2-vazifa. Soha izohli lug‘atlari tadqiqi
O‘zbek leksikografiyasi fan-texnika sohalari bo‘yicha izohli lug‘atlar yaratish borasida muayyan yutuqlarni qo‘lga kiritgani ko‘pchilikka ma’lum. O‘zbek tili izohli lug‘atlari tuzish an’analari Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” asariga borib taqaladi Izohli lug‘atlar tuzishning bosh prinsiplaridan biri, ma’lumki, bosh so‘zning m a’no-mazmuni, mohiyatini ochib berishda faktik misol alohida ahamiyat kasb etadi. Mahmud Koshg‘ariy lug‘atida muayyan so‘zning izoni keltirishda eskui turkiy tilda qo‘llangan gaplar, iboralar, maqol, matal, jonli so‘zlashuv tili materiallari, xalq og‘zagi ijodi namunalari tasdiqlovchi manba fazifasini o‘tagan. Ayni shunday usul va holatni “Badoye ul-lug‘at”, “Abushqa”, “Sanglox”, “Kelurnoma”, “Lug‘ati chig‘atoyi va turki usmoni” kabi lug‘atlarida izohlagan so‘zlar misolida ham kuzatish mumkin.Hozirgi o‘zbek terminologiyasi soha terminlari izohli lug‘atlarini tuzishga jiddiy e’tibor qaratmoqda. Ushbu yo‘nalishda nafaqat tabiiy fanlar, balki falsafa, tarix, adabiyotshunoslik, lingvistika singari ijtimoiy-gumanitar fan sohalari doirasida ham talaygina izohli lug‘atlar nashr qilingan va ular mutaxassislar, qolaversa, keng kitobxonlar hukmga xavola qilingan.
Mumtoz adabiyot namoyandalari asarlariga izohli lug‘atlar tuzish o‘tgan asrning ikkinchi yarmidan kun tartibiga dolzarb masala tarzida qo‘yilgan edi. Zero, bundan bir necha asrlar muqaddam yaratilgan bebaho manbalarda qo‘llangan bir qancha istorizmlar va arxizmlarning ma’nosini bugungi kunda to‘la tushunish amri mahol hisoblanadi. Shu sababli moziyda bitilgan obidalar mohiyati, ularda ilgari surilgan g‘oyalarni anglab yetishda, albatta, g‘ozirgi kitoxon lug‘atlarga murojaat qilishi tabiiy hol. Mana shunday kezlarda izohli lug‘atlar o‘quvchiga yaqindan ko‘makka keladi. Yuqorida nomlari zikr qilingan lug‘atlar asosan Alisher Navoiy va eski adabiy tilida ijod qilgan ko‘pdan-ko‘p shoirlar asarlarida ishlatilgan so‘zlarning ma’nosini ochib berishda muhim rol o‘ynaganini avval ham ta’kidlagan edi. Biroq bugungi kun kitoxoni bu lug‘atlardan to‘laligicha foydalanish imkoniyatiga ega emas. Chunki, bu lug‘atlarning ommaviy nashrlari hanuz amalga oshirilmagan. Mana shu jihatlarning hisobga olinishi oqibatida 1983-1985 yillarda O‘zR FA “Fan” nashriyotida E.Fozilov tahriri ostida to‘rt jilddan iborat “Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug‘ati” chop etildi. Keng kitobxonlar, mutaxassislarga yetkazib berilgan ushbu asar izohli lug‘atlarga qo‘yilgan talab va prinsiplarga binoan yaratilgan edi. Lug‘at So‘z boshi, Izohli lug‘atnining tuzilishi va undan foydalanish tartibi, manbalar va ularning qisqartmalari hamda bosh so‘z-maqolalardan iborat tarzda shakllantirilgan.
So‘z boshida lug‘at tuzuvchilari, kartoteka fondi va materiallarni to‘plovchilar, qo‘lyozmani nashrga tayyorlashdagi texnik ishlarni amalga oshirganlar va h.k xususida ma’lumot keltirilgan.
Lug‘atning tuzilishi va undan foydalanish tartibida lug‘at tarkibi, lug‘at maqolasining tuzilishi, so‘z maqolasining izohi, lug‘atdagi frazeologik birliklarning berilishi va talqini, illyustrativ materiallarning berilishi xususida mulohaza yuritilgan. Manbalar va ularning qisqartmalaridan esa Alisher Navoiy nazmiy va nasriy asarlarining qo‘yozma nusxalari hamda nashrlari haqida aniq ma’lumotlar o‘rin olgan.
Izohli lug‘atga ulug‘ shoir asarlarida iste’molda bo‘lgan so‘z, frazeologik iboralar, turg‘un birikmalar kiritilgan. Har bir so‘z (mustaqil, yordamchi so‘z, yuklama, undov) lug‘atda alohida bosh so‘z-maqola sifatida talqin qilingan. Bosh so‘zlar alifbo tartibida joylashtirilgan. So‘zning grammatik shakllari bir so‘z sifatida qaralgan. Bir so‘zning turli fonetik variantlari bir lug‘at maqolasida berilgan. Qo‘shma so‘zlar bosh so‘z sifati berilmay, o‘z tarkibidagi komponentlaridan biri maqolasi ichida, birinchi komponent maqolasida keltirilgan: Avd “qaytish”; -et-//qil- “qaytmoq, qaytib kelmoq” va h.k.
Omonim so‘zlarning har biri alohida maqolalarda bosh so‘z tarzida berilgan, rim raqamlari bilan bir-biridan farqlangan: Azm 1 “niyat, maqsad, mayl, qat’iy qaror; jazm, iroda”; Azm P “suyak, ustuxon” va h.k. Bosh so‘z yolg‘iz ishlatilmasdan, birikma tarkibidagina qo‘llangan bo‘lsa, bosh so‘zdan keyin o‘sha so‘zning birikmadagi holati izohlangan, ayrim o‘rinlarda bosh so‘z izohlanib, so‘ngra birikma yoritilgan: Avr – avr o‘l- “yalang‘och bo‘lmoq” va h.k. Sinonimlar alifbo tartibida o‘z o‘rnida bosh so‘z sifatida talqin qilingan. Lug‘at maqolasi quyidagi elementlardan iborat:
-bosh so‘z transliteratsiya asosida berilgan;
-nodir qo‘lyozmalardagi so‘zlarning arabcha tipik yozuv shakli Ilovada berilgan;
- bosh so‘zning ma’nosi yoki ma’nolari izohi;
-bosh so‘z ma’nolarini tasdiqlovchi qo‘lyozma yoki nashrlardan olingan misollar;
-qo‘lyozmaning sahifa va qatorlari, nashr qilingan manbaning varaqlari;
-izofa, idiomatik, frazeologik, turg‘un birikmalar, qo‘shma ot va fe’llar sharhi va illyustrativ material;
-bosh so‘zning fonetik varianti parallel chiziqdan so‘ng berilgan. Lug‘atda izohlangan so‘z alohida qo‘llanmagan taqdirda o‘sha so‘z bilan kelgan birikma keltirilib, sharhlangan.
So‘zlarning mustaqil ma’nolari bir-biridan arab raqamlari bilan ajratilgan, har bir ma’noga tegishli ma’no nozikliklari ba’zi o‘rinlarda ajratilmay, misollar berish bilan kifoyalangan.
So‘zlaning ma’nosini ochishda quyidagi usullardan foydalanilgan:
-qisqacha tushuntirish yo‘li bilan izohlash;
-keng tushuntirish yo‘li bilan izohlash;
-sinonimlar yordamida izohlash;
-antonimlar orqari izohlash;
-qisqacha ensiklopedik ma’lumotlar keltirsh orqali izohlash;
-realiyani kengroq izohlash.
So‘z ma’nolarini joylashtirishda ularning o‘zaro yaqinligi, ichki munosabati inobatga olingan. Polisemantik so‘zlarni izohlashda avval ularning bosh(birlamchi), so‘ngra hosila ma’nolari berilgan.
Alisher Navoiy asarlari tili izohli lug‘atini tuzish jarayonida so‘zlar ma’nosini izohlashda matn, so‘zning hozirgi o‘zbek tilidagi leksik-semantik, grammatik ekvivalenti nazardan qochirilmagan.
Adib asarlarida qayd etilgan atoqli otlar, asarlar nomlari, geografik obyektlar nomlari va h.k. lug‘atning “Ilova”sida keltirilgan va izohlangan.
So‘zlarning ma’nosini ochib berishda mualliflar moziyda Navoiy asarlariga tuzilgan lug‘atlar, tadqiqotlarga o‘rni bilan murojaat qilishgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |