Boldirning orqa sohasi (regio cruris posterior). Terisi yupqa, harakatchan, boldirning lateral va medial teri nervlari bilan innervatsiyalanadi. Teri osti yog’ to’qimasi yaxshi rivojlangan, unda oyoqning kichik teri osti venasi bilan teri osti nervlari o’tib, vena boldirning pastki uchligida uning medial va lateral teri nervlaridan hosil bo’lgan boldir nervi (n. suralis) bilan birga yotadi. Boldirning o’rta uchligida, kichik terи osti venasi xususiy fastsiyani teshib, uning ichida - Pirogov kanalida joylashadi. Boldirning yuqorigi uchligida bo’lsa, xususiy fastsiyaning ostida, boldir mushagi boshchalarining orasida medial teri nervi bilan birga yotadi.
Boldirning xususiy fastsiyasi tizza osti fastsiyasining davomi bo’lib, bu sohada u o’zidan boldirning chuqur pardasini (lamina profunda fasciae cruris) beradi. Bu chuqur parda boldirning orqa yuzasida joylashgan mushaklarni yuzaki va chuqur qismlarga bo’ladi. Yuzaki joylashgan mushaklarga boldir mushagi (m. gastrocnemius), tovon mushagi (m. plantaris) va kambalasimon (m. soleus)mushaklari, chuqur mushaklarga - katta boldir orqa mushagi (m. tibialis posterior), bosh barmoqni bukuvchi uzun mushak (m. flexor hallicis longus) va barmoqlarni bukuvchi uzun mushak (m. Flexor digitorum longus) lar kiradi.
Boldir mushagi son suyagining medial va lateral o’siqlaridan boshlanib, boldirning pastki qismida kambalasimon mushak payi bilan birga qo’shilib, kuchli pay - Axill payini (tendo calcaneus Achillis) hosil qiladi va tovon suyagining orqa do’mbog’iga (tuber calcanei) birikadi.
Boldir mushagining ostida yupqagina tovon mushagi joylashadi. Bu mushak son suyagi lateral o’sig’ining yuqorisidan boshlanib, tovon suyagining do’mbog’iga birikadi. Uning ostida kambalasimon mushagi joylashib, u kichik boldir suyagi yuqori uchligining orqa sohasidan boshlanib, boldir mushagi payi bilan birga, tovon suyagining orqa do’mbog’iga birikadi. Shunday qilib, ikki boshli boldir mushagi bilan kambalasimon mushaklarini o’zaro Axill payi orqali qo’shilishiga, boldirning uch boshli mushagi (m. triceps surae) ham deyiladi.
Kambalasimon mushakning boshlanish qismidan yuqoriroqda, taqim mushagi (m. popliteus) yotadi. U son suyagining medial o’sig’idan boshlanib, katta boldir suyagi yuqori uchligining orqa yuzasiga birikadi.
Taqim mushagi bilan kambalasimon mushakning payli yoyi (arcus tendineus) oralig’ida boldirning orqa yuzasiga, tizza osti chuqurchasidan qon tomir va nerv tutamlari o’tadi. Ularning boshlang’ich qismi boldir mushagining boshchalari ostida yotadi.
Yuqorida aytganimizdek, yuzaki mushaklarning ostida parda bilan ajralib turgan boldirning chuqur joylashgan mushaklari joylashadi. Bulardan katta boldir orqa mushagi (m. tibialis posterior), o’rtaroqda - suyaklararo parda ustida yotadi. Bosh barmoqni bukuvchi uzun mushak - undan tashqarida va barmoqlarni bukuvchi uzun mushak - undan ichkarida yotadi. Bularning hammasi ham boldir suyaklaridan va suyaklararo pardadan boshlanadi.
Yuzaki va chuqur guruh mushaklari orasida, tizza osti - boldir kanalida (canalis cruropopliteus Gruberi) boldirning orqa sohasidagi qon tomir va nerv tutamlari o’tadi. Bular: katta boldir orqa arteriyasi (a. tibialis posterior), shu nomli ikkita vena va katta boldir nerv (n. tibialis) laridir. Nerv butun soha bo’ylab arteriyadan tashqarida va orqada joylashadi. Bularning tashqi tasviri: yuqoridan - katta boldir suyagining medial qirrasidan 1 sm orqadan, pastda - Axill payi bilan medial to’piq o’rtasigacha o’tkazilgan chiziqqa to’g’ri keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |