II. 2. Irfon ahlining ma`naviy-ruhiy kamolotga aloqador tarbiya usullari talqini
Tasvvuf ilmi ko`rib o`tganimizdek botiniy ilm bo`lib, bu ilm bilan shug`ullangan kishilar esa orif deb yuritiladi. Ammo tasavvuf yo`lini tutish uchun, avvalo, komil musulmon bo`lishi, shariatning barcha shartlarini bekam-u ko`st bajarishi zarur. Yana shuni aytish lozimki, tasavvuf insonning ma`naviy-ruhiy tasvirini yuzaga chiqaradi, ya`ni insonni ma`naviy-ruhiy jihatdan tarbiyalaydi.
Tasavvufni biz fikrlarimiz davomida Sharq falsafasi deb o`tdik, ammo uning boshqa falsafiy ta`limotlardan farqi shu ediki, u kishilarni bevosita o`z g`oyalariga amal qilishga undar edi. Boshqacha aytganda, tasavvuf bir guruh odamlar uchun falsafiy ta`limotgina emas, bevosita kun kechirish tarzi, kundalik mashg`ulot edi. Turli davrlarda xilma-xil ko`rinishlari, tariqatlari, tizimlaridan qat`iy nazar, tasavvuf insonni ma`naviy-ruhiy kamolga yetkazish nazariyasi bo`lgan. Bu nazariyaga ko`ra insonni Olloh yaratgan, tangrining bu olamni yaratishdan asosiy maqsadi ham inson ekanmi, demak, inson o`zini batamom Yaratuvchiga bag`ishlashi lozim. Buning uchun esa o`zini unga loyiq darajada poklashi – kamolga yetkazishi kerak bo`ladi. Ana shunday o`zini oily maqsadga chog`lagan, jismini unutib, ruhini Ollohga yetar darajada o`stirgan, o`zini Ollohga yetar darajada poklagan, jism ehtiyojlari tufali paydo bo`ladigan ja`miki insoniy illatlardan forig` qilgan kishilarni oriflar, oriflarni esa irfon ahli deyishimiz mumkin.
Tasavvufiy ta`limotning hayotiyligi shundaki, ustozsiz biror sohada kamolga yetishish qiyin. Dono xalqimizda shunday ibratli maqol bor: “Ustoz ko`rmagan shogird har maqomga yo`rg`alar”. Darhaqiqat, ustozga qo`l bermay turib, biror-bir sohani yoki ilm-u ma`rifatni egallash mushkul. Shuning uchun ham bugungi kunda ona diyorimiz O`zbekistonning har bir ta`lim muassasasi-yu korxonasida ustoz shogirdlik an`analari yo`lga qo`yilgan. Bu esa qadimdan Sharq falsafasi hisoblanmish tasavvuf ilmidan saqlanib kelingan va qon-qoniga singigan ta`lim usulidir. Nega deganda, Sharqda ayni tasavvuf ilmida ustoz shogirdlikka qat`iy rioya qilingan. Tasavvufda murid tushgan shogird pirning qulidek ixtiyorini unga topshirishi lozim bo`lgan. Nima uchun? degan savol tug`ilishi mumkin. Bunda shogirdning menligi – g`ururini, xudparastligini, umuman olganda, jism va nafs yo`lidagi salbiy jihatlarini yengish uchun unga pir ustozlik qilishi lozim. Murid tushgan kishining, ya`ni shogirdning g`ururi tinimsiz o`ldirilib borilgan. Bu, ayniqsa, Yassaviya tariqati odobida nihoyatda qat`iy qilib belgilangan.
Yassaviya ta`limotidagi soliklar (tariqat a`zolari) quyidagi qoidalarni bajarishga majbur bo`lganlar:
1. Murid hech kimsani o`z shayxidan afzal ko`rmasligi, unga mutlaqo taslimiyat izhor etmog`i lozim;
2. Shayxning barcha aqvoli (so`zlari) va af`oli (ishlari) ga sodiq bo`lib, unga mutlaqo mo`taqid (e`tiqod qiluvchi) bo`lishi darkor;
3. Murid o`z ixtiyoridagi barcha mol-mulkni, butun bor-yo`g`ini o`z shayxiga nisor etmog`i uchun doimo tayyor turishi kerak;
4. Pirning barcha sirlarini bilgan holda uni hech kimga oshkor qilmasligi lozim;
5. Murid o`z pirining barcha ramz va ishoralarini mukammal anglay olishi kerak;
6. Murid o`z so`zida sodiq, va`dasiga mustahkam bo`lib, piriga nisbatan ko`nglida biror shubhaga yo`l qo`ymasligi lozim.
Mana shunday va shunga o`xshash sinovlardan o`tgan muridlargina yuqori darajaga erisha olishgan va har bir ishoradan mohiyatni anglash qobiliyatini kamolga yetkazish uchun bir umr intilib yashashgan. Fikrimizni Alisher Navoiy asarlaridan olingan lavhalar asosida dalillashga harakat qilamiz.
Mir Said Kulol ijozat bergandan so`ng, Xoja Bahouddin Qusam Shayx xizmatiga boradilar:
“Ul avval muloqotda qovun yeydur erdi. Po`chog`in Xoja sari tashladi. Alar g`oyat talab haroratidin ul po`chog`ni terisi bilan yedilar. Ul majlisda ikki-uch qatla bu nav voqe` bo`ldi ham bu majlisda Shayxning xodimi kirib dediki, uch teva va to`r t ot g`oyib qilibman. Shayx Xojag`a ishorat qilib dediki, ani yaxshi tutingiz! To`rt kishi andoq xushunat bila Xojaga yopushtilarki, go`yo orada qone voqea bo`lubdur”. [15;259]
Yuqorida keltirganimiz parchadagi voqea hali bu shogirdlikka olish uchun o`tkazilgan sinov edi, xolos. Bunda Xoja Bahouddin Qusam Shayx xizmatiga borganlarida, Shayx o`z suhbatdoshlari bilan qovun yeb turgan bo`ladi. Yeb turgan qovunining po`chog`ini Bahouddin hazratlarining oldlariga tashlaydi. Xoja Bahouddin esa bu po`chog`ni ixlos bilan yeydi va bu hol yana ikki bor takrorlanadi. Har ikki holatda ham Xo`ja Bahouddin po`chog`larni yeydi. Shundan so`ng Shayxning bir xodimi kiradi-da, uch tuya va to`rt ot yo`qotganini aytadi. Shunda Shayx mana shuni qattiq ushlanglar deb buyuradilar. To`rt kishi shunday yopishadiki, hatto tanalaridan qon ham chiqadi. Ammo shunday vaziyatda ham Xoja Bahouddin hech qanday e`tiroz bildirmay, sabr toqat bilan jim turaveradilar. Ayni shu o`rinda ustoz bo`lg`usi shogirdining sabr-toqati, ishonch-e`tiqodini sinovdan o`tkazib olgan edi va Qusam Shayxning so`zi bilan aytganda: “To`qqiz o`g`lim bor, sen barchasidan ulug`roq va muqaddamroq”. [15; 259] bo`lib yetishadi.
Alisher Navoiyning falsafiy dostoni bo`lmish “Lison ut-tayr”da esa bunday misollarni ko`plab uchratish mumkin. Mana shunday ustozlar ta`lim-tarbiyasi dostondagi majoziy obrazlarda ham ko`rinadi. Hudhudni Simurg`ni izlab chiqqan qushlarga rahnamoligi uning pirligini ko`rsatsa, uning ortidan ergashib yo`lga chiqqan qushlar esa muridlar ramzidir. Hudhud o`z qo`li ostidagi muridlarga turli o`rinlarda hikoyatlar orqali ma`lum tarbiya va ta`limni berib boradi. Yo`l davomida charchab qolgan To`ti qushlar ichida birinchi bo`lib uzrini aytadi va o`z ojizliklari haqida shunday deydu:
Kim: – “Qushedurmen makonim garmser,
Hind aqsosida qilg`on sayri tayr.
El aro shuhrat fasohatdin tutub,
Nukta birla g`amlig` elni ovutub.
Komronlar manzilim aylab qafas,
Har malolat yetsa aylab hamnafas.
Nozaninlar ilkidin olib xo`rish,
Qand-u shakkar birla topib parvarish.
Ro`baro`yim goh bir ko`zgu bo`lub,
Goh ko`zgu chehralik mahro` bo`lub”. [13; 54-55]
Keltirilgan she`riy parchada To`ti o`zining issiq o`lkalarda, bundan oldin Hindistonda sayr qilib yurib, mazmundor, chiroyli so`zlar aytish bilan el orasida shuhrat qozonganini va o`z so`zlari bilan g`amga botgan elning qalbini ovutishini faxr bilan tilga oladi. Ayniqsa, baxtiyor va davlatmand kishilar qafasidan joy olganda, ular To`tini har qanday falokat-u qiyinchiliklardan asrab-avaylashlarini, shuningdek, nozaninlar qo`lidan qand va shakkar yeb parvarish topishi hamda uning oldida goh ko`zgu, gohida esa ko`zgu chehrali oyjamol turishi, u bundan g`oyat baxtiyor ekanligini aytib o`tadi. Umri davomida doim to`kin va tinch-osoyishta yashaganini aytarkan, so`zida davom etib bunday deydi:
Ko`rmayin umrumda juz kom-u nishot,
Elga nutqimdin yetib yuz inbisot. [13; 55]
Misralar mazmunidan oydinlashadiki, To`ti o`zining aytgan so`zlari elga xush yoqishi, ularga shodlik baxsh etishini aytib iftixor qiladi. Unga javoban Hudhud quyidagi so`zlarni aytadi:
Dedi Hudhud: – “K-ey uzun harfing g`alat,
Barcha guftoring xato birla saxat.
Harza nutqingni fasohat sog`inib,
Kajja lafzingni balog`at sog`inib.
Aytib o`z vasfingda gunogun xilof,
Barchga hashf-u barcha lag`v-u barcha lof.
Xudparastesen, o`zungning oshiqi,
Xudpisandsen – mazammat loyiqi.
Faxr etarsen nutq birla ko`zguga,
Kim erur nutqing munosib kulguga.
Ko`zgu ila bo`lg`aykim tortib yuz balo,
Bergasen lavhi zamiringga jilo”. [13; 55-56]
Parcha keltirganimiz Hudhud so`zlaridan shuni anglash mumkinki, ulug` pir muridi To`tiga nasihat qilib shunday deydi: “Sening barcha so`zlaring yolg`on bo`lib, bu faqat xato va norizoliklardan iborat. Sen o`zining bema`ni aljirashlaringni fasohat, donishmandlik deb bilasan, tuban gaplaringni esa balog`at deb hisoblaysan, ammo barcha aytganlaring uydurma, yolg`on va lofdan iborat. Sen o`zingni o`ylaguvchi xudbinsan, bu ishlaring bilan tubanlikka mansubsan. O`z qarshingda turgan ko`zgu va nutqing bilan faxrlanding, ammo bu nutqing faqat masxaralab kulishga loyiq, xolos. Haqiqiy ko`zgu shuki, yuz balo-yu ofatlarga chidab, zamiring lavhiga jilo berishdir”.
Murshid bu so`zlar bilan muridiga ichki go`zalligiga e`tibor qaratishi lozimligini uqtiryapti. Murid tabiatidagi eng katta illat unda xudnamolikning ustunligidir. Shu bois uning nutqida yashab turgan hayotidan mamnunlik hissi ufurib turibdi. Hudhud mana shu illatni yo’qotishga e’tiborni qaratib, unga qarshisida turgan oynaga emas, aslida o`z qalbi oynasini sof tutmog`i va unda o`z aksini ko`rmog`i lozimligini tushuntirar ekan, bunday fe`l-atvor bilan uzoqqa bora olmasligini aytadi. Fikr dalili sifatida ulug’ shoir dostonda quyidagi hikoyatni keltiradi:
– “G`ofile qo`ydi qadam bozorg`a,
Xayl-u tobe` nafsi badkirdorg`a.
Zarq uchun egnida dalqi Xizrvash,
Lek yoshil barg birla nafsi xush.
Urmish erdi tashlog`on asrori tob,
Ko`rdi do`konlarda ne`mat behisob.
Egri yo`llar ko`rguzib nafsi daniy,
Solibon shayd-u gadoliqqa ani,
Goh taltifi maqol aylar edi,
Goh izhori kamol aylar edi.
Gah karomotin qilib el ichra naql,
Gah etib zohir tariqi shar`u aql. [13; 56-57]
Keltirilgan iqtibosdan oydinlashadiki, butun vujudi yaramas nafsga berilgan g`ofil bir kishi bozorga kirib boradi va egniga Xizrnikiga o`xshash yashil to`n tashlab olib, o`z nafsini mana shu rang bilan xursand qilardi.
U bozor ichida keta turib do`konlardagi turli ne`matlarning behisobligini ko`rdi va o`zini tutib tura olmadi. Uning yomon nafsi turli egri yo`llarga boshladi. U juda mohirlik bilan o`zini gado sifatida ko`rsatib, xalq ichida o`zi haqida har xil so`zlarni ayta boshladi. U goho o`zining kamolotga erishganini izhor etar, goho karomatlar egasi ekanidan afsonalar to`qir edi. Gohida esa shariat va aqlda mumtozligini ko`rsatar edi. Xullas, mana shunday makr-hiyla bilan odamlardan turli xil yegulik, tanga va shuni ta`kidlash lozimki, eng sara narsalarni olib, qopiga solardi. Shu payt nogahon uning oldidan ko`p manzillarni kezib o`tgan, jahongashta bir sohib dil komil kishi chiqib qoldi va unga shunday murojaat qildi:
Dedi: – “Pir ollimda kasb etkanni tut,
Kim ko`raykim hosil aylabsen ne qut. [13; 57]
Keltirilgan misralar mazmunidan shuni anglash mumkinki, ulug` murshid u kishidan qo`lga kiritgan narsalarini ko`rsatishini so`raydi. Boyagi nafsiga qul ochko`z kishi piri komil oldida o`zi yiqqan narsalarning barchasi najosat-u iflosliklar bilan to`la ekanligini ko`rgach, uning taniga o`t tushib, ko`ngli o`rtanadi. Shundan so`ng pir:
Pir yerdin bir ovuch tufrog`-u tosh
Olibon berdi anglakim qil fosh.
Boqsa ul tufrog` emas oltun erur,
Toshlari la`l-u dur-u maknun erur. [13; 57-58]
Keltirilgan baytlar mazmunidan oydinlashadiki, pir unga yerdan bir hovuch tuproq va tosh olib beradi-da: “Ularga qara”, – deydi. U qarasa, qo`lidagi tuproq emas, oltin, toshlar esa la`l va qimmatbaho durlarga aylangan edi. Pirning o`zi esa bu paytda ko`zdan g`oyib bo`lgan edi. Ulug` murshid bu harakatlari orqali, nafs domiga ilingan kishiga halol mehnat qilish lozimligini uqtiradi va halol mehnat bilan topilgan narsaning qimmati beqiyos bo`lishini anglatadi. Ikkinchi bir jihati, komil shaxs o`z ilmi bilan maqtanmaydi, uni ko`z-ko`z qilmaydi, chunki u o`zidan ham zo`r olim va fozil kishi borligini doimo yodda tutadi. Uchinchi jihati, tuproqdek kamtar va xokisor bo`lib, qalbing go`zalligi va zeboligiga e`tibor qarat demoqchi bo`ladi. Hudhud esa mana shunday hayotiy dalil keltirib, To`tini bu yo`ldan sira chekinmaslikka da`vat etadi.
Shunga o`xshagan holatlarni ulug` shayxlar tasvirga olingan hikoyatlarda ham ko`rish mumkin. Ular o`z muridlarini turli usul va vositalar bilan tarbiyalaydilar va ilm yo`lida sobit bo`lishga o`rgatadilar. Bu yo`ldagi tan qusurlariga qarshi kurash choralarini qo`llaydilar. Mana shunday ibratli hikoyatlardan biri Shayx Abu Turob Naxshabiy haqidadir. Pok tabiatli haqiqat ilmidan voqif pir bir muridining yurish-turishidagi o`zgarishi sezib qoladi. Uning kiyimi toza matodan bo`lib, qizil, yashil, sariq, naqshlar bilan ziynatlangan edi. Bunday holatda inson o`zidagi nafsni yenga olmasa, hech bir ilm-u ma`rifatni sohibi bo`la olmasligini tushungan piri komil muridi ta`bidagi ushbu kamchilikni bartaraf etib, uni bu illatdan tamomila forig’ qilish niyatida quyidagicha usulni qo`llaydi:
Har kun o`z nafsi bila razm aylamak,
Dog`i dorus salxqa azm aylamak.
Bir sabatga qo`yning ichak-olotini,
Solibon ixsho-u quzurotini.
Bosh uzra oni qo`yub, mahkam tutib,
Mehnat-u ranjidin oning qon yutib.
Qatralar har yon toshib dastoridin,
Oni o`tkazgay Nasaf bozoridin. [13; 153]
Keltirilgan iqtibosdan oydinlashadiki, muridning tabiatidagi yomon nafs tugamaguncha pir uni har kuni mol so`yiladigan kushxonaga olib borishlarini va qo`yning ichak-chavog`i, axlat va najosatlari solishgan savatni uning boshiga qo`yishni buyuradi. Mana shu holatda Nasaf bozoridan olib o`tinglar, toki u o`z ishining xatoligini tushunib yetguncha bu tadbir davom etishi lozimligini aytadi. Bu holat bir necha marta takrorlanadi va murid kiyimidagi zeb berilgan go`zallikdan asar ham qolmaydi. Ustozning endigi buyrug`i quyidagicha bo`ladi:
Bu mashaqqat qildi chun nafsin halok,
Murshidi komil buyurdi g`usli pok.
Ul marazdan bo`yla qutqardi oni,
Ul xatardan bo`yla o`tkardi oni. [13; 153]
Parcha olganimiz misralardan oydinlashadiki, ilmi Ilohiyda kamolga yetgan murshid shogirdi, ya`ni muridining nafsini o`ldirgandan so`ng, unga yaxshilab yuvinishni buyuradi. Mana shu tarzda o`z shogirdini kasallik va xatardan eson-omon qutqarib oladi. Chunki tasavvuf ilmida nafs barcha ezgu ishlarning dushmani hisoblanadi. Ezgu ishlarning eng a`losi esa ilm-ma`rifat orqali o`zligini anglamoqdir. Muriddagi kamchilik u o`z nafsiga quloq tutib, tashqi tomondan o`ziga oro berishida namoyon bo’lgan edi. Tasavvuf ilmidan ma`lumki, bu yo`lga kirgan murid tashqi emas, ichki go`zallikka e`tibor berishi darkor. Biz yuqorida keltirgan hikoyatda pir o`z muridiga amalda u nimaga intilayotganini tajriba (agar shunday deyish mumkin bo`lsa) asosida ko`rsatib, bu xato yo`ldan saqlab qolgan bo`lsa, bizning navbatdagi olmoqchi bo`lgan misolimizda yana boshqa bir tarbiya usulini ko`rishimiz mumkin.
Arastuning bir shogirdi bo`lib, u juda bilimdon, o`tkir zehinli edi. Shuning uchun donishmand boshqa shogirdlaridan ko`ra uni ko`proq hurmat qilar edi. Ustoz o`ziga ma`lum barcha ilmlarni unga o`rgatdi. Kelajakda shu shogirdini Iskandarga yaqin mulozim qilishni o`ylab yurardi. Bu shogird ilm-hikmat bobida shu darajada yuksaldiki, u hatto ilm-u ma`rifat yig`inlarida Aflotun bilan bahslashadigan darajaga yetdi. Ammo mana shu faylasuf shogird ishq otashida yongach, ishq uning qalbini butunlay zabt etdi. Oxiri o`zi oshiq bo`lgan o`sha go`zalga ham uylandi. U go`zalga shu darajada mahliyo bo`ldiki, hatto ustozidan saboq olishni ham esdan chiqardi. Ulug` pir uning bu holini ko`rib, turli nasihatlar qildi. Ammo bu pand-nasihatlar shogirdiga ta`sir qilmadi. Oxiri ustoz maxfiy chora qo`llashga majbur bo`ldi:
Necha fikr etti hakimi benazir,
Ko`rmadi ul ish da`vosidan guzir.
Maxfiy ondin o`zni tutti chorag`a,
Berdi muhlik doruyi mohporag`a,
Kim yiqildi oh-u fig`on tortibon,
Dam-badam ul notovonlig` ortibon. [13; 171]
Mana ko`rib turibmizki, ustoz yashirincha oy yuzli u go`zalga dori berdi va bu dorni ichgan go`lzal oh-u fig`on tortib yiqiladi. Yigit o`z ilmiga tayanib, turli choralar qilib ko`radi, ammo hech bir ilojini topa olmaydi. Oxiri ustozi oldiga borishga majbur bo`ladi. Ustozi esa:
Dedikim: – “Qo`p, sen bu kun xizmatqa bor,
Tur Skandar hazratida bandavor.
Men mudovo aylayin bemoringa,
Yetkuray sihhat parivash yoringa”. [13; 171]
Keltirganimiz baytlar mazmunidan oydinlashadiki, ustoz shogirdiga Iskandar xizmatiga boraverishini tayinlaydi. O`zi esa uning yorini davolashini aytib, uni jo`natib yuboradi. Ulug` pir mana shundan so`ng parivashga me`dani davolash uchun dori tayyorlab ichiradi va shogirdlariga tayinlaydiki, uning qusganlarini to`kib tashlamay bir idishga solib qo`yishlarini so`raydi. Shogirdlar ustozi aytganiday qilishadi. Go`zal dori tasirida qusganligi uchun oxiri majolsizlikdan yiqilib qoladi. Kechki payt shogird uyga qaytgach, ustoz uni sevgilisi yotgan xonaga kiritadi:
Kirgach, istar edi sho`xi dilkashi,
Ko`dikim yotmish girya noxushi.
Tonumay dedi: – “Mening yorim qani,
Sarv bo`yluq lolaruxsorim qani?” [13; 172]
Misralar mazmunidan ayonlashib turibdiki, ichkariga kirgan shogird o`zining sevgan yorini tanimaydi. Chunki qattiq qusish oqibatida oy yuzlining oldingi go`zalligidan asar ham qolmagan edi. Murid o`zi ko`ngil qo`ygan mahvash bu emasligini aytib, o`z yorini so`raydi. Bu gapni eshitgan donishmand pir shunday deyfi:
Dedi: – “Topshirg`on inoni kelturing,
Nozaninni oshiqig`a yetkuring. [13; 172]
Anglashilib turibdiki, ulug` ustoz shogirdlariga: “Men topshirgan idishni olib keling va nozaninni oshig`iga yetkazing”, – deb buyuradi. Shunda idishni olib keladilar va yigitga tutqazadilar. Yigit idishning ichidagi axlatlar va qusuqlarni ko`radi. Ular shu darajada badbo`y va sassiq ediki, bu hid bursiqib anqib turardi. Shunda ustoz shogirdiga qarab:
Dedi: – “Olg`ilkim parizoding budur,
Guljabinliq sarvi ozoding budur.
Budur ulkim mubtalo bo`lmish eding,
Oshiq-u vola munga bo`lmish eding. [13; 173]
Keltirilgan iqtibosdan ko`rinib turibdiki, ustoz shogirdiga sen mana shunga oshiq va maftun eding. Mana shuni tilayapsan ol endi degandan so`ng, shogird ustoz oldida xijolat tortadi. Buni ko`rgan, ya`ni muridning chinakamiga afsus chekkanini tushungan pir unga bunday deydi:
Dedi: – “Ey farzand, ko`rdum ehtiyoj,
Yo`q anga, bilkim – sanga qildim iloj.
Sen dog`i oshiq sen-u mahbubing ul,
Zori shaydo aylagan matlubing ul.
Bo`yla oshiqliqdin, ey oluda zot,
Pok ishq ahli qoshidadur uyot. [13; 173]
Misralar mazmuni shuni ko`rsatadiki, pir o`z shogirdiga ehtiyoj tufayli mana shunday yo`l tutganini, aslida yoringni davolamadim, men seni davoladim va sening dardingga iloj topdim. Bundan keyin ham u sening sevimli yoring bo`lib qoladi. Ammo bu xil oshiqlik pok ishq kishilariga xos emas. Buni ham tushunishing lozim deya uning xatolarini uqtiradi.
Tasavvuf ilmida insonning jismidagi kasallikdan ko`ra uning ruhidagi xastalikka, ya`ni ma`naviy-ruhiy qusurlarni tuzatishga ko`proq e`tibor berilgan, chunki qalbi pok, ma`naviyati sof insonlargina o`zidan keyingi avlod tarbiyasida samarali xizmat qilishi mumkin. Biz yuqorida ko`rganimiz hikoyatda ulug` pir o`z muridi ma`naviy olamini tozalashda uning yorini, ya`ni u maftun bo`lgan narsa haqiqiy emasligini tushunturish uchun zaharlash usulini qo`lladi. Agar bu xilda oshiqlik davom etadigan bo`lsa, shogirdning barcha egallagan ilmi, ustozning hamma ta`lim va tarbiyasi zoye ketar edi.
Biz keltirmoqchi bo`lganimiz keyingi hikoyatdagi pir tarbiyasi bundan-da qiziqarli. Shayx Boyazid Bistomiy sirlar xazinasining va ma`ni ahlining allomasi bu dunyodan o`tdi. Bir kuni u muridining tushuga kirdi. Shunda shogirdi undan so`radi:
Bir kun oni tushta ko`rdi bir murid,
Dedu: – “Ey ichgan mayi “hal min mazid!”
Bizga holingdin ayon etgil xabar,
Kim sanga ne qildi xayyi dodgar.
Toki imtinoni bo`lg`ay bizga ham,
Furqatingda chun base ko`rdik alam”. [13; 197]
Keltirilgan misralar mazmunidan bilish mumkinki, ulug` pirdan muridlari: “Ilohiy ishq ichra yagona zot hammaga hayot bag`ishlab, adolat ko`rsatuvchi Olloh senga nima qildi. Bizga holingdan xabar ber. Biz sendan ayriliqda ko`p alam chekdik. Bir oz bo`lsa-da bizni tinchlantir”, – deyishganda komil murshid ularga shunday javob beradi:
Murshidi komil dedikim: “Ul zamon –
Kim, lahad qa`ri manga bo`ldi makon.
Ul malaklarkim erur ahli savol,
Bo`ldilar hozir qilurg`a qil-u qol.
Dedilarkim: “Kirdikoring kimdurur,
Xoliq-u parvardigoring kim durur?”
Men dedim: “Bu so`zni mendin so`rmangiz,
Gar javobi demasam yozg`urmangiz.
Aylangiz borib savol ondinki ul –
Bandalig` sori manga berurmi yo`l.
Qullig`img`a gar qabul o`tsa xitob,
Ul xitob – o`q sizga kofiydur javob”. [13; 197]
Keltirilgan she`riy misralar ma`no qatiga e`tibor qiladigan bo`lsak, piri komil aytadiki, uni lahad, ya`ni qabr ichiga olib kirganlaridan keyin savol beruvchi farishtalar mendan: “Sening yaratuvching, adabiy murabbiying kim?” – deb so`radilar. Men esa ularga: “Buni mendan so`ramang agarda savolingizga javob bermasam, ranjimang va aybga buyurmang. Yaxshisi undan, ya`ni sizni so`roqqa yuborgan zotdan so`rang-chi, meni bandam deb qabul qilarmikin? Agar u meni qullugiga qabul qilsa, Shuning o`zi sizlarga javob bo`ladi. Agar meni rad etilganlar qatoriga qo`shsa, ko`nglingiz nimani istasa shuni qiling”, – dedim. Mana shunday ibratli suhbatdan so`ng, yuqoridan shunday xitob keladi:
“K-ey savol ahli bu kim mas`uldur,
Bandayi mustahsan-u maqbuldur.
Bo`lmayin ravshan oning nuriga ko`z,
O`z demoqlik birla kelmas rost so`z”. [13; 198]
Keltirilgan baytlar mazmunidan ko`rinadiki, Tangri uni mas`uliyat bilan so`z aytganini ta`kidlab, uning eng maqbul sevimli bandalaridan biri ekanligini isbotlaganini aytadi. Bu hikoyat mazmunidan ko`rinib turibdiki, murshid o`z muridlarini u dunyoga rixlat qilgandan so`ng ham tarbiyalshda davom etiyapti. Qizig`i shundaki, endi u jismonan ular bilan muloqot qila olmaydi, shuning uchun shogirdlarini tushlari vositasida ruhiy tarbiyalshda davom etiyapti. Hammaga ma`lumki, tush rahmoniy haqiqatdir. “Tush uyqu paytida zehnda yuzaga keladigan voqea-hodisa va tushunchalar demak. So`fiylar tushni sayri sulukdagi ilm va kashf yo`llaridan biri deb bilganlar. [43; 100] Olim bildirgan mana shu fikrlarning o`ziyoq masalaga oydinlik kiritadi. Piri komil tushda ham muridi ko`ngliga to`g`ri yo`lni soladi, uni doimiy tarbiyalab boradi. Ulug` shoirning zukkoligi shundaki, endigi tarbiya usulini tush vositasida juda go`zal va betakror bera olgan.
E`tiboringizga havola etmoqchi bo`layotganimiz keyingi hikoyat ulug` shayx Sufyon Savriy bilan bog`liq. U ham ilohiy suhbatlarning peshvosi edi. Bir kuni ulug` murshid ma`rifat haqida so`z yuritayotganida bir shogirdi so`radi:
“Kim birovkim tengriga tolibdir ul,
Maqsadig`a tengri ne nav o`ldi yo`l”. [13; 258]
Keltirilgan bayt mazmunidan oydinlashadiki, murid tangri vasliga erishmoqchi va unga qanday erishish mumkinligini ustozidan so`raydi. Piri komil esa donolik bilan javob qaytaradi:
Dedi: “Ming manzil masofat onglag`il,
Barchasida dard-u ofat onglag`il.
Nor ila nur o`rtada yeti tengiz,
Har birining vus`ati andozasiz.
Bu tengizlardan qachon qilsang ubur,
Jazb huti ul zamon aylar zuhur.
Mohiyokim har qachon cheksa dam,
Yutqay ikki olam-u xalqin ham.
Bahri istig`no aro topib maqom,
Ul muhit atrofida aylar xirom”. [13; 259]
Keltirilgan iqtibos mazmunidan oydinlashadiki, ulug` pir: “Buning masofasini ming manzildan iborat deb bilgin va ularning har birida turli dard-u ofatlar bor. Bu o`t va nur orasidagi yeti dengizdan tashkil topgan bo`lib, ularning har biri cheksiz kengliklarga egadir. Bu dengizdan o`tmoqchi bo`lsang, qarshingda ulkan baliq paydo bo`ladi. U shunday dahshatliki, ikki olamni bus-butunicha yutib yuborishi mumkin”. Parcha olganimiz bu hikoyatda murshid o`z muridiga nasihatli so`zlar vositasida tarbiya beryapti. Keyingi pirning ibratli harakatlari va amallari uncha-muncha inson qo`lidan kelmaydi. Bunday ishlarni faqat ilmi irfonni chuqur anglab yetgan zot qila olishi mumkin. Shayx Abul Abbos o`z zamonasining peshvolaridan biri bo`lgan. Bir kuni u o`z muridlari bilan xonaqohda o`tirganida bir devona beodoblik bilan xonaqohga kirdi va shunday dedi;
Kirgach o`q minbar sari ko`rguzdi mayl,
Dedi: – “Ey bu xonaqoh sunkkoni xayl.
Oytqon nuktamni yaxshi anglangiz,
Suv to`la ibriq hozir aylangiz.
Toki istinjo sari aylay shuru`,
So`ngra qilg`aymen tahoratga ruju`”. [13; 252]
Misralar mazmunidan ayonlashadiki, devona xonaqohda turuvchilarga suv to`la obdasta olib kelishlarini aytadi va tahorat qilib o`zini poklamoqchiligini uqtiradi. Ulu`g shayx uning aytganlarini bajarishlarini shogirdlariga buyuradi. Muridlardan biri suv to`la obdastani olib borgach, devona uni urib sindiradi va boshqasini olib kelishlarini so`raydi. Muridlar nechta obdasta olib kelishmasin, devona ularning hammasini urib sindiraveradi. Nihoyat, xonaqohda boshqa idish qolmaganligini aytishganda esa shunday deydi:
Dedi: “Gar ibriq yo`qtur qaytingiz,
Boribon o`z shayxingizga aytingiz.
Kim soqolin hozir etsun munda bot,
To topay bu amr bandidan najot”. [13; 253]
Keltirilgan baytlar mohiyatidan oydinlashadiki, devona: “Agar obdasta qolmagan bo`lsa, borib shayxingizga aytingki, bu yerga soqolini olib kelsin. Men bu farzdan qutulay”, – degach, shayx oppoq soqolini tutamlagancha boyagi kishining oldiga boradi. Devona esa shayxning bu xil xislatini ko`rgach, ortiqcha aljirash uchun o`zida quvvat topa olmaydi va shayx oyog`i ostiga yiqilib hushidan ketadi. Ilmi ilohiyda yuksaklikka erishgan pir bir nazar solib, bir gumrohni kamolga yetkazadi. Tasavvuf tili bilan aytganda misni oltinga aylantiradi. Chunki pir nazari poklovchi va da`volovchidir. Bu pir ham o`z muridlariga harakatlari orqali ibrat bo`la oldi, ham bir telbani to`g`ri yo`lga sola oldi.
Tasavvuf peshvolaridan yana biri shohlikdan voz kechib, tasavvuf yo`lini qabul qilgan balxlik mashhur piri komil Ibrohim ibn Adham haqidagi hikoyat ham g`oyat ta`sirlidir. Unda keltirilishicha, Ibrohim Adham tasavvuf yo`lini tutgach, bir kechada shohlikdan voz kechib, qalandarlik yo`lini tutadi. U Balxdan chiqib, Nishopur tomon yo`l oladi. Yetti yil bir tog`ni makon qilib, kuduzlari ro`za tutar, kechasi bilan ibodat qilib chiqar edi. Kechqurungi iftorligi uchun kunduzlari o`tin terib sotardi. Ibrohim Adham shu zaylda yasharkan, bir kun o`tin orqalab kelayotganida bir guruh ruhoniylar uning sulukda nimaga erishganini imtihon qilish maqsadida yo`lini to`sadilar va ulardan biri uni bir musht tushuradi. Shunda Ibrohim Adham bunday javob qiladi:
Kim: “Onikim sen tilaysan qoldi ul,
Balxdin men bu taraf tutqonda yo`l”. [13; 184]
Keltirilgan misralar ma`nosidan oydinlashadiki, o`zini sinovdan o`tkazayotganlarga: “Siz istayotgan kishi Balxda qolgan”, – deb javob beradi. Demak, u hali ham o`zligini anglab yetmagan, so`zlaridan uning bu yo`lning mohiyatini to`la anglab yetmaganligi ayonlashadi. Haligi imtihon qiluvchilar esa uning hali ham xom ekanligini aytishib yo`llarida davom etishadi. Oradan bir yil o`tib, yana o`sha ikki-uch kishi uning yo`lidan chiqadi. Imtihon sharti odatdagidek bajo keltiriladi, ya`ni unga yana bir karra musht tushirib ko`rishadi, ammo bu safar undan sado ham chiqmaydi. Bu holni ko`rgan imtihon qiluvchilar bunday deydi:
Dedilar topib ul oyin birla kom,
Kim suluk ichra ishi bo`lmish tamom. [13; 185]
Misralar mazmunidan ko`rinib turibdiki, uni yana urib ko`rganlarida hech qanday javob bo`lmagach, endi maqsadi yo`lida kamolga yetganini aytishadi va shukr qilishib, o`zlarini tanitishadi. Shu tariqa ular birga Ka`ba sari otlanadilar. Mana ko`rib o`tganimiz hikoyat mazmunida pirlar muridini jazolash orqali sinovdan o`tkazib ko`rishadi. Kamolga yetganini bilishgach, unga o`zlarini tanishtirishadi.
Xuddi shunday hikoyatlardan birida tolib murid Ka`bani ziyorat qilish uchun yo`lga chiqadi. Biston shahrida uni Boyazid uchratadi. Haj safarini ado etgach, orqasiga qaytadi va yana Bistom shahriga yetib kelib, shayx bilan uchrashadi. Shunda ulug` pir unga savol bilan murojaat qiladi:
Shayx uni ko`rgach dedi: – “K-ey rahnavard,
Vasl istab vodiy-yu dargoh navard.
Bir nishone de bizga baytullohdin”,
Bu so`z o`lg`och murshidi ogohdin,
Dedi: – “Ko`rgan uy base oliy erdi,
Uy iyosidin vale xoli erdi”. [13; 283]
Keltirilgan iqtibosdan oydinlashadiki, ulug` pir undan Ollohning uyi haqida so`zlab berishini so`raydi. Bu uchun qancha mashaqqat bosib kelding, endi biror nima ayt degach, u ko`rgan uyi nihoyatda oliy, ammo uy egasidan xoli ekanligini, ya`ni uy egasini ko`rmaganligini aytadi. Shunda ilohiy ilmdan xabardor shayx unga shunday deydi:
Uyga sohib yo`lda erdi hamrohing,
Har qadam urgon yo`lingdin ogohing.
Uyiga yetkurgon ul erdi seni,
Eltibon kelturgon ul erdi seni.
Senda yo`q erdi bu davlatdin shuur,
Tolib erding, lek sa`yingda qusur!” [13; 283]
Baytlar mazmunidan ayonlashadiki, piri komil unga: “Sen istagan uy egasi aslida doim sen bilan birga edi. U yo`lda senga hamrohlik qildi. Har qadamda ogohing bo`ldi. Seni o`z uyiga olib borgan va olib borib sog`-salomat olib kelgan ham uning o`zi-ku! Senda esa buni fahmlashda farosating yetishmadi. Sen garchi tolib bo`lsang-da, nuqsonli, ya`ni qusurlisan. Mana shu qusuring tufayli maqsadingga erisha olmading”, – deya tanbeh beradi. Ko`rinib turibdiki, bu o`rinda ulug` shayx tanbeh berish usuli orqali tarbiyalayapti, zero, pir-u murshidlarda ko`z, so`z, nazar, nafas, amal, tanbeh, nasihat, tush va shunga o`xshagan ta`sir etish usullari orqali boshqalarga g`ayrat, shijoat o`tkazish qobiliyatlari bo`ladi. Shuningdek, fikrni uqish, fikran boshqalar miyasi, ruhiy ongiga ta`sir etish ham mumkin.
Tasavvuf ahli bo`lgan piri murshidlar dunyoviy ilmlarni ham, diniy ilmlarni ham puxta bilishgan. Chunki dunyoviy ilmni bilmay turib, Illoh ilmini, ma`rifatini bilish mumkin emas. Pir qalbi ilm-u hikmat xazinasi, bu ilm esa Olloh sifatlarini topishga qaratilgan bo`ladi va uni anglash orqali to`ldirilib boriladi. Chunki Olloh sifatlarini anglamay turib, inson o`zligini ham anglay olmaydi. Bu yo`lda esa ustoz to`g`ri yo`lga boshlovchi hisoblanadi. Komil pir, haqiqiy ilm sohibi bo`lgan ustoz yetagidagi inson esa har doim hayotda o`z o`rniga ega bo`ladi. Pirning vazifasi esa shogirdi xatosini tuzatish va uni to`g`ri yo`lga boshlash, chunki pirning nazari gunohni o`ldiradi, qalblarni poklab, manmanlikni yo`qotadi. Pirning borlig`i saxovat, ilhom, tarbiya, hushyorlik, amal va undashdan iborat.Yana ham yaxshi tomoni shundaki, pir har bir ta`lim va tarbiyani shogirdiga favqulotda ehtiyotkorlik bilan olib boradi va nazokat bilan tushuntiradi. Shunday yo`l tutadiki, shogirdning ko`ngli ranjimay, ozor chekmay o`z xatosini tushunib yetadi va zo`r ishtiyoq bilan kamchiliklardan forig` bo`lishga intiladi. Chunki tasavvuf ilmida ustozlar avval qadamdirlar. Ular ilm yo`lini shogirdlaridan bosib o`tishgan va ilm sirlarini muridlaridan yaxshi anglashadi. Mana shuning uchun ham ularga ergashgan va piri komilning yo`lini tutgan shogird hurmat va e`tibor topadi. Hayotda o`z orniga ega bo`ladi. Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostonidan olingan ushbu badiiy lavhalar kishi ko`nglidagi takabburlik illatini barham berishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Ulug’ shoir inson tabiatidagi takabburlik illatiga barham berish uchun irfon ahli turli usullardan foydalanganliklariga e’tiborni qaratadi. Boyazid Bastomiy, Abu Turob Naxshabiy, Ibrohim Adham, Abbul Abbos, Abdulla Ansoriy singari tasavvuf darg’alari haqidagi hikoyatlar dostonda o’zgacha joziba baxsh etgan. Ularda tariqat pirlarining, avvalo, o’zlari ko’ngildagi takabburlik illatini yo’qotishda ibrat namunasi bo’lganliklari, shuningdek, muridni sinovdan o’tkazish uchun nihoyatda qiyin shartlarni o’rtaga qo’yganliklaridan tortib, uni tush bilan tarbiyalshga harakat qilganliklarigacha kabi xilma-xil tarbiya usullari o’z ifodasini topganki, ulardan insoniylikning mohiyatini teran anglash mumkin. Insonning o’z nafsini jilovlash bilan ma’naviy kamolotning yuksak bosqichlariga ko’tarilishi ana shunday ibratli hikoyatlar bilan dostonda ochib beriladi. Bular barcha zamonlarda bo’lgani kabi barkamol avlodni tarbilashdek ustuvor vazifa davlat siyosati darajasiga ko’tarilgan bugungi kunimiz uchun ham nihoyatda muhimdir.
XULOSA
Alisher Navoiy jahon adabiyoti tarixida asarlari chuqur donishmandlik va ijtimoiy-falsafiy mazmun bilan sug`orilgan buyuk so`z san`atkorlaridan biri sanaladi. Mutafakkir shoirning hayot va inson haqidagi qarashlari asosan badiiy ijodiyotida murakkab majoziy obrazlar, ramzlar, muayyan nazariy tushunchalarni ifodalovchi obrazlar vositasida yuksak darajadagi shoirona til bilan ifoda etilgan. Bu sohada, ayniqsa, ulug` shoirning “Lison ut-tayr” dostoni o`ziga xos alohida o`rin egallaydi. Buyuk mutafakkir bu dostonini yozishda sharq xalqlari adabiyotida keng qo`llanib kelingan qush tili bilan asar yozish an`anasiga murojaat qiladi va bu borada katta mahorat ko`rsatib, shu usuldagi asarlarning g`oyaviy-badiiy yuksak namunalaridan birini yaratdi.
Majoziy usul orqali, xususan, qush tili vositasida badiiy asar yozish Sharq xalqlari adabiyotida qadimiy va murakkab tarixga ega bo`lib, bu xildagi asarlarning dastlabki namunalarini xalq og`zaki ijodida uchratish mumkin.
Buyuk olim tib ilmining allomayi zamoni Abu Ali ibn Sino qalamiga mansub “Risolatut tayr” asari yozma adabiyotda qush tili vositasida yozilgan falsafiy asarlarning ilk namunasi hisoblanadi. Bu asarning maydonga kelishi Sharq xalqlari badiiy tafakkuri taraqqiyotida chuqur iz qoldirib, ularda yangi bir an`anani – qush tili orqali falsafiy asar yozish an`anasini boshlab berdi.
Bu usuldan foydalanib yozilgan asarlarni tadqiq etish, ularda asar yaratilgan davrning, hattoki bugungi kunning ham dolzarb bo`lgan falsafiy va ijtimoiy-siyosiy masalalari hamda bu sohadagi o`zaro fikriy kurashlar o`ziga xos badiiy shaklda ifoda etilganligini ko`rsatadi. Jumladan, Ibn Sino risolasida muallifning ruh va moddaga oid o`zaro aloqadorligi haqidagi qarashlari majoziy tarzda o`rtaga tashlangan masalalarni ijobiy hal etishga qaratilgan.
Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostoni irfoniy xususiyatlariga ko`ra ham faqat Navoiy ijodida emas, balki o`zbek adabiyoti tarixida ham tamoman yangi voqea bo`lib hisoblanadi. Doston o`zida uyg`onish davrining eng ilg`or insonparvar g`oyalari ruhi bilan sug`orilgan. Inson ulug`vorligini tasdiqlash, uning kuch-qudrati, aql-zakovati, haq-huquqi, erki va tinchligini madh etish, asardagi insonparvar-falsafiy qarashlar badiiy g`oyaning asosini tashkil etadi. Olamdagi barcha narsalar inson tufayli yaratilgan, shuning uchun inson ulardan voz kechmasligi zarur, o`z hayotiga oid barcha muammolarni tashqaridan hech qanday najot kutmay o`zi hal etishi lozimligi va ma`naviy kamolotga intilishini ko`rsatish asarning bosh g`oyaviy yo`nalishi bo`lib hisoblanadi. Bir so’z bilan aytganda, Alisher Navoiy insonlar yuziga ko’zgu tutadi. Asarda insonning o’zligini to’la anglashi muammosi tasavvufiy g’oyalarga tayanilgan holda o’quvchiga yetkaziladi. Alisher Navoiy ushbu ma’rifiy-badiiy dostoni orqali o’zining irfoniy qarashlarini nazokat bilan ko’rsata olgan va jonli obrazlar orqali insonlar qalbiga, ong-u shuuriga singiydigan holatda tasvirlagan. Ulug’ shoirning ushbu dostoni orqali irfon ahlining betakror ilm-u ma’rifatidan bahra olishimiz mumkin deya to’la ishonch bilan ayta olamiz.
Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostonida payg’ambarimiz Muhammad alayhis-salom na’tlariga o’rin berish bilan bir qatorda sahobai kiromlar ham vasf etiladi, ular haqidagi ibratli hikoyatlar o’quvchiga badiiy jihatdan barkamol tarzda yetkaziladi. Ulug’ shoir payg’ambarimizga bag’ishlangan na’tlarni boshqa dostonlarida keltirgani kabi “Lison ut-tayr”da o’ziga xos yo’sinda badiiy ifodalshidan maqsadi musulmonlar, umuman, bashariyat uchun Muhammad alayhis-salomning hayotlari davomida haq dinga targ’ib qilganliklari muhim ahamiyat kasb etishinini yana bir karra badiiy tasvirlashdan iborat edi. Mutafakkir ijodkor payg’ambar siymolarini ushbu dostonda yaratish bilan u kishining hayot tarzi barcha musulmonlar uchun o’rnak bo’lishiga e’tibor qaratadi, shuningdek, Qur’oni karim va payg’ambar hadislarning inson ma’naviy kamoloti uchun asos vazifani o’tashiga ishora qiladi. Ma’naviy kamolot uchun birinchi navbatda iymon-e’tiqot butunligi talab etilishi shunday fazilatlar sohibi bo’lgan xalifai kiromlar sha’niga bitilgan baytlar va hikoyatlar asosida o’quvchiga yetkaziladi. Hazrati Abu Bakr Siddiqning pag’ambarimizga bo’lgan yuksak e’tiqod-u muhabbati, Hazrati Umarning shariyat ahkomlariga bo’lgan hurmati, Hazrati Usmon tabiatidagi hayoning ustunligi va Hazrati Alidagi yuksak ilm-u mislsiz jasorat ibrat sifatida dostonda o’z ifodasini topadi. Bunday yuksak oliyjanob fazilatlar asarda insoniylikning ko’rki sifatida talqin etiladi.
Ishq – bu kishi qalbida shakllanib borayotgan komil inson bo`lish ishtiyoqidir. Ishqning mohiyati o`zlikdan kechish, o`zingdagi xudbinlikni bosish va tiyish, shaxsiy manfaatlaringni sedan chiqarishdir.
“Lison ut-tayr” dostonida ham qalbni chirkinliklardan tozalsh masalasiga diqqat qaratilgani bois ishq uni shaffoflashtiruvchi vosita sifatida qalamga olinadi. Undagi hikoyatlarda ishq tufayli oshiqda qat’iyatning kuchayishi, buning natijasida u maqsadi tomon og’ishmay harakat qilishi, mashaqqat-u riyozatlarda toblanishi o’zining badiiy ifodasini topadi.
Ulug’ shoir inson tabiatidagi takabburlik illatiga barham berish uchun irfon ahli turli usullardan foydalanganliklariga e’tiborni qaratadi. Boyazid Bastomiy, Abu Turob Naxshabiy, Ibrohim Adham, Abbul Abbos, Abdulla Ansoriy singari tasavvuf darg’alari haqidagi hikoyatlar dostonda o’zgacha joziba baxsh etgan. Ularda tariqat pirlarining, avvalo, o’zlari ko’ngildagi takabburlik illatini yo’qotishda ibrat namunasi bo’lganliklari, shuningdek, muridni sinovdan o’tkazish uchun nihoyatda qiyin shartlarni o’rtaga qo’yganliklaridan tortib, uni tush bilan tarbiyalshga harakat qilganliklarigacha kabi xilma-xil tarbiya usullari o’z ifodasini topganki, ulardan insoniylikning mohiyatini teran anglash mumkin. Insonning o’z nafsini jilovlash bilan ma’naviy kamolotning yuksak bosqichlariga ko’tarilishi ana shunday ibratli hikoyatlar bilan dostonda ochib beriladi. Bular barcha zamonlarda bo’lgani kabi barkamol avlodni tarbilashdek ustuvor vazifa davlat siyosati darajasiga ko’tarilgan bugungi kunimiz uchun ham nihoyatda muhimdir. Zero, yurtboshimiz aytganlaridek: “Xalqimizning o`tmishini chin ma`noda eslash, qadr-qimmatiga yetish, urf-odatlarini, udumlarini, o`tgan ne-ne ulug` zotlarning muborak nomlarini tiklash va ularning izzat-hurmatini bajo keltirish – siz-u bizga nasib etganidab faxrlanishimiz kerak.
Bugun biz O`zbekistonimizning har bir fuqarosini buyuk xalqning munosib farzandi ekanini to`la-to`kis anglashga va shu yuksak tuyg`uga yarasha harakat qilishga da`vat etamiz.
Boshqa millatlarning ezgu orzularini hurmat qilgan va tan olgan holda, o`z milliy g`ururimizni yuksak darajaga ko`tarib, oldimizda turgan oliyjanob niyatlarimizga erishmog`imiz mumkin.
Maqsadimiz – odamlarning ko`nglini ko`tarib, ilm-u fanimizni, adabiyotimiz va san`atimizni umumbashariy maydonga qaytadan olib chiqishdir.
Xalqimizning haqiqiy ma`naviy boyliklari bo`lmish iymon, insof, mehr-oqibat, andisha, or-nomus, kattaga hurmat, kichikka izzat, mehmondo`stlik, yurtga va xalqqa sadoqat kabi fazilatlarni asrab-avaylab, farzandlarimizning qon-qoniga singdiraylik, jamiyatimizning kundalik hayotida doimo ustivor qilaylik”. [7; 415-416]
Masala aniq, kelajak ablodning barkamol va yetuk bo`lib yetishishi uchun biz tarixga va mumtoz adabiyotimizning qaynoq bag`rida yaratilgan, insonning ruhiy-ma`naviy shakllanishida muhim rol o`ynaydigan asarlarga ko`proq e`tibor qaratishimiz lozim. Bunday asarlani yoshlar qalbi va shuuriga singdirishimiz darkor.
Alisher Navoiy tomonidan ilgari surilgan g`oyalar real ijtimoiy-tarixiy zaminga ega bo`lib, bugun ham o`z dolzarbligini saqlab qolyapti va va yurtboshimiz ko`targan masala va g`oyalar bilan hamohangdir.
Ulug` shoirning “Lison ut-tayr” dostoni boshqa asarlari kabi o`zbek adabiyotining keyingi davrlardagi taraqiyotiga samarali ta`sir ko`rsatadi. Bu ta`sir asarning ilg`or g`oyaviy mazmuni, unda umumbashariy g`oyalarning hayratomuz badiiy mahorat bilan ifoda etilganligi kabi omillariga bog`liq holda namoyon bo`ladi. Ayniqsa, dostondagi qush tili orqali davrning muhim ijtimoiy-falsafiy muammolarini yoritish, jamiyat va inson axloqidagi turli illatlarni tanqid etish an`analari, shuningdek, axloqiy-ta`limiy xarakterdagi obrazlar ifodasida bera olgan.
Shunday qilib, Alisher Navoiyning yirik epik asari hisoblangan “Lison ut-tayr” dostoni o`zining ilg`or g`oyaviy mazmuni, janriy xususiyatlari, obrazlari tizimi, badiiy bakamolligi va boshqa jihatlari bilan faqat shoir ijodida emas, o`zbek adabiyoti tarixida ham juda katta voqea bo`ldi. U jahon klassik adabiyotida majoziy-falsafiy doston janrida yozilgan o`lmas asarlar qatorida badiiy kashfiyotning porloq timsoli bo`lib qoldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |