207-mashq. Uyga vazifa. Matnni o‘qing. Morfologik usul bilan yasalgan so‘zlarni topib, ularni izohlang.
VAZIR TUTISH TUZUGI
Amr qildimki, vazirlar ushbu to‘rt sifatga ega bo‘lgan kishilardan bo‘lishi lozim: birinchisi — asillik, toza nasllilik; ikkinchisi — aql-farosatlilik, uchinchisi — sipoh-u raiyat ahvolidan xabardorlik, ularga nisbatan xushmuomalada bo‘lishlik; to‘rtinchisi — sabr-chidamlilik va tinchliksevarlik.
Kamolotga erishgan vazir ulkim, davlat muomalalarini tartibga keltirib, mulkiy va moliyaviy ishlarni to‘g‘rilik bilan, asli-nasli tozaligini ko‘rsatib, ajoyib tarzda bajaradi. Olgulik joyidan olib, bergulik yerga beradi. Dushmanlik va jabr-zulm qilmaydi. Birovdan yomonlik axtarmaydi, aytsalar eshitmaydi...
Qaysi vazir g‘iybat gaplarni aytsa, uydirma gaplarga quloq solsa, jabr-zulm qilsa, o‘ziga yoqmagan kishilarni yo‘qotish payiga tushsa, uni vazirlikdan tushirish lozim. Nasli-yu zoti yomon, hasadchi, gina, kek saqlovchi, qora ko‘ngillik kishilarga zinhor vazirlik lavozimi berilmasin.
Aqlli, bilimdon va hushyor vazir shunday bo‘lurki, bir to‘g‘ri tadbir qo‘llab g‘anim dushmanini parokanda qilib yubora oladi, murosa-yu madora, xushmuomalalik bilan sipohni birlashtirib, dushman lashkarlarini o‘ziga rom qiladi.
(«Temur tuzuklari» dan)
Savol va topshiriqlar
1. So‘z yasashning qanday usullarini bilasiz?
2. Affiksatsiya usuli haqida so‘zlang.
3. So‘z yasash qolipi nima?
4. So‘z yasash qolipi qanday aniqlanadi?
36-dars. So‘Z YASASH JARAYONIDA Ro‘Y BERADIGAN
o‘ZGARISHLAR
Darsning maqsadi:
a) ilmiy maqsad: o‘quvchilarning ongida so‘z yasash jarayonida asosda ro‘y beradigan o‘zgarishlar yuzasidan bilim va malakalar hosil qilish;
b) o‘quvchilarni ezgulik, yaxshiliklarga hamisha shaylik ruhida tarbiyalash.
Topshiriq. Yumala, sayra, qayna so‘zlariga -q yoki -qi qo‘shimchasi qo‘shilganda asosda qanday tovush o‘zgarishi sodir bo‘ladi? Shu haqda o‘ylab ko‘ring.
Turkiy, jumladan, o‘zbek tili morfologik jihatdan agglutinativ tillar qatoriga kiradi. Agglutinativ tillar quyidagi xususiyatlari bilan flektiv tillardan ajralib turadi: 1) nechta grammatik ma’no bo‘lsa, ularni ifodalovchi shuncha grammatik shakl qo‘llaniladi. Masalan, yoz-ma-say-di-m; 2) grammatik shakllarning chegarasi bir-biridan aniq ajralib turadi; 3) grammatik ma’noning ko‘payishi bilan, so‘zning grammatik shakllari ham chapdan o‘ngga qarab cho‘zilib boradi; 4) grammatik qo‘shimchalarning qo‘shilishi asos qismning fonetik tuzilishini o‘zgartirmaydi.
O‘zbek tilida so‘z yasalish jarayonida so‘z yasash asosiga yasovchi qismning qo‘shilishi natijasida asos qismning tovush tarkibida ba’zan o‘zgarish ro‘y berishining guvohi bo‘lamiz. Ularni quyidagicha guruhlash mumkin:
1. Sust, past singari so‘zlarga -ay yasovchi vositasi qo‘shilganda, yasashga asos qismda mavjud bo‘lgan oxirgi «t» undoshi tushib qoladi. Masalan, susay, pasay kabi.
2. Qizil, sariq kabi ikki bo‘g‘inli so‘zlardan -ar, -ay yasovchi vositalari yordamida yangi so‘z yasalganda, yasashga asos qism bo‘lgan qizilning «il» qismi va sariq ning ikkinchi bo‘g‘indagi «i» unlisi tushib qoladi. Masalan, qizil+ar — qizar, sariq+ay — sarg‘ay kabi.
3. So‘ra, sayla, quvna, to‘qi, o‘qi kabi ikkinchi bo‘g‘ini «a» bilan tugagan so‘zlarga -q,-v yasovchi qo‘shimchalari qo‘shilganda, yasashga asos qism oxiridagi «a» unlisi «o» unlisiga, «i» unlisi «u» unlisiga aylanadi. Masalan, so‘ra+q — so‘roq, sayla+v — saylov, quvna+q — quvnoq, to‘qi+v — to‘quv, o‘qi+v — o‘quv kabi.
4. O‘yin, qiyin kabi ikki bo‘g‘inli so‘zlarga -a yasovchi qo‘shimchasi qo‘shilganda, yasashga asos qismning ikkinchi bo‘g‘inidagi «i» unlisi tushib qoladi. Masalan, o‘yin+a — o‘yna, qiyin+a — qiyna kabi.
5. Son, yosh, ong kabi so‘zlarga fe’l yasovchi -a yoki -la qo‘shimchasi qo‘shilganda, asos qismda tovush o‘zgarishi ro‘y beradi: Masalan, sana, yasha angla kabi.
Shu ko‘rsatilgan o‘zgarishlarning o‘ziyoq o‘zbek tilida ba’zi hollarda fuziya (fleksiya) elementlari ham mavjud ekanligini ko‘rsatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |