LISONIY ME’YOR – umumiy kommunikatsiya jarayonida tanlab olingan va mustahkamlangan til sistemasining turg‘un an’anaviy realizatsiyalari majmuyi.
LISONIY SHAXS – muayyan bilimlar va tasavvurlar majmuyiga ega bo‘lgan nutqiy faoliyatni namoyon qiluvchi shaxs.
LINGVISTIK SHOK – ona tili uchun kulgili, g‘alati va odobdan tashqari hisoblangan lisoniy birliklar qo‘llanilgan xorijiy nutqni eshitgan insonning hayratlanish, kulish yoki xijolat bo‘lish holati. Masalan, turk tilida düşmek “yiqilmoq”ni, o‘zbek tilida tushmoq “yuqoridan, balandlikdan pastga tomon yo‘nalmoq; biron transportdan tushmoq va h.k.” yoki zor “juda qiyin”, zo‘r “juda yaxshi” ma’nolarni ifodalaydi. Koreys tilida oppa akani, o‘zbek tilida bunga qarama-qarshi ma’nodagi so‘zni anglatadi. Tillararo bunday omonimiya hodisasi “tarjimonning aldoqchi do‘stlari” muammosi sifatida tasvirlanadi.
LISONIY QOBILIYAT (linguistic competence) tushunchasi N.Xomskiy tomonidan ilmiy muomalaga kiritilgan. N.Xomskiy lisoniy qobiliyatni mazkur tilda so‘zlashish qobiliyatini tashkil qiluvchi sifatida izohlagan. Ma’lumki, kishi tovushlar birikuvi, so‘zlar bog‘lanishi, umuman, tildagi so‘zlar tizimining qo‘llanishini onasidan, tevarak-atrofidagi yaqinlaridan eshitib o‘z ona tilini o‘zlashtiradi (ayni holat tilshunos yoki tilni o‘rganuvchi har qanday kishida ham kuzatiladi). Bunday tizimdan foydalanish natijasida inson ona tilidagi cheksiz so‘z turkumlari, jumlalar va matnlarni hosil qilish qobiliyatini egallab boradi. Shunga ko‘ra, lisoniy qobiliyatni so‘zlovchi va tinglovchi til bilimining potensiali, deb izohlash mumkin. N.Xomskiy “lisoniy qobiliyat birlamchi bo‘lib, u lisoniy faollikni belgilaydi”, - deb hisobladi. Transformatsion grammatika tarafdorlari ham asosiy urg‘uni lisoniy qobiliyatga berishdi.
MATN ATRIBUTSIYASI matnning muallifligini – ma’lum matnni mazkur shaxsga tegishli ekanligi yoki bu shaxsga tegishli emasligini aniqlash. Matnning atributsiyasi faqatgina kriminalistik amaliyotda amalga oshirilmaydi. Matnni aniqlash tarix va filologiya fanlarining yordamchi sohasi hisoblangan, badiiy va boshqa asarlar matnlarining yaratilishi tarixi, taqdirini o‘rganadigan manbashunoslikning ham muhim masalalaridan biridir.
MOTOR AFAZIYA – inson miyasidagi Broka zonasi shikastlanganda maydonga keladi. Afaziyaning bu turida inson nutqni tushuna oladi, lekin gapira olmaydi. Broka markazini 1861-yilda fransuz olimi P.Broka kashf qilgan. U miyaning chap peshona pastki orqa burmasida joylashgan.
MADANIY SHOK – madaniyatlararo to‘qnashuvlarning ko‘rinishlaridan biri bo‘lib, u xorijiy tilni o‘rganuvchining ajablanish, hayron bo‘lish yoki tili o‘rganilayotgan madaniyat omillarining qabul qilmaslik holatini ifodalaydi. Madaniy shok til o‘rganuvchining noto‘liq akkulturatsiyasi yoki u uchun yangi bo‘lgan madaniyat me’yorlarini bilmasligi, tushunmasligidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |