Soha fastsiyasi (fascia glutea) bel – ko‘krak fasciyasining (fascia thoracolumbalis) davomidir. U pastda yonbosh suyagining qirrasiga birikadi va katta dumba mushagining yuqori chekkasida ikkiga bo‘linib, shu mushak g‘ilofini hosil qiladi. Mushakning pastki chekkasiga o’tgach, ikkala varaqlar yana o‘zaro birlashib, pastga – songa o’tadi va sonning serbar fastsiyasi (fascia lata) bo‘lib davom etadi. Fassial g‘ilofning orqa sohasidan dumbaning katta mushagiga juda ko‘p mushaklararo tolalar chiqib, bu tolalar fastsiyani mushakka mustahkam biriktirib qo‘yadi.
Dumba sohasidagi mushaklar uch qavat bo‘lib joylashadi. Uning birinchi qavatida, dumbaning katta mushagi (m. gluteus maximus) yotadi. Uning tolalari yuqoridan ichkariga, pastdan tashqariga qarab yo‘nalgan bo‘ladi. Mushakning ostida siyrak yog‘ to‘qimasi bilan ikkinchi qavatda joylashgan dumbaning o‘rta mushagi (m. gluteus medius), noksimon va ichki yopqich mushaklari yotadi. Bu mushaklarning paylari sohaning yuqori va pastki egizak (m. gemellus) va sonning kvadrat mushaklari (m. quabratus femoris) bilan yopilib turadi. Bu qavatda chanoq ichidan chiqib keladigan qon tomir va nervlar o’tadi. Arteriyalarning barchasi ichki yonbosh arteriyasining, nervlari- dumg‘aza chigalining tolalaridir.
Quymich nervi ko‘pincha noksimon mushak osti teshigidan chiqib, ikkinchi qavat mushaklari orqasida yotgan holda, pastga- songa tushadi. Uning o‘sha joydagi tashqi tasviri. Katta ko‘stni quymich do‘mbog‘i bilan birlashtiradigan chiziqning o‘rtasiga to‘g‘ri keladi. Sonning orqa teri nervi uning orqa yuzasiga tushib o‘zidan teri tarmoqlarini beradi.
Uchinchi qavat mushaklariga, kichik dumba mushagi bilan tashqi yopqich mushagi kiradi. Oxirgi mushak, yopqich teshigi pardasining tashqi sohasidan va uning qirralaridan boshlanib, son suyagi bo‘ynini (collum ossis femoris) ichkari va orqa tomonidan aylanib o’tadi va katta ko‘st chuqurchasiga (jossa trochanterica) birikadi. Tashqi yopqich mushakning payi orqadan – sonning kvadrat mushagi bilan yopilib turadi.
Dumba sohasida chuqur joylashgan ikkita yog‘ to‘qima bo‘shliqlari bo‘ladi. Bularning birinchisi – katta dumba mushagi bilan, ikkinchi qavat mushaklari orasida, ikkinchisi o‘rta dumba mushagi bilan kichik dumba mushaklari orasida hosil bo‘ladi. Birinchi yog‘ to‘qima bo‘shlig‘i quymich nervi bo‘ylab, sonning orqa sohasida joylashgan chuqur yog‘ to‘qima bo‘shlig‘i bilan, noksimon mushagi osti teshigi orqali – kichik chanoq yog‘ to‘qima bo‘shlig‘i bilan va kichik quymich teshigi orqali – quymich – to‘g‘ri ichak chuqurligidagi yog‘ to‘qimalari bilan aloqa qiladi. Ikkinchisi o‘rta va kichik dumba mushaklarning fassial g‘ilofi ichida hosil bo‘lganligi sababli, hech qaуer bilan aloqa qilmaydi. Yuzaki limfa yo‘llari chov limfa tugunlariga, chuquri esa chanoq limfa tugunlariga borib quyadi.
Sohaning asosini chanoq suyagi (os coxae), dumg‘aza, dum va son suyaklari (femur) tashkil qiladi. Quymich suyagining (os ischi) orqasida ikkita – katta (incisura ischiadica major) va kichik quymich o‘yma (incisura ischiadica minor) lari bo‘lib, ularni quymich suyagidagi o’tkir o‘siq (spina ischiadica) ikkiga bo‘lib turadi.
Quyidagi ikkita katta va pishiq boylamlar bo‘g‘imlardan uzoqda, chanoq suyagi bilan dumg‘aza suyagi o‘rtasida tortilgan bo‘lib, bulardan biri lug. sacrotuberale deb ataladi. U dumg‘aza suyagining tashqi chetidan boshlanib, quymich do‘ngligining (tuber ischiadicum) orqa medial yuzasiga yopishadi. Buning oqibatida shu boylam bilan katta quymich o‘ymasi o‘rtasida katta quymich teshigi (foramen ischiadicum majus) hosil bo‘ladi. Ikkinchi boylam ham dumg‘aza suyagining chetidan boshlanib, chanoq suyagidagi quymich qirrasi (spina ischiadica) ga borib yopishadi va o‘z yo‘lida lug. sacrotuberale bilan kesishadi. Lug. sacrosrinale deb ataladigan bu boylam, chanoq suyagidan kichik quymich o‘ymasi o‘rtasida kichik quymich teshigi (foramen ischiadicum minus) ni hosil qiladi.
Katta quymich teshigi orqali chanoqdan noksimon mushak (m.piriformis) o’tadi. Lekin bu mushak teshikni butunlay to‘ldirib o’tmaganligi tufayli, uning ustida va ostida ochiq joylar – teshiklar hosil bo‘ladi. Ustki teshikka – noksimon mushak usti teshigi (foramen suprapiriformis), ostki teshikka – noksimon mushak osti (foramen infrapiriformis) teshigi deyiladi. Bu teshiklardan qon tomirlar va nervlar o’tadi. Yuqorigi teshikdan dumbaning yuqori arteriyasi, venasi va nervi (vasa glutea superior) o’tib, bunda nerv arteriyaga nisbatan bir oz tashqarida va pastroqdan o’tadi. Arteriyasi ancha kalta. Uning va nervning tolalari chuqurroqda – dumbaning o‘rta va kichik mushaklari orasida joylashib, ular mushaklarni hamda serbar fastsiyani (m. tensor fascia lata) qon bilan ta'minlaydi va innervatsiya qiladi. Pastki teshikdan esa dumbaning arteriyasi, venasi va nervi hamda quymich nervi, ichki uyatli arteriya, vena va nervi, pastki dumba va sonning orqa teri nervlari hamda ichki yopqich mushak (vasa glutea inferior, n. ischiadicus, vasa pudenda interna, n. cutenus femoris posterior et. m. obturatorus internus) lar o’tadi.
Bu qon tomir va nerv tutamlarining o‘zaro munosabati quyidagicha bo‘ladi: ichkarida – boylamga yaqinroq, uyatli nerv hamda ichki uyatli qon tomir va nervlari joylashadi. Ulardan tashqarida – pastki dumba nervi, sonning orqa – nervi, dumbaning pastki qon tomirlari va quymich nervi o’tadi.
Dumba sohasining tashqi belgilaridan yonbosh suyagining qirrasini, katta ko‘st suyagini, quymich do‘mbog‘ini paypaslab aniqlash mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |