Respirator-sinsitial virus
Virusni 1956 yili AQSH da J.Morris respirator kasallik bilan og‘rigan shimpanzedan ajratib oldi va unga RS (inglizcha RS-Respiratory syncytia) deb nom berildi, chunki bu viruslar hujayra kulturalarida
ko‘payib, hujayra to‘ri (sinsitiy) – “to‘rli to‘qima”ni hosil qiladi. RS-
Virus Pneumovirus turiga mansub, bularga sichqonlarda zotiljam qo‘zg‘atuvchi viruslar ham kiradi. Morfologiyasi. RS-virus sferik shaklga ega, o‘lchami 120–200 nm. Boshqa paramiksoviruslardan farq qilib tashqi yuzasidagi o‘simtalari o‘zunroq (12–16 nm), virion polimorfizm bo‘lib, 10 xil oqsil sintezini nazorat qiladi. Ulardan 2 tasi (NH va F) yuzaki glikoproteinlardir. Shu bilan bir qatorda, RS-virusda virus maxsus komplementni bog‘lovchi antigeni bor, ammo gemagglyutinasiya, gemadsorbsiya qilish xususiyati va neyraminidaza faolligi yo‘q.
Ko‘paytirish. RS-virus maymun buyragidan tayyorlangan birlamchi hujayra va undiriluvchi o‘sma hujayra kulturalarida (Hela, Hep-2, KB) yaxshi ko‘payadi. Hujayralarga patogen ta’sir etib simplastlar va sinsitiylar hosil qiladi. Tovuq embrionida RS-virus ko‘paymaydi.
Antigenlari. Har xil odamlardan ajratib olingan shtammlar antigenlariga ko‘ra bir-biridan farq qiladi, bu holat virionning tashqi qobig‘idagi glikoproteinlarning o‘zgarishi bilan bog‘liq. Virusning ikkita serotipi ma’lum.
Chidamliligi. RS-virus o‘ta labil bo‘lib, efir, detergentlar ta’siriga va mo‘zlatishga chidamsiz. Qizdirilganda bir necha daqiqada o‘z faolligini yo‘qotadi.
Kasallikning odamlardagi patogenezi va klinikasi. RS-viruslar havo-tomchi yo‘li orqali yuqadi. Yashirin davri 3–5 kun. Virus yuqori va pastki nafas yo‘llaridagi shilliq qavatning epitelial hujayralarida ko‘payadi. RS-virus odamlarda, ayniqsa yosh bolalarda (6 oygacha) nafas yo‘llarining o‘tkir kasalliklari: bronxit, zotiljam, rinitni qo‘zg‘atadi. Kasallik 5–6 kun davom etadi. U, odatda, bolalar orasida ko‘z va qish fasllarida uchraydi. RS-viruslar qo‘zg‘atadigan epidemiyalar har yili qaytariladi.
Kasallikni boshdan kechirgandan so‘ng qon zardobida virus maxsus turli xil immunoglobulinlar paydo bo‘ladi, bulardan sIgA muhim ahamiyatga ega. Kasallikdan hosil bo‘lgan immunitet kuchi bir yilga yetmaydi. Shu sababli kasallik qayta uchraydi, ayniqsa yosh bolalar ko‘p kasallanadi, qon zardobidagi antitelolar qayta kasallanishdan himoya qilolmaydi. Balki bunga RS-virusning serotiplari ko‘p bo‘lganligi, virusning hujayraviy va gumoral immunitetni susaytirishi sabab bo‘lsa kerak. Shuning uchun kasallikning asorati sifatida ikqilamchi bakterial infeksiyalar ko‘p uchraydi.
Laboratoriya tashhisi. Tekshirish uchun burun-halqum suyuqligi, nobud bo‘lgan bolalarning o‘pka, traxeya, bronx to‘qimalari tekshiriladi. Tezkor usul yordamida burun-halqum suyuqligida IF reaksiyasi bilan maxsus antigen, ko‘p yadroli hujayralar va bronxlarning shilliq qavatidagi epitelial hujayralarida sinsitiylar topiladi.
Virusni ajratib olish uchun tekshiriladigan material undiriluvchi Hela, Hep-2, KB, FL hamda odam va dengiz cho‘chqachasi embrionidan tayyorlangan birlamchi hujayra kulturalariga yuqtiriladi. Oradan 24–48 soat o‘tgach juda yirik ko‘p yadroli hujayralar va sitoplazmatik kiritmalarga ega sinsitiylar paydo bo‘ladi, 4–5 kun o‘tgach hujayralar to‘liq parchalanadi. Ajratib olingan virusni identifikasiya qilish uchun kulturalarda IFA hujayra neytrallash va komplementni bog‘lash reaksiyalaridan foydalaniladi. Bemorlarning juft qon zardobidagi antitelolarni aniqlash uchun KBR va NR kabi serologik reaksiyalar qo‘llaniladi.
Maxsus davosi va profilaktikasi ishlab chiqilmagan. Asosan simptomatik davo, ikqilamchi bakterial infeksiyalarga qarshi antibiotiklar buyuriladi
Do'stlaringiz bilan baham: |