NUTQ PATOLOGIYASI (yunon. pathos – azob chekish, kasallik) – nutq me’yoridan chetga chiqish.
OLAMNING LISONIY MANZARASI – lisoniy shakllarda muhrlangan insonning olam haqidagi bilimlari majmuyi. Ya’ni olamning lisoniy manzarasi leksika, frazeologiya va grammatikada muhrlangan olam haqidagi bilimlar majmuasidir. Olamning lisoniy manzarasi insonni olamga (tabiatga, hayvonlarga, o‘z-o‘ziga) bo‘lgan munosabatini shakllantiradi. Olamning lisoniy manzarasi insonning turli olam manzaralarini izohlaydi va umumiy olam manzarasini aks ettiradi. Olamning lisoniy manzarasi turfa ranglar, xususan, mifologemalar, obrazli metaforik so‘zlar, o‘xshatishlar, konnotativ so‘zlar, stereotiplar, ramzlar va h.k. vositasida yaratiladi.
ONTOGENEZ – organizmdagi biron narsaning (organ, funksiya, tuzilish) tug‘ilishidan to o‘lguniga qadar bo‘lgan izchil rivojlanishi. Psixolingvistikada ontogenez termini inson lisoniy qobiliyatlarining shakllanishini anglatadi. Nutq ontogenezi nutqiy faoliyat nazariyasining tarkibiy qismi bo‘lib, u individda nutq mahsulining shakllanishi, nutqiy qobiliyat ko‘nikmasining paydo bo‘lishini o‘rganadi. Nutq ontogenezi bola nutqining tug‘ilishdan to 7 (9,11) yoshgacha bo‘lgan davrida har tomonlama izchil rivojlanishida namoyon bo‘ladi. Hozirgi kunda tilni o‘zlashtirish (nutq ontogenezi) nazariyasi keng qamrovli soha hisoblanib, o‘ziga xos mustaqil maqomga ega.
OPERANT –yadro gap, ya’ni transformatsiya uchun asos bo‘lgan gap.
PERSEPSIYA – sezgilar yordamida qabul qilish, idrok qilish, tushunish.
PSIXOLINGVISTIKA termini birinchi marta amerikalik psixolog N.Pronko tomonidan 1946-yilda ilmiy muomalaga kiritilgan. “Psixolingvistika” psixologiya (yunon. psyche “ruh”) va lingvistika (lotin. lingua “til”) kesishgan nuqtadagi metafan, ya’ni psixologiya va lingvistikaning sintezi hisoblanadi. 1953-yilda AQShning Blumington shahridagi Indiana universiteti huzuridagi Lingvistika va psixologiya qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan universitetlararo seminarda psixolingvistika mustaqil fan sifatida e’lon qilindi. Psixolingvistika nutqiy faoliyatni nutq akti mazmuni bilan so‘zlovchining maqsad-niyati orasidagi aloqadorlik nuqtayi nazaridan o‘rganadigan fan. U nutqni idrok etish, tilni egallash kabi masalalarni o‘rganadi. Psixolingvistikaning diqqat markazida individ va kommunikatsiya turadi. Unga ko‘ra, so‘zlovchi nutqni yuzaga chiqarar ekan, o‘zi o‘ylagan niyatini ma’lum qoidalar asosida aniq tilning nutq birliklariga uzatadi. Tinglovchi nutqni qabul qilar ekan, nutq ifodalarining tashqi shaklida o‘z aksini topgan ma’noni chiqarib oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |