Odamlarda paragripp qo‘zg‘atuvchi virus
Paragripp virusini birinchi marta R.Chanok 1956 yili AQSH da grippga o‘xshash kasallik bilan og‘rigan bolaning burun-halqum suyuqligidan ajratib olgan, u Paramyxovirus turkumiga kiradi.
Morfologiyasi. Yuqorida keltirilgan paramiksoviruslar oilasiga mansub viruslar to‘zilishiga o‘xshash.
Ko‘paytirish. Odamlarning paragripp viruslari tovuq embrionida ko‘paymaydi, ammo maymun, odam embrionining buyragidan tayyorlangan to‘qima kulturalarida, odam embrionining fibroblastlarida yaxshi ko‘payadi. Ularning SPT rivojlanayotgan hujayra kulturalarida har xil bo‘lib, hujayra plastining parchalanishidan to simplastlar hosil bo‘lish darajasigacha yetadi, ta’siri virusning tipiga bog‘liq.
Antigenlari. Virusda 2 ta antigen topilgan. Birinchisi S-ribonukleoproteid bilan bog‘liq eruvchan antigen, ikkinchisi esa virusning lipoproteid qobig‘idagi V-antigen. Paragripp viruslari antigen to‘zilishlariga ko‘ra 5 ta serotipga bo‘linadi. 1–2 tiplari bolalarda bo‘g‘ma (krup), faringit, 3-tipi bronxit va o‘choqli zotiljamni qo‘zg‘atadi, 4–5 tiplarining kasalliklari kam uchraydi va yengil kechadi.
Chidamliligi. Paragripp viruslari efirga chidamsiz. Yuqori haroratda va dezinfeksiya qiluvchi eritmalar ta’sirida tezda faolligini yo‘qotadi. –700S haroratda, liofil usul bilan quritilganda uzoq vaqt saqlanadi.
Hayvonlarga nisbatan patogenligi. Paragrippni qo‘zg‘atuvchi viruslar tabiiy va laboratoriya sharoitidagi hayvonlarga nisbatan kam patogen. Kasallik ko‘pincha hayvonlarda simptomsiz kechadi. Paramyxovirus turkumining Senday virusi hayvonlar (oq sichqon, kalamush, dengiz cho‘chqachasi va boshqalar)ga nisbatan patogen hisoblanadi.
Kasallikning odamlardagi patogenezi va klinikasi. Virus o‘tkir respirator kasallikni keltirib chiqaradi. Kasallik havo-tomchi yo‘li orqali yuqadi. Yashirin davri 3–6 kun. Paragripp viruslari yuqori nafas yo‘llarining shilliq qavati hujayralarida ko‘payadi va epiteliylarning parchalanishiga olib keladi, bunda yallig‘lanishlar va ko‘pincha tomoqda shish kuzatiladi. To‘plangan virus hujayralaridan hosil bo‘lgan mahsulotlar qonga tushib organizmning umumiy zaharlanishiga olib keladi. Epiteliylarning parchalanishi natijasida himoya qiluvchi to‘siq bo‘ziladi va patogen yoki shartli-patogen bakteriyalar kirib ikqilamchi infeksiya rivojlanadi.
Paragripp viruslari ko‘pincha bolalarda faringit, bronxeolit, laringotraxeobronxit, bo‘g‘ma, zotiljam, kattalarda esa yengil ko‘rinishdagi laringit kasalliklarini keltirib chiqaradi. Paragripp viruslari ko‘pincha gripp virusi va adenoviruslar bilan birga uchraydi.
Immuniteti. Kasallikdan so‘ng tip maxsus gumoral immunitet hosil bo‘lib, bir necha yil saqlanadi. Qon zardobida komplementni bog‘lovchi, virusni neytrallovchi antigemagglyutin xossali antitelolar topiladi. Hosil bo‘lgan immunomodulinlar ichida sekretor sIgA antitelolari muhim ahamiyatga ega, chunki ular mahalliy immunitetning asosiy omili hisoblanadi.
Laboratoriya tashhisi. Tashhis qo‘yishda virusologik, serologik usullardan hamda immunoflyuoressensiya reaksiyasidan foydalaniladi. Virusni ajratib olishda maymun yoki odam embrionining bir qavatli kulturalari qo‘llaniladi. To‘qima kulturasidagi virus gemadsorbsiya reaksiyasi yordamida aniqlanadi. Ajratib olingan virus shtammlari to‘qima kulturalarida NR, GATR VA KBR yordamida identifikasiya qilinadi. Paragripp kasalliklariga serologik tashhis qo‘yish uchun bemorning juft zardoblari bilan GATR va KBR lar qo‘yiladi. Bulardan tashqari, yuqori nafas yo‘llari hujayralaridagi virus antigenini tip maxsus zardoblar bilan IF usullari yordamida aniqlanadi.
Maxsus profilaktikasi va davosi hozircha yo‘q. Simptomatik davo qo‘llanilaniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |