Boldir (reg. cruralis). Boldir sohasi yuqoridan katta boldir suyagi do’ngligi, pastdan – to’piqlar asosidan o’tkazilgan aylanma chiziqlar bilan chegaralanib turadi. To’piqning medial qismidan katta boldir suyagining medial do’mboqchasiga, to’piqning lateral qismidan kichik boldir suyagini boshchasigа o’tkazilgan ikkita vertikal chiziqlar orqali boldir oldingi va orqa sohalarga bo’linadi.
Boldirning oldingi sohasi (reg. cruralis anterior). Boldirning oldingi yuzasida butun uzunasi bo’ylab katta boldir suyagining medial yuzasini, uning g’adir-budur chizig’ini hamda kichik boldir suyagi boshchasini paypaslab aniqlash mumkin. Soha ichki yuzasining terisi tashqi sohasinikiga qaraganda kam harakatchan bo’ladi. Sohani uchta nerv: teri osti nervi - ichki yuzasini boldirning tashqi teri nervi - tashqi yuzasining yuqori sohasini va yuzaki kichik boldir nervi (p. peroneus superfi - cialis) va tashqi yuzasining pastki sohasini innervatsiya qiladi.
Teri osti yog’ to’qimasi siyrak, boldirning medial yuzasida kamroq uchraydi. Shuning uchun ham oyoq biron joyga urilganda qattiq og’riydi. Soha qon bilan kam ta`minlanganligi sababli, to’qimasining jarohati sekinlik bilan bitadi. Yog’ to’qimadan teri nervlari hamda katta teri osti venasi o’tadi (katta boldir suyagining oldingi yuzasida).
Sohaning yuzaki fastsiyasi bir varaqdan iborat. Boldirning xususiy fastsiyasi (fascia cruris) son serbar fastsiyasining davomi bo’lib, juda pishiq. U boldirning yuzaki sohasidagi mushaklarga birikib, katta boldir suyagining medial yuzalari bo’ylab uning suyak usti pardasiga birikadi. Kichik boldir suyagining oldingi va orqa yuzalariga, boldir xususiy fastsiyasidan ikkita, oldingi va orqa mushaklararo to’siqlar (septum intermuscularia anterius et posterius cruris) ajralib, ikkita (oldingi va tashqi) fastsial g’iloflarni hosil qiladi. Bu gi’loflar mushaklar bilan birikkani uchun tarang holatda bo’ladi. Shuning uchun ham har xil jarohatlarda bu erda anaerob mikroblarning rivojlanishiga etarli sharoit hosil bo’ladi.
Oldingi fastsiyalararo g’ilof oldindan - boldir fastsiyasi bilan, ichkaridan - katta boldir suyagi bilan, tashqaridan - oldingi mushaklararo to’siq bilan, orqadan - boldirning suyaklararo pardasi bilan chegaralanadi. Uning ichida uchta mushak: boldirning oldingi mushagi (m. tibialis anterior) - ichkaridan, barmoqlarni yozuvchi uzun mushak (m. extensor digitorum longus) - tashqaridan va ularning orasida hamda boldirning pastki qismida - bosh barmoqni yozuvchi uzun mushak (m. extensor hallicis longus) lar joylashadi.
Tashqi fassial g’ilofni oldindan va orqadan - mushaklararo to’siqlar, tashqaridan - boldirning xususiy fastsiyasi va ichkaridan - kichik boldir suyagi chegaralab turadi.
Bu g’ilofda boldirning uzun va kalta kichik boldir mushaklari yotadi.
Tashqi mushaklar g’ilofida tizza osti chuqurchasidan umumiy kichik boldir nervi o’tadi. Bunda u, kichik boldir uzun mushagining boshchalari oralari bilan kichik boldir suyagining boshchasi orasidan o’tadi. Shuning uchun ham kichik boldir suyagida va uning bosh qismi sohasida operatsiyalar o’tkazilayotgan vaqtda, bu nerv zararlanmasligi uchun suyakka, uning pardasi ostidan borish kerak. Umumiy kichiк boldir nervi bu erda uzidan bir nechta mushak tolalarini chiqarib, g’oz panjasini hosil qiladi, so’ngra ikki qismga: yuzaki hamda chuqur kichik boldir nervlariga bo’linadi.
Yuzaki kichik boldir nervi, kichik boldir suyagi bilan kichik boldirning uzun mushaklari orasida pastga tushadi. Bu oraliqqa yuqorigi mushak - boldir kanali (canalis musculoperoneus superior) deyiladi. Nerv kanaldan chiqqach kichik boldirning uzun va kalta mushaklari oralig’iga o’tadi va bu mushaklarga tarmoqlar berib, boldirning o’rta va pastki uchliklarida xususiy fastsiyani teshib o’tadi. So’ngra teri osti yog’ to’qimasiga chiqqach, teri nerviga aylanadi.
Chuqur kichik boldir nervi oldingi mushaklararo to’siqni teshib, oldingi mushaklar g’ilofiga o’tadi. U erda ancha chuqur joylashib, suyaklararo parda ustida, katta boldir oldingi mushagi bilan barmoqlarni yozuvchi uzun mushaklar orasida yotadi. Boldirning pastki yarmida esa, katta boldir oldingi mushagi bilan bosh barmoqni yozuvchi uzun mushaklar orasida joylashadi.
Chuqur kichik boldir nervi bilan birga, o’zining ikkita venasi kuzatuvida, oldingi katta boldir arteriyasi (a. tibialis anterior) ham o’tadi. Bu arteriya taqim arteriyasining tarmog’i bo’lib, boldirning oldingi sohasiga boldir - tizza osti kanalidan (canalis cruropopliteus) o’tib, suyaklararo pardadagi teshik orqali chiqib keladi.
Qon tomir va nerv tutamlarining tashqi tasviri yuqoridan katta boldir suyagi do’mbog’i bilan kichik boldir suyagi boshchasining o’rtasidan, pastdan - ikkala to’piqlarning o’rtasigacha o’tkazilgan to’g’ri chiziq bo’ylab o’tadi.
Bunda boldirning yuqori uchligida nerv, arteriyadan tashqarida yotadi, o’rta uchligida – arteriya uni oldindan kesib o’tadi, pastki uchlikda - undan ichkarida joylashadi (22- rasm).
Oldingi fassial g’ilofning mushaklarini (panja va barmoqlarni yozuvchilar) chuqur kichik boldir nervlari innervatsiya qiladi.
Umumiy kichik boldir nervi jarohatlanganda boldir - tovon bo’g’imida yozish harakati chegaralanib qoladi. Bunda oyoq panjasi deyarli osilib (antagonist mushaklari tortishi natijasida) ”ot tuyog’i” ga o’xshash holatni egallaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |