18-mashq. Matnni o‘qing, son so‘z turkumiga oid so‘zlarni topib, ularning ishlatilish o‘rinlariga diqqat qiling.
«Sog‘lom inson go‘zal bo‘ladi», — degan aqida mavjud. Kishilarning go‘zallik haqidagi tushunchalari turlicha. Ba’zilar tananing og‘irligi va bo‘yning mutanosibligini ham sog‘liq va go‘zallik bilan belgilashadi. Bu bejiz emas. Agar sizning yoshingiz, og‘irligingiz bo‘yingizga mos kelsa, bu Sizning har tomonlama mukammal inson ekanligingizni bildiradi. Quyida necha yoshda, qanday og‘irlikda va necha santimetr bo‘yga ega bo‘lish kerakligi haqida ma’lumot berilgan.
Jadvalda necha yoshda qancha vaznda bo‘lish kerakligi ko‘rsatilgan. Agar Sizning og‘irligingiz bo‘yingizga yoki yoshingizga mos kelmasa, qayg‘urmang. Ozgina harakat, ya’ni jismoniy mashqlar va parhez taomlar o‘z vazningizni saqlab qolishingizga va go‘zal bo‘lishingizga yordam beradi.
19-mashq. Sonlarni topib, izohlang.
Brusselda qiziq tanlov bo‘lib o‘tdi. Unda G‘arbiy Yevropa poliglotlari (bir nechta tilda so‘zlashuvchilar) o‘zaro kuch sinashdilar. Konkursda qatnashish uchun bo‘lib o‘tgan saralash musobaqalarida poliglotlar kamida to‘qqiz tilni (bunga lotin va esperanto kirmaydi) bilishlari shart qilib qo‘yildi. Hakamlik uchun turli xil millat vakillari taklif etildi. Ular poliglotlarning bilimiga 5 balli sistemada baho qo‘yishlari kerak edi.
Тanlov tashkilotchisi, Belgiyaning Xassalte shahridagi zamonaviy tillarni o‘rgatish markazining boshqaruvchisi E.Hermansning aytishicha, bu musobaqa sportchilarning ko‘pkurashini eslatardi: kimning ballari umumiy hisobda yuqori bo‘lsa, o‘sha g‘olib deb topilishi kerak edi. Buyuk Britaniya vakili, o‘rta maktab o‘qituvchisi D.Herning birinchi o‘rinni egalladi. U 23 tilda erkin gaplasha olishini namoyish qildi. Konkursda ikkinchi o‘rinni Gollandiya va uchinchi o‘rinni Belgiya vakili egalladi.
(R. Shukurov)
20-mashq. Sonlarni topib, ularga tavsif bering.
YEtti xazina nima?
O‘tmishda xalqimiz dunyoda odamni boqadigan va boy qiladigan yetti xazina bor deb bilgan. Ular quyidagilardir:
1. Sigir — ro‘zg‘orning qassobi va baqqoli.
2. Asalari — oilaning tabibi.
3. Ipak qurti — qizlarning sepi.
4. Objuvoz — qozonning yog‘i.
5. Тegirmon — qorinning belbog‘i.
6. O‘rmon — imorat «suyagi», qozon olovi.
7. Тovuq — ham obiyovg‘on, ham dori-darmon.
Xo‘sh, bularning nimasi xazina? Qadim zamonlardan beri kishilar shunga e’tibor berishganki, kundalik turmushda ayrim mahsulotlardan qanchalik ko‘p foydalanilmasin, ularning o‘rni muntazam to‘lib turaveradi. Masalan, sigir har kuni sut beraveradi, tovuq har kuni tuxum qilaveradi. Objuvoz bilan tegirmon ham (don solib turilsa) to‘xtamay moy va un chiqaraveradi. Asalarining boli-yu, o‘rmondagi dov-daraxt ham nisbatan olinganda tuganmasdir. Inqilobdan avvallari ipak mato bozorda kambag‘allarning qurbi yetmaydigan darajada qimmat turgan, ayniqsa, qizlari bor uylarda ipak qurti boqilgan. Keyin pillani ipakchilardan matoga ayirbosh qilishgan...
Do'stlaringiz bilan baham: |