Diaxron tavsiflash esa, tillarning tarmoqlarga bo’linishining qadimgi holatlarini, shu bilan birga dialektlararo birlashish yuz berish holatlari areallarini yuzaga chiqarishga yo’naltiriladi. “Areal lingvistika” fanining diaxron tavsiflash metodologiyasi tillar areallarining tarixiy ko’rinishlarini o’rganish bilan shug’ullanadi. Xususan, hududiy jihatdan yaqin bo’lgan tillar, sheva va dialektlarning o’zaro munosabati, bir-biriga ta’sirining tarixiy voqeliklari asosida bahs yuritadi.
Shu bilan birga tillar va shevalarning paydo bo’lishi, ularning tarqalishi va bunga sabab bo’ladigan tarixiy, iqtisodiy, siyosiy, etnografik va madaniy omillar ham diaxron tavsiflash metodologiyasi asosida xulosalanadi.
Diaxron aspektda areal o’rganish nafaqat tillar va ular oilalarining qarindoshligi masalasini o’rganadi, balki muayyan til va shevaning yuzaga kelishida va shakllanishida qarindosh bo’lmagan tillar bilan ro’y bergan tarixiy aloqalarga ham munosabat bildiradi.
Dunyodagi tillarning oilalarga bo’linishida odatdagi til oilalaridan tashqari, kichikroq ko’lamdagi mikrooilalarni ham alohida guruhlarga va tarmoqlarga ajratib o’rganish masalasi diaxron tavsiflash zimmasidagi ish hisoblanadi.
A.V.Desnitskaya o’zining “Areal lingvistikaning metodologiyasiga doir” deb nomlangan maqolasida: “tirik tillarning lingvistik kartalashtirilishi orqaligina ularning areallarini o’rganishda maksimal aniqlikka erishish mumkin” – deya ta’kidlaydi. Aynan shuning uchun ham, tillar va dialektlarni areal o’rganish ishi lingvogeografik metodlar orqali o’zining yuksak darajada taraqqiyotiga erisha oladi.
Areal atlaslar haqida
Maxsus dastur-so’roqlik asosida tayyorlangan, ma’lum til yoki shevalarga xos xarakterli xususiyatlarning tarqalish chegarasini aks ettiruvchi areal kartalarning albom shaklidagi sistemali to’plami – areal (yoki dialektologik) atlas deyiladi.
Areal yoki dialektologik atlas – piktografik yoki umumlashtiruvchi xarakterdagi kartalarni chog’ishtirish sistemasi bo’lib, uning yig’indisi tilning territoriyaga tarqalish modelini yoki uning biror bo’lagini shakllantiradi.
Areal atlas asosida qilingan xulosalar undagi alohida kartalarning darajasidan va ularning o’zaro uzviy bog’lanishidan kelib chiqadi.
Areal atlas o’zida ma’lum tilning hamma aspekti bo’yicha material mavjud bo’lishi bilan shu tilning nazariy va amaliy fonetikasi, grammatikasi va leksikologiyasi taraqqiyotini chuqur o’rganish uchun imkoniyat yaratadi. Areal atlas kartalari 2 xil tamoyilga asoslanib tuzilishi mumkin:
1. Dialektologik tamoyil.
2. Areal lingvistik (umumareal) tamoyil.
Karta tuzishdagi umumareal va dialektologik tamoyil hamma atlaslarda barobar saqlanadi, ularning o’zaro munosabati dastlab material tanlashda ham, kartalashtirishni amalga oshirishda ham asosiy o’rin tutadi. Shunga qaramay, areal va dialektologik atlaslar o’zining ko’pchilik belgilari bilan bir-biridan farqlanadi. Farqlar dastlab anketalashtirish darajasidan boshlanadi.
Areal atlas uchun material keng ko’lamdagi savollar majmuasi asosida to’plansa, dialektologik atlas materiali uchun ma’lum dialektal xususiyatlarni modellashtiruvchi dastur asos bo’ladi. Bunday dasturning har bir punkti alohida mavzu uchun mustaqil so’roqlikni tashkil etadi. Masalan: Areal kartaning har bir so’z uchun savolga javob tariqasida tuzilishi uning dialektal ayirmaliklar tarqalishini aniqlaydigan dialektologik kartadan farqini ko’rsatadi.
Anketalashtirish bevosita va bilvosita (korrespondent orqali) amalga oshirilishi mumkin. Anketalashtirish metodikasining bevosita hamda bilvositaligi, so’roqqa javob olish formasi orqali amalga oshirilishi, illustratsiya qo’llashi, informator tilidan anketalashtirish, yoki adabiy tildan tarjima qilish kabilar areal lingvistik kartani baholashda hisobga olinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |