Qizamiq virusi
Qizamiq (gul)ni virus qo‘zg‘atishini 1911 yili T.Anderson va J.Goldberglar aniqlashgan. 1954 yili J.Enders va T.Piblslar hujayra kulturasidan virusning sof kulturasini ajratib oldilar. Bu virus Morbillivirus turkumiga mansub.
Morfologiyasi. Qizamiq virusi o‘zining xususiyatlariga ko‘ra to‘liq paramiksoviruslarga o‘xshash, ammo unda neyroaminidaza fermenti bo‘lmaydi. Virusning tashqi qobig‘ida faqat gemagglyutininlar joylashgan.
Ko‘paytirish (reproduksiyasi). Virus tovuq embrionida ko‘paymaydi. Uni odam embrioni va maymun buyragidan tayyorlangan birlamchi hujayra kulturalarida ko‘paytiriladi. Bundan tashqari, odam amnioni va undiriluvchi hujayra kulturalarida (Hela, KB, Vero va boshqalar) sitopatik ta’sir ko‘rsatib ko‘payadi. Natijada simplastlar, ya’ni ko‘p yadroli hujayralar hosil bo‘ladi. Virus kirgan hujayra sitoplazmasida asidofil, yadrosida bazofil kiritmalar vujudga keladi.
Antigenlari. Virusning serotiplari aniqlanmagan. Qizamiq virusining shtammlari orasida tashqi qobig‘ining antigeni (V-antigen) gemagglyutinin va membrana oqsillari bor.Virus tarkibida neyraminidaza uchramaydi. Maymun eritrositlari bilan agglyutinasiya beradi, ammo tovuq, dengiz cho‘chqachasi va boshqa hayvonlar eritrositlari bilan agglyutinasiya bermaydi.
Chidamliligi. Virus 560S haroratda 30 daqiqada faolligini yo‘qotadi, efir va detergentlarga, rN 2,0–4,0 bo‘lgan muhitlarga ta’sirchan, past haroratga (–700S) chidamli. Quyosh nuri ta’siriga nihoyatda chidamsiz. Shuning uchun qizamiq virusiga qarshi dezinfeksiya choralari qo‘llanilmaydi.
Hayvonlarga nisbatan patogenligi. Tabiiy sharoitda hayvonlar qizamiq bilan kasallanmaydi. Maymunlarga virusni yuqtirib, kasallik belgilarini yuzaga keltirish mumkin.
Kasallikning odamlardagi patogenezi va klinikasi. Infeksiya manbai bemor; virus havo-tomchi yo‘li orqali yuqadi. Virus dastlab yuqori nafas yo‘lidagi epitelial hujayralarga kiradi va shilliq qavat, burun-halqum, traxeya va bronxlarning epiteliy hujayralarida ko‘payadi, so‘ngra qonga tushadi. Virus qon kapillyarlarining endoteliy hujayralarini shikastlaydi. Bu hujayralar nekrozga uchrashi natijasida terida toshmalar paydo bo‘ladi. Ayrim hollarda virus markaziy nerv sistemasiga borib ensefalomiyelitni qo‘zg‘atadi. Kasallik 4 bosqichda kechadi. Uning haqiqiy shaklida yashirin davr 10–14 kun bo‘lib, prodromal davrda o‘tkir respirator kasalliklarga xos alomatlar (rinit, faringit, qonyunktivit) paydo bo‘ladi. Kasallik o‘tkir boshlanib, bemorning harorati ko‘tariladi, tumov bo‘ladi, quruq yo‘taladi, ko‘zi qizarib yoshlanadi, yorug‘likka qaray olmaydi, tovushi bo‘g‘ilib qoladi. Bu davrda lunj shilliq pardasi atrofida qizil gardish bilan o‘ralgan mayda oq dog‘lar (Filatov–Koplik dog‘lari) paydo bo‘ladi. Papulali toshmalar bosh terisidan (peshona va quloqning orqa qismlaridan) boshlanib, keyin butun badanga toshadi. Isitma 7–8 kun davom etadi.
Qizamiqqa, odatda, hamma kishilar, xususan bolalar beriluvchan bo‘ladi, ammo oldin qizamiq bilan kasallanmagan kattalar ham kasallanishi mumkin. Kasallikning asorati 8–10 yoshdan katta bolalarda rivojlanadi. Kasallik ko‘pincha qish, bahor fasllarida uchraydi. Qizamiq virusi tabiatda epidemiya yoki pandemiya ko‘rinishida tarqaladi. Virus yo‘ldosh orqali homilaga ham yuqishi, bunda u o‘lik yoki nogiron bo‘lib tug‘ilishi mumkin. Kasallik kattalarda og‘irroq kechadi.
Immuniteti. Kasallikdan so‘ng turg‘un immunitet qoladi. Qayta kasallinish deyarli uchramaydi. Qon zardobida komplementni bog‘lovchi antitelolar, gemagglyutininlar hosil bo‘ladi. Qizamiqqa qarshi IgG sinfi antitelolari yo‘ldosh orqali homila organizmiga o‘tadi va yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni 6-oygacha virusdan himoya qiladi.
Laboratoriya tashhisi. Qizamiqqa tashhis qo‘yishda 95% bemorlarda uchraydigan Filatov–Koplik dog‘lari borligiga, klinik belgilarga va epidemiologik ma’lumotlarga asoslaniladi. Virus antigenini topish uchun burun-halqum shilliq qavatida rinositologik tekshirishlar o‘tkaziladi. IF usuli uchun tekshiriluvchi material, maymun buyragi va odam amnionidan tayyorlangan birlamchi hujayra kulturasiga yuqtiriladi va virusning hujayra patogen ta’siri o‘rganiladi. Bemorning juft qon zardobidagi antitelolar KBR, GATR, neytrallash reaksiyalari yordamida aniqlanadi.
Davosi va profilaktikasi. Qizamiqning maxsus davosi yo‘q. Kasallikdan so‘ng paydo bo‘ladigan ikqilamchi infeksiyalar antibiotiklar bilan davolanadi.
Oldini olish uchun maxsus qizamiqqa qarshi immunoglobulindan 1,5 yoki 3 ml yuboriladi. Passiv immunitet 30 kun davom etadi. Immunoglobulin, odatda, kasallikning oldini olmay, uning yengil kechishini ta’minlaydi.
Maxsus profilaktikasi uchun bolalar tirik vaksina bilan ( oylikda 0,5 ml va 16 oylikda 0,5 ml epidparatit vaksinasi bilan birga teri ostiga emlanadi. Hozir endemik parotit, qizamiq va qizilchaga qarshi umumiy tirik vaksinalar ham mavjud. Emlanganlarning 95-97% da immunitet rivojlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |