Kuchli kislotani kuchli ishqor bilan neytrallanganda
HCI + NaOH =NaCI + H2O
faqat bitta kuchsiz elektrolit – suv hosil bo’ladi. Reaksiya amalda oxirigacha boradi. Reaksiya natijasida hosil bo’ladigan tuz gidrolizga uchramaydi va eritma neytral reaksiyaga ega bo’ladi. (pH=7,0) ga teng.
Agar kuchli ishqor bilan kuchsiz kislota, masalan, sirka kislota titrlansa,
CH3COOH + NaOH = CH3COONa + H2O
Ekvivalent nuqtada gidrolizga uchraydigan CH3COONa tuzi ishtirok etadi:
CH3COONa + H2O = CH3COOH + NaOH
Demak, bu holdagi titrlashda ketadigan reaksiya qaytar va oxirigacha bormaydi. Ekvivalent nuqtada eritmada erkin CH3COOH va NaOH bo’ladi. Kuchsiz sirka kislota eritmada asosan dissotsilanmagan molekulalar holida bo’ladi, o’yuvchi natriy esa deyarli to’liq dissotsilangan bo’ladi. OH- ionlarining konsentrasiyasi H+ ionlari konsentrasiyasidan ortiq bo’ladi va titrlash pH>7,0 bo’lganda tugaydi. Kuchsiz asoslarni kuchli kislotalar bilan titrlaganda, masalan,
NH4OH + HCI → NH4 CI + H2O
Hosil bo’ladigan tuz gidrolizga uchraydi. Neytralizatsiya reaksiyasi qaytar va ekvivalent nuqtasida H+ ionlarining konsentrasiyasi OH- ionlarining konsentrasiyasidan ko’p bo’ladi. Titrlash pH<7,0 bo’lganda tugaydi.
Shunday qilib, neytralizatsiya metodida ekvivalent nuqtasi faqat kuchli kislota bilan kuchli asosning o’zaro ta’siri natijasidagi neytrallanish nuqtasi bilan mos tushadi. Titrlashda neytrallanish nuqtasini emas, ekvivalent nuqtasini topish kerak va titrlashni turli hollarda pH ning har xil qiymatida tugallashga to’g’ri keladi.
Neytralizatsiya metodining indikatorlari. Neytralizatsiya reaksiyasida ekvivalent nuqtasi qandaydir tashqi o’zgarish bilan ketmaydi, shuning uchun reaksiyaning oxirini aniqlash uchun indikatorlar qo’llaniladi.
Neytralizatsiya metodida qo’llaniladigan indikatorlar rangi suvli eritmadagi vodorod ionlarining konsentrasiyasiga qarab o’zgaradigan organik birikmalardir. Bular kislota asos indikatorlari yoki pH indikatorining o’zgarishi vodorod ionlarining turli konsentrasiyalarida bo’ladi. Indikator rangining sezilarli o’zgarishi sodir bo’ladigan eritma pH qiymatining sohasi indikatorining o’zgarish sohasi deyiladi. Masalan, metil zarg’oldog’ining o’zgarish sohasi pH ning 3,1-4,4 qiymatlari oralig’ida bo’ladi. pH> 4,4 bo’lganda metil zarg’oldog’i – sariq, pH<3,1 da pushti, pH ning 3,1 dan 4,4 gacha oralig’ida uning rangi pushtidan asta-sekin sariqqa o’zgaradi. Boshqa indikator – fenolftalein- pH 8,0 bo’lganda rangsiz, pH ning 8,0 dan 10,0 gacha intervalida och pushtidan sekin- asta tiniq malina rangiga o’tadi. Metil qizili indikatorning o’zgarish sohasi pH ning 4,4dan 6,2 gacha qiymati oralig’ida bo’ladi. pH<4,4 bo’lganda bu indikator qizil, pH>6,2 da esa –sariq.
Har bir holda titrlash indikator rangining eng keskin o’zgaradigan momentida tugatiladi. Indikator rangining eng keskin o’zgaradigan pH qiymati titrlash ko’rsatgichi deyiladi. Reaksiyaning tugashi indikator yordamida aniqlangani uchun har bir aniqlashga indikatorni to’g’ri tanlash kerakki, uning titrlash ko’rsatgichi ushbu aniqlashdagi ekvivalent nuqtasining pH iga iloji boricha yaqin bo’lishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |