2-vazifa.O‘zbek tili etimologik va ensiklopedik lug‘atlarining tuzilish prinsiplari
Avvalgi mavzulardan birida etimologik va ensiklopedik lug‘atlar tuzish borasida o‘zbek leksikografiyasi qo‘lga kiritgan yutuqlarni tilga olgan edik. Ensiklopedik lug‘atlar tuzish bo‘yicha qilingan ishlar o‘zbek tilining etimologik lug‘atini yaratishga nisbatan ancha ilgarilab ketganligi ayni haqiqat. Bu borada shubhaga o‘rin yo‘q. Bunday holatning o‘ziga xos obyektiv va subyektiv sabablari mavjud. Madomiki, o‘zbek tili etimologik lug‘atlarining tuzilish prinsiplari xususida fikr yuritilar ekan, biz albatta hozircha o‘zbek tilida yaratilgan yagona etimologik lug‘at, ya’ni Sh.Rahmatullayev tomonidan tuzilgan “O‘zbek tilining etimologik lug‘ati”ga murojaat qilamiz.
Lug‘at maqolalari talqin qilinayotgan so‘z ilan yoki havola so‘z bilan boshlanadi va ular qat’iy alifbo tartibida joylanib, bosh harflar bilan terilgan.
Talqin qilinayotgan so‘z va havola so‘z amaldagi o‘zbek kirill alifbosida yozilgan, ye, yo, yu,ya harflari o‘rniga ikki tovushni ifodalashiga ko‘ra ikki harf yozilgan; aksincha, bir tovushni ifodalashiga ko‘ra ng harf tizmasi o‘rniga n harfi berilgan: oyoq, uyal-; an, jan, son kabi.
Lug‘at maqolasida talqin qilinayotgan so‘zlarni va ularning qismlarini yozishda kirill alifbosidan turkiy lug‘atshunoslik an’analariga ko‘ra quyidagicha foydalanilgan:
A harfi bilan qadimgi turkiy tildagi biroz keng unli tovush ifodalangan: bayraq va h.k;
Y harfi bilan oldingi qator unli tovush ifodalangan: bayram va h.k;
O harfi bilan ortqi qator o‘rta keng unli tovush ifodalangan: boyin va h.k.
Bosh so‘z fe’l bo‘lgan taqdirda, turkiy tillar lug‘atlarida mavjud an’anaga binoan ketiga chiziq (-) qo‘yilgan: bela-, bura- va h.k. Agar talqin qilinayotgan so‘z ko‘p ma’noli bo‘lsa, asosan bosh ma’nosi, zarur o‘rinlarda ikki ma’nosi berilgan. Ma’no tariflari O‘zbek tilining izohli lug‘atiga suyangan holda keltirilgan. Ma’no ta’rifidan keyin ayni shu ma’noni tasdiqlovchi jumla keltiriladi. Bu jumla kursiv bilan yozilib, uning tarkibidagi so‘z-misol yoyib terilgan. Shunday keyin etimologik talqin boshlanadi. Talqin qilinayotgan so‘z hozirgi o‘zbek tilida ham, qadimgi turkiy tilda ham tub bo‘lsa, bunday so‘z birinchi navbatda tovush tarkibi jihatidan yuz bergan o‘zgarishlar ko‘rsatilgan. Bknday tovush o‘zgarishlari tarkibili so‘zlarda ham ta’kidlangan.
Etimologik talqini berilayotgan so‘z ma’no jihatidan o‘zgargan bo‘lsa, bunday ma’no taraqqiyoti qanday ma’no asosida ro‘y bergani izohlangan. Yasama so‘zlar talqin qilingan maqolalarda yasash qanday ma’nodan amalga oshirilgani ko‘rsatilgan.
Etimologik talqin berilayotgan so‘zlar doirasidagi omonimlar rim raqalari qo‘yib farqlangan: o‘t -1, o‘t-P, o‘ta-1, o‘ta-P singari.
Qo‘shimcha yordamida yasalgan so‘zdan keyin “yasalgan”, grammatik shakl yuzaga kelsa “hosil qilingan” so‘zlari ishlatilgan. Asos bila qo‘shimcha orasiga barobar(=) alomati qo‘yilgan. So‘z qismlari orasidagi munosabatni ko‘rsatishda qavslardan istifoda etilgan. Tovush jihatidan o‘zgargan so‘zlarning oldingi va keyingi shakllari o‘tish belgisi (>) yordamida berilgan. Izohlanayotgan so‘z, asos va qo‘shimchalar qora kichik harflarda keltirilgan. Etimologik lug‘at xususidagi fikrlarni undan keltirilgan quyidagi namuna bilan yakunlaymiz : ARIQ “kichik oqin suv yo‘li”. Bahorda bu ariqlarga suv sig‘may ketadi. Bu ot asl qadimgi turkiy tildagi “oq-“ ma’nosini anglatgan a:r- fe’lidan –(i)q qo‘shimchasi bilan yasalgan (ESTY,1,188); keyinroq a: unlisining cho‘ziqlik belgisi yo‘qolgan (Devon,1,96); o‘zbek tilida a unlisi a unlisiga almashgan, i unlisining qattiqlik belgisi yo‘qolgan: a:r+iq=a:riq>ariq (1,32).
Ensiklopedik lug‘atlarning tuzilishi xususida so‘z borgan kezda birinchi galda “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi”, “Bolalar ensiklopediyasi”. “Toshkent ensiklopediyasi” kabi qomusiy asarlarni nazarda tutamiz. O‘zbek lug‘atshunoslari erishgan so‘nggi yutuqlardan biri, shubhasiz, 2014 yilda Sharq nashriyotida chop etilgan “Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi” asaridir. Sal kam 64 bosma taboqdan iborat bu asar Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi tomonidan tayyorlangan bo‘lib, Bobur merosini ilmiy nuqtai nazardan tahlil qilish, tizimga solish, izohlar bilan ta’minlash va targ‘ib etish maqsadida nashr qilindi. Bobur ensiklopediyasi (BE) maqolalarini tayyorlashda umuman ilmiy ensiklopediyalar uchun qabul qilingan yondashuv va bayon uslubiga rioya etilgan. So‘zlarni berishda ularni asliga yaqinlashtirishga e’tibor qaratilgan. Arabcha izofalarni berishda o‘zbekcha talaffuzga mos variant sifatida Xazoyinul-ma’oniy kabi shakl qabul qilingan. Lug‘atda shaxslar haqidagi maqolalarni nomlashda quyidagi qoidalarga asoslanilgan: 1) shaxsni identifikatsiyalash – nom “BE”ning qayerida tilga olingan bo‘lmasin, tegishli shaxs kim ekanligini bir qiymatli tarzda aniqlash mumkin bo‘lishi: Jahongir – Amir Temurning o‘g‘li, Jahongir mirzo Boburning ukasi, Jahongirshoh – Boburning 4-avlodi va h.k.; 2) birinchi prinsipga amal qilingan holda shaxsning ismi imkon qadar ixcham bo‘lishi (Amir Temur, Alisher Navoiy, Ibrohim Soru va h.k.; 3) mir, mirzo, sayyid, xoja kabi so‘zlar ismlarning sifati yoki xitob(titul) bo‘lganda ajratilib, ismning tarkibiy qismi bo‘lsa, qo‘shib yozish; 4) nom identifikatsiyasini yanada aniqlashtirish maqsadida unga nisba, laqab kabi qo‘shimchalar maqola nomidan so‘ng, to‘liqroq ismi sharif va boshqa ma’lumotlar qavs ichida keltirilgan. Amaldagi qoidalardan farqli ravishda ( lekin ingliz tilida qabul qilinganidek) xito, laqab kabi qo‘shimchalar ismning tarkibiy qismi sifatida bosh harflar bilan berilgan. Bu qoida sulolalar nomiga nisbatan ham qo‘llangan. M.: SAYYIDQOSIM ESHIKOG‘A (412), DO‘ST MUHRDOR (231) va h.k. Bibliografik material o‘zbek o‘quvchisiga mo‘ljallangan bo‘lib, mavzuga tegishli adabiyotni qamrab olishni maqsad qilmagan. U asosan, maqolaga qo‘shimcha vazifani o‘tash uchun yo‘naltirilgan. Biografik maqolalarga ilova qilingan asarlar ro‘yxati asosan, Boburga bag‘ishlangan yoki boburshunoslikka aloqador. Nazariy ahamiyatga molik, maxsus tadqiqot talab qilgan maqolalarda ayrim bibliografik ma’lumotlar matn ichida ko‘rsatilgan. So‘z va iboralarning asl variantlari va boshqa ba’zi ma’lumotlar “So‘zlik” deb nomlangan Ilova tarzida berilgan. BE imkon darajasida illyustratsiya va xaritalar bilan ta’minlangan. BE Zahiriddin Muhammad Bobur ismining kirill va lotin alifbosidagi nashrlarda yozilishi, Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va faoliyati mavzusida yoqlangan dissertatsiyalar, “Boburnoma” xranologiyasi, Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarida arabcha ibora va jumlarlar, Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarining O‘zbekistonda nashr etilishi va “Bobur ensiklopediyasi so‘zligi” kabi ilovalar, Ismlar ko‘rsatkichi, “BE”ga maqola, xarita, bibliografik ma’lumot va illyustratsiya tayyorlaganlar hamda rus va ingliz tilidagi Rezyume bilan yakunlangan.
Istiqlol yillarida Amir Temur tarixi bayon etilgan ko‘pgina manbalar dunyo yuzini ko‘rdi. Chunonchi, Nizomuddin Shomiy, G‘iyosuddin Ali, Sharafuddin Ali Yazdiy, Ibn Arabshoh, Hofizi Abro‘, Muinuddin Natanziy, Fasih Xavofiy, Abrurazzoq Samarqandiy, Ulug‘bek mirzo, Xondamir, Muhammad Ali ibn Darvesh Ali Buxoriy, Zahiruddin Muhammad Bobur, Muhammad Haydar mirzo kabi muarrixlarning bebaho asarlari xalqimizga taqdim etildi.
Nomlari qayd etilgan muarrixlarning asarlarida Amir Temur hayoti va faoliyatiga qaysidir darajada aloqador bo‘lgan ko‘pdan-ko‘p insonlar, xususan, mashhur shaxslar bilan bir qatorda oddiy xalq vakillari, tasodifiy uchragan kishilar ismlari, nasabi, mansabu lavozimi, kasbi kori, jamiyatda tutgan o‘rni, fe’l – atvori, hulqi va h.k. xususida qimmatli ma’lumotlar keltirilgan. Ushbu ma’lumotlarga suyangan holda Temurbek davrdoshlari portretini chizish, ularning insoniy fazilatlari, ichki va tashqi dunyosi haqida tasavvurga ega bo‘lish mumkin bo‘ladi. Shularni hisobga olib biz tomondan “Amir Temur zamondoshlarining mo‘jaz ensiklopediyasi”ni yaratildi.
Ilmiy ensiklopediyalar talablariga rioya qilingan holda tuzilgan mazkur lug‘atdan o‘rin olgan maqolalar hajman, tabiiy, bir biridan farq qiladi.Zotan, muayyan shaxs to‘g‘risidagi maqolaning katta yoki kichikligi shu shaxsga doir ma’lumotning tarixiy manbalarda nisbatan keng yoxud o‘ta qisqa berilgani bilan izohlanadi.
Lug‘at alifbo tartibida tuzilgan bo‘lib, ichki alifbo tartibiga ham rioya qilindi. Shu o‘rinda o‘quvchi diqqatini bir jihatga qaratishni maqsadga muvofiq deb bildik. Lug‘at materiallarini tegishli manbalardan to‘plash, tartibga solish jarayonida biron bir shaxsning ismi, sharifi, qaysi qavmga mansubligini ifodalovchi ma’lumotlarning rang- barangligi, ba’zan ular o‘rtasida tafovutlarning borligi ko‘zga tashlandi. Shunday o‘rinlarda antroponimning varianti qavs ichida keltirildi: Ali(Alibek), Boysung‘ur(Boysunqur), Mironshoh(Amiranshoh) va h.k.
Lug‘atdan o‘rin olgan shaxslarning sulolasi: Shohrux mirzo, Iskandar o‘g‘lon, Saroy Mulk xonim, Sulton Baxt begim, mansabi, lavozimi, rutbasi: Abbos bahodur, Kalon tavachi, Lolam qurchi, kasbi: Mavlono Badruddin munajjim, To‘kal bavurchi, qavmi, urug‘i: Yodgor arlot, Bahrom jaloyir, Bayon qavchin, Qizil Mir Ali o‘yrat, Zindachashm apardi, Idiku mang‘it, Elchibo‘g‘a o‘zbek, laqabi: Apachi kalta va h.k. kichik harflar bilan yozildi.
Lug‘atdagi Xudaydodi Husayniy, Shamsuddin Abbos,Sayyidxojai Shayx Ali bahodur singari birikmalarni Husaynning o‘g‘li Xudaydod, Abbosning o‘g‘li Shamsuddin, Shayx Ali bahodurning o‘g‘li Sayyidxoja tarzida tushunmoq lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |