5-ma’ruza
“Areal lingvistika”ning tadqiqot olib borish usullari”
Reja:
1. Kartalashtirish usuli.
2. Areal lingvistik kartalarning turlari
3. Areal lingvistik tadqiqotlarda qo’llaniladigan ayrim terminlar
Tayanch tushunchalar: kartalashtirish usuli, j-lovchi shevalar, y-lovchi shevalar, izoglossa, fonetik izoglossa, leksik izoglossa, morfologik izoglossa, areal lingvistik karta, sintetik karta, analitik karta, o’tuvchi zonalar, aralash zona, boshlang’ich karta, tayanch karta, oraliq karta, yig’ma karta, mos hodisalar, areallar, til landshafti, innovatsiya markazi, irradiatsiya
Kartalashtirish usuli
Areal lingvistikaning asosiy vazifasi – til hodisalarining ma’lum bir hududga tarqalishini kartalashtirish va tadqiq qilish hamda shundan kelib chiqadigan muammolarni hal qilishdan iborat. Ma’lumki, jonli tildagi har bir lingvistik hodisa o’zining tarqalish chegarasiga, o’z territoriyasiga ega. Masalan, dialektal so’zlar chegarasi ma’lum hudud bilan belgilanadi.
Tovush o’zgarishi bir sheva yoki dialektga xos bo’lsa ham yoki bir necha sheva dialektlarga tarqalgan bo’lsa ham, baribir, hudud jihatidan chegaralaigandir. Shu bilan birga, tildagi ba’zi hodisalarning tarqalish chegarasi keng masshtabga ega bo’lishi ham mumkin. Lekin har bir dialekt biron aniq chegara bilan bir- biridan ajratilmaydi. Bir dialektga xos xususiyat boshqa bir dialektda uchrashi mumkin. Masalan, qishloq tip shevalarida mavjud bo’lgan ba’zi xususiyatlarni shahar tip shevalarida ham ko’ramiz, yoki j-lovchi shevalarga xos ba’zi xususiyat y-lovchi shevalarda mavjud bo’ladi.
O’zbek shevalari leksikasi o’zbek dialektal tilining leksik sistemasini tashkil etadi. Shevalardagi kartalashtirilishi lozim bo’lgan har bir leksik birlik o’ziga xos xususiyatga ega.
Shuning uchun kartalashtirilishi lozim bo’lgan dialektal hodisalarni tanlashda shu territoriyada joylashgan sheva va dialektlar orasidagi eng muhim, farqli til hodisalari hisobga olinib, har bir sheva o’z dialekti yig’indisida, shu dialekt sistemasida o’rganib chiqiladi. Chunki atlasga material yig’ish uchun mo’ljallab tuzilgan anketadagi savollar izoglossalar hosil qiluvchi til hodisalariga bag’ishlangan bo’lishi kerak.
Har bir kartani tuzishda dastlab kartalashtirilgan til hodisasining tarqalish chegarasi – izoliniyasi (изолиния) aniqlanib chiqilishi kerak. So’ngra, har xil sheva va dialektlarda mavjud bo’lgan bir xil til hodisalari izoglossa sifatida kartalashtiriladi.
Ba’zi territoriyalarda izoglossalarning tarqoq holda uchrashi qachonlardir aholining bir joydan ikkinchi joyga ko’chishining natijasi ekanligidan dalolat beradi. Ayrim dialektlarda leksik izoglossalar yig’indisida noaniqlik uchrasa, ba’zi dialektlarda esa, fonetik izoglossalar ayniqsa, zich joylashgan bo’ladi. Morfologik izoglossalar zichligi leksik va fonetik izoglossalar zichligi orasida bo’lib, keyingisiga yaqinroq turadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |