208-mashq. Gaplarni o‘qing. Qo‘shimchalar tarkibida sodir bo‘layotgan tovush o‘zgarishlarini belgilang.
Inson o‘z umrining hisobli ekanligini hamisha kech anglaydi. Jo‘jani kuzda sanaydilar. Gulla, yashna, mustaqil O‘zbekiston! Respublikamiz iqtisodiyoti o‘z taraqqiyotining eng qiyin bosqichlarini ortda qoldirib, bugungi kunda yangicha takomil bosqichiga chiqib oldi. Mamlakatimizda mana bir necha yildirki, saylovlar muqobillik asosida o‘tkazilmoqda. Salimjon qilgan ishidan uyalib, qizarib ketdi. Davr qiynoqlari o‘tkinchi — hali hamma narsa oldinda... Kuz kelishi bilan daraxtlarning barglari sarg‘ayib, oltin rangini ola boshladi. Radiodan o‘ynoqi musiqa yangradi.
209-mashq. Quyidagi so‘zlarni o‘qing, ularning ichidan qaysi birlarida tovush o‘zgarishlari sodir bo‘layotganini belgilang.
Ozaymoq, ko‘paymoq, qizarmoq, bo‘zarmoq, pasaymoq, susaymoq, sayramoq, yig‘loqi, dumaloq, toshloq, pishloq, qishloq, boshla, ishla, tashla, angla, sana, jo‘na, uxla, qiyma, qiyna, gapir, chaqir, tinchi, qarmoq, yashar.
210-mashq. Uyga vazifa. «Akademik litsey o‘quvchisi qanday bo‘lishi kerak?» mavzusida yozma ish yozing. Matnda ishlatilgan so‘zlar ichidan yasama so‘zlarni aniqlang va ularga tavsif bering.
INSHO NAZARIYASI VA AMALIYOTI
37-dars. INSHO HAQIDA UMUMIY MA’LUMOT
Darsning maqsadi:
a) ilmiy maqsad: o‘quvchilarning ongida insho yuzasidan bilim va malakalar hosil qilish;
b) o‘quvchilarni sinchkovlik ruhida tarbiyalash.
Savodxonlik darajasini tekshirishning sinalgan usullaridan biri INSHO sanaladi. Shu o‘rinda insho va uning o‘ziga xos xususiyatlari haqida biroz to‘xtalib o‘tishga to‘g‘ri keladi. Insho so‘zi aslida arabcha so‘z bo‘lib, «paydo qilish», «ijod», «yuzaga keltirish», «yozuv», «sochma asar», «xat» singari ma’nolarni bildiradi.
Insho quyidagi ikki bosqichni o‘z ichiga oladi.
1. Inshoning qoralama (xomaki) nusxasini tayyorlash.
2. Uni oqqa ko‘chirib yozish.
Inshoning qoralama nusxasi ishning dastlabki bosqichi bo‘lganligi uchun unda o‘chirilgan, so‘zlarning o‘rni almashtirilgan, jumlalar tuzatilgan o‘rinlarning bo‘lishi tabiiy. Qoralama nusxadagi bunday tuzatishlar ish tekshirilayotganda xato hisoblanmaydi va ular hisobga olinmaydi. Insho tekshiruvchi, hatto ba’zi bir paytlarda oq nusxadagi jumlalarning g‘alizligini aniqlashtirish maqsadida qoralama nusxaga uni solishtirishi, agar unda jumla to‘g‘ri tuzilgan bo‘lsa, oq nusxadagi xatoni hisobga olmasdan ketishi ham mumkin. Bu esa amaldagi qoidalarga muvofiq bo‘ladi. Qoralama nusxada ham insho uchun reja tuziladi. Fikrlar izchillik asosida, aniq va lo‘nda shakllarda bayon qilinadi. Qoralama nusxani haddan tashqari bo‘yab, inshoni o‘ta e’tiborsizlik bilan yozish maqsadga muvofiq emas.
Xomaki nusxani yozishda quyidagi holatlarga diqqatni qaratish tavsiya etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |