O‘zbek tiliga o‘zlashgan fe’ldan yasalgan ot - terminlar
Ma’lumki, rus tilida fe’ldan yasalgan ismlar – ni(ye), -k(a), -atsi(ya),-izatsi(ya), -fikatsiya singari suffikslar ko‘magida hosil qilinadi. Mazkur suffiksli terminlar o‘zbek tili terminologiyasi tizimiga o‘zlari ifodalovchi realiyalar va tushunchalar bilan birgalikda tayyor til birliklari sifatida kirib keladi. Masalan, amortizatsiya, anneksiya, assimilyatsiya, artikulyatsiya, alliteratsiya, aeronavigatsiya,kooperativ,kniminalistika, kriminologiya va h.k.
Shu bilan bir qatorda, fe’ldan yasalgan ot – terminlar o‘zlashtirish jarayonida o‘zbek tili ta’siriga uchraydi va fe’ldan ot yasovchi suffikslar hech bir qiyinchiliksiz o‘zbekcha –lash, lashtirish kabi faol affikslar bilan almashtiriladi. Ba’zi bir ashyoviy materiallarga murojaat qilamiz:
a) - ni (ye): akkredit-lash (akkreditovaniye), kod-lash (kodirovaniye), asfalt-lash (asfaltirovaniye), avtomat-lashtirish (avtomatizatsiya) va h.k. Tormojeniye, kooperirovaniye, izolirovaniye singari o‘zlashma terminlarning asosi o‘zbek tilida mustaqil ma’no ifodalamaydi. Bunday vaziyatlarda o‘zbek tilida o‘zlashmaning asosi qayta tiklanadi va unga o‘zbekcha affiks qo‘shiladi. Masalan, tormiz-lash ot (tormojeniye), abstrakt-lash ot (abstragirovaniye) va h.k.;
b) – atsi(ya), -izatsiya, -fikatsiya, -k(a): sian-lash (sianizatsiya), ion-lash (ionizatsiya), menanika-lash (mexanizatsiya), gaz-lashtirish (gazifikatsiya), germet-lash (germetizatsiya), kondens-lash (kondensatsiya), tabul-lash (tabulyatsiya), vals-lash (valsovka), frez-lash (frezerovka), legal-lashtirish(legalizatsiya), pasport-lashtirish (pasportizatsiya) va h.k.
O‘zbek tiliga o‘zlashgan ruscha-baynalmilal terminlar
Ruscha so‘z + ruscha so‘z yoki baynalmilal so‘z + ruscha so‘z strukturali qo‘shma terminlar o‘zlashish jarayonida o‘zbek tili qonuniyatlariga bo‘ysunadi.
Ruscha-baynalmilal qo‘shma terminlarning o‘zbek tilida o‘zlashishi tubandagi usullar bilan amalga oshadi:
1. Ruscha-baynalmilal terminlarning rus tiliga xos ikkinchi komponenti o‘zbek tilidagi mos so‘z bilan emas, balki so‘z yasovchi affiks bilan almashtiriladi. Oqibatda, ruscha-baynalmilal qo‘shma termin o‘zbek tilida yasama terminga aylanadi:
- soz: mashina-soz (mashinostroitel), vagon-soz (vagonostroitel), samolyot-soz (samolyotostroitel), raketa-soz (raketostroitel), shahar-soz (gradostroitel) va h.k.;
-sozlik: mashina-sozlik (mashinostroyeniye), vagon-sozlik (vagonostroyeniye), pribor-sozlik (priborostroyeniye), raketa-sozlik (raketostroyeniye) va h. k.;
-shunos: material-shunos (materialoved), mashina-shunos (mashinoved) va h.k.;
-shunoslik: material-shunoslik (materialovedeniye), mashina-shunoslik (mashinovedeniye) va h. k.
2. Ruscha-baynalmilal qo‘shma terminlarning ikkinchi komponenti o‘zbekcha ayni mutanosibi bilan almashtiriladi yoxud kalka usuli bilan tarjima qilinadi: bomba - qidirgich (bomboiskatel), bomba -pana (bomboubejishe), giper – tovush (giperzvuk), kino – qurilma (kinoustanovka), elektr - hisoblagich (elektroschetchik), elektr–sim (elektroprovod), radio-niqoblash (radiomaskirovka) va h.k.
Ushbu metod ruscha-baynalmilal xarakterdagi qisqartma qo‘shma terminlarni o‘zlashtirish jarayonida ham qo‘l keladi: aero-chana (aerosani), tele-markaz (teletsentr), termo–qarshilik (termosoprotivleniye), gelio-qurilma (gelioustanovka), tele-sharhlovchi (telekommentator, avia– soz (aviastroyeniye), avto–yo‘l (avtodoroga) va h.k.
3. Ruscha – baynalmilal terminning har ikki komponenti o‘zbekcha mutanosibi bilan almashtiriladi (yoki kalka qilinadi): havoisitgich (vozduxonagrevatel) haqosovutgich (vozduxooxladitel), havotozalagich (vozduxoochistitel) va h.k.
Do'stlaringiz bilan baham: |