11- amaliy mashg`ulot
Mavzu: 11-mavzu. Rasmiy - idoraviy uslub va uning uslubiy xususiyatlari.
Hujjatchilik va adabiy til me’yorlari. Hujjat va uning turlari. Hujjatlarning zaruriy qismlari. Jismoniy tarbiya va sport sohasiga oid hujjatlar va ularning rasmiylashtirilishi.
Reja:
1. Hujjatchilik va adabiy til me’yorlari.
2. Hujjat va uning turlari. Hujjatlarning zaruriy qismlari.
3. Sohaga oid hujjatlar va ularning rasmiylashtirilishi.
Rasmiy-idoraviy uslub. Barcha qonunlar, prezident farmonlari va hukumat qarorlari, turli hujjatlar, ish qog‘ozlari, idoralararo yozishmalar va shu kabilar rasmiy-idoraviy uslubda yoziladi. Rasmiy ish qog‘ozlari uslubi shaxslar bilan shaxslar orasidagi, shaxslar bilan idora o‘rtasidagi ijtimoiy munosabatlarni ifodalash uchun xizmat qiladi: ariza, tilxat, xat, telegramma, ishonch qog‘ozi, ma‘lumotnoma, tavsiyanoma, qaror, tarjimayi hol, buyruq, farmoyish, guvohnoma, e’lon, hisobot, shartnoma, aloqa xatlari ana shunday nutq uslubining ko‘rinishlaridir. Adabiy tilning yozma rasmiy shakliga xos bo‘lib, muayyan nutqiy qolip, qat’iy odat tusiga kirib qolgan shakllarga ega bo‘lgan nutq uslubi rasmiy uslub sanaladi. Bu uslub davlat arboblari o‘rtasidagi diplomatik rasmiy-idoraviy uslubda gaplar ixcham va aniq bo‘ladi. Bu uslubda qaror qilindi, inobatga olinsin, ijro uchun qabul qilinsin, tasdiqlanadi kabi qoliplashgan so‘zlar va so‘z birikmalari keng qo‘llaniladi. Qisqalik, aniqlik, soddalik rasmiy ish qog‘ozlarining bosh belgilaridir. Bu uslubda ibora va jumlalar bir qolipda bo‘ladi. Davlat hujjatlarida, rasmiy uslubda so‘zlar ko‘chma ma’noda ishlatilmaydi. Munosabatlarda, idora, korxona, muassasalarning rasmiy ish yuritish jarayonlarida, shaxslarning ariza, tilxat, ishonch qog‘ozi kabi ish yuritish qog‘ozlarida qo‘llaniladi.
Rasmiy uslub yozma shaklda ro‘yobga chiqadi. U har qanday tasviriy vositalardan, obrazlilikdan holi bo‘ladi. Bunday uslubda tilning ikki vazifasi - axborot uzatish va da’vat etish, buyurish vazifasi amalga oshadi. M., ma’lumotnomada axborot berilsa, buyruqda da’vat etish, axborot o‘z aksini topgan bo‘ladi.
Rasmiy uslubga mansub har qaysi turning o‘ziga xos leksik, grammatik xususiyatlari mavjud. M., qaror, farmonlarning o‘ziga xos tomoni shundaki, bunday matnlardagi gaplarning kesimi III shaxs majhul nisbatdagi fe’llar orqali ifodalanadi (ogohlantirilsin, topshirilsin kabi). Ma’lumotnomada esa birinchi gapning kesimi gap boshida keladi. Rasmiy ish qog‘ozlarining sintaktik tuzilishi qat’iy qoliplarga bo‘ysunadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |