi hokimlar davrida
(Yevtidem, Demetriy, Yevkratid) Hindistonning shimoli-g‘arbiy qismi, Amudaryo va
Sirdaryo o‘rtasidagi katta yerlar qo‘shib olinadi.
Ko‘pchilik tadqiqotchilarning fikricha, Yunon-Baqtriya mulklarining chegaralari
doimiy mustahkam bo‘lmasdan harbiy-siyosiy sharoitdan kelib chiqib o‘zgarib turgan. Mil.
avv. III asrning oxirlari O‘rta Osiyoning janubidagi harbiy-siyosiy vaziyat haqida Polibiy
ma’lumotlar beradi. Uning yozishicha, salavkiylar tomonidan Baqtrada qamal qilingan
Yevtidem (Yunon-Baqtriya hukmdori) ularning hukmdori Antiox III ga “chegarada
ko‘chmanchi qabilalar turganligi va ular chegaradan o‘tadigan bo‘lsa har ikkala tomonning
ham ahvoli og‘ir bo‘lishi mumkinligini” bildiradi. Tadqiqotchilarning fikricha, Polibiy
ma’lumot bergan ko‘chmanchilar mil. avv. III asrning oxirlarida Zarafshon daryosiga qadar
deyarli butun So‘g‘dni egallagan bo‘lib, bu hududlar Yunon-Baqtriya mulklarining
vaqtinchalik shimoliy chegarasi bo‘lib qoladi. Shuningdek, G‘arbiy Hisor tog‘ tizmalari ham
shimoliy chegaralar bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Yunon-Baqtriya davlatining gullab-yashnagan davri mil. avv. III asrning ikkinchi
yarmi va mil. avv. II asrning birinchi yarmiga to‘g‘ri keladi. Janubiy hududlardan bu davrga
oid Jondavlattepa, Dalvarzin (pastki qatlamlar), Oyxonim, Qorobog‘tepa, Kampirtepa kabi
yodgorliklardan hokimlar saroylari, ibodatxonalar, turar-joylar, mehnat va jangovar qurollar,
turli hunarmandchilik buyumlari hamda ko‘plab tanga pullarning topilishi bu hududlardagi
ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotdagi rivojlanish jarayonlaridan dalolat beradi.
Yunon-Baqriya davlati markazlashgan davlat bo‘lib, hokimiyatni podsho boshqarar
edi. Davlat bir necha viloyatlarga bo‘lingan bo‘lib bu viloyat hokimlari podshoga bo‘ysunar
edilar. Ba’zi tadqiqotchilar So‘g‘d va Farg‘ona ham Yunon-Baqtriya tarkibiga kirgan
desalar, ayrimlari bu davlatning chegaralari Amudaryodan nariga o‘tmagan deydilar.
So‘nggi yillarda olib borilgan qazishmalar natijasida topilgan juda ko‘plab arxeologik
topilmalar Amudaryoning o‘ng va so‘l qirg‘og‘i aholisining mil.avv. III-II asrlardagi o‘zaro
aloqalardan darak beribgina qolmay, bu yerlarni Yunon-Baqtriya davlati tarkibiga
kirganligidan dalolat beradi.
Tadqiqotchilarning fikrlariga qaraganda mil. avv. 250-140/130 yillar davomida
Yunon-Baqtriya davlati mustaqil davlat sifatida mavjud bo‘lib, bu davrda Diodot, Yevtidem,
Yevkratid, Geliokl kabi podsholar hokimiyatni boshqarganlar. Mil. avv. II asrning ikkinchi
yarmiga kelib ko‘chmanchilar zarbalari ostida Yunon-Baqtriya davlati inqirozga uchradi.
Yaqin va O‘rta Sharqning turli davlatlari, jumladan O‘rta Osiyo hududlarida katta
xronologik davr yunon-makedon sulolalari siyosiy hukmronligi davri sifatida izohlanib
fanda bu davr-ellinizm davri deb ataladi. Ellinizm-(Bolqon yarim orolidagi Ellada shahri
nomi bilan bog‘liq)bu aniq tarixiy mavjudlik bo‘lib, iqtisodiy hayotda, ijtimoiy va siyosiy
tuzumda, mafkura va madaniyatda ellin (yunon) va Sharq unsurlarining o‘zaro
uyg‘unlashuvi ifodasidir.
Qadimgi (antik) davrda ellin dunyosi Yunonistondan Hind daryosi vodiysiga bo‘lgan
ulkan hududni qamrab olgan edi. Tadqiqotchilar, ellinlashuv darajasiga qarab bu hududni
uchta mintaqaga bo‘ladilar: 1. Ellada; 2 Kichik Osiyo, Suriya va Misr; 3.Yefrat daryosining
sharqidagi viloyatlar. Bu hududlar tarixiy adabiyotlarda “Ellinlashgan Sharq“ tushunchasida
aks etgan bo‘lib, uning tarkibiga Mesopotamiya, Eron, O‘rta Osiyoning janubiy viloyatlari,
Afg‘oniston, Pokiston va Hindistonning Makedoniyalik Iskandar bosib olgan hududlari
kirgan.
Makedoniyalik Iskandar yurishlari natijasida keng miqyosda boshlangan ellinizm
madaniyatining kirib kelishi Baqtriya, Parfiya va So‘g‘diyona shaharlari, hunarmandchiligi
va badiiy-amaliy san’atiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Yozma manbalar Iskandar nomi bilan
bog‘liq uchta shahar: Aleksandiya Oksiana (Oks bo‘yidagi Iskandariya), Aleksandriya
54
Marg‘iyona (Marg‘iyona Iskandariyasi), Aleksandriya Esxata (Chekkadagi Iskandariya)
haqidagi ma’lumotlar beradi. Ulardan tashqari, katoykiyalar deb nomlangan yunon harbiylari
manzilgohlari ham mavjud edi.
Olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijasida O‘rta Osiyoning janubiy hududlaridan
ellinizm madaniyati bilan bog‘liq bo‘lgan turar-joylar, moddiy-ma’naviy madaniyat
buyumlari, tanga pullarning topilishi bu hududlardagi mahalliy madaniyatga ellin an’analari
(shaharsozlik, haykaltoroshlik, badiiy-amaliy san’at, alifbo va boshqalar.) kuchli ta’sir
etganidan dalolat beradi. Shu bilan birgalikda bu topilmalar mahalliy madaniyatdagi
rivojlanish qadimgi davr (antik) Sharq va G‘arb madaniyatining o‘zaro uyg‘unlashuvi
natijasida o‘ziga xos madaniyat darajasiga ko‘tarilishining ham guvohidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |