15-mashq. Boshqotirmadagi bo‘sh kataklarni tegishli harflar bilan to‘ldiring:
1. Mulohaza, o‘y so‘zlarining sinonimi.
2. O‘lchov birligi.
3. Ayon, ravshan.
4. O‘quv quroli.
5. Aholi yashaydigan kichik manzil, ko‘cha.
6. Qattiq jism nomi.
7. Qiyg‘os ochilgan so‘zining sinonimi.
8. Qurilish materiali.
9. «Yolg‘on» so‘zining antonimi.
10. Insonning fazilati.
11. Bilim manbayi.
16-mashq. Ot so‘z turkumiga oid so‘zlarni daftaringizga ko‘chirib yozing. Ularning ma’nodoshlarini topib, izohlang.
BeQanoat banda va Qanoatli eshak
Rivoyat qiladilarkim, qadim zamonlarda bir kambag‘al dehqon o‘tgan ekan. Uning bisotida bitta eshagidan bo‘lak arzigulik mol-mulki yo‘q ekan. Bir kuni eshagiga yuk ortib, ustiga o‘zi ham minib ketayotib nola qilibdi:
— Ey, Xudo, akamga shohona qasr berding, ukamga ajoyib bog‘ berding. Menga bo‘lsa, mana shu eshakdan bo‘lak davlat bermading. Shu ham adolat bo‘ldimi?
Shunda eshagi tilga kirib, tanbeh beribdi:
— Ey, noshukur inson! Nega noliysan? Axir, ustingda yuking yo‘q-ku. Mendan ibrat olsang bo‘lmaydimi? Ham bir qop yukingni, ham o‘zingni ko‘tarib ketyapman-ku, shunga ham shukur qilyapman.
17-mashq. Sifatlarni topib, ularni tahlil qiling. O‘zingiz ham mustaqil ravishda sifatlarga misollar keltiring.
Bir dono kishi do‘stlari davrasida so‘z olib dedi:
— Hindistonda bir ajib daraxt borki, kimki uning mevasidan yesa, hech qachon qarimaydi va o‘lmaydi. Bu gap shu mamlakat podshohi qulog‘iga borib yetdi. Podsho bir mulozimga: «Shu daraxtni topib, mevasidan olib kelasan!» — deb, Hindistonga jo‘natdi.
Shoh mulozimi shu asnoda butun Hindistonni kezib chiqdi, ammo ul daraxtdan nishon topolmay, noumid bo‘ldi. Ko‘ngli xijil holatda yurtiga qaytmoqchi edi, bir karomatli shayxning daragini eshitib qoldi. «Shu shayxdan ham so‘rab ko‘ray», deb uning huzuriga bordi. «Hech bo‘lmasa shu odamning duosi bilan murodimga yetarman», deb ko‘nglidan o‘tkazdi.
Mulozim shayx huzuriga borib, bor gapni aytdi: «Necha yillar yurib, mevasi hayot bag‘ishlaydigan daraxtni topolmadim. Siz karomatli avliyosiz, menga shu daraxtning nishonasini ayting, mushkulimni oson qiling», — dedi.
Shayx kulib dedi: «Ey, miskin inson, sen aytgan bu daraxt — Ilm daraxtidir. U ilmlar olamida o‘sadi. Darhaqiqat, bu daraxt juda baland va hashamatli, shoxlari ko‘p va har tarafga yoyilib ketgan.U ilohiy muhitdan suv ichadi va uning mevasini totigan inson chindan ham abadiy hayot topadi. Sen o‘z yurtingga bor. Astoydil izlasang, bu daraxtni o‘sha yerdan ham topa olasan».
Do'stlaringiz bilan baham: |