Elaksimon naylar yoki to’rsimon naylar. Bu tirik hujayralarning po‘sti avval yupqa, keyinchalik qalinlashadi, biroq sellyulozaligicha qoladi, ya’ni yog‘ochlanmaydi. Elaksimon naylar orqali bargda tayyorlangan plastik moddalar o‘simliklarning barcha organlariga boradi, ya’ni pastga tushuvchi oqim harakatlanadi. Bu naylar bir-birlari bilan uzunasiga birlashgan iaychasimon hujayralar sistemasidan iborat bo‘lib, ularning birlashgan ko‘ndalang to‘siqlarida elakdagiga o‘xshash mayda teshiklar bo‘ladi. Shu sababli bu teshiklar elaksimon naylar deyiladi. Ikkita elaksimon naylarni birlashtirib turuvchi ko‘ndalang po‘stlarning yupqa joylari elaksimon maydonlar yoki teshik maydonlari deyiladi. Elaksimon maydonlari bo‘lgan ikkita shunday naylarni biriktirib turuvchi umumiy po‘stni esa elaksimon plastinka deyiladi. Xuddi shunga o‘xshash elaksimon plastinkalar hamda oddiy poralar bu naylarning yon qobiqlarida ham bo‘ladi. Ana shunday elaksimon plastinkalarning mavjudligi bu hujayralarni bir-biri bilan uzviy bog‘laydi va ular orqali plastik moddalarning o‘tib turishini ta’minlaydi (27-rasm).
27-rasm. Floema elementlari bo’ylama (A) va qovoq poyasi floemasining ko’ndalang (B) kesmasi: 1–vazifasini o’tayotgan elaksimon naylar; 2–qadoqsimon tana bilan bekilgan elaksimon plastinkali nay; 3 – bekilmagan elaksimon plastinka; 4–bekilgan elaksimon plastinka; 5- yo’ldosh hujayra; 6-lub parenximasi.
Elaksimon naylarda yadro bo‘lmaydi. Sitoplazma esa hujayra qobig‘i bo‘ylab joylashadi. Elaksimon plastinka poralari orqali hujayra shirasi o‘tadi. Elaksimon naylar yonida maxsus tirik yadroli hujayralar joylashgan bo‘lib, ular yo‘ldosh hujayralar deyiladi. Elaksimon nay va uning yo‘ldosh hujayralari uzunasiga yonma-yon joylashgan, ularning har ikkalasi ham kambiy yoki prokambiyning bitta hujayrasidan hosil bo‘ladi. Shuning uchun bu hujayralar qarindosh hujayralardir. Biroq, ochiq urug‘li o‘simliklar floemasidagi elaksimon naylar yonida yo‘ldosh hujayralar bo‘lmaydi. Yo‘ldosh hujayralar orqali organik moddalarning o‘tib turishini tasdiqlaydigan ma’lumotlar yetarli emas. Shunday bo‘lsa ham elaksimon naylar bilan yo‘ldosh hujayralar funksional yagona bir fizologik sistemani tashkil etadi. Modomiki shunday ekan, elaksimon naylarning halokati yo‘ldosh hujayralarning ham o‘lishiga olib keladi.
Elaksimon naylar o‘z funksiyasini bir yilda bajaradi, ikkinchi yili esa yangisi hosil bo‘ladi. Biroq tokda (Vitis), jo’ka (Tilia) va boshqa o‘simliklarda elaksimon naylar 2-3 yilgacha o‘z hayotini davom ettirishi mumkin. O‘simliklarning qarishi yoki teshik maydonchalarida kallozlarning hosil bo‘lishi natijasida ular beqiladi. Kalloz suvda erimaydigan polisaxarid bo‘lib, u gidroliz natijasida glyukozaga aylanadi. Natijada elaksimon plastnikalar orqali plastik moddalarning harakati to‘gaydi va elaksimon naylar halok bo‘ladi. Bazi bir o‘simliklarda masalan, tokda kallozlar bahorda so‘rilib teshik maydonchalari ochiladi, shunda elaksimon naylar o‘z funksiyasini yana qayta tiklaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |