Fan-ta'lim taraqqiyotida innovatsion yondashuv va zamonaviy tendensiyalar
Bugungi kunda har qanday davlatning barqaror taraqqiyoti asosini innovatsion faoliyat tashkil etadi. Tarix shundan dalolat beradiki, inson o‘zining aql-zakovati bilan dastlabki mehnat qurollarini o‘ylab topishdan, algoritm va nanozarralar, zamonaviy innovatsion kompyuter, quyosh va boshqa yuqori texnologiyalarni kashf etishgacha bo‘lgan murakkab yo‘lni bosib o‘tdi.
Shu bilan bir qatorda ta’lim sohasi tizimiga, balki jamiyatning barcha sohalarining rivojiga o‘zining aks ta’sirini ko‘rsatadi. Shu bois ham ana shu ta’sir va bo‘shliqning oldini olish maqsadida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan mazkur 2018-yilni “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilindi.
“Bugun biz davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini tubdan yangilashga qaratilgan innovatsion rivojlanish yo‘liga o‘tmoqdamiz. Bu bejis emas, albatta. Chunki zamon shiddat bilan rivojlanib borayotgan hozirgi davrda kim yutadi? Yangi fikr, yangi g‘oyaga innovatsiyaga tayangan davlat yutadi. Innovatsiya – bu kelajak degani. Biz buyuk kelajagimizni barpo etishni bugundan boshlaydigan bo‘lsak, uni aynan innovatsion g‘oyalar,innovatsion yondashuv asosida boshlashimiz kerak”.[1]
O‘zbekistonda mustaqillikning dastlabki yillaridan mamlakatimiz ilm-fani, yetakchi ilmiy maktablar, birinchi navbatda, eng yirik va muhim ahamiyatga ega tashkilot – O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasini yanada rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratishga alohida e’tibor qaratildi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ham qabul qilingan farmon va qarorlar yangi tarixiy voqeliklarga mos keladigan fan-texnika va innovatsiya sohasida davlat siyosatini izchil amalga oshirish uchun o‘ziga xos rag‘bat bo‘ldi.
Ana shu rag‘batlarni amaliy qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir qator me’yoriy hujjatlar qabul qilindi. BirinchiPrezidentimiz Islom Karimovning 1992-yil 8-iyuldagi “Ilm-fanni davlat yo‘li bilan qo‘llab-quvvatlash va innovatsiya faoliyatini rivojlantirish to‘g‘risida”gi farmoni va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 21-iyuldagi “Ilm-fanni rivojlantirishni va innovatsiya faoliyatini davlat yo‘li bilan qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida”gi qarori ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish sohasidagi dastlabki asosiy hujjatlardir. Davlatimiz rahbarining 2006-yil 7-avgustdagi “Fan va texnologiyalar rivojlanishining muvofiqlashtirish va boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston ilm-fanini boshqarish va moliyalashtirishni davlat tomonidan tartibga solish, uning sa’y-harakatlarini ustuvor sohalarga yo‘naltirishga qaratilgan islohotlar davom ettirildi.
Sir emaski, XXI asr - texnika va texnologiya asri. Ha, bu nom bejizga berilmadi. Atrof-muhitda sodir bo‘ladigan hodisalar uni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishni yanada orttirdi. Bu qiziqish ortidan ilm-fan sohasida misli ko‘rilmagan kashfiyotlar paydo bo‘ldi va paydo bo‘lmoqda. Kundan kunga kishini hayratga soladigan yangiliklar yaratilmoqda.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning quyidagi fikrlarini keltirib o‘tishni o‘rinlidir: “Kelajagimiz poydevori bilim dargohlarida yaratiladi, boshqacha aytganda, xalqimizning ertangi kuni qanday bo‘lishi farzandlarimizning bugun qanday ta’lim va tarbiya olishiga bog‘liq”[2].
Darhaqiqat, farovon kelajak poydevori hozirda unib-o‘sib kelayotgan yoshlar hisoblanadi. Shu sababli, ularning yuqori bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lib voyaga yetmoqlari muhim omildir.
Mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, madaniy sohalarda bo‘layotgan tezkor o‘zgarishlar ta’lim tizimini ham tubdan isloh qilishni taqozo etmoqda, chunki mukammal ta’lim tizimi orqali Respublikamizning kelajak intellektual imkoniyatlarini va uni gullab yashnashi hamda rivojlanishini belgilab beruvchi yoshlarni har tomonlama ijodkor, mustaqil faoliyat yuritadigan qilib tarbiyalashda asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi. Shuning uchun ta’limda eng muhim strategik yo‘nalish ta’lim muassasalarining innovatsion faoliyati hisoblanadi. Bu esa barcha ta’lim muassasalarida,ayniqsa ijodkor, yuqori salohiyatli mutaxassis kadrlarni tayyorlovchi oliy ta’lim maskanlarida innovatsion texnologiya ko‘rinishida faoliyat olib borish dolzarb masalalardan biri bo‘lib kelgan.
Xususan, hozirgi kunda ta’lim jarayonida innovatsion texnologiyalar, pedagogik va axborot texnologiyalarini o‘quv jarayonida qo‘llashga bo‘lgan qiziqish, e’tibor kuchaygan.
Ma’lumki, “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”da “...ta’lim muassasalarining resurs, kadrlar va axborot bazalarini yanada mustahkamlash, o‘quv-tarbiya jarayonini yangi o‘quv-uslubiy majmualar, ilg‘or pedagogik texnologiyalar bilan to‘liq ta’minlash” vazifalari belgilab qo‘yilgan. Mamlakatimizning taraqqiy etgan mamlakatlar qatoridan o‘rin olishi uchun aholi ta’limini jadallashtirish va uning samaradorligini oshirish maqsadi ham ilg‘or pedagogik tadbirlardan, texnologiyalardan keng foydalanishimizni talab etmoqda.
Birinchi Prezidentimiz I.A.Karimov ta’biri bilan aytganda, “Biz rivojlangan bozor iqtisodiyotiga asoslangan zamonaviy davlat qurish yo‘liga qadam qo‘yib, kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyati sari izchillik bilan o‘tishni ta’minlar ekanmiz, faqat milliy va umumbashariy qadriyatlar uyg‘unligi zaruratini teran anglaydigan, zamonaviy bilimlarni, intellektual salohiyat va ilg‘or texnologiyalarni egallagan insonlargina o‘z oldimizga qo‘ygan strategik taraqqiyot maqsadlariga erishishi mumkin ekanini hamisha o‘zimizga yaxshi tasavvur etib kelmoqdamiz”.[3]
Innovatsion texnologiyalar asosida mantiqiy fikrlash uzluksiz ta’lim tizimini rivojlantirishning eng muhim omillaridan hisoblanadi. Ular ta’lim jarayonida ma’lum o‘zgarishlarga, ta’lim mazmuni, sifati boyishiga va samarali tashkil etilishiga sabab bo‘ladigan turli tashabbus va yangiliklarning yaxlit tizimida namoyon bo‘ladi. Ilm, fan va texnikaning jadal rivojlanishi, yangi texnika va texnologiyalarning jamiyatning barcha qatlamlariga kirib borishi, axborot texnologiyasi vositalarining barcha davlat va nodavlat muassasalarida qo‘llanilishi o‘qituvchilardan uzluksiz bilim olishni talab qilmoqda. O‘qituvchilarning faoliyati ko‘p qirrali bo‘lib, ular boshqaruvchi, muloqot qiluvchi, yo‘naltiruvchi, tashkil etuvchi va baholovchi rollarini amalga oshirishlari kerak bo‘ladi.
Ta’lim tizimini isloh qilishning zarurligini tushunib yetish, amaliyotda ta’lim muassasalarini innovatsion jarayonlarga qo‘shilishini taqozo etmoqda, o‘zini yaratish imkoni mavjud innovatsion maydonda ko‘rish va eng muhimi aniq yangiliklarni o‘zlashtirishdan iborat.
Bugungi kunda maktab va oliy ta’lim tizimidagi an’anaviy va ommaviy ko‘rinishdagi ta’lim va tarbiya jarayonlari o‘rniga ta’lim muassasalari rivojlanishida o‘ziga xos yangilik bo‘lib innovatsion jarayonlar kirib kelmoqda. Innovatsiya (in-“lik”, novus-“yangi”) yangilik kiritish, yangilik degan ma’noni anglatadi.
Ta’lim sohasi – mamlakatimizda birinchilardan bo‘lib faol innovatsion harakatni boshladi. Ma’lum bosqichda XX asr oxirlarida bunday harakatlar yo‘lga qo‘yilgan edi. Masalan, A.G.Rivin va V.K.Dyachenko tomonidan o‘qitishni jamoaviy o‘qitish, D.B.Elkonin, V.V.Davыdov, L.V.Zankovlar tomonidan ilgari surilgan rivojlantiruvchi innovatsion ta’lim to‘g‘risidagi qarashlar o‘z vaqtida ma’lum ahamiyat kasb etdi. Shu bilan birga boshqa innovatsion ta’lim texnologiyalari: dialektik o‘qitish usullari (A.I.Goncharuk, V.L.Zarina), o‘qitishning individual yo‘nalishli usuli (A.A.Yarulov), “Ekologiya va dialektika” (L.V.Tarasov), evristik o‘qitish (A.V.Xutorskoy) dialog madaniyati (V.S.Bibler, S.Yu.Kurganov), loyihali o‘z-o‘zini refleksiya (G.P.Shedrovitskaya) va b.q.larni keltirish mumkin.
Ilm-fan va ishlab chiqarishni integratsiyalashtirish, xususiy tadbirkorlar va davlat o‘rtasidagi hamkorlik, kichik va o‘rta innovatsion biznesning xalqaro aloqalarini qo‘llab-quvvatlash innovatsion faoliyatni keng rivojlantirishning muhim shartlaridir. Shuni ta’kidlash kerakki, dunyoning rivojlangan davlatlarida yangiliklarning qariyb yarmi tashkilotlar, kichik va o‘rta biznes firmalari tomonidan amalga oshirilmoqda. Chunonchi, AQSh Milliy ilm-fan fondi ma’lumotlariga ko‘ra, kichik firmalarda hayotga tatbiq etilayotgan yangiliklar soni sarf-xarajatlar birligi bo‘yicha o‘rta va yirik firmalarga qaraganda ancha ko‘pdir. Bundan tashqari, kichik firmalar yangiliklarni jadal o‘zlashtirish va iste’molchilarga yetkazib berishda ham yirik firmalarga qaraganda taxminan uchdan bir barobar ilgarilab ketgan.
Universitet va texnika institutlari ishlab chiqarish kompaniyalari va firmalar bilan birgalikda patentlangan ishlanmada o‘z ishtiroki ulushini belgilab tadqiqot va innovatsion loyihalarni amalga oshirgandagina ilm-fan va ishlab chiqarishning integratsiyalashuv jarayoni katta samara beradi. Yevropa patent idorasi tomonidan berilgan barcha xalqaro patentlarning 85 foizi aynan shunday hamkorlikdagi ishlanmalar ulushiga to‘g‘ri kelishi ham bejiz emas.
Jahon tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, har tomonlama rivojlangan innovatsion tizimga ega mamlakatlardagina innovatsiya jarayonlari samarali amalga oshirilib, texnologiyalar va boshqa ilmtalab mahsulotlar tijoratlashtirilmoqda. Bu jarayonda davlatning ishtiroki, iqtisodiyotning real sektori va yetakchi kompaniyalarning innovatsiya faoliyatini qo‘llab-quvvatlashi muhim ahamiyatga egadir. Zero, ilm-fan davlatning texnik taraqqiyoti va jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlaydigan ushbu integratsiya mexanizmining asosini tashkil qiladi.
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, bugungi kun innovatsion texnologiyalarini ilm-fan va ta’lim sohasida muvaffaqiyatli qo‘llanilsa, yangi yosh avlod ana shu jahon tajribasi asosida saboq olib, ulg‘aysa, davlatimizning ertangi istiqboli, kelajagi yorqin bo‘lishiga shak-shubha yo‘q.
“Fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi” mavzusida respublika yosh olimlarining ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi
Poyezd buzilsa, uni ta’mirlash uchun ko‘p vaqt, katta mablag‘ talab etiladi. Ana shunday holatlarning oldini olish maqsadida yosh olim Otabek Hamidov poyezdlarni tez va qulay tarzda ta’mirlash usuli – vibrodiagnostikani taklif qildi.
Otabek ixtirosi haqida Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida tashkil etilgan “Fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi” mavzuidagi respublika yosh olimlarining ilmiy-amaliy anjumanidagi chiqishida so‘zlab berdi.
Yosh olimlarning ilmiy ishlanmalari, ixtirolarini amaliyotga tatbiq etishga ko‘maklashish maqsadida o‘tkazilgan anjuman O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Fan va texnologiyalar agentligi, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda yosh olimlar, mustaqil tadqiqotchi-izlanuvchilar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisining birinchi o‘rinbosari O.Tojiyev, Fan va texnologiyalar agentligi Bosh direktori M.Boltaboyev, iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamg‘armasi raisi O.Salimov, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti rektori K.Sharipov va boshqalar yoshlarning zamonaviy sharoitlarda ta’lim olib, bilimli, sog‘lom va yuksak ma’naviyatli insonlar bo‘lib voyaga yetayotganligi tadbirda ishtirok etayotgan yosh olimlar misolida ham o‘z aksini topayotganini ta’kidladi.
Universitet ko‘rgazmalar zalida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi muassisligidagi “Respublika yosh olimlar assotsiatsiyasi”ning istiqbolli rejalari asosida yaratilgan taqdimotlar, oliy ta’lim muassasalari yosh tadqiqotchilarining ilmiy ishlanmalari, ixtirolari va innovatsion texnologiyalari namoyish etildi.
– Men taklif qilayotgan vibrodiagnostika – poyezdning turgan joyida uni qismlarga ajratmasdan, zamonaviy vibroanalizatorlar yordamida nosozlik va nuqsonlarini aniqlash, lokomotivni o‘sha yerning o‘zida sozlash uchun mo‘ljallangan, – deydi yosh olim O.Hamidov. – Hozirgi kunda temir yo‘lda lokomotivlar oldindan belgilab qo‘yilgan reja asosida tekshiruvdan o‘tkaziladi va ta’mirlanadi. Bunda poyezdning nosozligini aniqlash uchun uni depoga olib kirib, barcha uzel agregatlarini yechish, uni qismlarga ajratish lozim. Buning uchun esa vaqt, katta xarajat ketadi.
Anjumanda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamda Fan va texnologiyalar agentligi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Ta’lim -fan-ishlab chiqarish tizimini mukammallashtirish muhim masala 04.07.2007 Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar. Muallif: Nigmatulla Mo'minov.
O‘tgan asrning 50-60 yillari jahon ta’lim sohasining rivojida alohida o‘rin tutgan. Ta’lim ilmiy-texnikaviy taraqqiyotning asosiy omili va uni egallashga har bir fuqaro huquqli deb qabul qilingan. Shu tariqa jamiyatda oliy ma’lumotga bo‘lgan ehtiyoj va intilish o‘sib boravergan. Oliy o‘quv yurti jamiyatning ishlab chiqarish bilan bir qatordagi bo‘lagiga aylanaborgan.
Ma’lumki, jamiyatning rivojlanish qonuniyatlari birinchi navbatda, moddiy ishlab chiqarishning o‘sishi oliy o‘quv yurtlarining rivojlanishiga bevosita ta’sir etadi. Shu sababli ham oliy o‘quv yurtining jamiyat rivojlanishidagi integratsiyasi muhim ahamiyatga egadir. Ma’lumki, integratsiyaning quyidagi jarayonlari mavjud:
• o‘z ichiga iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va boshqa ko‘rinishlarni qamrab olgan davlatlararo integratsiya;
• konsentratsiya, kooperatsiya ko‘rinishidagi va o‘z ichiga sanoat, agrosanoat, ilmiy-ishlab chiqarish komplekslarini qamrab oluvchi ishlab chiqarish integratsiyasi;
• bilimning turli xil shakldagi birlashuvi;
• bilimning, fanlararo tadqiqotlarni, ilmlararo kooperatsiya va fanning ishlab chiqarish bilan mujassamlangan turli xil shakldagi fan integratsiyasi;
• ijtimoiy integratsiya.
Integrallashtirish samarasi rivojlanayotgan turli xil elementlarning o‘zaro uyg‘unlashuvi bo‘lib hisoblanadi. Elementlararo ichki aloqalarning kompleksliligi, epchiligi o‘z navbatida, markazlashtirilgan boshqaruv omillarining kuchsizlanishiga va o‘zini-o‘zi boshqaruv omilining o‘sishiga olib keladi. Elementlararo aloqaning optimal tarqalishi yangi samarani kelib chiqishiga olib keladi. Shunday qilib, universallashtirish u yoki bu xususiyat va vazifalar miqdorining o‘sishi, uyg‘unlashtirish jarayoni esa sifat ko‘rsatkichlarga ega bo‘ladi. Universallashtirish va uyg‘unlashtirish ko‘rinishlari albatta, oliy o‘quv yurtlarida ham namoyon bo‘ladi. Bu yerda asosiy element kelajak mutaxassisi va uni shakllantirish talab vositalari (o‘quv qo‘llanma, o‘quv jarayonining shakl va usullari, o‘qitishning texnik vositalari, ilmiy-tadqiqot ishlari)dir.
Shu tufayli mutaxassislarni tayyorlashni intensifikatsiyalashdagi integrativ omillar bu universallashtirish va uyg‘unlashtirish bo‘lib hisoblanadi. Oliy o‘quv yurtidagi integratsiya jarayonlari mazmunan jamiyatdagi integratsiyaga o‘xshashdir. Ishlab chiqarish va fan sohasidagi integratsiya jarayonlari oliy o‘quv yurtlaridagi integratsiya jarayonidan kuchliroqdir. Chunki korxona va ilmiy tadqiqot muassasalari oliy o‘quv yurti mahsulotlariga buyurtmachi va iste’molchi bo‘lib hisoblanadi.
Mutaxassislar tayyorlash bilan bog‘liq bo‘lgan integrativ holat jamiyatda ijtimoiy-iqtisodiy o‘sishning tezlashishiga muvofiqlashib borishi zarur. Keng miqyosdagi mutaxassis salohiyati asosan uning ko‘p qirrali tarzda tayyorlanganligi va ilmiy, amaliy muammolarni hal etishda uyg‘unlik bo‘lib hisoblanadi. Bunday mutaxassis chuqur nazariy va amaliy bilimga ega bo‘lib, fan bilan ishlab chiqarishdagi muammolarni hal etish qobiliyatiga ega bo‘lishi kerak. Oliy o‘quv yurtlarida barcha metodik vositalar bilan ta’minlash masalasi kundalik vazifaga aylanib bormoqda. Texnik vositalar esa kompyuterlarni qo‘llash asosida mukammallashib bormoqda. O‘quv jarayonidagi integratsiyani kuchaytirishning muhim shartlaridan biri oliy o‘quv yurtlariaro kooperatsiya, ikkinchisi esa fan va ishlab chiqarish bo‘yicha integratsiya bo‘lib hisoblanadi. Masalan, agar oliy o‘quv yurti ichidagi kooperatsiya o‘z ichiga kafedralararo va fakultetlararo o‘quv tadqiqot, kompyuterlardan jamoa tarzida foydalanish, o‘qitishning zamonaviy vosita va uslublarini joriy etishga oid maxsus xizmatlardan foydalanish bo‘lsa, oliy o‘quv yurtlariaro kooperatsiya esa ilmiy tadqiqotlarga xizmat qiluvchi oliy o‘quv yurtlariaro markazlar (eksperimental bazasi bilan birga, tajriba-konstruktorlik byurolar, laboratoriyalar majmuasi, hisoblash texnikasi, ilmiy-texnikaviy axborot va shu kabilarni birlashtiruvchi)ni tashkil etish bo‘lib hisoblanadi.
Oliy o‘quv yurtlarining ishlab chiqarish va fan bilan ijodiy hamkorligining rivojlanishi muhim masalalardan biri hisoblanib kelmoqda. Ushbu masalaning hal etilishi mutaxassislarni birgalikda shakllantirish va ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, kadrlarni qayta tayyorlash va ular malakasini oshirish, mutaxassislarni rejalashtirish, taqsimlash, ulardan foydalanish yo‘lidan olib borilmoqda. Aloqalarning kuchayishi kadrlarni moddiy-texnika bazalari (asbob-uskunalar, ishlab chiqarish maydonlari)ni maqsadli birlashtirish yo‘llanmasida rivojlanmoqda. Ishlab chiqarishda kafedralar filiallari tashkil etilmoqda. Yosh mutaxassislar va ularning mehnat faoliyatidagi qarama-qarshilik mutaxassisning ta’lim olish jarayonidagi ishlab chiqarish va fanlararo integratsiyasining qanday tashkil etilganligiga bog‘liq. Agar ta’lim jarayonidagi integratsiya talab darajasida bo‘lmasa, u holda mutaxassisning mehnat faoliyatiga moslashuv muddati cho‘zilib ketadi. Hozirgi zamon ishlab chiqarishi mutaxassisdan olingan bilimlarni keng miqyosda qo‘llashni taqozo etadi. Yosh mutaxassislar va ularning mehnat faoliyatidagi qarama-qarshilikning kuchayishida ishlab chiqarishning roli beqiyosdir. Agar ishlab chiqarish yosh mutaxassisga muhtoj bo‘lsa, mutaxassis oliy o‘quv yurtini bitirmasdan avval muloqotda bo‘lishi, bilimini sinovdan o‘tkazishi, ko‘nikma hosil qildirishga sharoit yaratishi kerak. Ishlab chiqarishdagi xodimlar bandliklarini pesh qilib, yosh mutaxassislar bilan tajriba va ko‘nikmalarini shakllantirish b’yicha ustozlikni amalga oshirishga intilishmaydi. Shuning uchun o‘quv jarayonining o‘ziga fan va ishlab chiqarish xodimlarini iloji boricha, jumladan, ma’ruza o‘qish, amaliy mashg‘ulotlarni olib borish, ekskursiyalar tashkil etish, xolis suhbatlar o‘tkazish, to‘garaklar tashkil etish, u yoki bu grant, loyihalariga jalb qilish va shu kabilarga ko‘proq jalb etish maqsadga muvofiqdir. Bu esa o‘z navbatida, o‘quv jarayonini rejalashtirishga o‘zgartirishlar kiritishni taqozo etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, o‘rta maxsus kasb- hunar ta’limi markazi muassasalari kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash maqsadida tasdiqlangan o‘quv reja va dasturlar asosida olib boriladigan mashg‘ulotlar nazariya va amaliyot o‘rtasidagi mutanosiblik hamda ko‘nikmani ta’minlaydi. TATU qoshidagi markaz yo‘nalishi o‘qitishning interaktiv metodlarini, Internetning global tarmog‘idan foydalangan holda, pedagoglarning, mutaxassislarning, ARM rahbarlarining tanqidiy hamda ijodiy tafakkurini rag‘batlantirishga, zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalarini joriy etishga qaratilgan.
Ushbu markaz informatika va axborot texnologiyalari, oliy ta’lim fanlari va ARM yo‘nalishida zamonaviy axborot texnologiyalari hamda avtomatlashtirilgan axborot resurslari, barcha turdagi oliy o‘quv yurtlari, muassasalar hamda vazirlik, idoralar xodimlarini malaka oshirish, qayta tayyorlash ishtiyoqi va istagini hozirjavoblik bilan qondirishga hamda ular bilan hamkorlikda ishlashga tayyordir. Mazkur markaz o‘z faoliyatida eng iqtidorli, tajribali akademiklar, professor-o‘qituvchilar, amaliyotchi-mutaxassislarning ko‘magidan foydalanadi.
ARMning tashkil etilishi va rivojlantirilishida fan va ishlab chiqarish bilan aloqani kuchaytirish muhim ahamiyat kashf etadi, albatta, ARM rahbarlari faqatgina mavjud kitoblar, darsliklar, qo‘llanmalar, risolalar, resurslarga tayanib emas, balki turli xil sohalardagi mutaxassislarga, fuqarolarga kerak bo‘ladigan ma’lumotlar bazasini yaratish bilan ham shug‘ullanishlari kerak. Mamlakatimiz istiqloli bilan vaqtincha paydo bo‘lgan «axborot bo‘shlig‘i»ni tugatish jarayoni davom etmoqda.
Respublikamiz Prezidentining 2006 yil 20 iyundagi «Respublika aholisini axborot-kutubxona bilan ta’minlashni tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori asosida Respublika bo‘yicha mingga yaqin ARMlari tashkil etildi. Ushbu ARMlar Prezidentimiz qarorida belgilangandagidek, ma’lumot bazalarini tashkil etish va aholiga, mutaxassislarga, tadbirkorlarga talab etilgan darajada axborot resurslarini tayyorlab berishlari taqozo etiladi. Ma’lumotlar bazalarini tashkil etishda o‘ziga xos tizim yaratilishi va bu tizim bosqichma-bosqich amalga oshirilishi kerak. Ya’ni aholiga, mutaxassislarga, tadbirkorlarga qanday axborotlar kerakligi nuqtai nazaridan masalan, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha (jumladan, sanoat va qishloq xo‘jaligi va h.k.) ketma-ketlik tuzib chiqilishi talab etiladi. Agar tadbirkor u yoki bu ARMga u yoki bu zamonaviy texnologiya bo‘yicha murojaat qilsa, eng so‘nggi yutuqlarga asoslangan ma’lumotni ola bilishi va ish faoliyatida foydalana olishiga sharoit tug‘dirilishi kerak. Ana shundagina axborot resursidan foydalanish mazmun mohiyati bilan bozor iqtisodiyoti tamoyillariga mos tushishi va o‘z navbatida, ARM byudjetdan tashqari, mablag‘larga ega bo‘lishi mumkin. Buning uchun esa ARMlar fan, ishlab chiqrish davlat va nodavlat korxonalari bilan chambarchas aloqa bog‘lab ish yuritishlari taqozo etiladi. Xalq xo‘jaligi tarmoqlari oliy o‘quv yurti bilan ishlab chiqarishning integratsiyasiga alohida e’tibor qaratishlari va bu ishni jamiyat rivojlanishidagi muhim omillardan biri deb hisoblashlari talab qilinadi. Oliy o‘quv yurtini fan va ishlab chiqarish bilan integratsiyasining muhim maqsadlaridan biri mutaxassislarni shakllantirish uchun o‘zaro kelishgan tarzda ularning ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarini yaxshilash, g‘oyaviy-siyosiy, madaniy-tarbiyaviy, sport, dam olish va shu kabi ishlarni rivojlantirish bo‘lib hisoblanadi.
Oliy o‘quv yurtlari uchun ishlab-chiqarish ilmiy muassasalar bilan integratsiyani rivojlantirishda kapital qurilish, o‘quv-ilmiy maqsadlar uchun ma’lum miqdorda mablag‘ olish maqsadga muvofiqdir. Bundan tashqari, olib boriladigan xo‘jalik shartnomalaridan tushadigan daromadning asosiy qismini moddiy-texnika bazani rivojlantirishga yo‘naltirish ham nazarda tutiladi.
O‘quv jarayonida korxonaning moddiy-texnika bazasidan foydalanish yosh mutaxassislarni tayyorlash uchun sarflanadigan xalq xo‘jaligi xarajatlarini bir necha marta kamaytirishga olib kelishi mumkin. Ushbu masalalarni hal etilishida O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi olib borayotgan ishlarni yaqqol misol qilib keltirish mumkin. Agentlik tasarrufidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (TATU) agentlik tarkibidagi hamma korxona, muassasalar bilan mustahkam hamkorlik aloqalari o‘rnatgan bo‘lib, kafedra filiallari tashkil etilgan, agentlik TATUning kapital qurilishlariga, binolari ta’miriga, barkamol yosh avlodni tarbiyalashdek muhim ishga o‘z hissasini qo‘shmoqda. O‘zbektelekom bir necha yil davomida TATU talabalar turar joyida istiqomat qiluvchi talabalarga bepul tushlik tashkil etishga, moddiy yordam ko‘rsatib kelmoqda. Oliy o‘quv yurtini ishlab chiqarish va fan dargohlari bilan integratsiyasini kuchayishi tabiiy tarzda kadrlarni qayta tayyorlash va ular malakasini oshirish sifatini oshirishga ham bilvosita ta’sir etadi. Bir so‘z bilan aytganda, «ta’lim-fan-ishlab chiqarish» tizimini mukammallashtirish hozirgi kun talabi desak, xato bo‘lmaydi.
Taʼlim oʻz ildizlarini ilm-fan va ishlab chiqarish, ijtimoiy turmush, bir soʻz bilan aytganda, hayot bilan bogʻlay olgan, ichki va turdosh tarmoqlar bilan har tomonlama integratsiyaga kirishgan taqdirdagina oʻz oldiga qoʻygan natijalarga erisha oladi, fan, taʼlim-tarbiya va iqtisodiyotning oʻzaro chuqur, har tomonlama uzluksiz aloqasini taʼminlay olgan va jamiyat hayotining barcha sohalariga tatbiq eta olgan davlat esa taraqqiyotga erishadi. Bu borada mamlakatimiz taʼlim sohasida salmoqli ishlar amalga oshirilayotganligi hech kimga sir emas. Taʼlim tizimini tubdan takomillashtirish, oliy maʼlumotli mutaxassislar tayyorlashning maqsadli yoʻnalishlarini aniqlash, ayniqsa, pedagog kadrlarning kasbiy malakalari va bilim saviyasini uzluksiz yuksaltirish eng dolzarb masalalardandir. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil uchun moʻljallangan eng muhim ustuvor vazifalar toʻgʻrisidagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida ham dolzarb masalalar qatorida ilm-fan va taʼlim, taʼlim va ijtimoiy-iqtisodiy hayot munosabatlariga alohida urgʻu berilganligi bejiz emas. Modomiki, taʼlim tizimining markazida inson kapitali, uni toʻgʻri taqsimlash, undan samarali foydalanish va maqsadli yoʻnaltirish turar ekan, bunda maktabgacha, umumiy oʻrta va oliy taʼlim tizimini jamiyatning barcha manfaatdor tomonlari, taʼlim jarayonining barcha subyektlari bilan yaxlit bir butunlikda bugungi kun talablari asosida tashkil etish hamda taʼlimning toʻliq uzluksizligiga erishish oldimizda turgan muhim vazifalardandir.
Keyingi yillarda yuz berayotgan tub oʻzgarishlar jamiyat hayotining barcha sohalariga yangicha innovatsion yondashuvlar, mavjud qarashlar, tushunchalar va munosabatlarni taraqqiyot koʻzgusi va samaradorlik mezonlari bilan qayta koʻzdan kechirishni taqozo etmoqda. Istiqlol yillarida taʼlim va kadrlar tayyorlash sohasida koʻplab ijobiy ishlar amalga oshirilganini taʼkidlagan holda, aytishimiz joizki, maqsadlar va ularga erishish usul va vositalarini aniq belgilay olmaslik, mehnat bozori talablarini chuqur oʻrganmaslik, undagi talab va taklifning nomuvofiqligi, odamlarning ijtimoiy ahvoli va xohish-istaklarini inobatga olmaslik oqibatida anchagina jiddiy xato va kamchiliklar ham kuzatildi. Natijada, “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonun va “Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi”da nazarda tutilgan talablar toʻliq ijrosini topmadi. Oʻtgan yillar davomida biz barcha sohalar kabi taʼlim va kadrlar tayyorlash sohasida ham oʻzimizga xos va mos yoʻlni topishga koʻproq eʼtibor qaratdik.
Darhaqiqat, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev soʻnggi yillarda taʼlim sohasini isloh qilishga, kadrlar tayyorlash sifatini tubdan takomillashtirishga, xususan, tizimga rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasini tatbiq etishga jiddiy eʼtibor qarata boshladi. Bu boradagi islohotlar 2017 yil 14 martdagi “Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi, 2017 yil 20 apreldagi “Oliy taʼlim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi, 2017 yil 22 maydagi “Oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi, 2017 yil 8 avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi, 2017 yil 30 sentyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim vazirligini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Prezident Qarorlarida oʻz aksini topgan. Eʼtibor beradigan boʻlsak, mazkur qarorlarda uzluksiz taʼlim tizimining deyarli barcha turlari qamrab olinganligini koʻrishimiz mumkin. Qolaversa, “2017–2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasi”da ham taʼlim sohasini tubdan takomillashtirishga eʼtibor qaratilgan. Taʼlim tizimini rivojlantirish va takomillashtirishga qaratilgan mazkur hujjatlarning barchasida sohaga innovatsiyalarni kiritish, xorijiy tajribalarni oʻzlashtirish, ijodiy yondashuvlarni qoʻllab-quvvatlash, taʼlim turlari oʻrtasidagi integratsiya jarayonlarini kuchaytirish bilan bogʻliq umumiy jihatlar mavjud.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 27 iyuldagi PQ-3152 sonli Qarori bilan Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti tashkil qilingan edi. Qaror bilan institutga viloyatdagi maktabgacha, maktab va maktabdan tashqari taʼlim muassasalarining tarbiyachilar, boshlangʻich sinf oʻqituvchilari, ayniqsa, aniq fanlar va chet tillari boʻyicha oʻqituvchilarga boʻlgan ehtiyojlarini qondirish, tumanlar va qishloq joylaridagi taʼlim muassasalarini yuqori malakali pedagog kadrlar bilan taʼminlash hamda xalqaro standartlar darajasiga mos oliy maʼlumotli pedagog kadrlar tayyorlash vazifasi yuklatilgan. Mazkur vazifalardan kelib chiqib bugungi kunda institut oʻzining asosiy strategik yoʻnalishlari va rivojlanish konsepsiyasini ishlab chiqdi.
Toshkent viloyati taʼlim tizimida mavjud kamchiliklarni oʻrganish va ularning tahlili shuni koʻrsatdiki, pedagogik taʼlim yoʻnalishlarini muvofiqlashtirish, istiqbolni rejalashtirish, taʼlim bosqichlari oʻrtasidagi aloqa va integratsiyaning sustligi, taʼlim subyektlari faoliyatidagi tarqoqlik hududda pedagog kadrlarga boʻlgan ehtiyojning qondirilmasligi va taʼlim sifatining pasayishiga sabab boʻlgan. Shundan kelib chiqqan holda institut Toshkent viloyatida pedagogik taʼlim innovatsion klasterini yaratish bilan bogʻliq yangi tizimni oʻzining ustuvor strategik yoʻnalishi sifatida belgilab oldi va shu tizim asosida muayyan ishlarni amalga oshirdi. Ushbu tizim yengil sanoat, qishloq xoʻjaligining qator tarmoqlari hamda iqtisodiyotning ishlab chiqarish tarmoqlarida samarali hisoblangan klaster usulini taʼlim jarayoniga tatbiq etishni nazarda tutadi. Darhaqiqat, ishlab chiqarish tarmoqlarida xomashyoni yetishtirish, qayta ishlash va tayyor mahsulotga aylantirish hamda uni realizatsiya qilish ketma-ketligi zanjiri mavjud boʻlib, ushbu ketma-ketlik pedagogik taʼlim tizimida ham inson kapitali koʻrinishida mavjud. Bu esa ishlab chiqarishda samarali boʻlgan klaster modelini taʼlim tizimiga joriy etish nazariy jihatdan mumkin ekanligini koʻrsatadi.
Pedagogik taʼlimning jamiyat barqaror rivojlanishidagi yuqori ijtimoiy ahamiyatidan kelib chiqqan holda zamonaviy talablar, tizimdagi muammolar va ularni hal qilishda fan va taʼlim boʻgʻinlari oʻrtasidagi aloqadorlikni taʼminlash uzluksiz pedagogik taʼlimni klaster rivojlanish tizimiga oʻtkazish zaruratini taqozo etmoqda.
Pedagogik taʼlim innovatsion klasteri uzluksiz taʼlim tizimidagi barcha taʼlim turlari, ilmiy tadqiqot institutlari va markazlari, amaliyot bazalari, ilmiy va ilmiy-metodik tuzilmalarning bir butunligi boʻlib, ularning birgalikdagi vazifalar taqsimlangan faoliyati pedagogik taʼlim tizimini sifat jihatidan yangi darajaga koʻtarish imkonini beradi. Binobarin, klasterning asosiy maqsadi oʻz tarkibiga kiruvchi taʼlimiy-ilmiy-innovatsion salohiyatni nafaqat yuqori fuqarolik va kasbiy layoqatlilik darajasi bilan, balki raqobatbardoshligi, yangiliklarni qabul qila olish qobiliyati, yangi taʼlim dastur va texnologiyalarini loyihalash hamda amalga oshira olish qobiliyatiga ega zamonaviy taʼlim mutaxassislarini tayyorlash uchun birlashtirishdir.
Pedagogik taʼlim rivojlanishining klaster tizimi taʼlim berish, oʻquv adabiyotlarini yaratish, pedagog kadrlar ilmiy salohiyatini oshirish, taʼlim va tarbiya uzviyligi bilan bogʻliq umumiy yoʻnalishlarda faoliyat olib boradi. Ayni paytda bu umumiy yoʻnalishlar taʼlimni boshqarish va tashkillashtirish, taʼlim turlari va yoʻnalishlari oʻrtasida uzviylik va integratsiyani taʼminlash, oʻqitish metodlari va vositalaridan foydalanish kabi yoʻnalishlarda xususiylashadi.
Quyidagilar klaster tizimining subyektlari sifatida ishtirok etadi:
– talabalar, magistrantlar va doktorantlar pedagogik amaliyot oʻtaydigan, taʼlimiy, ilmiy tadqiqotchilik, innovatsion va loyihalashtirish faoliyatini olib boradigan oʻquv va tajriba eksperimental baza vazifasini oʻtaydigan maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, oliy va qoʻshimcha taʼlim muassasalari;
– taʼlimning turli darajalaridagi yangilanishlarga muvofiq ravishda kattalarning qoʻshimcha taʼlimi tizimi muassasalari, bolalar va oʻsmirlarning maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus kasb-hunar taʼlimi pedagogik kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish muassasalari;
– hamkorlikdagi ilmiy tadqiqot faoliyati bilan shugʻullanayotgan va uni belgilaydigan ilmiy va ilmiy-metodik tuzilmalar, markazlar, ilmiy tadqiqot institutlari;
– pedagogik hamjamiyatlar, tashabbuskor jamoalar, jamoat birlashmalari, davlat va nodavlat tashkilotlari;
– xorijiy oliy taʼlim muassasalari va ilmiy markazlar.
Klaster tizimi har biri alohida faoliyat olib boradigan subyektlarni umumiy maqsad atrofida birlashtiradi va ayni paytda har bir subyekt umumiy maqsaddan kelib chiqqan holda xususiy manfaatdorlik asosida ish yuritadi. Klaster tizimi subyektlari bir-birini qoʻllab-quvvatlaydi va nazorat qiladi, har biri alohida klasterning maʼnaviy va intellektual maydonini yaratadi, ijtimoiy taʼsiri hamda ahamiyatini kengaytiradi.
Pedagogik taʼlim innovatsion klasteri aloqadorlik, uzviylik, izchillik, vorisiylik, zamonaviylik, yoʻnaltirilganlik, manfaatdorlik tamoyillariga asoslanadi.
Pedagogik taʼlim klasteri faoliyatining asosiy maqsadi quyidagilardan iborat:
– pedagogika sohasida samarali vorisiylikni taʼminlash va eng yaxshi oʻquvchilarni pedagog kasbiga targʻib qilish;
– pedagoglarning kasbiy tayyorgarligini amaliyotga tayangan holda va manfaatdor subyektlar bilan samarali aloqasini intensiv taʼminlagan holda olib borish;
– boʻlajak taʼlim mutaxassislarini innovatsion tajribaga ega boʻlgan amaliyotlar bazasida tayyorlash muhitini yaratish;
– yosh mutaxassislarning kasbiy koʻnikmalarni egallash davrini qisqartirish;
– talabalarni bugungi jadal rivojlanish jarayonlarida bevosita ishtirok etishini taʼminlash;
– pedagogik taʼlimda yangi avlod oʻquv, oʻquv-metodik, ilmiy adabiyotlar, vositalar va didaktik materiallar majmuasini yaratish;
– pedagogik taʼlim ilmiy, ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirish;
– pedagogik taʼlimni rivojlantirishning dolzarb masalalari atrofida intellektual resurslarni integratsiyalash;
– taʼlim, fan va pedagogik amaliyotning turli shakl va turlarini izlab topish va taʼlimga tatbiq etish;
– taʼlim va tarbiya uzviyligini taʼminlovchi mexanizmlarni takomillashtirish;
– pedagog kadrlarni tayyorlashda maktabgacha, oʻrta taʼlim va OTM hamda boshqa talabgorlar bilan oʻzaro tezkor qayta bogʻlanish imkoniyatini yaratish;
– pedagogik taʼlim boʻgʻinlari oʻrtasidagi aloqadorlik, bogʻliqlik va hamkorlik zaruriyatini ilmiy asoslash.
Ushbu maqsadlardan kelib chiqqan holda pedagogik taʼlim innovatsion klasteri quyidagi vazifalarni bajaradi:
– viloyatdagi taʼlim muassasalari uchun zamonaviy bilim va malakaga ega pedagog kadrlarni tayyorlash;
– taʼlim sifatini oshirishda innovatsion pedagogik texnologiyalardan samarali foydalanish;
– pedagogika sohasida ilmiy faoliyatni izchil yoʻlga qoʻyish;
– taʼlimning asosiy (darslik) va yordamchi (lugʻatlar, qomuslar, elektron manbalar va b.) vositalari mazmun-mohiyatining taʼlim bosqichlari kesimidagi uzviyligi va uzluksizligini taʼminlash;
– viloyatdagi taʼlim muassasalari oʻqituvchilarining bilim saviyasidagi boʻshliqlarni toʻldirish maqsadida viloyat Xalq taʼlimi boshqarmasi bilan hamkorlikda muddatli oʻquv kurslari tashkil qilish;
– umumtaʼlim maktablarida fanlarni oʻqitish bilan bogʻliq muammolarni bartaraf qilish maqsadida viloyat Xalq taʼlimi boshqarmasi bilan hamkorlikda ilmiy-amaliy seminarlar tashkil qilish;
– institutdagi professor-oʻqituvchilarning ilmiy salohiyatini oshirish maqsadida ilmiy tadqiqot institutlari, ilmiy markazlar va tayanch oliy taʼlim muassasalari bilan ilmiy hamkorlikni kuchaytirish;
– umumtaʼlim maktablarida ilmiy tadqiqot olib borish layoqatiga ega oʻqituvchilarni ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb qilish;
– pedagogika sohasidagi ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻzlashtirish maqsadida yetakchi xorijiy OTMlarga stajirovkalarni amalga oshirish.
Ayni paytda, pedagogik taʼlim innovatsion klasteri institutning asosiy ilmiy tadqiqot yoʻnalishi sifatida belgilangan boʻlib, hozirda oʻttizdan ortiq professor-oʻqituvchilar mazkur ilmiy tadqiqot yoʻnalishida izlanishlar olib borishmoqda. Barcha saʼy-harakatlarimiz muhtaram Prezidentimiz qarorida belgilangan vazifalar ijrosini toʻliq taʼminlash, viloyatning pedagog kadrlarga boʻlgan ehtiyojini sifatli qondirish, sohaga ilgʻor xorijiy tajribalarni jalb qilgan holda zamonaviy raqobatbardosh pedagog kadrlar tayyorlashdan iboratdir. Bu bilan institut jamoasi “Harakatlar strategiyasi”da belgilangan ustuvor yoʻnalish va vazifalarning ijrosini taʼminlash hamda hayotga tatbiq etilishida oʻzining kamtarona hissasini qoʻshgan boʻladi.
Xulosa oʻrnida shuni alohida taʼkidlash lozimki, jamiyatimizning bugungi rivojlanish bosqichida pedagogik taʼlim innovatsion klasteri taʼlimda ichki va tarmoqlararo aloqadorlikni taʼminlaydigan, ilmiy tadqiqot, ilmiy-metodik muassasalarda toʻplangan tajriba va erishilgan ilmiy yutuqlarni taʼlim hamda ijtimoiy-iqtisodiy hayotning barcha jabhalariga yetib borishini samarali amalga oshiradigan yaqin kelajakdagi eng muhim tizim sifatida taqdim etilmoqda. Bunda taʼlim muassasalari va jamiyat boshqa manfaatdor tomonlarining oʻzaro uzviy va uzluksiz aloqasini taʼminlash, taʼlim jarayonining pirovard mahsuli – har tomonlama yetuk pedagog kadrlarni yetishtirish va jamiyatga naf keltirishi uchun ilmiy, ijodiy, maʼnaviy, iqtisodiy imkoniyatlar yaratish maqsadga muvofiqdir. Chunki kadrlar bilim saviyasi va raqobatbardoshligi iqtisodiy ishlab chiqarish, sanoat, qishloq xoʻjaligi va jamiyatning boshqa sohalari taraqqiyoti va raqobatbardoshligining asosidir. Boshlagan har bir ishimizdagi sifat va samara aynan shu masala bilan chambarchas bogʻliqligini rivojlangan mamlakatlar tajribasi va qolaversa hayotning oʻzi yaqqol koʻrsatib turibdi.
amonaviy sharoitlarda jahon fani va innovatsiya faoliyatining yutuqlaridan keng foydalanish jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarini izchil va barqaror rivojlantirishning, mamlakatning munosib kelajagini barpo etishning muhim omili bo‘lib bormoqda.
O‘tgan davrda fan va texnologiyalarni rivojlantirish sohasida zarur infratuzilma yaratildi, muayyan intellektual va texnologik salohiyat shakllantirildi.
Shu bilan birga, quyidagi tizimli muammolarning mavjudligi, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish uchun mavjud imkoniyatlar va salohiyatdan yetarlicha foydalanmaslik ko‘zlangan islohotlarning samarali amalga oshirilishiga hamda mamlakatning jadal innovatsion rivojlanishiga to‘sqinlik qilmoqda, xususan:
birinchidan, davlat dasturlarini ishlab chiqishda zamonaviy fan va innovatsion texnologiyalarning yutuqlari va rivojlanish tendensiyalarini lozim darajada kompleks tahlil qilish va o‘rganish mavjud emas, buning oqibatida mazkur dasturlar aksariyat holatlarda muammolarning oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan hamda uzoq muddatli rivojlanish masalalarini hal etmayapti;
ikkinchidan, fundamental va amaliy tadqiqotlarni tashkil etishning hozirgi ahvoli innovatsion g‘oyalar va ishlanmalarni to‘liq ro‘yobga chiqarish va amaliy joriy etish uchun lozim darajadagi sharoitlarni ta’minlamayapti;
uchinchidan, innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni strategik prognoz qilish, qo‘llab-quvvatlash va joriy etishni ta’minlovchi yagona organning mavjud emasligi, ilmiy-tadqiqot va axborot-tahlil muassasalarining tarqoq holda faoliyat ko‘rsatishi fan, ta’lim va ishlab chiqarishning to‘liq integratsiyalashishiga imkon bermayapti, bu esa o‘tkazilayotgan izlanishlarning samaradorligini pasaytirmoqda;
to‘rtinchidan, yuqori texnologiyalar, nou-xau va zamonaviy ishlanmalarni birinchi navbatda joriy etishni talab qiluvchi ustuvor soha va tarmoqlarni aniqlash bo‘yicha faoliyatni tashkil etishdagi kamchiliklar texnologik qoloqlikka va innovatsion tovar (ish, xizmat)larni ishlab chiqarishning cheklanganligiga olib kelmoqda;
beshinchidan, ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil qilish hamda innovatsion g‘oyalar va ishlanmalarni joriy etishda alohida holatlardagi tor idoraviy manfaatlarning ustunlik qilishi byudjet mablag‘laridan nooqilona foydalanishning sabablaridan biridir;
oltinchidan, innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni amalga oshirishda davlat-xususiy sheriklikni tatbiq etishga, shuningdek, innovatsion mahsulotlarni joriy etish uchun infratuzilmani takomillashtirishga yetarli e’tibor qaratilmayapti;
yettinchidan, innovatsion mahsulotlarni ishlab chiqarish va joriy etish sohasida yuqori tajriba va salohiyatga ega bo‘lgan xorijiy (xalqaro) tashkilotlar bilan hamkorlik, shuningdek, ulardan butun mamlakat fani, sanoati va iqtisodiyotini rivojlantirishning dolzarb muammolarini hal qilishda foydalanish past darajada saqlanib qolmoqda.
Mazkur holatlar innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etishni tashkil qilish sohasida davlat boshqaruvining institutsional va tashkiliy-huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirishni talab qiladi.
Ilg‘or xorijiy tajriba, jahon fanining zamonaviy yutuqlari, innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalar asosida iqtisodiyotning barcha tarmoqlari va ijtimoiy sohani jadal innovatsion rivojlantirishni ta’minlash maqsadida, shuningdek, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq:
1. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanishining asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:
mamlakatning intellektual va texnologik salohiyatini oshirishning uzoq muddatli ssenariylari asosida ustuvor soha va tarmoqlarni innovatsion rivojlantirishning kelajakdagi modellarini shakllantirish imkonini beradigan strategik rejalashtirish tizimini yaratish;
davlat xizmatlari ko‘rsatishning tartib-taomillarini optimallashtirish va soddalashtirishni, davlat boshqaruvi organlari faoliyatining samaradorligini oshirishni ta’minlaydigan davlat boshqaruvining innovatsion shakllarini joriy etish;
hududlar ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatining barqaror o‘sishi, shuningdek, aholining hayot darajasi va farovonligi yuksalishi uchun zarur sharoitlarni ta’minlashga qodir bo‘lgan fan va innovatsiya faoliyatini rivojlantirishning zamonaviy infratuzilmasini shakllantirish;
innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish sohasiga investitsiyalarni keng jalb etish, ularning yanada rivojlanishini ta’minlovchi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish;
ilmiy-tadqiqot va innovatsiya faoliyatini, eng avvalo, yosh avlodning ijodiy g‘oyalari va ishlanmalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirish, shuningdek, ushbu faoliyatda iqtidorli yoshlar faol ishtirok etishi uchun qulay sharoitlar yaratish;
mamlakatimiz ilmiy-tadqiqot va innovatsiya faoliyatining istiqbolli yutuqlarini targ‘ib qilish va joriy etishning samarali mexanizmlarini yaratish, shu jumladan ilmiy-eksperimental ixtisoslashtirilgan laboratoriyalar, yuqori texnologiyalar markazlari, texnoparklar va boshqa innovatsiyaga yo‘naltirilgan tuzilmalarni, xususan, chet el investorlari ishtirokida tashkil etish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;
tabiatni muhofaza qilish, resurs va energiya tejaydigan texnologiyalarni, jumladan, muqobil energiya manbalarini, suvni tozalash va chuchuklashtirish, undan oqilona foydalanishning zamonaviy shakllarini keng qo‘llash orqali faol joriy etish;
sog‘liqni saqlash sohasida kasalliklarni barvaqt aniqlash va profilaktika qilish, o‘z vaqtida va samarali davolashga imkon beruvchi ilg‘or texnologiyalarni keng joriy etish, shuningdek, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va sog‘lom avlodni tarbiyalashga qaratilgan kompleks tizimni yaratish;
agrar sohaga innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni, shu jumladan ishlab chiqarish samaradorligini va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning eksport salohiyatini oshirishga, mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga ko‘maklashuvchi qishloq xo‘jaligi ekinlarining yangi seleksiya navlarini targ‘ib qilish;
iqtisodiyotning real sektori tarmoqlarini har tomonlama rivojlantirishni ta’minlovchi zamonaviy axborot-kommunikatsiya, sanoat va boshqa innovatsion texnologiyalarni jadal joriy etish;
innovatsiya faoliyati sohasida ilg‘or xorijiy (xalqaro) tashkilotlar bilan, shu jumladan ularni nou-xau, nanotexnologiyalar va yuqori texnologik tovar (ish, xizmat)larni ishlab chiqarishning mahalliy bozoriga jalb qilish orqali hamkorlikni kengaytirish.
2. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi (keyingi o‘rinlarda Vazirlik deb yuritiladi);
Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda Jamg‘arma deb yuritiladi) tashkil etilsin.
3. Quyidagilar Vazirlikning asosiy faoliyat yo‘nalishlari etib belgilansin:
a) davlat va jamiyat qurilishiga innovatsiyalarni joriy etish sohasida:
innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni ishlab chiqishni, davlat va jamiyat boshqaruvi tizimini rivojlantirish, davlat xizmatlari sifatini oshirishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazishni tashkil etish;
davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini, eng avvalo, infratuzilma obyektlari va resurslar eng ko‘p sarf qilinadigan tarmoqlarda keng joriy etishga ko‘maklashish;
dolzarb muammolarni, eng avvalo, joylardagi muammolarni hal etishda davlat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari va aholi bilan o‘zaro hamkorligining innovatsion yondashuvlarini ishlab chiqish;
jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
b) iqtisodiyot tarmoqlariga innovatsiyalarni joriy etish sohasida:
mamlakatimizdagi innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni targ‘ib qilish va ulardan amaliy foydalanishning mexanizmlarini shakllantirish, bozorning tez o‘zgaruvchan jahon kon’yunkturasini hisobga olgan holda milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirishga ko‘maklashishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishni tashkil etish;
atrof-muhitning ifloslanish darajasini pasaytirish imkonini beruvchi ekologik toza texnologiyalarni qo‘llagan holda unumdorlikni oshirishni nazarda tutadigan “yashil iqtisodiyot” texnologiyalarining prinsiplarini ishlab chiqish va joriy etishga ko‘maklashish;
respublika innovatsion salohiyatining, erkin iqtisodiy va kichik
sanoat zonalari, texnoparklar, shuningdek, logistik xablar faoliyati samaradorligining o‘sishiga faol ko‘maklashish;
makroiqtisodiy, soliq-byudjet, pul-kredit parametrlari, shuningdek, integratsiya jarayonlarining iqtisodiyotga ta’sirini baholash bilan o‘zaro bog‘liqlikda iqtisodiyot tarmoqlarini o‘rta va uzoq muddatli rivojlantirish ssenariylarini shakllantirishga ko‘maklashish;
xizmatlar sohasini tubdan takomillashtirish, eng avvalo, innovatsion ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etish hisobiga ularning sifatini va yalpi ichki mahsulotni shakllantirishdagi rolini oshirish;
innovatsion yondashuvlar va texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish orqali turizm sohasining raqobatbardoshligini tubdan oshirish bo‘yicha takliflar kiritish;
innovatsiyalarni joriy etish va hududlar iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish ko‘lamini kengaytirish, ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan orqada qolgan tuman va shaharlarni jadal rivojlantirish hisobiga hududlar iqtisodiy taraqqiyotidagi nomutanosibliklarning oldini olish;
v) qishloq xo‘jaligiga innovatsiyalarni joriy etish sohasida:
eng avvalo, mavjud yer, suv va boshqa tabiiy resurslardan oqilona foydalanish imkonini beruvchi “Aqlli qishloq xo‘jaligi” konsepsiyasiga asoslangan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining zamonaviy sinalgan shakllarini joriy etish bo‘yicha takliflar kiritish;
agrar sektorda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini maksimal darajada avtomatlashtirish, hosildorlikni jiddiy oshirish va moliyaviy ko‘rsatkichlarni yaxshilash, shuningdek, mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash imkonini beruvchi innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etishga ko‘maklashish;
qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining jahon bozoridagi raqobatbardoshligini, shu jumladan yirik riteylerlar yordamida ta’minlash orqali savdo bozorlarini va ularni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berishni kengaytirishga ko‘maklashish;
g) ijtimoiy rivojlanishga innovatsiyalarni joriy etish sohasida:
ta’lim tizimida innovatsiyalarni, shu jumladan o‘qitishning zamonaviy, interaktiv va ijodiy uslublarini joriy etish orqali targ‘ib qilishga ko‘maklashish, raqamli texnologiyalardan keng foydalanishni nazarda tutuvchi innovatsion o‘quv dasturlarini ishlab chiqishni ta’minlash;
sog‘liqni saqlash tizimini, shu jumladan kasalliklarni barvaqt aniqlash va profilaktika qilishni ta’minlaydigan ilg‘or texnologiyalarni, “Aqlli tibbiyot” va “Yagona tibbiyot axborot markazi” konsepsiyalarini joriy etish orqali jadal rivojlantirishga, shuningdek, aholining uzoq umr ko‘rishi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratishga ko‘maklashish;
“Xavfsiz shahar”, “Aqlli shahar” konsepsiyalarini joriy etishni, sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish uchun zarur sharoitlarni ta’minlaydigan madaniy, sport va boshqa obyektlarni tashkil qilishni ham nazarda tutuvchi ilg‘or standartlarni hisobga olgan holda, shaharsozlikning faqat bosh rejalar, rejalashtirish va qurilish loyihalariga muvofiq izchil rivojlanishini ta’minlashga ko‘maklashish;
d) atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish tizimiga innovatsiyalarni joriy etish sohasida:
atrof-muhit ifloslanishini kamaytirishga, jumladan, atmosfera havosiga chiqariladigan ifloslantiruvchi moddalarni, suv obyektlariga tashlanadigan oqova suvlarni kamaytirishga, biologik xilma-xillik va ekotizimni saqlashga qaratilgan innovatsion texnologik yechimlar ishlab chiqish;
atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni qayta ishlab chiqarish bo‘yicha innovatsion g‘oyalar va ishlanmalarning, jumladan, muqobil energiya manbalaridan foydalanish, energiya tejamkor, ekologik toza avtotransport yoqilg‘isini ishlab chiqarish texnologiyalari, chang va gazdan tozalovchi texnologiyalarning amalda qo‘llanishiga ko‘maklashish;
suvdan foydalanish tizimini, shu jumladan suvni tozalash, chuchuklashtirish, oqova suvlardan qayta foydalanish va suv tejashning innovatsion texnologiyalarini joriy etish orqali takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
maishiy va sanoat chiqindilarini qayta ishlash, shu jumladan energiya va bioo‘g‘itlarni ishlab chiqarish uchun yuqori texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha ilmiy asoslantirilgan takliflar ishlab chiqish;
iqtisodiyotning energiya va resurs sarfini qisqartirish, energiya tejaydigan texnologiyalarni ishlab chiqarishga keng joriy etish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish bo‘yicha dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish;
e) ilg‘or texnologiyalar joriy etilishini tashabbus qilish, muvofiqlashtirish va rag‘batlantirish sohasida:
innovatsion tadqiqotlar, g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni rag‘batlantirishning samarali tizimini yaratish, shuningdek, istiqbolli fundamental va amaliy tadqiqotlar hamda novatorlik g‘oyalarini, shu jumladan normativ-huquqiy bazani takomillashtirish orqali ishlab chiqish;
imtiyoz va preferensiyalar taqdim qilish, ko‘rgazma tadbirlarini tashkil etish, yetakchi xorijiy ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan o‘zaro manfaatli yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali innovatsion ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash;
yuqori texnologik mahsulotlarni ishlab chiqish bo‘yicha ta’lim, ilmiy-tadqiqot va boshqa muassasalar, ilmiy-eksperimental ixtisoslashtirilgan laboratoriyalar, yuqori texnologiyalar markazlari, texnoparklar va boshqa innovatsiyaga yo‘naltirilgan tuzilmalarning faoliyatini muvofiqlashtirish (ilmiy-tadqiqot ishlari qismida), shuningdek, ularning moddiy-texnika va ilmiy salohiyatini mustahkamlashga ko‘maklashish;
innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni ishlab chiqish
va tijoratlashtirish bo‘yicha zamonaviy ilmiy-texnologik komplekslar, biznes-inkubatorlar, startap-akseleratorlarni, shu jumladan yetakchi jahon ishlab chiqaruvchilarini jalb qilgan holda tashkil etish, shuningdek, IT-infratuzilmani rivojlantirishga ko‘maklashish;
uzoq muddatli texnologik rivojlanish ehtiyojlari va tendensiyalarini hisobga olgan holda zamonaviy yuqori texnologik ishlab chiqarishni, shu jumladan yangi avlod transport vositalari, robot texnikalari va yuqori texnologik mahsulotlarning boshqa turlarini mahalliylashtirish bo‘yicha loyihalarni ishlab chiqish va joriy etish yuzasidan tashabbus ko‘rsatish;
mahalliy innovatsion mahsulotlarni, shu jumladan rasmiylashtirilgan xalqaro patent va litsenziyalar asosida joriy etish, ichki va jahon bozorlariga yo‘naltirish imkonini beruvchi samarali mexanizmlarni ishlab chiqish.
4. Belgilab qo‘yilsinki, Vazirlik:
O‘zbekiston Respublikasini innovatsion va ilmiy-texnik rivojlantirish sohasida jamiyat va davlat hayotini har tomonlama rivojlantirishga, mamlakatning intellektual va texnologik salohiyatini oshirishga qaratilgan yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;
innovatsion faoliyatni uning samaradorligi indikatorlari asosida baholaydi, ilg‘or texnologiyalarni birinchi darajada joriy etish talab qilinadigan tegishli tarmoq va sohalarni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi;
innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etish masalalari bo‘yicha davlat boshqaruvi organlari, ilmiy-tadqiqot va axborot-tahlil muassasalari hamda boshqa tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtiradi;
ilmiy-tadqiqot, ta’lim va boshqa muassasalar tomonidan amalga oshiriladigan davlat ilmiy-texnikaviy dasturlari va loyihalarining yagona buyurtmachisi hisoblanadi;
yuklatilgan vazifalar doirasida davlat organlari va boshqa tashkilotlarda ishlarning holatini o‘rganadi, innovatsiya faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni to‘plash va umumlashtirishni amalga oshiradi;
O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi.
5. Belgilansinki, Vazirlikning faoliyat sohasiga kiruvchi masalalar bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari Vazirlik bilan majburiy tartibda kelishilishi shart.
6. 2018-yil 1-yanvardan:
Fan va texnologiyalar bo‘yicha Davlat komissiyasi;
O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi;
Fan va texnologiyalar bo‘yicha Davlat komissiyasi huzuridagi Ilmiy-texnik faoliyatni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi hamda uning Ijro etuvchi direksiyasi tugatilsin.
Belgilansinki, ushbu bandda ko‘rsatilgan tugatilayotgan idora va muassasalarning bo‘shayotgan shtat birliklari Vazirlikka o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Fanlar akademiyasi bilan birgalikda tugatilayotgan idora va muassasalarning xodimlarini ish bilan ta’minlashga ko‘maklashsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda Fanlar akademiyasi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi faoliyatini tanqidiy o‘rganishni hamda ilmiy-tadqiqot faoliyati, uning natijalarini amaliyotga joriy etish tizimini tubdan takomillashtirish, shuningdek, ilmiy-eksperimental ixtisoslashtirilgan laboratoriyalar, yuqori texnologiyalar markazlari, yuqori texnologiyali mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha texnoparklarni tashkil etish yuzasidan takliflar kiritishni;
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ushbu Farmon talablarini hisobga olgan holda vazirliklar va idoralar, ilmiy-tadqiqot va axborot-tahlil muassasalarining vazifa va funksiyalarini ular faoliyatida bir-birini takrorlashning oldini olish maqsadida tashkiliy-shtat tuzilmalari va vakolatlarini optimallashtirish nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha tanqidiy o‘rganishni va takliflar kiritishni;
mazkur Farmonning 6-bandida ko‘rsatilgan idoralar va muassasalar tugatilishi bilan bog‘liq tadbirlarni tashkillashtirish, shuningdek, Vazirlikni joylashtirish, shu jumladan tugatilayotgan idoralar va muassasalarning binolari va moddiy-texnika bazasini o‘tkazish orqali uning moddiy-texnika bazasini tashkil etish, ishni samarali tashkil qilish uchun zarur bo‘lgan komputer texnikasi, aloqa vositalari bilan jihozlashni;
tugatilayotgan Fan va texnologiyalar bo‘yicha Davlat komissiyasi huzuridagi Ilmiy-texnik faoliyatni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘larini Jamg‘arma hisobiga o‘tkazishni;
Vazirlikni yuqori malakali kadrlar bilan, shu jumladan tugatilayotgan idoralar va muassasalarning xodimlari hisobidan to‘ldirishni;
ilmiy va innovatsion faoliyatni davlat tomonidan tartibga solish prinsiplari va qo‘llab-quvvatlash shakllarini, shuningdek, innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishni ham belgilovchi O‘zbekiston Respublikasining “Innovatsion faoliyat to‘g‘risida”gi va “Fan to‘g‘risida”gi qonunlari loyihalari ishlab chiqilishini va belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritilishini ta’minlasin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, ilmiy laboratoriyalarni jihozlash, olim va mutaxassislarning xorijda amaliyot o‘tashini tashkil etish uchun kredit va grantlarni jalb qilish bo‘yicha xorijiy (xalqaro) moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlar bilan tizimli ishlarni olib borsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Fanlar akademiyasi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
Vazirlik va Jamg‘arma faoliyatini tashkil etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini;
qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflarni belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchilari U.S.Ismailov, O.B.Murodov va O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori I.B.Abdullayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2017-yil 29-noyabr
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
“O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoniga
SH A R H
Jahon tajribasi barcha sohalarda sifatli o‘sishni ta’minlovchi yangiliklarni uzluksiz tarzda amaliyotga joriy etish jamiyat va iqtisodiy rivojlanishning harakatlantiruvchi kuchiga aylanganligini ko‘rsatmoqda.
Bugun rivojlanishning innovatsion modellari va “aqlli” texnologiyalar amalga oshirilayotgan mamlakatlar eng muvaffaqiyatli va barqaror hisoblanadi. Bunday mamlakatlarning barqaror taraqqiyoti, ularning jahon bozorlarida raqobatbardoshligi tabiiy resurslarni eksport qilish va jismoniy mehnatdan foydalanishga emas, balki innovatsion g‘oyalar va ishlanmalarga asoslanadi.
Ushbu mamlakatlarda innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha davlat strategiyasining ijrosi shartli ravishda “kelajak vazirliklari” deb nomlanuvchi maxsus idoralar tomonidan amalga oshiriladi.
Innovatsion rivojlanish uchun mas’ul idoralarning asosiy vazifasi innovatsiya va fan yutuqlarini keng joriy etish hisobiga mamlakatning iqtisodiy o‘sishi va jahon bozorlaridagi raqobatbardoshligini ta’minlash hamda iqtisodiyotda intellektual ulushning ko‘payishi hisoblanadi.
2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida aholi farovonligini tubdan oshirish va turmush sifatini yaxshilash, jamiyat va davlatni har tomonlama hamda jadal rivojlantirish, mamlakatni modernizatsiya qilish va hayotning barcha sohalarini liberallashtirish bo‘yicha aniq maqsadlar belgilab olindi.
Boshqacha qilib aytganda, biz O‘zbekistonni ishlab chiqarishda innovatsiya va intellektual hissaning yuqori ulushi bo‘lgan barqaror bozor iqtisodiyotiga, zamonaviy va global bozorda raqobatbardosh sanoatga, shuningdek, qulay investitsiyaviy va ishchanlik muhitiga ega jadal rivojlanayotgan mamlakatga aylantirishimiz lozim.
Qo‘yilgan maqsadlarga O‘zbekistonni rivojlanishning innovatsion modeliga to‘liq o‘tkazmasdan turib erishish mumkin emas, bu mamlakatda innovatsion faoliyatni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning hamda davlat boshqaruvi, iqtisodiyot ustuvor tarmoqlari va ijtimoiy sohaga innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni amalda joriy qilishni rag‘batlantirishning samarali tizimini yaratish zaruratini taqozo etadi.
Biroq, boy intellektual va infratuzilmaviy salohiyatga qaramasdan, mamlakatda innovatsiyalarni joriy etish ishlari tizimli asosda yo‘lga qo‘yilmagan, bunga quyidagi tizimli muammolar mavjudligi sabab bo‘lgan:
davlatning rivojlanish dasturlarini ishlab chiqishda zamonaviy fan va innovatsion texnologiyalarning yutuqlari va rivojlanish tendensiyalari lozim darajada kompleks tahlil qilinmasdan va o‘rganilmasdan kelgan;
innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni strategik prognoz qilish, qo‘llab-quvvatlash va joriy etishni, shuningdek, mamlakatning ilmiy-tadqiqot va axborot-tahlil muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirishni ta’minlaydigan yagona organ mavjud emas;
innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni amalga oshirishda davlat-xususiy sheriklik imkoniyatlarini keng tatbiq etish, investitsiyalarni jalb etishga, shuningdek, innovatsion mahsulotlarni joriy etish uchun infratuzilmani takomillashtirishga yetarli e’tibor qaratilmayapti;
yuqori texnologiyalar, nou-xau va zamonaviy ishlanmalarni joriy etishni talab qiluvchi ustuvor soha va tarmoqlarni aniqlash bo‘yicha tizimli va maqsadga yo‘naltirilgan faoliyat yo‘lga qo‘yilmagan;
innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalar sohasida yuqori salohiyatga ega bo‘lgan xorijiy (xalqaro) tashkilotlar bilan hamkorlik past darajada saqlanib qolmoqda.
Mavjud muammolarni hal qilish, shuningdek, innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash, innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalar, ilmiy yutuqlarni joriy etishni rag‘batlantirishning institutsional va tashkiliy-huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmonqabul qilindi.
Mazkur Farmonga innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni keng joriy etish borasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasini amalda ro‘yobga chiqarish bo‘yicha muhim qadam sifatida qarash mumkin.
Farmon bilan strategik rejalashtirish tizimini yaratish, davlat boshqaruvining innovatsion shakllarini amalga kiritish, fan va innovatsiya faoliyatini rivojlantirishning zamonaviy infratuzilmasini shakllantirish, investitsiyalarni keng jalb qilish, huquqiy bazani takomillashtirish, ilmiy-tadqiqot va innovatsiya faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, ijtimoiy va iqtisodiy hayotning dolzarb sohalariga ilg‘or texnologiyalarni faol joriy etish kabi mamlakat innovatsion rivojlanishining asosiy yo‘nalishlaribelgilandi.
Farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tashkil etildi hamda uning davlat va jamiyat qurilishi, iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, ijtimoiy rivojlanish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohalaridagi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari nazarda tutildi.
Bundan kelib chiqib, Innovatsion rivojlanish vazirligi O‘zbekiston Respublikasining innovatsion va ilmiy-texnik rivojlanishi sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi organ etib belgilandi.
Vazirlik davlat ilmiy-texnikaviy dasturlari va loyihalarining yagona buyurtmachisi bo‘ladi, innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha davlat boshqaruv organlari, ilmiy-tadqiqot, axborot-tahlil muassasalari va boshqa tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtiradi.
Innovatsion texnologiyalar hisobiga rivojlanishning zamonaviy yondashuvlarini ishlab chiquvchi, shartli ravishda “kelajak vazirliklari” deb nomlanuvchi ixtisoslashtirilgan idoralarni tashkil qilish bo‘yicha jahon tendensiyasini qayd etib o‘tish lozim.
Faoliyatda bir-birini takrorlashni istisno etish, yagona yondashuvlarni ta’minlash maqsadida 2018-yil 1-yanvardan boshlab Fan va texnologiyalar bo‘yicha Davlat komissiyasi, Fan va texnologiyalar bo‘yicha Davlat komissiyasi huzuridagi Ilmiy-texnik faoliyatni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi, shuningdek, Fan va texnologiyalar agentligi tugatilmoqda.
Tashkil etilgan Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi o‘tkazilayotgan tadqiqotlar bo‘yicha hisobot berishning shaffof tizimidan foydalangan holda innovatsion g‘oyalar va ularni ishlab chiqishni moliyalashtirishning markazlashtirilgan manbasi hisoblanadi.
Farmonni amalga oshirish doirasida faoliyatda bir-birini takrorlashni istisno etish maqsadida vazirliklar, idoralar, ilmiy-tadqiqot va axborot-tahlil muassasalarining vazifa va funksiyalari qayta ko‘rib chiqiladi, ularning tashkiliy-shtat tuzilmalari va vakolatlari optimallashtiriladi.
Shu bilan bir qatorda, ilmiy-tadqiqot faoliyatini tubdan takomillashtirish va uning natijalarini amaliyotga joriy etish, shuningdek, ilmiy-eksperimental ixtisoslashtirilgan laboratoriyalar, yuqori texnologiyalar markazlari, yuqori texnologiyali mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha texnoparklarni tashkil etish maqsadida Fanlar akademiyasi va Oliy attestatsiya komissiyasining faoliyatini tanqidiy o‘rganish topshirildi.
Farmonda innovatsiyalarni joriy etishning qonuniy asoslarini yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shu munosabat bilan, ilmiy va innovatsion faoliyatni davlat tomonidan tartibga solish prinsiplari hamda qo‘llab-quvvatlash shakllarini, innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishni belgilovchi “Innovatsion faoliyat to‘g‘risida”gi va “Fan to‘g‘risida”gi qonunlar loyihalari ishlab chiqiladi.
Innovatsion rivojlanish vazirligining tashkil etilishi innovatsion va ilmiy-texnikaviy rivojlanish sohasida yagona davlat siyosatining amalga oshirilishini ta’minlashga qaratilgan. Yangi idora innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni ro‘yobga chiqarish uchun byudjet mablag‘laridan oqilona foydalangan holda mavjud resurs va mablag‘larning safarbar etilishini ta’minlaydi.
Pirovard natijada, O‘zbekistonni rivojlantirishning innovatsion yo‘li iqtisodiy o‘sishning harakatlantiruvchi kuchi, mamlakat barqarorligi va aholi farovonligini ta’minlashning omili bo‘lishi lozim.
ta'lim integratsiyasi - Bir moda, lekin inson faoliyatining barcha sohalarida malakali mutaxassislarni tayyorlash uchun bir ehtiyoj emas. Qo'shimcha Vladimir Ivanovich Vernadsky miqdori va bilim sifati oshishi fan turli sohalarda o'rtasida chegaralarning barham topish davri hissa qo'shadi deya bildirdi. Va kelajakda odamlar muayyan masalalar bo'yicha ixtisoslashadi. ta'lim texnologiyasi integratsiyasi integratsiya bir majmua fan qismlarini integratsiya qaratilgan. Va u turli ilm va ular o'zaro bog'liq bo'lgan va muayyan muammolarni hal odamlar muntazam harakat mumkin bo'lgan bir yondashuv o'rtasidagi mexanik ulanish faqat emas. ta'lim integratsiyasi tushunchasi ancha noaniq. Bu turlarning xilma-xilligi bilan bog'liq. Shunday qilib, integratsiya yo'nalishlari, uslublar, jarayonlar ko'ra tasniflanadi va darajalari kelibsiz mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |