Mavzuning o’rganilish darajasi. Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr“ dostoni juda ko’plab tadqiqotchilarning diqqat markazida bo’lgan. Bu borada taniqli sharqshunos olim Y. E. Bertelsning “Attor va Navoiy“ nomli yirik hajmli maqolasi muhim ahamiyat kasb etadi. Unda olim Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr“ dostonining muhim qimmati haqida fikr yuritadi. O’zbek olimlaridan V.Zohidov, N.Mallayev, B.Valixo’jayev, A.Hayitmetov, Sh.Sharipov, N. Karimov, R. Vohidov, H. Ne’matov, M. Mahmudov, I. Haqqul, V. Raxmonov, S. Olimov kabilar ilmiy tadqiqotida o’z mulohazalarini bildirishgan.
S. Olimovning “Ishq, oshiq va ma’shuq “, “ Naqshband va Navoiy“ nomli risolalarida “Lison ut-tayr” da inson ma’naviy kamoloti masalasiga diqqat qilinganligi haqida mufassal ma’lumot beriladi. Shunday bo’lsa-da, ulug’ shoirning mazkur dostonida irfon ahliga bag’ishlangan turli yo’sindagi g’oyalari badiiy ifodasini topgan va bunda mutasavvuflar, irfon ahlining ibratli hayotini atroflicha o’rganish foydadan xoli bo’lmaydi, deb o’ylaymiz.
Tadqiqot obyekti. Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” falsafiy, ilohiy-irfoniy, masal dostoni ilmiy izlanishlarimizning manbai sifatida tanlandi, o’rni bilan buyuk mutafakkirning boshqa asarlariga ham murojaat etildi.
Tadqiqot predmeti. Mumtoz adabiyotda, jumladan, Farididdin Attor, Abu Ali Ibn Sino, Alisher Navoiy ijodida hamda o’zbek adabiyotining keyingi bosqichlarida, shuningdek, jahon adabiyotida Alisher Navoiy va uning asarlariga murojaat, u haqida va uning asarlari ta`sirida yaratilgan badiiy asarlar, undagi tasavvufona qarashlar va talqinlarning o’rni, ahamiyati, shuningdek, asarning o’ziga xos xususiyatlarini o’rganish tadqiqot predmetidir.
Tadqiqotning maqsad va vazifalari. Tadqiqotdan ko`zlangan asosiy maqsad Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostonida irfon ahli talqinini ilmiy o`rganish. Bu maqsadni oydinlashtirishda quyidagi vazifalarni amalgam oshirish ko`zda tutiladi:
- Ma`lumki tasavvufiy adabiyotda ishq ma`naviy kamolot asosi sanaladi. Uning ayrim qirralarini aniqlashtirishda asarda keltirilgan ishq ahli haqidagi lavhalarni ilmiy tadqiq qilish va uning ramziy mohiyatini ochish;
- Inson hayotidagi ba`zi o`zgarishlarga mo`nelik qiluvchi istak nimadaligini
tahlil jarayonida yoritish va irfon ahli hayoti bilan qiyosiy o`rganish;
- “Lison ut-tayr” da irfon atamalari mohiyatini aniqlash, ularning ramziy ma`nolarini dostondagi hikoyatlar tahlili asosida ilmiy o`rganish;
- tasavvufiy qarashlarga ko`ra inson riyoziyot bosqichlarini o`tab komillikka intilmog`i lozim. Bunga qadar bo`lgan jarayonda u o`zidagi illatlardan nimalarga tayanib qutulmog`i lozimligini qushlar savoliga Hudhudning javobi tahlili asosida oydinlik kiritish;
- Dostondagi ma`naviy kamolot bosqichlarini ilmiy tadqiq qilish;
- Insonning ma`naviy yuksalishida irfon ahlining ma`naviy kamolotga aloqador tarbiya usullarining ahamiyatini dostondagi hikoyatlar tahlili asosida ilmiy tadqiq etish;
- “Lison ut-tayr” da badiiy ifodasini topgan hikoyatlarning barkamol avlod tarbiyasiga qo’shadigan hissasini oydinlashtirish.
Do'stlaringiz bilan baham: |