Tizzaning orqa sohasi (reg. genus posterior). Sohaning tashqi belgilaridan – tizza osti chuqurchasi (fossa poplitea), oyoqni tizza bo‘g‘imidan bir oz bukkanda ko‘zga yaqqol ko‘rinadi. Chuqurchaning shakli rombsimon bo‘lib, uni yuqori va tashqaridan – ikki boshli mushakning payi, yuqori va ichkaridan – yarimpay va yarimparda mushaklarning paylari, hamda pastdan – ikrasimon mushakning medial va lateral boshchalari chegaralab turadi. Bundan
tashqari, sohaning pastki lateral tomonida kichik boldir suyagining boshchasini ham paypaslab topish mumkin.
Sohaning terisi yupqa, harakatchan, sonning orqa teri nervi bilan innervatsiyalanadi. Teri osti yog‘ to‘qimasi siyrak, uncha ko‘p emas. Ayrim vaqtlarda bu уerdan oyoqning kichik teri osti venasi (v.saphena parva) o’tib, tizza osti (taqim) venasiga quyiladi.
Yuzaki fastsiya bu уerda juda yupqa. U teri osti yog‘ to‘qimasi bilan sonning serbar fastsiyasining davomi bo‘lmish xususiy fastsiyani (fascia poplitea) bir –biridan ajratib turadi. Xususiy fastsiyaning ostida, chuqur yog‘ to‘qimalari orasida orqa sohaning katta qon tomir va nerv tutamlari o’tadi.
Tizza ostining yuqori burchagidan quymich nervi kirib keladi. U ko‘pincha shu sohada ikkiga: umumiy kichik boldir (n. peroneus communis) va katta boldir (n.tibialis) nervlariga bo‘linadi. Umumiy kichik boldir nervi chuqurchaning lateral tomoniga yo‘nalib, son ikki boshli mushagi payining ichki tomonida – xususiy fastsiya ostida yotadi.
Nervning tashqi tasviri tizza osti chuqurchasi cho‘qqisini kichik boldir suyagi boshchasi bilan birlashtiradigan chiziqqa to‘g‘ri keladi. Chuqurcha sohasida umumiy kichik boldir nervi o‘zidan boldirning tashqi teri nervi tarmog‘i (n. cutenus suraуe lateralis) ni berdadi.
Katta boldir nervi quymich nervining yo‘lini davom ettirib, tizza osti chuqurchasining cho‘qqisidan to‘g‘ri pastga taqim arteriyasi (a. poplitea) va venasi (v.poplitea) bilan birga yo‘naladi. Bunda, taqim venasi – o‘rtada, uning ustida – katta boldir nervi, ostida - taqim arteriyasi joylashadi. Bularning tashqi tasviri tizza osti chuqurchasining o‘rtasidan o’tkazilgan vertikal chiziqqa to‘g‘ri keladi. Bu sohada katta boldir nervidan boldirning medial teri nervi (n. cutenus surae medialis) chiqib, boldir mushagining (m. gastrocnemius) boshchalari orasidan o’tgach, boldirga tushadi. Taqim osti venasi, boldir orqa katta venasining (v. tibialis posterior) davomi bo‘lib, bu уerda unga kichik teri osti venasi ochiladi.
Son arteriyasining davomi bo‘lgan taqim arteriyasi, tizza osti chuqurchasiga sondagi yaqinlashtiruvchi mushaklar kanalidan o’tib, katta yaqinlashtiruvchi mushak payidagi yoriqdan (hiatus tendineus addictorius) kirib keladi. Bu sohada undan mushaklarga boradigan tarmoqlardan tashqari quyidagi tarmoqlar tizza bo‘g‘imiga boradi: 1) tizzaning yuqorigi medial va lateral arteriyalari (a.a.genus superioris medialis et lateralis) son suyagi do‘mboqchalaridan yuqoriga qarab ko’tariladi; 2) tizzaning o‘rta (toq) arteriyasi (a. genus media) bir – biri bilan kesishgan tizzaning boylamlariga (lig. cruciatum genus) boradi; 3) tizzaning pastki medial va lateral arteriyalari (aa. genus inferioris medialis et lateralis) boldir mushagining boshchalari ostidan o’tadi.
Taqim arteriyasi son suyagiga, ayniqsa katta boldir suyagiga yaqin o’tadi. Shuning uchun ham son suyagining do‘mboqchalari sohasidan sinishi, singan suyakning yuqori bo‘lagini tortish ta'siri ostida ichki tomonga (yaqinlashtiruvchi mushaklarning tortish ta'siri) qarab qiyshayishiga, paski bo‘lagini esa – orqa tomonga (boldir mushagining tortish ta'siri) qarab qiyshayishiga va natijada bo‘laklar orasida qolgan taqim arteriyasining jarohatlanishiga olib kelishi mumkin.
Tizza osti chuqurchasining tubini taqim mushagi (m. popliteus) va son suyagining taqim yuzasi (fasciуes poplitea) hosil qiladi
Tizza osti chuqurchasi yog‘ to‘qimasi, boldirning chuqur joylashgan yog‘ to‘qimalari bilan, sonning orqa sohasidagi yog‘ to‘qimalari bilan va yaqinlashtiruvchi mushaklardagi qon tomirlar yo‘li orqali, sonning oldingi sohasidagi yog‘ to‘qimalari bilan aloqa qiladi. Bu aloqalar yiringli jarayonning bir sohadan ikkinchi sohaga tarqalishiga yo‘l ochib beradi.
Tizza osti chuqurchasidan uning katta qon tomir va nerv tutamlari o’tib, bulardan eng yuzada n. tibialis, chuqurda – a. poplitea va ularning o‘rtasida v.poplitea o’tadi. Ularning tashqi tasviri chuqurchaning o‘rtasidan o’tkazilgan vertikal chiziqqa to‘g‘ri keladi.
Tizza osti chuqurchasida limfa tugunlari (nodi lumphatici poplitealis) joylashib, ular 3 guruhni tashkil qiladi. Birinchi guruhdagi limfa tugunlariga yuzaroqda – xususiy fastsiya ostida joylashgan limfa tugunlari kiradi. Ikkinchi guruhdagi limfa tugunlari – chuqurroqda, taqim qon tomirlari bo‘ylab joylashadi va nihoyat, uchinchi guruhdagi limfa tugunlari tizza bo‘g‘imi qobig‘ining orqa yuzasida joylashadi. Bu limfa tugunlariga oyoq panjasi hamda boldirning hamma chuqur limfa yo‘llaridan limfa suyuqligi kelib quyiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |