10-DARS. KESIM VA UNING IFODALANISHI
Darsning maqsadi: Тalabalar ongida kesim va uning shakllari haqida ko‘nikma hosil qilish.
R E J A:
1. Kesimlikning belgilari.
2. Ot kesim va fe’l kesimlar haqida.
3. Kesimlarning tuzilishiga ko‘ra turlari.
1-topshiriq. Ko‘pdan quyon qochib qutulmas maqolidagi so‘zlarning bir-biri bilan qanday bog‘langanini aniqlang. Har bir bog‘lanishda qaysi so‘z takrorlanayotganini aniqlang.
2-topshiriq. Litseyning III bosqich o‘quvchisiman gapidan gapga xos bo‘lgan shaxs-son, zamon, bo‘lishli- bo‘lishsizlik, tasdiq- inkorlik ma’nolari qaysi bo‘lakda o‘z ifodasini topgan?
Esda saqlang. Kesimlik (shaxs-son, zamon, tasdiq-inkor, modal) ma’nosini ifoda etgan gapning markaziy bo‘lagi kesim deyiladi.
Kesimlik ma’nolari kesimlik shakllari orqali ifodalanadi. Har bir kesimlik ma’nosi alohida-alohida ifodalanishi mumkin. Masalan, yoz-ma (tasdiq-inkor) -say (mayl) -di (zamon) -m (shaxs-son). Bitta kesimlik shakli bir necha kesimlik ma’nolarini ifodalaydi. Masalan, kel-di (o‘tgan zamon, III shaxs, tasdiq, aniqlik mayli) yoki o‘quvchi-man (I shaxs, hozirgi zamon, tasdiq, aniqlik mayli). Ba’zan kesimlik ma’nolari hol shakli orqali ifodalanadi. Masalan, Kel (kelasi zamon, II shaxs, tasdiq-buyruq mayli) yoki Men o‘quvchi (I shaxs, hozirgi zamon, tasdiq, aniqlik).
Kesim nima qildi? nima bo‘ldi? nima qilmoqda (qilyapti)? kim (dir)? nima (dir)? kabi so‘roqlarga javob bo‘ladi. Masalan, Ishlasang, tishlaysan maqoli ikkita kesimdan tashkil topgan. Birinchisi nima qilsang? Ikkinchisi nima qilasan? so‘roqlariga javob bo‘ladi. Otam — o‘qituvchi gapida o‘qituvchi bo‘lagi kesim sanalib, kim (dir)? Kim hisoblanadi? so‘roqlariga javob bo‘ladi.
Fe’l kesim va ot kesim
Kesimlar ifodalanishiga ko‘ra ikki xil bo‘ladi: 1) fe’l kesimlar; 2) ot kesimlar.
Esda saqlang. Fe’ldan ifodalanib, nima qilmoq? nima bo‘lmoq? so‘roqlariga javob bo‘lgan kesimlarga fe’l kesim deyiladi.
Masalan, kitob o‘qiyapman gapida o‘qiyapman nima qilyapman? so‘rog‘iga javob bo‘lib, fe’l kesim sanaladi.
Opam — shifokor gapida shifokor kim (dir)? so‘rog‘iga javob bo‘lib, ot kesim hisoblanadi.
Esda saqlang. Ot, sifat, ravish, son, olmoshdan foydalangan kesimlarga ot kesim deyiladi.
Fe’l kesimlar shaxs-son, zamon, tasdiq-inkor, mayl (modal) ma’nolarni kesimlik (fe’l) shakllari orqali ifodalaydi. Ot kesimlarda esa otni kesim qilib shakllantirish uchun maxsus vositalar (-man,-san,-dir; bo‘la (-man,-san,-di), hisoblana (-man,-san,-di), sanala (-man, -san,-di) qo‘shiladi.
Masalan: U o‘quvchi(dir)
U o‘quvchi hisoblanadi
U o‘quvchi sanaladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |