Yasama terminlarni kalkalash
Chet tili (rus tili) yasama terminlarini kalkalash jarayonida o‘zbek tilida bor bo‘lgan mutanosib asos hamda so‘z yasovchi affiks tanlanadi. Buning natijasida o‘zbek tilida mutlaqo yangi termin hosil bo‘ladi, bunday terminlar ayniqsa ilm-fan va texnika terminologiyasi tizimida keng ko‘lamda aks etgan: to‘g‘rilagich (vipryamitel), taqsimlagich (raspredelitel), ko‘targich (podyomnik), itargich (tolkatel), tebranish (amplituda), oziqlagich (pitatel), iqlimlashish, iqlimlashtirish (akklimatizatsiya), o‘rmonshunos (lesovod), issiqxona (teplitsa), davlatshunos (gosudarstvoved), hissador (dolshik), vasiyatchi (zaveshatel), buyurtmachi (zakazchik), tamg‘alash (kleymeniye), moydon (maslyonka), portlatgich (vzrivatel) va h.k.
Qo‘shma terminlarni kalkalash
Qo‘shma terminlarni kalkalab tarjima qilish jarayonida ularning har ikki komponentiga mutanosib tushadigan o‘zbekcha so‘z tanlanadi. Xususan: yarimo‘tkazgich (poluprovodnik), shaltoqsepgich (jijerazbrasivatel), ariqkovlagich (kanavakopatel), suvo‘lchagich (vodomer), gazo‘lchagich (gazomer), tezotar (skorostrelniy), moyjuvoz (masloboyka), bug‘tarqatgich (paroraspredelitel), tulkiquyruq (lisoxvost), yog‘och kesuvchi (lesorub), muzyorar (ledokol), kamqonlik (malokroviye), arzonbaho (malotsenniy), junqanot ( zool. sherstokril), asalxo‘r (zool. medoyed), qisqa metrajli (korotkometrajniy), qiziltan (krasnokojiy), qizilqanot (zool. krasnoperka), kartoshkaekkich (kartofelesajalka), kartoshkaqazgich (kartofelekopatel), suvgul (bot.vodokras), suvqovoq (bot.gorlyanka) singari katta miqdordagi terminlar ayni shunday hosil qilingan.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, o‘zlashayotgan qo‘shma terminlarning ikkinchi komponenti ma’no nuqtai nazardan unga mos tushuvchi o‘zbekcha so‘z bilan har vaqt ham almashtirilavermaydi:
-xona: ko‘chatxona (lesopitomnik), - zor: ko‘chatzor (lesopitomnik), - dor:yerdor, zamindor (zemlevladelets), - chan; yonuvchan (legkovosplamenyayushiysya), - xo‘r: qasamxo‘r (klyatvoprestupnik),-soz: kemasoz (korablestroitel), -qich: yirtqich (krovojadniy), -ish: nurlanish (lucheispuskaniye) va h.k.
O‘zbek tili terminologiyasi tizimida ruscha-baynalmilal prefiksoidlar yordamida hosil qilingan kalkalar tez-tez qo‘llanadi (Begmatov 1985; 181; Doniyorov 1977; 145-146). Bunday usulda yasalgan terminlar sirasiga quyidagilarni kiritish o‘rinli:
avia-: aviaaloqa (aviasvyaz), aviaqism (aviachast), aviato‘p (aviapushka), aviakorxona(aviazavod), aviasanoat (aviapromishlennost), aviakorxona (aviazavod) va h.k.;
avto-: avtonozir (avtokontrolyor), avtoyo‘l (avtodoroga), avtoyuklagich (avtopogruzchik), avtohavoskor (avtolyubitel), avtotirkama (avtopritsep), avtosug‘orgich (avtopolivshik), avtomaktab (avtoshkola), avtopoyga (avtogonki), avtopoygachi (avtogonshik) va h.k.;
aero-: aeropurkagich (aeroopriskivatel), aerochanglagich (aeroopilitel), aerotadqiqot (aeroissledovaniye) va h.k.;
agro-: agrosanoat (agropromishlennost), agrokimyo (agroximiya), agromadaniyat (agrokultura), agroiqlim (agroklimat), agroo‘rmon (agroles) va h.k.;
anti-: antizarra (antichastitsi), antimodda (antiveshestvo), antidunyo (antimir), antijismlar (antitela) va h.k.;
geo-: geosiyosat (geopolitika), geokimyo (geoximiya) va h.k.;
gidro-: gidroinshoot (gidrosoorujeniye), gidroko‘targich (gidropodyomnik), gidrokuchaytirgich (gidrousilitel)va h.k.;
giper- : gipertekislik (giperploskost), gipertovush (giperzvuk), giperchiziq (giperliniya), giperloyiha (giperproyekt) va h.k.;
izo- : izochiziqlar (izolinii), izomoy (izomaslo) va h.k.;
kvazi-: kvaziyulduz(kvazizvezda),kvaziquloq (kvaziuxo), kvaziqavariq (kvazivipuklost) va h.k.;
infra-: infratovushlar (infrazvuki), infraqizil (infrakrasniy), infratizim (infrastruktura) va h.k.;
makro-: makroiqlim (makroklimat), makrosanoat (makropromishlennost), makrokoinot (makrokosmos), makrotuzilma (makrostruktura), makromaydon (makropole), makroiqtisodiyot (makroekonomika) va h.k.;
mikro-: mikroiqlim (mikroklimat), mikrofotonusxa (mikrofotokopiya), mikrotuzilma (mikrostruktura), mikromaydon (mikropole), mikrotuman (mikrorayon) va h.k;
moto- : motoaravacha (mototelejka), motopoyga (motogonki), motopoygachi (motogonshik) va h.k.;
pnevmo- : pnevmoboshqarish (pnevmoupravleniye), pnevmobolg‘a (pnevmomolotok), pnevmoyuklagich (pnevmogruzchik), pnevmoqisish (pnevmodavleniye) .;
tele-: teledastur (teleprogramma), teleminora (telebashnya), teleboshqarish (teleupravleniye), telealoqa (telesvyaz) , telequrilma (teleustanovka), teleloyiha (teleproyekt), teleusta (telemaster) va h.k.
Do'stlaringiz bilan baham: |