Abzaslarni tashkil qilish. Abzaslar akademik yozuvning asosiy qurilish bloklari hisoblanadi. Yaxshi tarkibiy tuzilgan abzaslar kitobxonga dalillarni qulay bo‘limlarga bo‘lib, mavzuni tushunishni osonlashtiradi. Bu qism asosiy e’tiborni quyidagilarga qaratadi:
Abzas bir mavzuga bog‘liq bo‘lgan holda, bir necha gaplardan tashkil topgan. Abzaslarga bo‘lish muallif va kitobxonning argumentlar bilan mukammal mashg‘ul bo‘lishi uchun yordam beradi; Abzasning hajmi matn turiga qarab turlanadi, ammo, odatda, u to‘rt yoki besh gapdan iborat bo‘ladi.
Odatda (har doim emas), birinchi jumla mavzuga kirish bo‘lib xizmat qiladi. Keyingilari esa ta’riflar beradi, misollar, qo‘shimcha ma’lumotlar, sabablar va xulosalar;
d) Abzas qismlari o‘zaro qalin shriftli ibora va bog‘lovchilar bilan farqlanadi.
Abzas tarkibi
Abzas tarkibining bir-biri bilan bo‘gliqligi
Matndagi punktlar o‘rtasidagi aloqadorlik.
Abzas quyidagicha tahlil qilinishi mumkin: Mavzu sarlavhasi - Dunyoning rivojlangan mamlakatlarida ko‘chmas mulkchilik darajasi juda xilma-xil;
Abzas quyidagicha tahlil qilinishi mumkin: Mavzu sarlavhasi - Dunyoning rivojlangan mamlakatlarida ko‘chmas mulkchilik darajasi juda xilma-xil; Xulosani o‘z izohlari asosida yozish. Bunda tuzilishni o‘zgartirish ham mumkin. Asosiy fikrlar uchun izohlar yozib olish (perefrazalagan holda).
Asl manbani e’tibor bilan o‘qish va yangi, tushunish qiyin tuyulgan so‘zlarni tahlil qilish.
Asosiy fikrlarni marker yordamida belgilab borish.
Barcha kerakli fikrlar bildirilgan va ixchamlik ta’minlanganligini tekshirish maqsadida xulosani qayta tahlil qilish.
Perefrazalash (asosiy ma’noni saqlagan holda, fikrni boshqa so‘zlar yordamida ifodalash)
”Kurashchi qizlar” matni
Milliy kurashimiz Osiyo o‘yinlari dasturiga kiritilib, ommabop sport turlari qatoridan joy olayotgan bir vaqtda nafaqat yigitlar, balki qizlarimiz ham jahon arenalarida kurash tushib, mamlakatimiz bayrog‘ini baland ko‘tarayotgani quvonarli hol.
Kurash bo‘yicha 2017-yil dekabr oyida Istanbulda o‘tkazilgan jahon chempionati g‘olibi, bir necha bor O‘zbekiston chempioni hamda 2018-yil avgust oyida Jakartada bo‘lib o‘tgan XVIII yozgi Osiyo o‘yinlarining oltin medali sohibasi Gulnora Sulaymonova kuragi yerga tegmagan polvon qizlardan.
1990-yili Denov tumanida tug‘ilgan Gulnorani bugun Surxon ahli juda yaxshi taniydi. “Viloyatimizdan chiqqan polvon qiz”, deya u bilan faxrlanishadi. Yutuqlariga havas qilishadi.
Gulnoraning professional kurashchi bo‘lib yetishishi oson kechmadi. Avvaliga ko‘plab qarshilik va to‘siqlarga duch keldi. Shunda ham taslim bo‘lmay, maqsadi sari faqat olg‘a intildi.
Qahramonimiz kurashga qadam qo‘ygan vaqtlarini ham kulgi, ham o‘kinch bilan eslaydi. U Mirzo Ulug‘bek nomidagi 4-maktabning 5-sinfida o‘qib yurgan kezlari maktabda sport zali qurilib, kurash bo‘yicha to‘garak tashkil etildi. Yangi sport zaliga tez-tez kirish niyatidami yoki sportga bo‘lgan qiziqish tufaylimi — unga mahalladagi barcha o‘g‘il-qizlar a’zo bo‘ldi. Gulnora ham tengdoshlariga qiziqib, to‘garakka bordi. O‘shanda juda kichkina, nimjongina qizaloqning kurash tushishiga ko‘zi yetmagan murabbiy unga hech qanday usulni o‘rgatmay turib, boshqa bir qiz bilan maydonga tushirdi va “Agar raqibingni yiqitsang, seni to‘garakka qabul qilaman”, dedi. Gulnoraning sportga qiziqishi kuchlilik qilib, jon-jahdi bilan kurash tushdi va raqibining kuragini yerga tekkizdi. Shu ondan boshlab u o‘z oldiga “Men kurashchi bo‘laman!”, degan qat’iy maqsad qo‘ydi.
— Kurash bilan shug‘ullanishimga avvaliga ota-onam qarshilik ko‘rsatdi, — deydi Gulnora. — Hamma “Qiz bolaga kurash nima kerak?”, derdi. Ayniqsa, bir voqea sira yodimdan chiqmaydi. To‘garakka qatnab yurgan kezlarim qishlog‘imizdagi bir guruh bolalar otamga “Biz qizingizni bir urinishdayoq yiqitamiz. Ming qilsa ham biz o‘g‘il bolamiz, qizingiz bizga bas kelolmaydi. Kurash — yigitlar sporti, qiz bolaga kim qo‘yibdi kurash tushushni” debdi. Bundan qattiq jahlim chiqdi. O‘sha bolalarning hammasi bilan kurash tushib, barining kuragini yerga tekkizdim. Otam buni eshitib, juda xursand bo‘ldi. U kishining “O‘g‘ildan ziyod qizim bor mening”, degan gapi hamon qulog‘im ostida jaranglaydi.
Gulnora kurash bilan jiddiy shug‘ullandi. Murabbiyining barcha aytganlarini bajarib, qiyinchiliklarni yengib o‘tdi. Kichik musobaqalarda chiniqib, toblanib bordi. Endi unga maktabning sport zali torlik qila boshladi. Qizaloq tezroq katta musobaqalarda qatnashishga oshiqardi.
Maktabni tamomlagach, onasi uni Termiz shahriga olib kelib, murabbiy Safar Qosimov qo‘liga topshirdi. Bu yerda Gulnora kurash bilan jiddiy shug‘ullanib, turli musobaqalarda qatnashdi. 16 yoshida kattalar o‘rtasida 52 kg vazn toifasida O‘zbekiston chempioni bo‘lib, Turkiyada o‘tadigan jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Ammo taqdir Gulnoraning sabr-matonatini yana bir bor sinovdan o‘tkazdi. Turkiya ob-havosi unga yomon ta’sir ko‘rsatib, musobaqada ishtirok etolmay, ortga qaytdi. Keyin kurashni tashlab, turmushga chiqdi...
Inson nimanidir chin dildan xohlasa, unga albatta yetishadi. Gulnora oilali, ikki nafar farzandning onasi bo‘lsa-da, kurashchi bo‘lish istagi unga sira tinchlik bermadi. Oila a’zolariga sportdan aslo voz kecholmasligini aytib, unga bir bor imkon berishlarini so‘radi. Qat’iyati, kuchli ishonchi bilan yaqinlarining roziligini oldi va olti yillik tanaffusdan so‘ng — 2014-yili yana maydonga qaytdi. Endi u avvalgidek tajribasiz qiz emas, balki hayot sinovlarida irodasi toblangan sportchi edi.
Gulnora sportdagi chinakam hayotini yashay boshladi. Tinimsiz mashg‘ulotlarga qatnab, tez orada professionallar qatoridan o‘rin oldi. 2016-yildan jiddiy musobaqalarda ishtirok eta boshladi. Avval Qashqadaryoda, keyin Buxoroda kurash bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida birinchi o‘rinni egallab, jahon va Osiyo chempionatlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Ushbu musobaqalarda ham Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tardi.
— Bugun o‘zbek kurashi boshqa davlatlarda ham rivojlanayotganini ko‘rib, xursand bo‘laman, — dedi Gulnora. — Xususan, Eron, Hindiston, Tojikiston, Janubiy Koreya sportchilari kurashni juda tez o‘zlashtiryapti. Bunga bir misol — Jakartada o‘tgan Osiyo o‘yinlaridan oldin terma jamoamiz bilan tajriba almashish uchun hindistonlik sportchilar keldi. Ular bilan Namangan viloyatida mashg‘ulotlar olib bordik. Shunda hindning milliy kurashimizni juda tez va oson o‘zlashtirganidan hayratga tushdik. Bugun ularga bir usulni ko‘rsatsak, ertasi kuni o‘sha usulni o‘zimizga qo‘llardi. Bu Osiyo o‘yinlarida ham yaqqol ko‘zga tashlandi. Musobaqa yarim finalida ham, finalida ham hindistonlik sportchilar bilan kurash tushdim. Terma jamoamizdan 52 kg vazn toifasida ikki kishi — men va andijonlik Oysuluv Abdumajidova ishtirok etgandik. U hindistonlik polvonga mag‘lub bo‘ldi. Finalda Oysluv raqibining kuragini yerga tekkizdim. Shunda Oysuluv yonimga kelib, “O‘zbekning ori yerda qolmaydi. Men yutqazgan bo‘lsam-da, siz raqibimni yengib, asosiy sovrinni qo‘lga kiritdingiz”, deb meni tabrikladi. Bu nafaqat mening, balki jamoamizning yutug‘i edi.
— Kurashda g‘alaba qozonish uchun sportchidan tinimsiz mehnat va halollik talab etiladi, — deydi kurash bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi bosh murabbiyi Dilfuza Rahmatova. — Gulnorada ayni shu jihatlar juda yaxshi shakllangan. U doim o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashadi. O‘ziga nisbatan juda talabchan. Maqsadiga erishmagunicha harakatdan to‘xtamaydi.
Gulnora Sulaymonovaning erishayotgan yutuqlari bilan butun viloyat ahli faxrlanadi. Oila a’zolari, turmush o‘rtog‘i uni doim qo‘llab-quvvatlaydi. Farzandlari onasining musobaqalardagi ishtirokini televizor orqali o‘zgacha hayajon bilan kuzatib o‘tiradi. Qahramonimizning endi 1-sinfga chiqqan katta o‘g‘li hozirdanoq kurashchi bo‘lishni niyat qilgan. Gulnora Sulaymonovaning o‘zi esa orzulari birin-ketin ro‘yobga chiqayotganidan mamnun.
— Har gal g‘alaba qozonganimda, so‘z bilan tasvirlab bo‘lmaydigan hislarni tuyaman, — deydi qahramonimiz. — O‘sha onda shu darajaga yetguncha qilgan barcha mehnatlarim, chekkan mashaqqatlarim, boshdan kechirgan qiyinchiliklarim birma-bir ko‘z oldimdan o‘tadi. Ayniqsa, Indoneziyaning Jakarta shahrida o‘tkazilgan XVIII yozgi Osiyo o‘yinlarida chempion bo‘lganimda, qattiq ta’sirlanganimdan yig‘lab yubordim. G‘alabam bilan yaqinlarimning ishonchini oqlaganim, ota-onamning yuzini yorug‘ qilganimdan quvondim. Musobaqaga ketishdan oldin “Men albatta g‘alaba qozonaman”, deb niyat qilgandim. G‘alabam bilan ayollar ham istalgan sport turida katta yutuqlarga erisha olishini isbotladim.
Do'stlaringiz bilan baham: |