III.Yakka tartibdagi tadbirlar – o‘quvchilar jamaosi bilan emas, balki o‘quvchi bilan individual tarzda shug‘ullanishni talab qiladigan mashg‘ulotlardir. Bunday mashg‘ulotlar sirasiga quyidagi ish usulllarini sanab o‘tishimiz mumkin:
Olimpiadalarga tayyorlash.
Tanlovlarga tayyorlash.
Musobaqalarga tayyorlash.
Sust o‘zlashtiradigan o‘quvchilar bilan ishlash.
Iqtidorli o‘quvchilarni olimpiadalar, “Bilimlar sinovi” kabi turli ko‘rik-tanlovlar hamda musobaqalarga tayyorlash jarayonida darslikdagi tushunilishi nisbatan murakkab bo‘lgan mavzular qayta tushuntiriladi, qo‘shimcha adabiyotlar, lug‘atlar, OAV materiallari, adabiy-tanqidiy maqolalar, internet materiallari ko‘zdan kechiriladi, tahlilga tortiladi. O‘quvchining har tomonlama (nutqi, o‘qish texnikasi, savodxonligi, ijodkorligi…) rivojlanishini e’tiborga olgan holda ishni tashkil qilish lozim bo‘ladi. Bu esa o‘qituvchidan ham tinimsiz izlanish, yangiliklardan boxabar bo‘lish, ulardan ta’lim jarayonida o‘rinli foydalana olish malakalarini talab qiladi.
Sust o‘zlashtiradigan o‘quvchilar bilan ishlash esa o‘qituvchidan birinchi navbatda sabr-toqat, qolaversa, qo‘shimcha vaqt, fidoyilikni talab qiladigan mashg‘ulotdir. Bunday o‘quvchilar bilan muntazam, reja asosida, ruhiyatiga ta’sir qilish orqali nihoyatda ehtiyotkorlik bilan ish olib borilmasa natija kutilganday bo‘lmaydi, aksincha, o‘quvchi umuman o‘qishni istamay qolishi ham mumkin.
IV. Ommaviy tadbirlar – ko‘pchilik, ya’ni ommaning e’tiboriga havola qilinadigan ishlar bo‘lib, bu ishlarning o‘zini quyidagi guruhlarga ajratish mumkin:
Ommaviy bayramlar: kitoblar ko‘rgazmasi, san’at asarlari ko‘rgazmasi, fotolavha va tasviriy san’at namunalari ko‘rgazmasi, o‘zbek tili kuni, o‘zbek tili va adabiyoti fan oyligi…
Ommaviy tanlovlar: ifodali o‘qish, viktorina, boshqotirmalar ko‘rgazmasi…
Ommaviy tadbirlar: festival, karnaval, sayl, sayohat, ziyorat, hashar, xalq o‘yinlari…
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, ta’lim muassasalarida olib borilgan kuzatish va tajribalar sinfdan va maktabdan tashqari mashg‘ulotlarning ta’lim-tarbiyaviy ahamiyati haqida quyidagi xulosalarni chiqarishga imkon beradi:
O‘quvchilarning bo‘sh vaqti mazmunli tashkil qilinadi.
O‘quvchilar bilimi yangi ma’lumotlar bilan boyitiladi.
Nafaqat badiiy asar, balki har qanday san’at asarini his qiladigan va estetik zavq oladigan ma’naviyati yuksak kitobxon o‘quvchi tarbiyalanadi.
O‘quvchilarni milliy istiqlol g‘oyasi, vatanparvarlik, gumanizm, mehnatsevarlik ruhida tarbiyalashga yordam beradi.
Bunday mashg‘ulotlar o‘quvchilar qiziqishini oshiradi, qiziqish esa faoliyatga olib boradi.
Asar ustida, umuman, har qanday matn yuzasidan mustaqil ishlash, ma’ruza tayyorlash, jamoa oldida o‘z fikrlarini erkin bayon qilish ko‘nikmalari hosil qilinadi.
Bunday mashg‘ulotlar o‘z vaqtida doimiy o‘tkazilishi natijasida intizomli, mas’uliyatni his qiladigan o‘quvchilar tarbiyalanadi.
Mashg‘ulotlarda tayyorlangan plakatlar, taqdim qilingan kitob, gazeta, va jurnallar, albomlar, ma’ruza matnlari adabiyot kabinetlarini boyitadi hamda o‘qituvchining keyingi ish faoliyatida foydalanish uchun manba vazifasini o‘taydi.
Adabiyot olamida bo‘layotgan yangiliklardan nafaqat adabiyot o‘qituvchisi yoki bir necha faol o‘quvchilar, balki ular orqali butun ta’lim muassasasi jamoasi boxabar va bahramand bo‘lishadi.
Bunday mashg‘ulotlar o‘qituvchini ham an’anaviylikdan qochishga undaydi: innovator o‘qituvchini shakllantiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |