Mehmonxonaga mijoz kirib keladi, mehmonlarni kutib olish va qabul qilish bo‘limi xodimidan bo‘sh joy bor-yo‘qligini so‘raydi.
Mehmonxonaga mijoz kirib keladi, mehmonlarni kutib olish va qabul qilish bo‘limi xodimidan bo‘sh joy bor-yo‘qligini so‘raydi.
Rol o‘ynayotgan talabalarni o‘qituvchi shu yerda to‘xtatadi va tushuntiradi:
– Mijozlarni yuqori madaniy-estetik talablar asosida kutib olish, tez va tartibli joylashtirish mehmonxona ishida eng muhim bosqichdir. Mehmondagi ilk taassurot ushbu jarayonda hosil bo‘ladi...
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti xalqaro turizm fakultetining “Turizm va servis” kafedrasi o‘qituvchisi Dilnoza Umirova mehmonxona xizmatlarining tavsifi va o‘ziga xos xususiyatlariga oid darsni fakultetning yangi o‘quv amaliyot markazida olib bormoqda.
Mehmonlarni kutib olish va qabul qilish bo‘limi, restoran va kafe-bar, yotoqxona pavilyonlari shinam jihozlangan ushbu markazda talabalar mijozlarni kutib olish, ro‘yxatdan o‘tkazish, dasturxonga taom tortish, mehmonlar bilan muomala qilish, yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda.
– O‘quv amaliyot markazimizda xuddi zamonaviy mehmonxonalardagidek muhit yaratilgan, – deydi D.Umirova. – Mehmonlarni kutib olish va qabul qilish bo‘limi axborot- kommunikatsiya texnologiyalari, restoran jahon standartlariga mos jihozlar, zamonaviy dizaynga ega yotoqxona zarur mebellar bilan ta’minlangan. Maqsad – yoshlar olayotgan nazariy bilimlarini ko‘z bilan ko‘rib, qo‘l bilan ushlab mustahkamlasin. Mehmonxona ishida amaliy ko‘nikmalarga ega, o‘z ishining yetuk mutaxassisi bo‘lib yetishsin.
Darhaqiqat, har bir soha istiqboli undagi kadrlar salohiyatiga bog‘liq. Sayyohlarga yuqori sifat va tez xizmat ko‘rsatishga qodir, mamlakat geografiyasi, tarixi, osori-atiqalari, milliy qadriyatlar, urf-odat va an’analarni chuqur biladigan, chet tillarida bemalol so‘zlasha oladigan mutaxassislar turizm taraqqiyotida muhim rol o‘ynaydi.
Mamlakatimizda qadimiy obidalarimiz, yodgorliklarimiz, tabiatimiz go‘zalligini keng targ‘ib etish, ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish sohasini rivojlantirish, dunyo xalqlari bilan do‘stona aloqalarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etuvchi turizm sohasini yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 7-fevraldagi farmoni bilan tasdiqlangan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida taraqqiyotimizning kelgusi besh yilga mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari qatori turizm industriyasini yanada ravnaq toptirishning aniq mexanizmlari belgilab berildi.
O‘zbekistonga sayyohlarning kelib-ketishi, ma’lum muddat yashashi uchun zarur tashkiliy-huquqiy asoslar takomillashtirilmoqda. Mehmonxona va restoranlar faoliyati, transport va logistika tizimi jahon standartlariga moslashtirilayotir.
Sohada yetuk mutaxassislar tayyorlaydigan oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Ularning o‘quv xonalari, laboratoriyalari, axborot-resurs markazlari zamonaviy me’yorlar asosida jihozlanmoqda. O‘quv jarayoni davlat ta’lim standartlariga mos, yoshlarning qiziqish va intilishlariga uyg‘un tashkil etilmoqda.
– Fakultetimiz Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 1999-yil 30-iyundagi “O‘zbekistonda turizm sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq ochilgan, – deydi Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining xalqaro turizm fakulteti dekani Nodir Rasulov. – Bu yerda mehmonxona xo‘jaligi, xizmatlar ko‘rsatish, turizmni tashkil etish va boshqarish, logistika va infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha puxta bilim va malakaga ega yetuk mutaxassislar kamolga yetmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2016-yil 2-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mamlakatimizda nafaqat sayyohlik industriyasini jadal taraqqiy ettirish, balki sohada kadrlar salohiyatini yanada oshirish borasidagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tardi. Ushbu muhim hujjat asosida fakultetimizning o‘quv amaliyot markazi tashkil etildi. Barcha qulayliklarga ega ushbu markaz bugungi kunda ta’lim jarayonida nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlashga hissa qo‘shmoqda.
Talabalarning amaliy mashg‘ulotlarni “jonli” o‘tkazishida muhim ahamiyat kasb etuvchi obyektlardan yana biri universitetning “Ochiq osmon ostidagi muzey” tarixiy-madaniy majmuasidir. Uning eksponatlari qatoridan noyob me’moriy obidalarimiz maketlari, boy madaniyatimiz namunalari, ko‘rkam tabiatimiz manzaralari aks etgan stendlar joy olgan. Bu yerda mamlakatimizning turizm salohiyatiga doir info-turlar, turli ilmiy-amaliy anjumanlar, konferensiyalar, o‘quv-seminarlari, “master-klass”lar muntazam o‘tkaziladi.
Mehmonxona va restoran biznesi rivojida xizmat ko‘rsatuvchi kasb egalari, xususan, ofitsiantlarning alohida o‘rni bor. Mijozlar ko‘ngildagidek dam olishi uchun ofitsiant o‘z ishining ustasi bo‘lishi, sifatli xizmat ko‘rsatish va muomala madaniyatini puxta egallashi kerak. Fakultetda mehmonxonalar va sayyohlik kompaniyalari bilan hamkorlikda “Eng yaxshi stol servisi” mavzuida mahorat saboqlarining an’anaviy tashkil etilayotganidan ko‘zlangan asosiy maqsad – shu.
Fakultetda talabalar sayyohlarga malakali xizmat ko‘rsatish borasida saboq olish bilan birga turizmni alohida iqtisodiy faoliyat turi sifatida o‘rganmoqda. Bo‘lajak mutaxassislar turizm sohasi rivojiga investitsiyalarni yanada ko‘proq jalb qilish orqali ishlab chiqarishni oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, turizm xizmatlarining sifatini yuksaltirish va uning noan’anaviy usullarini yo‘lga qo‘yish, yangi sayohat yo‘nalishlarini joriy etish bo‘yicha zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lmoqda.
Oliy ta’lim dargohida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamkorligida tashkil etilgan iqtidorli talabalarning “Debat klubi” faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu klubda sayyohlik sohasiga oid eng dolzarb mavzularda o‘zaro bahs-munozaralar olib boriladi.
Xalqaro turizm fakulteti Jahon sayyohlik tashkilotiga a’zo. Bu yerda AQSh, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Fransiya, Gretsiya, Italiya, Singapur, Malayziya kabi turizm rivojlangan mamlakatlarning oliy o‘quv yurtlari bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Professor-o‘qituvchi va talabalar xorijiy mamlakatlarda o‘tadigan xalqaro ko‘rgazmalar, ilmiy konferensiya va seminarlarda muntazam ishtirok etmoqda.
– O‘tgan o‘quv yilida CANEM loyihasi doirasida Ispaniyaning Las-Palmas de Gran Kanariya universitetida tajriba almashib qaytdik, – deydi fakultet katta o‘qituvchisi Shuhrat Sayfuddinov. – O‘n oy mobaynida turizmni tashkil etishning yevropacha standartlarini, mehmonxona infratuzilmasi va servisining zamonaviy ko‘rinishlarini o‘rgandik. Egallagan bilim va tajribamiz bugun mamlakatimizda turizm menejmenti va marketingini yanada rivojlantirish salohiyatiga ega yosh kadrlarni tarbiyalashimizda asqotmoqda.
Har o‘quv yilida ushbu fakultetni ikki yuzdan ortiq talaba tamomlaydi. Sohadagi talab va takliflar asosida ularni ishga joylashtirish yo‘lga qo‘yilgan. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, “O’zintur”, “Mard Ulug'bek”, “Yasmina-tour”, “Real dreams”, “Buyuk ipak yo'li” kabi sayyohlik firmalari, “Wyndham”, “Lotte City Hotel Tashkent Palace”, “Miran International”, “Le Grande Plaza”, “Malika Tashkent” kabi mehmonxonalar bilan hamkorlik shartnomalari tuzilgan.
Bitiruvchilar mutaxassislik mashg‘ulotlarini Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining o‘quv-maslahat markazida, mehmonxonalarda, sayyohlik firma va kompaniyalarida o‘tamoqda.
– “Miran International” mehmonxonasida turizm servisi bo‘yicha amaliyot o‘tamoqdaman, – deydi talaba Nazokat Akromova. – Tanlagan sohamizning yetuk mutaxassisi bo‘lib yetishishimiz uchun barcha sharoit yaratilganidan xursandmiz. Bu e’tibor va g‘amxo‘rlik zimmamizga katta mas’uliyat yuklab, zamonaviy bilimlarni puxta egallashga, yurtimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi yo‘lida bor kuch va salohiyatimizni safarbar etishga undaydi.
Mamlakatimizda sayyohlik sohasida bir ming ikki yuz ellikdan ortiq firma va kompaniya, mehmonxona faoliyat yuritmoqda. Ularda malakali kadrlar – turoperator, gid va turli yo‘nalishdagi boshqaruvchilarga talab katta. Universitetda sayyohlik sohasida muntazam o‘tkazilayotgan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalari bitiruvchilarga ushbu firma va kompaniyalar faoliyati bilan yaqindan tanishish, ish taklif etuvchilarga esa yuqori malakali kadrlarni tanlash imkonini bermoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |