RIVOYaTLAR – voqelikni hayotiy uydirmalar asosida aks ettiruvchi, syujet tizimida mifologik obrazlar uchramaydigan, voqelik talqini hududiy –etnografik lokallik kasb etishi bilan xarakterlanadigan, qadimiy asoslarga ega bo’lgan, xalq orasida keng ommalashgan folklor janridir. Ularda hayot voqeligi real aks ettiriladi. Shuning uchun o’zbek xalq og’zaki ijodining qadimiy, an’anaviy va keng tarqalgan janrlaridan biri bo’lgan va hayotiy voqelikni hayotiy uydirmalar orqali bayon etadigan, biror ma’lumot haqida tinglovchiga xabar berish maqsadida hikoya qilinadigan og’zaki nasriy asarlar rivoyat deyiladi.
Xalq hayotida uzoq o’tmishda yuz bergan voqealar, qachonlardir yashab o’tgan tarixiy shaxslar faoliyati haqida hikoya qilinadi. Bir so’z bilan aytganda, rivoyatlar xalq o’tmishining badiiy tarixidir. Shuning uchun ular o’lkamiz tarixini o’rganishda muhim ahamiyat kasb etadi. O’zining ezgu ishlari bilan o’lkamiz tarixida yorqin iz qoldirgan ajdodlarimiz haqidagi haqiqatni bilib olishga yordam beradi.
Rivoyatlar – xalq og’zaki ijodidagi mustaqil, keng ommalashgan epik janrlardan biri. Ular, asosan, informativ vazifani ado etadi. Ya’ni, u yoki bu voqea haqida xabar beradi va uni tasdiqlaydi. Kichik hajmli epik nasr namunasi bo’lgan rivoyatlarda voqelikni bayon qilish usuli retrospektivlikka asoslanadi. Retrospektivlik rivoyat janrining etakchi xossalaridan biridir. Chunki rivoyatlarda tasvirlanayotgan voqelikning zamonaviy yo’nalishi – o’tmishga qaratiladi.
Shu sababli rivoyatlar syujetida ko’pincha voqelikning o’tgan zamonda bo’lib o’tganligiga ishora qiluvchi «qachonlardir», «qadim zamonda», rivoyat qilishlaricha», «bobolarimizning aytishicha», «qadimgi rivoyatlarga ko’ra» kabi an’anaviy formulalar uchraydi. Folklorshunos K.Imomov bu haqda «Rivoyatlarda vaqt nisbatan konkretdir» deb yozsa, M.Jo’raev «Rivoyat janri syujetining vaqt belgisi tarixiy –etnografik aniq muddat ko’rsatkichi bilan ifodalanadi» deya qayd etadi. Xullas, rivoyatlarda tasvirlangan voqealar tarixan aniq vaqt doirasida kechadi.
Rivoyat syujeti tinglovchilar tomonidan chindan bo’lib o’tgan voqeaning talqini deb qaraladi. Rivoyatlar keng xalq ommasi tomonidan ijro etiladi. Professional aytuvchiga ega bo’lmaslik rivoyat janrining o’ziga xos xususiyatlaridan biridir. Chunki rivoyatning asosiy vazifasi axborot berishdan iborat bo’lgani bois, rivoyat aytuvchidan muayyan epik bilim, tajriba, ijrochilik mahorati talab etmaydi.
Rivoyatlarning syujeti sodda, qurilishi oddiydir. Ular ko’pincha bir necha motiv yoki dialog asosiga qurilgan bo’ladi. Ularda badiiy-tasvir vositalari juda kam uchraydi. Rivoyatlarda tasvirlangan personajlar hayotiyligi bilan xalq nasrining boshqa janrlaridagi obrazlar tizimidan ajralib turadi. Ularda g’ayrioddiy xususiyatlarga ega mifologik obrazlar uchraymaydi.
Rivoyatlarda voqelik talqini tashqi epik pozistiyadan turib bayon qilinadi. Chunki uni aytuvchi rvoyatda bayon qilinayotgan voqelikning bevosita ishtirokchisi, guvohi yoki kuzatuvchisi emasdir.
Rivoyatlar badiiy shakli hamda vazifasiga ko’ra afsonalarga juda yaqin turadi. Lekin ularning har biri folklorning ikki mustaqil janri sifatida bir-biridan jiddiy farq qiladi. Jumladan, ular voqelikni bayon etish shakliga ko’ra bir-biridan farqlanadi. Afsonada voqelik xayoliy uydirma, fantastika, mifologik talqin asosida bayon etilsa, rivoyatda, hayotiy uydirma, tarixiy–etnografik aniqlik, reallik asosida hikoya qilinadi.
Rivoyatlar g’oyaviy-mavzuiy jihatdan rang–barang bo’lib, quyidagi guruhlarga bo’linadi:
A) toponimik rivoyatlar,
B) tarixiy rivoyatlar,
Toponimik rivoyatlar yana bir necha ichki ko’rinishga bo’linadi:
a) aholi yashaydigan joylar nomining kelib chiqish sabablarini izohlovchi oykonomik rivoyatlar;
b) suv havzalari - daryo, ko’l, quduq, soy, chashma, ariq nomining kelib chiqishi bilan bog’liq bo’lgan gidronomik rivoyatlar;
v) tog’u toshlar, tepaliklar, g’orlar, cho’llar to’g’risidagi oronomik rivoyatlar;
g) mozor, qabirston nomlari, ziyoratgohlar va muqaddas qadamjolarning nomi bilan bog’liq nekronomik rivoyatlar.
Toponmik rivoyatlarda muayyan jug’rofiy atamaning paydo bo’lishi aniq faktlar va etnofolkloriy detallar bilan tushuntiriladi, joy nomining vujudga kelish sababi izohlanadi.
Tarixiy rivoyatlarda haqiqatda hayotda bo’lib o’tgan voqealar, yashab o’tgan shaxslar to’g’risida so’z yuritiladi. Atoqli va mashhur shaxslarning hayoti va faoliyatini hikoya qilish orqali axloq va odobning ideal normalari tashviq etiladi. Jumladan, To’maris, Shiroq kabi vatanparvarlar, Ibn Sino kabi buyuk tabib, Ulug’bek, Alisher Navoiy kabi olim va shoirlar, Mashrab singari ilohiy ishq yo’liga kirgan oshiq, Amir Temur kabi jasoratli va dono hukmdor, Imom Ismoil Buxoriy, xoja Ahmad Yassaviy, Abduxoliq G’ijduvoniy, Bahouddin Naqshband, Najmiddin Kubro, Xoja Ahrori Valiy singari din va tasavvuf arboblari haqida qator rivoyatlar yaratilganki, ularni xalq hamisha sevib tinglaydi.
Tarixiy rivoyatlar ko’pincha u yoki bu shaxsni ko’rgan-bilganlarning yoki biror tarixiy voqeaning guvohi bo’lganlarning xotira–esdaliklari asosida yaratiladi. Tarixiy rivoyatlarda tarixiy shaxs nomidan boshqa dalil uchramasligi ham mumkin. Ba’zan hatto tarixiy shaxs sayyor syujetlar qolipida hikoya qilinadi. Masalan, A.Navoiyning dono vazirligi, topqir va tadbirkorligi, ziyrakligini izohlash uchun yaratilgan rivoyat «Erksiz folchi», «Ayoz» nomli ertaklar syujeti asosida yaratilgandir.
Tarixiy shaxs va tarixiy voqealarga daxldor rivoyatlar yozib olingan davriga qarab, tarixiy faktni talqin qilish xususiyati bilan bir-biridan farq qiladi. Aytaylik, xalq orasida paydo bo’lgan davridayoq yozib olingan rivoyatlarda tasvirlangan voqea va hodisalar o’sha davr shart-sharoiti va ruhiga mos keladi hamda keltirilgan dalillarning to’liqligiyu aniqligi bilan ajralib turadi. Binobarin, tarixiy janglar haqida yoki uning ta’sirida yaratilgan «To’maris», «Shiroq, «Guldursun» kabi rivoyatlar bunga misol bo’ladi.
“To’maris” Gerodotning “Tarix” asari orqali bizgacha etib kelgan bo’lib, unda massaget qabilasining oqila va jasoratli hukmdori To’maris ismli ayolning o’z elini hiylakor bosqinchi Eron shohi Kir hujumidan omon saqlab qolganligi haqida hikoya qilinadi.
To’maris beva ayolligi uchun Kir unga uylanish bahonasida sovchi yuborib, shu yo’l bilan massagetlar erini osongina o’z tasarrufiga o’tkazmoqchi bo’ladi. Biroq Kirning bu yovuz rejasini To’maris ilg’ab, uni ochiqdan-ochiq kurashga chorlaydi. Kir Krezning maslahati bilan hiyla ishlatib, To’marisning o’g’li Sparganiz boshchiligidagi massagetlarning bir guruhini qo’lga oladi. Sparganiz o’z ahvolidan orlanib, joniga qasd qiladi. Shundan so’ng ikki o’rtada qattiq jang bo’lib o’tadi. Kir bu jangda sharmandalarcha engilib, halok bo’ladi. Jang tugagach, To’maris uning jasadini murdalar orasidan toptirib, uni qon to’ldirilgan meshga tashlaydi va “Men seni qonga to’ydiraman deb bergan va’damning ustidan chiqdim”, -deydi.
“Shiroq” Polienning “Harbiy hiylalar” asari orqali bizgacha etib kelgan. Bu rivoyatda shak qabilasining cho’poni, oddiy otboqar va dostonchi chol Shiroqning o’z qabilasi osoyishtaligini o’ylab o’limga tik borishi, el-yurti uchun fidoyiligi haqida hikoya qilingan.
Shiroq o’z quloq–burnini kesib, go’yo qabiladoshlaridan norozi bo’lgan qiyofada dushman lashkarboshisi oldiga boradi. Uning ayanchli ko’rinishi esa dushman lashkarboshisida ishonch uyg’otadi. Shiroq dushman lashkarini ergashtirib chor atrofi suvsiz dasht-biyobonga olib boradi va ularni aldab, yolg’iz bir o’zi butun boshli dushman qo’shinini engganligini e’lon qiladi. G’azablangan lashkarboshi Ranosbat uni chopib, qiymalab tashlaydi. Shunday qilib, Shiroqning donishmandlarcha o’ylab topgan tadbiri, hiylasi tufayli uning qabiladoshlari dushman hujumidan omon qoladilar.
Yana bir xil rivoyatlar yaratilgandan keyin uzoq vaqt o’tgach, yozib olingan. Ularda tarixiylik va dalillar birmuncha xiralashgan. Ya’ni, ularda tarixiy haqiqat bilan badiiy to’qima, xayoliy uydirma qorishib ketgan. Ular afsonalarga o’xshab qolgan.
Rivoyatlar qat’iy kompozistiyaga ega bo’lmaydi. Ko’pincha ular ikki yoki uch epizoddan tashkil topadi. Ixcham syujetda yaratiladi. Ayrim rivoyatlar go’yo tugallanmagandek, davomi bordek tuyuladi. Rivoyatlarning syujet tizimidagi motivlar yaxlit silsilani tashkil etadi. Ularda ajdodlar kulti, suv kulti, hosildorlik va daraxtlarga aloqador xalq qarashlari, tog’, ranglar, dunyo tomonlari, animizm va totemizm bilan aloqador qadimiy tasavvurlarning epik talqinlari o’z ifodasini topgan.
O’zbek xalq rivoyatlari K.Imomov, S.Umarov, M.Jo’raev, U.Sattorov kabi olimlar tomonidan maxsus tadqiq qilingan.
NAQL atamasi Yaqin va O’rta Sharq xalqlari orasida “Zarbulmasal” deb yuritilgan. K.Imomov esa uni matal deb ataydi. “Naql” asli arabcha so’z bo’lib, joydan joyga eltmoq, biror ertak, voqea, maqol, xabarlarni so’zlab bermoq, naql qilmoq ma’nolarini anglatadi. O’tmishda qadimgi turkiy yodnomalar, xalq kitoblari, qo’lyozmalardagi mif, ertak, afsona, rivoyat, doston, maqol, matal, topishmoqlar ham naql deb yuritilgan. Lekin hozir u faqat folklorning mustaqil bir janriga nisbatan qo’llanadi.
Naql – o’zbek xalq og’zaki ijodida alohida, mustaqil, keng tarqalgan janrlardan biri. Uning namunalari og’zaki nasrning kattagina qismini tashkil etadi.
Turmushdagi turli narsa va hodisalarni izohlashga qaratilgan axloqiy-didaktik mazmundagi, ramz va majozga asoslanuvchi kichik og’zaki hikoyalar naql deb yuritiladi.
Naql xalq donoligining o’ziga xos ifodasi bo’lib, asosan, axloq normalari haqida bahs yuritadi. Shuning uchun uning asosida har doim o’git –nasihatomuz fikrlar yotadi.
Kishilar o’rtasida axloq tamoyillari, dunyoviy tushunchalar haqida fikrlash ehtiyoji naqllarning paydo bo’lishiga sabab bo’lgan.
Naqllarning tuzilishi juda sodda, hajmi ixcham bo’ladi. Unda bayon qilinayotgan fikr ixchamligi, oddiyligi, etnologik xarakteri, didaktik mazmuni, informativ-estetik vazifasi bilan diqqatni tortadi. Naqllar badiiy-tasvir vositalariga u qadar boy bo’lmaydi, mubolag’asiz yaratiladi.
Naqllar ma’lum bir hayotiy ehtiyoj munosabati bilan aytiladi. Besabab aytilmaydi. U ko’pincha muhokamaga sabab bo’lgan voqeani tasdiqlash yoki axloq qoidalarini buzib ish yuritayotgan biror-bir shaxsni ogohlantirish yoxud noto’g’ri tushunchani tartibga solish maqsadida aytiladi. Shu bois naqlning majoziy ma’nosi va ta’limiy-tarbiyaviy vazifasi uning asosiy belgisi hisoblanadi.
Naqllarning yuzaga kelishi va shakllanishida quyidagilar bosh omil bo’lgan:
1.Xalqning hayotiy tajribasi va dono falsafasi.
2. Mashhur hind xalq kitobi “Panchatantra” va uning tarjimalari, “Kalila va Dimna”, shuningdek, arablarning mashhur “Ming bir kecha” ertaklari.
3.O’zbek xalq ertak va maqollari.
Maishiy hayotdagi o’rnak bo’larli voqea-hodisalar, ibratli axloqiy tushunchalar naqllar uchun mavzu qilib belgilangan.
Naqllarda voqelik hayotiy va xayoliy uydirma vositasida tasvirlanadi. Ulardagi obrazlar umumlashma xarakter kasb etadi va yaxshilik hamda yomonlik timsoli sifatida o’zaro zidlikda keltiriladi. Shu yo’l bilan targ’ib qilinayotgan axloqiy tushunchaning u yoki bu tomoni aniqlashtiriladi. Shuning uchun naqllarda ramz va zid qo’yish san’ati etakchi rol o’ynaydi.
Naqlning echimi kutilmaganda, favqulodda sodir bo’ladi. Bunga sabab bo’ladigan voqea esa oldindan sezilmaydi. Naqlda targ’ib etiladigan o’git unda ifodalanayotgan voqealar mazmunidan kelib chiqilgan holda anglatiladi.
Naqllar shakl va mazmuniga qarab ikki guruhga bo’linadi:
Sinkretik naqllar.
Sof naqllar.
Do'stlaringiz bilan baham: |