Til o’rganish orqali o’quvchilar tafakkurining o’sishiga erishish printsipi. Ona tili darslari o’quvchilarning mantiqiy tafakkurini o’stirishda yaxshi imkoniyatlarga ega. Tafakkur voqelikning ongli aks etish jarayoni, inson aqliy faoliyatining yuksak shaklidir. Tafakkur orqali fikr vujudga keladi. Fikrlash faoliyati esa nutq holatida namoyon bo’ladi. Demak, o’quvchi o’z tafakkurini rivojlantirmay turib, og’zaki va yozma nutqni egallay olmaydi. Tafakkur kuzatish, taqqoslash, tahlil qilish, umumlashtirish, guruhlash kabilarda namoyon bo’ladi.
Tafakkur mustaqil aqliy faoliyat mahsulidir. O’quvchi til hodisalari yuzasidan mustaqil aqliy faoliyat ko’rsatmas ekan, unda mantiqiy tafakkurning rivojlanishi haqida gap bo’lishi mumkin emas, Ijodiy izlanish va ijodiy fikrlash o’quvchida ijodiy tafakkurni yuzaga keltiradi. Ijodiy tafakkur esa o’quvchilarda noma’lum bo’lgan til hodisalarining mohiyatini bilib olishga yordamlashadi; egallangan bilimlarning puxtaligini ta’minlaydi; o’quv materialiga bo’lgan qiziqishni kuchaytiradi.
O’quvchilar tafakkurini rivojlantirishda ularga beriladigan savol va topshiriqlarning ahamiyati benihoya katta. O’qituvchi savol va topshiriqlarni darslikdan olishi yoki uni o’zi tuzishi mumkin. Tafakkurni rivojlantirish aqliy faoliyat usullari (kuzatish, qiyoslash, guruhlash, umumlashtirish kabi)ni to’g’ri ishga solish bilan chambarchas bog’langan.
Ona tili kursi bo’limlari orasidagi bog’lanish va boshqa fanlar bilan o’zaro aloqani ta’minlash printsipi. Ona tili o’rganish samaradorligini oshirishning muhim omillaridan biri mavzulararo, bo’limlararo, sinflararo, fanlararo bog’lanishni amalga oshirishdir. Ona tili o’qituvchisi o’rganish jarayonida unga amal qilishi lozim. V sinfda "Leksika" bo’limi o’rganilar ekan, u so’z yasalishi va grammatika bilan, fonetika, so’z yasalishi va morfologiya bilan uzviy bog’lanadi. So’z yasalishi esa leksika bilan ham, morfologiya bilan ham chambarchas bog’langan. Chunki, so’z yasash natijasida yangi leksik ma’noli so’zlar hosil bo’ladi, yangi yasalgan har bir so’z ma’lum so’z turkumi sifatida shakllanadi.
O’qituvchi ta’limning har bir bosqichida o’quvchi nutqiy taraqqiyotida bo’ladigan o’zgarishlarni bilishi va unga tayanishi kerak. Boshlang’ich sinf o’qituvchilari keyingi sinflarda o’quvchilar nutqida paydo bo’ladigan yangiliklarni oldindan ko’ra olishlari va aksincha, ona tili o’qituvchilari boshlang’ich sinflarda o’quvchilar nutqida paydo bo’ladigan o’zgarishlarni bilishlari shart.
Ona tili o’rganishda bu o’quv fanining boshqa o’quv fanlari bilan aloqasini ta’minlash ham muhim metodik talabdir.
Ma’lumki, ona tili maktabda o’rganiladigan barcha fanlarni puxta o’zlashtirish uchun muhim kalit sanaladi. Til vositasida o’quvchi boshqa fanlarni o’rganadi. Barcha o’quv fanlari yuzasidan o’z fikrini yozma va og’zaki ravishda bayon etish orqali u ona tilini ham puxtaroq egallab boradi. Deyarli hamma fanlar o’quvchilarning lug’at boyligini o’stirish, orfografik savodxonligini oshirish, nutq malakalarini rivojlantirishga xizmat qiladi. Demak, o’quvchilarda yuksak nutq madaniyatini tarbiyalash nafaqat ona tili darslari, balki maktabda o’rganiladigan barcha fanlar orqali amalga oshiriladi.
So’zning genetik nuqtai iazaridan kelib chiqishini aniqlash uchun tarix faniga murojaat qilinsa, til hodisalarini taqqoslash uchun o’quvchilar o’rganayotgan boshqa o’quv fanlariga murojaat qilinadi. Nutq uslublarini aniqlash uchun esa adabiyot, tarix, matematika, kimyo, fizika kabi fanlar o’qituvchiga yordam beradi.Shunday qilib, ona tilining boshqa fanlar bilan aloqasini uch katta guruhga ajratish mumkin:
a) genetik bog’lanish; b) qiyosiy bog’lanish; v) funktsional bog’lanish.
Do'stlaringiz bilan baham: |