NEYROLINGVISTIKA (yunon. neuron – tomir, nerv, asab va lot. lingua – til) – nutqiy faoliyatning miya mexanizmlarini va miyaning mahalliy jarohatlanishi tufayli yuzaga keladigan nutqiy jarayondagi o‘zgarishlarni o‘rganadigan fan. Neyrolingvistika mustaqil fan sifatida (biologik) tilshunoslik negizida, neyrologiya, psixologiya va lingvistika kesishgan nuqtada yuzaga keldi va u til sistemasini lisoniy muomalaning miya substrati bilan o‘zaro aloqada o‘rganadi.
NEOBIXEVIORIZM (yunon. neos – “yangi” va ingl. behaviour – “xulq, xatti-harakat”)da bixeviorizmning prinsipial S – R sxemasi mohiyatan murakkablashtirilib, S – R orasida nimadir borligi aniqlandi va “oraliq o‘zgaruvchi” tushunchasi paydo bo‘ldi. Gap endi shunchaki tashqi stimul va reaksiya haqida emas, balki insonda tashqi reaksiya chaqira oladigan va insonning o‘ziga xos individual tajribasini aks ettiradigan (shuning uchun ham turli kishilarning reaksiyalari farqli bo‘ladi) oraliq o‘zgaruvchi, ya’ni organizm ichidagi maxsus ichki stimul tushunchasi haqida boradi.
NUTQ – tilning amaliyot shakli, voqelanishi; so‘zlovchining til vositalaridan foydalanish jarayoni va shunday jarayon natijasida yuzaga keladigan hodisa.
NUTQ APPARATI – nutq a’zolari majmuyi (lab, tish, til, tanglay, kichik til, og‘iz bo‘shlig‘i, burun bo‘shlig‘i, bo‘g‘iz usti bo‘shlig‘i, o‘pka, bronxlar, diafragma, bo‘g‘iz, nafas yo‘li).
NUTQIY FAOLIYAT – faol, aniq bir maqsadga qaratilgan, til vositasida amalga oshiriladigan va holatlardan kelib chiqqan holda insonlar o‘rtasida o‘zaro ta’sir qilish, muloqot qilish jarayonidir. Nutqiy faoliyat so‘zlash va tushunish jarayonlarining umumlashmasi, nutq yaratilishi va uning qabul qilinishiga oid barcha hodisalardir. Nutqiy faoliyat mustaqil, tugallangan faoliyat akti sifatida kamdan-kam holatlarda namoyon bo‘ladi. U odatda, faoliyatning tarkibiy qismi sifatida ishtirok etadi.
NUTQIY MATN – mazmun jihatdan tugallikka ega bo‘lgan, o‘z tarkibidagi so‘z va iboralarning ma’nolarini belgilashga imkon beradigan nutq parchasi.
NUTQIY ME’YOR – madaniy jamiyat tomonidan ongli ravishda qayd qilingan barqaror va birlashtirilgan lisoniy vositalar va ularni qo‘llash qoidalarining majmuyi (masalan, talaffuz, urg‘u, so‘z qo‘llash, grammatika va stilistika qoidalari).
NUTQIY SHAXS – kommunikatsiyada muloqotning u yoki bu strategiya va taktikasini tanlab amalga oshiradigan, u yoki bu lisoniy va nolisoniy vositalardan foydalanadigan shaxs.
Do'stlaringiz bilan baham: |